Qachon bozor sizga o'z eshigini ochadi yoki marketing tadqiqoti qanday o'tkaziladi?

Qachon bozor sizga o‘z eshigini ochadi yoki marketing tadqiqoti qanday o‘tkaziladi?

Har qanday g‘oya hayotga joriy qilinsagina qadr-qimmatga, ahamiyatga ega bo‘ladi. Odamlarni qiziqtirmagan, ularning kundalik turmushidan o‘rin olmagan g‘oyalarning, afsuski, umri qisqa bo‘ladi, g‘oya tashabbuskoriga nafi tegmaydi. Ayniqsa, biznes, tadbirkorlik sohasiga o‘ziga xos g‘oyalar (xizmat va mahsulotlar) bilan kirib kelayotgan yosh tadbirkorlar, ishbilarmonlar uchun ushbu masala nihoyatda muhim ahamiyatga egadir. Chunki ko‘pchilik nazarida ushbu tadbirkorning g‘oyasi mukammal bo‘lib ko‘rinsa-da, bozorning, iste’molchilarning o‘z xohish-talablari bo‘ladi, u mahsulot o‘z o‘rnini topa olmasligi mumkin. Shuning uchun ham yangi mahsulot yoki xizmatni bozorni olib chiqishdan oldin har bir tadbirkor kichkinaga marketing yoki yanada soddaroq qilib aytganda, bozor tadqiqotini o‘tkazishi maqsadga muvofiqdir.

Xo‘sh, mahsulotingiz yoki xizmatingiz bozorda o‘z o‘rnini topishi uchun qanday tadqiqot o‘tkazilishi kerak? Xalqaro miqyosda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining marketing tadqiqotlarini olib borishda standart usullar mavjud bo‘lsa-da, O‘zbekistonda bozorning milliy va geografik xususiyatlari borligi bois bunday tadqiqotlarga alohida e’tibor qaratish talab qilinadi.


Mahsulotingiz, haqiqatan ham, odamlarga qiziqmi, ushbu mahsulotga mahalliy bozorda ehtiyoj bormi? Buni bilish uchun dastlabki tarzda quyidagi ishlarni bajarish kerak bo‘ladi:

(Bo‘lg‘usi) iste’molchilar bilan muloqot
G‘arb kinolarida telefon orqali yoki odamlarning uyiga kelib turli mahsulot va xizmatlar haqida ularning fikrlarini so‘rab, tadqiqot o‘tkazgan sahnalar ko‘p uchraydi. Ularda ko‘p holatlarda mavjud mahsulot yoki xizmatning sifati, odamlarning unga nisbatan munosabati o‘rganiladi. 
Bunday tadqiqot usullarini bizning amaliyotda ham qo‘llasa bo‘ladi. Masalan, siz o‘rik sharbatini sanoat usulida ishlab chiqarmoqchisiz. Lekin bu mahsulotga bozorda qanchalik ehtiyoj bor? Sizning mahsulotingizning turdoshlariga nisbatan, ya’ni siz raqobatchi qilmoqchi mahsulotlarga odamlarning fikri-munosabati qanday? Bularni bilish uchun siz:

  • Odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashishingiz yoki ijtimoiy so‘rov talablari asosida telefon orqali muloqot qilishingiz mumkin. Telefon orqali tadqiqot o‘tkazish O‘zbekistonda juda kam qo‘llaniladigan usullardan biri hisoblanadi.
  • Turli ixtisoslashgan, ommabop saytlarda, ijtimoiy tarmoqlardagi maxsus guruhlarda izlanishlar olib borish mumkin. Masalan, Facebook’dagi Potrebitel.uz sahifasida turli mahsulotlar va xizmatlar haqida keng miqyosdagi odamlar, iste’molchilarning fikrini o‘rganish mumkin. Agar umumiy ovqatlanish sohasida qandaydir biznesga qo‘l urmoqchi bo‘lsangiz, unda sizga ushbu ijtimoiy tarmoqdagi Umumiy ovqatlanish sahifasi yordam berishi mumkin. Deylik, siz buxoroliksiz, O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham Buxoro taomlari tamaddixonalarini ochish haqida boshqa viloyatlar aholisi fikrlari bilan qiziqishingiz mumkin. Bunday onlayn tadqiqot o‘tkazadigan profil sahifalarni internetdan ko‘plab topish mumkin. Bunday sahifalar siz raqobatchi qilmoqchi bo‘lgan mahsulot yoki xizmatlar haqida xolis, noxolis va tanqidiy fikrlarni o‘rganishga imkon beradi. Albatta, bugungi kunda ushbu sahifalarda “zakaznoy” (buyurtma) materiallar borligini ham yoddan chiqarmagan holda xulosa chiqarishga intilishi kerak. 


Yodda tuting! Faqat bir sohaga ixtisoslashgan sayt yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda tadqiqot o‘tkazishdan ehtiyot bo‘lishi kerak. Masalan, internetda milliy an’analarimizga bag‘ishlangan sahifada qandaydir milliy mahsulot yoki xizmat haqida so‘rov o‘tkazsangiz, ushbu sahifalardagi foydalanuvchilarning ko‘pchiligi sizning mahsulotingizga xayrixohlik bildirishi mumkin. Chunki ularning hayotiy qarashlari siz taqdim qilmoqchi mahsulotga yaqin bo‘ladi.

Uzoqqa borishning kerak yo‘q. Facebook ijtimoiy tarmog‘ida taniqli qiziqchi Hojiboy Tojiboyevning ijodiga bag‘ishlangan maxsus sahifa bor edi. Sahifa mualliflaridan biri odamlarning Hojiboy Tojiboyev ijodiga bo‘lgan qiziqishni ko‘rib, uning so‘zlari bitilgan futbolkalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu sahifadagi maslakdoshlari bu juda g‘oya ekanligini aytishdi. Bunday futbolkalarni ishlab chiqarishni boshladi. Ammo ushbu mahsulot, u o‘ylaganidek, ommabop bo‘la olmadi. Chunki bunday futbolka juda tor doira kishilarining e’tiborini tortib, hamma ham Hojiboy Tojiboyev aforizmlari tushirilgan futbolkani ma’qul ko‘ravermaydi. Bu mahsulotning muvaffiqiyatsizlikka uchrashiga tadbirkorning aynan o‘sha sahifa doirasida o‘tkazgan tadqiqoti sabab bo‘lgan. 

  • Anketalar yordamida turli so‘rovlarni o‘tkazish ham aholining u yoki bu mahsulotga bo‘lgan fikrini, qiziqishini bilishga yordam beradi. Rivojlangan mamlakatlarda bunday so‘rovlarni onlayn yoki elektron pochta yordamida o‘tkazish tavsiya qilinadi. Ammo O‘zbekistonda siz taklif qilayotgan mahsulot yoki xizmat iste’molchilari ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari foydalanuvchilari bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun bozorlarda, aholi gavjum joylarda, pochta va banklarda ham bunday so‘rovlarni o‘tkazish ko‘proq samara keltiradi. Shundagina respondentlarning xilma-xilligi ta’minlanib, xolis so‘rov va kartina hosil qilish mumkin. 
  • Mahsulot yoki xizmatingizdan foydalanuvchi turli guruhlar orasidan vakillarni saralab, ular o‘rtasida ham tadqiqot o‘tkazish mumkin. Masalan, yosh bolalar uchun qandaydir oziq-ovqat mahsuloti yoki nooziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarmoqchisiz. Bu haqda turli hududlardan yosh bolalarni tanlab, ularning hissiyotlari, mahsulotni qabul qilishdagi ehtiroslarini o‘rganish mumkin. 


Yodda tuting! Bunday maqsadli guruhni shakllantirayotganda tanish-bilishlar yoki qarindoshlar ko‘magidan umuman foydalanmagan ma’qul. Chunki ular sizga mahsulotingiz haqida aniq va xolis xulosani chiqarishga xalaqit berishi mumkin. 

So‘rov o‘tkazayotganda qanday savollar bergan ma’qul?

Bozorga kirishdan avval mahsulot haqidagi tasavvurni aniq shakllantirish uchun iste’molchilarga savollarni to‘g‘ri va manzilli berish kerak. Masalan: 

  • Siz o‘rik sharbatini xarid qilishda nimalarga ko‘proq e’tibor qaratasiz? (Javoblar har xil bo‘lishi mumkin: sharbatning tabiiyligi, tayyorlanish texnologiyasi shaffofligi yoki ishlatilgan xom ashyo haqida batafsil hisobot yoki boshqa narsalar iste’molchilarni qiziqtirishi mumkin. Bunday savolni ko‘rsatilayotgan xizmatga nisbatan ham ishlatish mumkin).
  • Ushbu o‘rik sharbatida sizga nima ko‘proq yoqdi yoki yoqmadi? (Bunday holatlarda tadqiqot o‘tkazilayotgan guruh sizning mahsulotiningizni iste’mol qilib ko‘rgan bo‘lishi yoki siz ularga tatib ko‘rish imkoniyatini berishingiz kerak bo‘ladi. Masalan, sanoat usulida tayyorlamoqchi bo‘lgan o‘rik sharbatining biron bir supermarketda degustatsiyasini o‘tkazasiz. Odamlar sharbatdan ichib, o‘z xulosasini berishi mumkin. Mutaxassislar bunday tadqiqotni uchinchi shaxslar o‘tkazishi maqsadga muvofiqligini aytishadi. Chunki ular mahsulot haqida xolis fikrlarni bilishda muhimdir)
  • Ushbu mahsulot sifatini yanada yaxshilash uchun nima qilish kerak? (Odatda bunday savollar mavjud mahsulot yoki xizmatga nisbatan beriladi. Shunday tadbirkorlar ham borki, qandaydir xizmat ko‘rsatish korxonasini ochganda, bu borada tajribasi bor odamlar (restoran munaqqidi)ni uning xizmatidan foydalanib ko‘rishni so‘rashadi. Ayni vaqtda ushbu mijozlardan xizmatning sifati haqida fikrini so‘raydi: chin yurakdan so‘ralgan narsaga mijozlar ham ro‘y-rost javob berishi mumkin. Masalan, bir tanishim sartaroshxona ochganida, mahalladagi hurmatli kishi chaqirgan edi. U mijozga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatilishi kerakligini, ayniqsa, sochi to‘kilayotgan odam bo‘lsa, unga zarur maslahatlar berish (konsultatsiya, bu borada yordam beradigan dori yoki vositalar, bosh massaji singari qo‘shimcha takliflar) kerakligini aytgan edi). 


Narx-navoni o‘rganish

Umuman, ilk marta bozorga chiqarilayotgan har qanday mahsulotning bozordagi muvaffaqiyatini belgilaydigan omillardan biri — bu, shubhasiz, uning hamyonbopligidir. Shuning uchun ham narx-navoni belgilashda ushbu turdagi mahsulotlar narxining qiyosiy tahlilini tayyorlash, ehtimoliy raqobatchilaringizning o‘z mahsulotlarini biroz qimmat yoki arzon taklif qilishiga turtki berayotgan omillarni o‘rganish juda muhimdir. Odatda o‘z mahsulotini ulgurji savdoga chiqaradigan ishlab chiqaruvchilar mahsulot tannarxini birmuncha arzon belgilaydi. Yoki ushbu yo‘nalishda eng sifatli mahsulotni ishlab chiqarayotganlar o‘z mahsulotining tannarxini qimmatroq baholaydi. Qolaversa, aholining iste’mol quvvati ham mahsulotning narxiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Arzon mahsulot va sifatsiz mahsulotning chegarasi qayerda?

O‘zbekistonda iste’molchilar geografiyasi va qarashlari turfa bo‘lib, bu narx siyosatini belgilashga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, hademay mamlakatda to‘y mavsumi boshlanadi. Bugun odamlar ilgarigidek to‘ylarni hovlida emas, ko‘proq to‘yxonalarda o‘tkazmoqda. Bu esa, o‘z-o‘zidan qo‘shimcha xizmat va servislarga yo‘l ochmoqda. O‘ziga to‘q oilalar to‘y dasturxonini imkon qadar sifatli va brend mahsulotlar bilan to‘ldirishga harakat qiladi. Lekin shunday oilalar ham borki, nafaqat tejamkorlik nuqtai nazaridan, balki “qo‘li kaltaligi” uchun ham imkon qadar arzon, lekin “mehmonning oldida uyaltirmaydigan” mahsulotlar bilan dasturxonni boyitishga intiladi. 

Misol uchun, koka-kola ichimligi va boshqa mineral ichimliklarning brendlarini (Coca-cola, Fanta, Pepsi, Nestle, Bonaqua, va hokazo) olish, balki ulardan bir necha barobar turli salqin ichimliklar bilan to‘y dasturxonini bezatish mumkin. 

Bugungi kunda mana shunday arzon salqin ichimliklarni taqdim qilayotgan ishlab chiqarish korxonalarining “oshig‘i olchi” bo‘layotgani bejizga emas. Albatta, bu mahsulotni arzon qilaman deb, umuman sifatsiz mahsulot yoki xizmat taqdim qilish kerak degani emas. Chunki sifatsiz mahsulot baribir bir kuni muvaffaqiyatsizlikka yuz tutadi, bu sizning tadbirkor sifatidagi imijingizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Lekin bugun imkon qadar arzon mahsulot taqdim qilish mahsulotingizning muvaffaqiyati omillaridan biri ekanligini doim yodda tutish kerak. 

Mahsulot yoki xizmatlarning narxini solishtirish uchun hududlar yoki Toshkent shahridagi supermarketlar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, bozorlardagi narxlarni qiyosiy o‘rganib chiqish, ularni ishlab chiqarish tannarxini o‘rganish, yetkazib berish tannarxlarini bilish muhimdir. Bunda Google veb-servisining turli xizmatlaridan yoki Excel dasturidan foydalanish mumkin.

Yodda tuting! Sizga mutlaqo tanish bo‘lmagan sohada biznes qilishdan ehtiyot bo‘lgan ma’qul. Chunki bunday holatda xom-cho‘tda juda ko‘p adashasiz.


Ijtimoiy tarmoqlardan — tadbirkorlikka 

Odam real hayotda ko‘p ham atrofdagilar bilan chiqishib keta olmasligi mumkin. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda har bir inson o‘zining yashirin qirralarini namoyon qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarning yana bir muhim jihati, siz nafaqat marketing tadqiqotlarini o‘tkazishingiz, balki muntazam ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari fikrlari asosida o‘z mahsulotingizga “feed-back” olishingiz mumkin. 
Masalan, “Zarqand shirinliklari” firmasi rahbari tvitterdagi sahifasi orqali odamlarning o‘z mahsulotiga bo‘lgan munosabatlari bilan qiziqib boradi. Ularning fikrlarini so‘raydi, turli joylarda uyushtirilayotgan degustatsiya aksiyalariga o‘z folloverlarini taklif etadi. Gulyuz Umarov ismli tvitter foydalanuvchisi esa o‘zi tikkan zamonaviy bichimdagi kiyimlar xususida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari fikrlari bilan qiziqib boradi. Yana bir start-aplardan biri Bobomurod ismli tvitter foydalanuvchisi ham o‘zining CTRL+ korxonasi bilan tvitter foydalanuvchilari orasida yaxshi tanish. Buni o‘ziga xos promotion deb atash mumkin.

Umuman, ijtimoiy tarmoqlardan quyidagi maqsadlarda foydalanish mumkin:

  • Marketing tadqiqotlari;
  • Doimiy feed-back va reklama;
  • Qo‘shimcha taklif va tashabbuslar.


Tadbirkorlik eshigidan kirib kelayotganlar uchun qanday foydali resurslar bor?

Har bir tadbirkor yangi mahsulot yoki xizmat bilan bozorga kirib kelar ekan, tadbirkorlik sub’ekti sifatida zarur bilim va adabiyotlar, tegishli maslahatlarni olishi kerak bo‘ladi. 

Bugungi kunda yoshlar uchun o‘zining sodda va boy resurs bazasi, qolaversa, katta ekspertlik mahsulotlari bilan Sahar ijtimoiy tadbirkorlik onlayn maktabini tavsiya qilish mumkin. Unda ijtimoiy tadbirkorlikning nafaqat nazariy asoslari, balki qonuniy asoslari, amaliy jihatlari chuqur ochib berilgan materiallar mavjud.

Har qanday tadbirkor o‘z mahsulotini bozorga olib kelar ekan, reklama imkoniyatlaridan samarali foydalanishga harakat qiladi, turli marketing usullarini ishlatadi. Bunday paytda mamlakatning qonunlari, tegishli qonunosti hujjatlari, idoraviy hujjatlari bilan muntazam tanishib borish uchun O‘zbekistonning “Norma” axborot-huquqiy portali foydali manbadir. Unda nafaqat normativ-huquqiy hujjatlar, ayni paytda marketing usullari haqida ekspertlar materiallar berib boriladi. Masalan, quyidagi havoladagi materialda O‘zbekistonda keng qo‘llaniladigan marketing yo‘llari haqida so‘z boradi. 

Bundan tashqari, mansabdor shaxslar bilan ishlash jarayonini yanada yengillashtirish, ko‘plab byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik va sizning mahsulotingizni realizatsiya qilishga yordam beradigan idoralardan axborot olish uchun hukumatning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali muhim o‘rin tutadi. Bu xizmatdan sizni qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi tashkilot va mansabdor shaxslardan rasmiy javob olishingiz mumkin.

Bundan tashqari, ichki bozordagi narxlarni baholash, aholining qaysi mahsulot va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini tahlil qilishda Bepul.uz va Olx.uz portallari ham foydalidir. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi ham tadbirkorlarga har tomonlama yordam berish uchun turli seminar-treninglar, uchrashuvlar tashkil etib keladi. Ularda nafaqat ekspertlar, ayni paytda davlat mutasaddi idoralari rahbarlari va boshqa mutaxassislar ishtirok etadi. Qo‘shimcha ma’lumotlarni tashkilot saytidan olish mumkin. 

Yusuf TOSHKENBOYEV