OITSga qarshi kurash: O’zbekistonda qilinayotgan ishlar

1-dekabr OITSga qarshi xalqaro kurash kuni hisoblanadi. Ushbu kunda jahon bo‘ylab bunday qo‘rqinchli kasallik tufayli vafot etgan qariyb 39 million kishi va ularning ortida qolgan yaqinlarini yodga olamiz. Biz OIV virusi bilan og‘rigan o‘n millionlab odamlarning og‘riqlariga e’tibor qaratamiz. OITS shunday bir qotilki, u na jins, na irq, na millat va na chegara biladi. Ilk bor 1981-yili aniqlanganidan buyon, u dunyodagi har bir mamlakatni chuqur qayg‘uga botirib, yo‘qotishlarga olib keldi.

O‘tgan o‘n besh yil ichida Amerika Qo‘shma Shtatlari OITS/OIVga qarshi global kurash uchun 80 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. OITSning davosi haligacha topilmagan, lekin o’z vaqtida qilinadigan muolaja orqali inson hayotini erta o’limdan saqlab qolish mumkin.

O’z vaqtida ko’rsatilgan yordam tufayli bugungi kungacha dunyo bo’ylab 16 milliondan ortiq kishining hayoti saqlab qolingan, millionlab kishilarga OIV infeksiyasi yuqishining oldi olingan.

OITSga qarshi O’zbekiston qanday kurashmoqda?

2017-yil ma’lumotiga ko’ra, O’zbekistonda OIV infeksiyasi bilan kasallangan 52 mingdan ortiq odam bor. Ularning 17 mingi ayollar. UNAIDS hisobotiga ko‘ra, 2017-yilda O‘zbekistonda taxminan 1900 kishi shu kasallik tufayli vafot etgan. So’nggi yillarda bu dardga yo’liqqanlar soni mamlakatda keskin oshgani aytiladi.

OITS jahon miqyosidagi ofat ekan, unga qarshi samarali kurashish uchun xalqaro hamkorlik katta ahamiyat kasb etadi. Bu masalada O’zbekiston xorijiy donorlar ko’magiga tayanmoqda.

Masalan, BMT doirasida O’zbekistonda OITSning oldini olish, davolash va aholi savodxonligini oshirish maqsadida uzoq yillardan beri turli dasturlar amalga oshirilib kelmoqda. AQSh ham O‘zbekistonda bu halokatli kasallikka qarshi 2001-yildan buyon mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan birga kurashib kelmoqda.

2017-yil O‘zbekistonda 20 000 dan ortiq kishi antiretrovirus davolanish imkoniyati bilan ta’minlangan. Bundan tashqari shu yil “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” O’zbekiston prezidentining maxsus qarori chiqdi.

Unga ko’ra, quydagilar OITSga qarshi kurashda ustuvor vazifalar sifatida belgilangan:

-          OIV-infektsiyasini davolash va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilishda fan va texnikaning eng yangi yutuqlariga asoslangan innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llash;

-          OIVni yuqtirib olgan shaxslarni kompleks tibbiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash ishlarini tashkil etish;

-          OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bo‘yicha tibbiyot xodimlarining kasbiy bilimlari darajasini oshirish;

-          davlat tibbiyot muassasalarining OIV-infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish;

-          OITSga qarshi kurashish markazlari va OIV-infeksiyasi diagnostikasi bo‘yicha tumanlararo laboratoriyalarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy diagnostika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash;

-          xorijiy sohaviy muassasalar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni yanada rivojlantirish.

Bu vazifalarni amalga oshirish uchun jami 103 milliard so’m va yana qo’shimcha 35 million dollar ajratilishi ko’zda tutilgan.

Kasallikka qarshi kurashning psixologik jihatlari

OIV/OITSga qarshi kurashda kasallik haqidagi stigmani kamaytirish, aholi orasidagi noto’g’ri qarashlarni o’zgartirish mavzusi ham muhim masala hisoblanadi.

O‘n besh yil avval OITS o‘limga mahkumlikni anglatardi. Hozirgi kunda esa zamonaviy tariximizda birinchi marta, pandemiyani vaksina va yo davolashsiz nazorat qilgan holda olim holatlarining oldini olish imkoniyati tug‘ildi.

Unutmang, OIV/OITS gepatit yo sil singari bir infeksiya bo‘lib, ehtiyotsizlik oqibatida istalgan odam bu virusni yuqtirib olishi mumkin. Virus yuqtirishning asosiy yo’li faqat ishlatilgan ninalardan foydalanish va jinsiy aloqa emas, balki boshqa sabablar bilan ham ro’y berishi mumkin.

O’zbekiston prezidenti qarorida ham kasallikni yuqtirgan shaxslarni yoki yuqtirishi ehtimoli yuqori bo’lgan aholi qatlamlarini malomat qilmasdan, aksincha, ularni shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanadigan ishonch markazlari yaratish orqali  davolash yoki kasallikning oldini olish choralarini amalga oshirish ko’zda tutilgan.

Biz bu kasallikni ochiq muhokama qilishga, unga chalingan bemorlarni qo‘rquvga berilmaslikka chaqiramiz. Kasallikka qarshi samarali kurash olib borish, uning oldini olish hamda kasallangan shaxslarni o’z vaqtida davolash uchun bu masala haqida jamiyatda erkin bahs-muhokama olib borish muhim ahamiyatga ega. OIV/OITSga chalinganlarni kamsitish nafaqat inson qadr-qimmatini tahqirlaydi, balki ushbu pandemiyani nazorat qilishga oid global sa’y-harakatlarga ham putur yetkazadi.