Oiladagi zo’ravonlik: Unga chek qo’yish imkoni bormi?

24-noyabr dunyo bo’ylab ayollarga qarshi zo’ravonlikka barham berish kuni nishonlandi. Afsuski, dunyo bo’ylab ko’plab mamlakatlarda ayollar hanuz turli zo’ravonliklar qurboni bo’lishda davom etmoqda. Ayniqsa, oiladagi zo’ravonlik bugungi dunyoda inson haq-huquqlari toptalishining eng ayanchli ko’rinishlaridan biri hisoblanadi. O’zbekiston ham bu muammodan holi emas.

Erkaklarning ayollardan ustun ekani haqidagi nosog’lom tushuncha asosiga qurilgan nuqtai nazarga ko’ra, xotin kishi har doim o’zini eridan past ko’rishi kerak hamda er kishining so’zini ikki qilmay, ursa ham, so’ksa ham, jim bosh egib o’tirishi kerak. Bunday qarash hatto ayrimlarning hayot aqidasiga aylangan. Xotinini urmagan er erkakmi, degan maqolning keng tarqalgani ham shundan.

Mazkur maqolani ayollarga nisbatan oilada ko’p uchraydigan zo’ravonlik holatlari tahliliga bag’ishlashni niyat qildik. Bu masalaga qonuniy va huquqiy jihatdan yetarli e’tibor berilganmi? Huquqiy himoya bilan ta’minlash borasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish uchun nimalar qilish lozim? Quyida shu savollarga javob izlaymiz.

Oiladagi zo’ravonlik nima?

Oiladagi zo’ravonlik bu er-xotin yoki boshqa yaqin munosabatdagi kishilardan birining ikkinchisiga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki moliyaviy zo’ravonlik ko’rsatishidir. Odatda, bu turdagi zo’ravonlik ostida bir tomonning oiladagi boshqa a’zolar hayoti ustidan nazoratni ushlab turishga bo’lgan intilishi yotadi. Oilaviy zo’ravonlik qurboni ko’pchilik hollarda ayol kishi yoki yosh bolalar bo’ladi, ammo erkaklar hamda qariyalar orasida ham jabrlanuvchilar yo’q emas. Oilaviy zo’ravonlikning keng tarqalgan ayrim ko’rinishlarini sanab o’tamiz:

Erning xotinini urishi, ruhiy kamsitishi, uning nasl-nasabini oilaviy sharoiti yoki ota-onasi yoki qarindoshlari qilgan ishlar tufayli ayblab haqoratlashi, erning xotinini jinsiy zo’rlashi, jinsiy ehtiyojini g’ayritabiiy usullar orqali qondirishga majburlashi yoki jinsiy kamsitishi (fiziologik holatini haqoratlashi, kamsitishi, jinsiy aloqada bo’lmaslik, o’zga ayollar bilan yurishi), moliyaviy jihatdan cheklash, pul bermaslik, ayolning o’qishiga yoki ishlashiga qarshilik ko’rsatish va hokazo.

Oiladagi zo’ravonlik qonunchilikda taqiqlanganmi?

O’zbekistonning Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksda ham, Jinoyat kodeksida ham oiladagi zo’ravonlikka oid hech qanday modda mavjud emas. Ya’ni, bu tushuncha qonunchilikda alohida qonunbuzarlik sifatida tilga olinmagan va natijada unga nisbatan biror jinoiy jazo belgilanmagan.

Oilaviy mojarolarni hal etish, ularda zo’ravonlik alomatlari qay darajada bo’lishidan qat’i nazar, odatda, mahallalardagi o’zini o’zi boshqarish organlariga havola etiladi. Bunday holatlarda jabrlanuvchilarning to’g’ridan tog’ri militsiyaga yoki sudga shikoyat qilishi amaliyotda kam uchraydi. Oilalarni saqlab qolish hamda ajrashishlar sonini kamaytirishga qaratilgan siyosat oqibatida zo’ravonlikdan shikoyat qilib kelgan ayollarni ortga qaytarish, hatto ularning ajrashishni so’rab sudga yozgan arizalarnini qanoatlantirmaslik holatlari ko’p uchraydi. Natijada bunday oilalarda ayollar va bolalarning yana zo’ravonlikka yuz tutishi holatlari davom etadi.

Odatda, oiladagi zo’ravonlik natijasida jabrlanuvchiga og’ir shikast yetkazilgan yoki u vafot etgan taqdirdagina, zo’ravonlik uchun jinoiy ish ochiladi.

Nega yangi qonunga ehtiyoj bor?

Shu o’rinda oiladagi zo’ravonlikni alohida modda yoki qonunbuzarlik sifatida kodekslarga kiritish shartmi, axir, badanga shikast yetkazish yoki jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar kabi zo’ravonlik holatlarini qamrab oluvchi moddalar bor-ku, degan tabiiy savol tug’iladi. To’g’ri, agar er xotiniga nisbatan zo’ravonlik qilsa, bu ish xatti-harakat oqibatiga qarab qasddan badanga yangil (o’rtacha, o’g’ir) shikast yetkazish (109-modda), qiynash (110-modda), o’ldirish yoki zo’rlik ishlatish bilan qo’rqitish (112-modda); ayolning o’limiga sabab bo’lsa, odam o’ldirish (97-modda), o’zini o’zi o’ldirish darajasiga yetkazish (103-modda); jinsiy zo’ravonlik qilsa, nomusga tegish (118-modda), jinsiy ehtiyojni zo’rlik ishlatib g’ayritabiiy usulda qondirish (119-modda), ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur qilish (121-modda) yoki boshqa holatlarda tuhmat (139-modda), haqorat qilish (140-modda), ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to’sqinlik qilish (136-modda) kabi jinoyatlar bilan malakalanishi mumkin. Ammo oiladagi zo’ravonlik shunday huquqbuzarlik (jinoyat) turiki, uning o’ziga xos subyekti, obyekti, subyektiv tomoni va obyektiv tomoni bor. Bu to’rt element boshqa jinoyat elementlari bilan to’la mos tushmaydi. Bundan tashqari, yuqorida sanab o’tilgan jinoyat tavsifida bunday qilmishni jabrlanuvchining yaqin qarindoshlari, eri, otasi, aka yoki ukasi va h.k.lar sodir etsa nima bo’lishi haqida hech nima aytilmagan. Natijada ko’plab oiladagi zo’ravonlik shakllari jazoga tortilmay, bunday zo’ravonlikdan jabr ko’rganlar himoyasiz qolib ketadi. Oiladagi zo’ravonlik alohida motiv ostida sodir etilishi, sharoiti, usullari bilan o’ziga xos jinoyat turi darajasiga yetgan va shu bois uni MJTK va Jinoyat kodeksiga alohida qonunbuzarlik sifatida kiritish o’rinli bo’ladi, deb hisoblaymiz.

O’zbekiston Respublikasi 1995-yilda “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to’g’risida”gi Konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Shundan beri O’zbekiston BMT qoshidagi Inson huquqlari Qo’mitasiga ushbu Konvensiyada ko’tarilgan masalalarni amalga oshirish yuzasidan uch marta hisobot bergan. Har uch hisobot yuzasidan ham Inson huquqlari qo’mitasi O’zbekistonda ayollarning notenglikka yuz tutishi, patriarxal stereotipning mavjudligi hamda ko’plab ayollar oilada zo’ravonlik qurboni bo’lishini ta’kidlab, hukumatdan bularga qarshi choralar ko’rishni so’ragan.

Mamlakat rasmiylarining hisobotda bergan ma’lumotiga ko’ra, O’zbekistonda ayol va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarning kafolatlari to’g’risida yangi qonun loyihasi tayyorlangan, ammo u haligacha qonun sifatida qabul qilinmadi.

Inson huquqlari qo’mitasining oiladagi zo’ravonlik holatlariga oid so’ragan savollariga javoban, O’zbekiston, asosan, ayollarga nisbatan (oiladagi zo’ravonlik emas) sodir etilayotgan jinoyatlar haqida statistik hisobot berish bilan cheklangan.

Ayollarga nisbatan sodir etiladigan jinoyat bilan oilada yuz beradigan zo’ravonlik o’rtasida qanday farq bor?

Shu o’rinda ayollarga nisbatan sodir etiladigan jinoyat bilan oilada yuz beradigan zo’ravonlik o’rtasida katta farq borligini ta’kidlash lozim. Bu farqni badanga o’rtacha shikast yetkazish jinoyati misolida tahlil qilamiz.

Agar ayol kishiga yaqini bo’lmagan bir odam (oilasidan tashqaridagi shaxs) urish orqali jismoniy shikast yetkazadigan bo’lsa, bu ishning noto’g’riligini va urgan odamga nisbatan militsiya darhol chora ko’rishini hamma biladi. Jabrlangan ayol ham birinchi navbatda militsiyaga murojaat qilishi kundek ravshan. Jamoatchilik ham ayolga qo’l ko’targan odamni keskin qoralaydi va unga nisbatan jazo qo’llanilishini talab qiladi.

Endi xuddi shu ish oila ichida er tomonidan sodir etildi, deb faraz qilaylik. Agar er xotinini kaltaklasa, bunga jamoatchilik oilaning ichki va shaxsiy masalasi sifatida qaraydi. Jinoyat, odatda, uy ichida sodir bo’lgani uchun bu voqeaning guvohlari ham juda kam bo’ladi.

Ikkinchidan, ayol jamiyatdagi qarashlar bosimi va erining zug’umi ostida, ko’pincha, bu haqda militsiyaga shikoyat qilmaydi. Uzog’i bilan u mahalla vakillari kengashiga chiqishi mumkin. Ko’p holatlarda ular ham, mojaroni oila ichida tinchitishga harakat qilishadi. Zo’ravonligi uchun javobgarlik hissini tuymagan er esa oilada ayoliga tazyiq o’tkazishda davom etadi. Oiladagi zo’ravonlik oqibatida mayib-majruh bo’lgan yoki hayotini boy bergan jabrlanuvchilar ishini o’rganadigan bo’lsak, ularning aksariyatida oiladagi zo’ravonlik davomiy bo’lgani va bu haqda bila turib, mahalla jamoasi ham, huquq-tartibot organlari ham o’z vaqtida tegishli chora ko’rmagani ma’lum bo’ladi. Natijada himoyasiz qolgan ayollar orasida hatto o’z joniga qasd qilish holatlari ham yuz beradi.

Ayollarni oiladagi zo’ravonlikdan himoya qilishda davlatning roli

“Human Righs Watch” xalqaro tashkilotining O’zbekistondagi oilalarda mavjud zo’ravonlik holatlari haqida 2000-yil chiqargan hisobotiga ko’ra, jabrlanuvchilarni himoya qilish va aybdorlarni jazolashga davlat tomonidan yetarli darajada e’tibor berilmasligi hamda jabrlanuvchilarni zo’ravonlikdan himoya qilishning to’g’ri yo’li tanlanmaganligi muammoning asosiy sabablaridan biri sifatida tilga olingan.

Oilaviy mojarolarni hal qilishga mahalla vakillarining jalb qilinishi yaxshi amaliyot, chunki oiladagi ichki muammolar, dastlab, mahalla vakillari orasida muhokama qilinsa va tomonlarga to’g’ri va yetarli nasihat qilinsa, muammo kuchayishining oldi olinishi va natijada zo’ravonlikka chek qo’yilishi mumkin. Ammo amaliyotda bu tizim kutilganidek samarali ishlayapti, deb bo’lmaydi. Ko’p holatlarda mahalla oqsoqollari masalaga yuzaki yondashib, muammoni hal qilish yoki jabrlanuvchini himoya qilish o’rniga, barcha aybni jabrlanuvchiga yuklaydi.

Hisobotda keltirilishicha, ayrim mahalla vakillari orasida “Axir u ayolning eri-ku, qanaqasiga bu qilmish jinoyat bo’ladi?” qabilida nosog’lom fikrlash mavjudligi aniqlangan. Aksar hollarda, mahalla vakillari jablanuvchiga tegishli huquqiy yordam olish bo’yicha yo’l-yo’riq ko’rsatish o’rniga, erini kechirishga, sabrli bo’lishga va o’z ayblarini tuzatib yashashga undaydi.

Ba’zan oilani saqlab qolgandan ko’ra, tomonlarni yaxshilikcha ajratib olish muammoning haqiqiy yechimi bo’lishi mumkin. Shuning uchun mahallaning mas’ul yetakchilari vaziyatga to’g’ri baho berishlari, agar ayolga nisbatan shafqatsiz munosabat yoki aziyat yetkazish sodir etilgan bo’lsaa, zudlik bilan bunga qarshi tegishli chora ko’rishlari lozim. Ular buni istamagan yoki amalga oshirmagan holatda, ayolning o’zi yoki uning vakillari tegishli huquq-tartibot organlariga shikoyat qilishi lozim.

O’zbeksitonning ayollar kamsitilishiga qarshi xalqaro konvensiyaga qo’shilgani va mustaqillik yillarida ayollarga davlat darajasida yuksak ehtirom ko’rsatilgani juda quvonarli holat, albatta. Ammo oiladagi zo’ravonlik holatlarining oldini olish, ularni tugatish hamda jabrlanuvchilarni zarur huquqiy himoya bilan ta’minlab, aybdorlarga munosib jazo berish masalasida hali qilinadigan ishlar ko’p.

Oiladagi zo’ravonlikning oldini olish bo’yicha tavsiyalar

Oiladagi zo’ravonlikning oldini olish uchun davlat va fuqarolik jamiyati vakillari hamkorlikda ishlashi kerak. Bu borada amalga oshirilishi lozim bo’lgan zarur choralarning eng asosiylari quyidagilardan iborat:

Avvalo, davlat bu masalada qonuniy bazani mustahkamlashi kerak. Buning uchun “Oilada zo’ravonlikka qarshi kurash to’g’risida” alohida qonun qabul qilinishi kerak, deb hisoblaymiz. Qonunda oilada zo’ravonlik tushunchasiga ta’rif berilishi va bunday zo’ravonlikdan jabr ko’rganlarni himoya qilishning zarur huquqiy asoslari belgilanishi kerak. Jamoatchilik tashkilotlari, mahalla va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish uyushmalari, yuridik sohadagi olimlar, professorlar va jamiyatshunoslik, ruhshunoslik sohasi olimlari, diniy idora xodimlari hamda oddiy fuqarolar hamkorlikda qonun loyihasini tayyorlab yoki qonun loyihasi tayyorlanishini so’rab, o’z hududlaridan saylangan deputatlar yoki senatorlar orqali qonun chiqaruvchi organga murojaat qilishlari lozim. Shu bilan birga, MJTK va Jinoyat kodekslariga yangi qonun asosida oiladagi zo’ravonlikka oid tegishli yangi moddalar kiritilishi kerak.

Ikkinchidan, Jinoyat protsessual kodeksiga protsessual himoya tizimlari, ya’ni zo’ravonni ayoldan chetlashtiruvchi, uni himoya qiluvchi choralar kiritilishi kerak. Masalan, oilada zo’ravonlik haqidagi shikoyatni ko’rib chiqayotgan davlat organiga sud qarori chiqquniga qadar jabr yetkazganlikda gumon qilinuvchi kishini jabrlanuvchi bilan uchrashishini taqiqlash haqida qaror chiqarish vakolati berilishi kerak.

Uchinchidan, oilada zo’ravonlikdan jabr ko’rganlar uchun maxsus vaqtinchalik boshpana maskanlari (jabrdiydalar va ularning bolalari sud qarori chiqqunga qadar yashab turishlari uchun) tashkil etilishi kerak. Masalan, 2008-yil O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo’yicha Respublika reabilitatsiya markazi tashkil etilgan edi. Shu kabi reabilitatsiya markazlari oilada zo’ravonlik qurboni bo’lgan odamlar uchun ham bunyod etilishi lozim. Markazlar jabrdiydalarga tibbiy, psixologik, ijtimoiy va yuridik yordam ko’rsatishi kerak. Bunday markazlar nafaqat shaharlarda, balki viloyat va qishloq hududlarida ham ochilishi lozim. Ularni, iloji boricha, davlat tasarrufidan chiqarib, nodavlat tashkilotlari ixtiyoriga topshirish maqsadga muvofiq.

To’rtinchidan, oila zo’ravonligi qurbonlari murojaat qilishi mumkin bo’lgan maxsus ishonch telefonlari yoki bo’limlari tashkil etilishi kerak. Ularga murojaat etgan shaxslar haqida ma’lumotlarning sir saqlanishi kafolatlanishi lozim. Shuningdek, bunday markazlarda ishlovchi xodimlar uchun zo’ravonlik qurboni bo’lgan jabrdiydalar bilan ishlash bo’yicha maxsus treninglar o’tkazilishi kerak. Bunday mashg’ulotlardan davomli ravishda huquq-tartibot organlari xodimlari, mahalliy o’zini-o’zi boshqarish idoralari vakillari va oilaviy tibbiyot xodimlari o’tib turishi kerak.

Beshinchidan, jamoatchilik orasida keng tushuntirish ishlarini olib borib, oiladagi zo’ravonlik bo’yicha mavjud noto’g’ri tushunchalarni o’zgratirish kerak. Bu ishga matbuot va nodavlat tashkilotlarini jalb qilish maqsadga muvofiq. Oiladagi zo’ravonliklarda, asosan, ayollar jabr ko’rayotgani va muammoning yechimi, odatda, erkaklar qo’lida ekani uqtirilishi lozim. Bundan tashqari, zo’ravonlikka uchragan ayollarga qanday qilib o’zlarini himoya qilish yo’llari, bunday holatlarda kimga va qachon murojaat qilish, qayerdan yordam olishi mumkinligi to’g’risida kerakli ma’lumotlar berilishi kerak.

Shu bilan birga, mahalla raislari va boshqa mahalliy o’z-o’zini boshqarish organlaridagi lavozimlarga oilaviy zo’ravonlik haqida tushunchaga ega bo’lgan kishilar tayinlanishi kerak. Oilalar bilan ishlovchi shaxslar uchun oiladagi zo’ravonlik bo’yicha davomiy treninglar o’tkazilishi kerak.

Shu o’rinda O’zbekistonda ayollar huquqlari va masalalari ustida ishlovchi mustaqil nodavlat notijorat tashkilotlari juda kam ekanini alohida ta’kidlash kerak. Xorijiy davlatlar amaliyoti va xorijdagi oilada zo’ravonlik masalalari bilan ishlovchi tashkilotlarning tajribasini o’rganib, o’zbek xalqi qadriyatlarini saqlagan holda (insonning uzviy huquqlarini buzadigan odatlardan voz kechish kerak) milliy-huquqiy dasturlar ishlab chiqilishi lozim.

Izohlar

Farrukh Khanimen's picture

Ok