#TozaMuhit aksiyasi: hisobot va xulosalar

“Sahar” onlayn ijtimoiy tadbirkorlik maktabining “Facebook” sahifasida 4 – 6-oktabr kunlari “#TozaMuhit” aksiyasi o’tkazildi. Atrof-muhit va ekologiyaga e’tiborni oshirish, bu borada mavjud muammolarga yechim topish hamda tozalik madaniyatini shakllantirish bo’yicha aholi savodxonligini oshirish aksiyadan ko’zlangan asosiy maqsad bo’ldi.

Hafta davomida o’nlab faollar tomonidan #Tozamuhit hashtegi qo’yilgan yuzlab postlar tarqatildi.

Uch kunlik aksiyada quyidagi mavzularga alohida e’tibor qaratildi:

-          Jamoat joylarida axlat va chiqindilarni nojo’ya joylarga tashlash bilan bog’liq tozalik muammolari;

-          Axlatni to’g’ri joyga tashlash va tozalik madaniyatini shakllantirish uchun qilish lozim bo’lgan ishlar.

Aksiya davomida, shuningdek, muammolarga yechim topish bo’yicha innovatsion go’ya va takliflar tanlovi ham o’tkazildi.

“Sahar” maktabi o’quvchilari va boshqa ko’plab “Facebook” foydalanuvchilari aksiya doirasida o’z hududlarida axlat tashlash bilan bog’liq muammolarga bag’ishlangan maqolalar yozdi, vaziyat aks etgan rasmlarni hamda mavzuga aloqador boshqa foydali ma’lumotlarni #TozaMuhit heshtegi bilan ijtimoiy tarmoqda boshqalar bilan baham ko’rdi.

Muammoga yechim topish uchun faqat davlatga yoki tegishli idoralar yordamiga ko’z tikib o’tirmasdan, fuqarolarni faollikka, yechimning bir qismi bo’lishga undagan foydalanuvchilar ham bo’ldi.

Masalan, o’zbekistonlik bloger, ayni paytda Turkiyada safarda bo’lsan Sanjar Said #TozaMuhit aksiyasiga qo’shilib, o’zi tashrif buyurgan parkdagi plastik axlat chiqindilarini yig’ish orqali tozalikka o’z hissasini qo’shdi. Bu haqda u post yozib, suratlarini “Facebook”ka qo’ydi.

“Bugun yaqinimizdagi o‘rmonga piknikka chiqdik. Qalin va sokin archazor, toza havo va qushlar ovozidan bahra olib, dam oldik. Qaytishda esa bizdan avvalgilar unutib qoldirgan chiqindilardan imkoni boricha terib, shaharga olib qaytdik. Toki bizdan keyin kelganlar sof tabiat, toza muhitdan ko‘proq bahra olsin, tuproq, o‘rmon kamroq zararlansin”, - deb yozdi Sanjar Said o’z sahifasida.

Aksiya davomida quyidagilar O’zbekistonda #TozaMuhitga salbiy ta’sir ko’rsatayotgan asosiy muammolar ekani aniqlandi:

-          Plastik paketlar, plastik suv idishlar va shu kabi plastmassa chiqindilarning qayta ishlanishi va yig’ilishi to’g’ri yo’lga qo’yilmagani;

-          Chiqindi tashlash uchun axlat qutilarining yetarli emasligi va barcha hududlar qamrab olinmagani;

-          Sanoat chiqindilarining atrof-muhitga chiqarilishi va buning tartibga solinmagani yoki nazorat qilinmasligi;

-          Chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, atrof-muhitni ifloslantirmaslik  bo’yicha tozalik madaniyatining aholida shakllanmagani.

Muammoni yechish uchun xorij tajribasini qo’llash haqida ko’p fikrlar bildirildi. Masalan, AQShda bo’lib qaytgan Temur Shukurov chiqindilarni yig’ish tartibi Nyu-York shahrida qanday yo’lga qo’yilgani haqida hikoya qilib berdi. Chiqindilarni yig’ish va qayta ishlash bo’yicha Germaniya tajribasi aks etgan videolavha ulashildi.

Jonuzoq Halil esa turli chiqindilarning parchalanish, ya’ni yo’q bo’lib ketish muddatlari haqida ilmiy dalil va ma’lumotlarni keltirdi. Bu bilan u ochiq tabiatga tashlangan chiqindilarning atrof-muhitga yetkazadigan zarari ko’lamini ochiqlab berdi. Masalan, AQShdagi ilmiy manbalarga tayanib berilgan ma’lumotga ko’ra, plastik xaltalar 20 yilgacha, plastik suv idishlari esa 450 yilgacha parchalanmas, ya’ni yo’q bo’lmas ekan. Bunday turdagi axlatlarning turli joylarga tashlanishi va natijada ular to’planishi oqibatida yuz beradigan ekologik zararni endi tasavvur qilish qiyin emas.

Qatnashchilar orasida tanlov ham o’tkazildi. Unda Sanjar Said “Eng ko’p ovoz (like) yig’gan post” nominatsiyasi bo’yicha g’olib bo’ldi. “Original ma’lumot” yo’nalishida Jonuzoq Xalil, “Innovatsion yechim” bo’yicha esa Nodirbek Osimjonov birinchi o’rinni qo’lga kiritdi.

Aksiya ishtirokchilari bunday muammolarni hal qilish bo’yicha O’zbekistonda olib borilayotgan ishlar, yangiliklar haqida ham ma’lumot berib turdi. Masalan, plastik xaltalar ishlatilishini kamaytirish maqsadida 2019-yil 1-yanvardan plastik xaltalar do’konlarda bepul tarqatilishini taqiqlash, shuningdek, axlatlarni turiga qarab turli qutilarga solish tartibining tasdiqlanishi tahsinga sazovor.

Ammo bular yetarlimi? Aslida eng katta muammo axlat tashlanayotgani emas, balki axlat tashlamaslikka undashi lozim bo’lgan tozalik madaniyatining mavjud emasligi, dedi ko’plab ishtirokchilar.

Hamma o’z ko’chasini, mahallasini yoki boshqa jamoat joylarini o’z uyidek toza tuta oladimi? Yoki axlatlarni tashlash masalasida qonun va tozalik me’yorlariga rioya qilgan holda mas’uliyat bilan ish tuta oladimi? Asosiy maqsadimiz, dedi aksiya qatnashchilari, tozalik madaniyati bo’yicha aholi savodxonligini oshirishimiz kerak.

“Sahar” maktabining maqsadi ham shu. Ekologiyani asrab-avaylash bo’yicha ishlarimiz faqat shu aksiya bilan kifoyalanib qolmaydi. Bunday loyihalarimiz yana davom etadi va barchani ularda ishtirok etishga, o’tgan aksiyadan chiqarilgan xulosalarni endi hayotga tatbiq etishga chaqirib qolamiz.