Loyihaning manfaatdor taraflarini aniqlash va ular bilan munosabatlarni boshqarish

Biz oldingi maqolalarimizda loyiha tushunchasi va loyihani boshqarish ta’rifini bergandik. Keling, bu safar loyiha manfaatdorlari to‘g’risida fikr yuritamiz. Loyiha manfaatdorlarini aniqlash va ular bilan munosabatlarni boshqarish strategiyasini tayorlash loyihaning ilk bosqichlarida qilinishi kerak. Bu juda muhim bosqich bo‘lib, kelajakda ko‘plab xavflarni (risklar) oldini olishda yordam beradi va loyiha muvaffaqiyati uchun katta rol o‘ynaydi. 

Loyiha manfaatdorlari (stakeholders) deganda biz nafaqat loyihadan moddiy yoki boshqa taraflama manfaat ko‘radiganlarni nazarda tutamiz. Biz bu atamani kengroq ko‘lamda ishlatgan holda, loyiha manfaatdorlari deganda loyihaga ijobiy yoki salbiy taraflama ta’sir ko‘rsata oladigan, unga moddiy yoki texnik jihatdan hissa qo‘shadigan yoki to‘siqlik qila oladigan insonlar va tashkilotlarni nazarda tutamiz. Demak, manfaatdor tomonlar bu loyihaga aloqador turli xil manfaatlari, kutuvlari va talablariga ega shaxs yoki guruhlardir.

Loyiha manfaatdorlari quyidagi toifalarga bo‘linadi:

  • Loyhaga resurs beruvchilar:
    • Moliya
    • Ish kuchi
    • Bilim
    • Foydali aloqalar (tanish-bilishlar)
    • Asbob-uskuna, texnologiyalar beradiganlar, va
    • O‘rtada turadigan vositachilar
  • Raqiblar (do‘stona yoki, aksincha adovatli)
    • Shu borada siz bilan resurslarga raqobatchilik qiladiganlarni ham inobatga olish kerak.
  • Tarafdorlar
    • Siz qiladigan ishga/xizmatlarga qo‘shimcha qiladiganlar
  • Mijozlar va manfaatdorlar
    • Loyihadan salbiy manfaat oladiganlarni ham inobatga olish kerak
  • Qarshi chiquvchilar/muammo yaratuvchilar
    • Deylik, agar bir joyda restoran ochmoqchi bo‘lsangiz, atrofdagi xonadonlar egalari bunga qarshi chiqishlari mumkin, chunki kechki paytlari ortiqcha shovqin kelishi ularni bezovta qilishi mumkin.

 

Loyiha manfaatdorlarini aniqlash.

Loyiha manfaatdorlarini aniqlash turli yo‘llar orqali amalga oshirilishi mumkin.

Bular:

  • Loyiha komandasi bilan birgalikda “aqliy hujum” o‘tkazish;
  • Loyihaga aloqador barcha hujjatlar va kontraktlarni tahlil qilish;
  • Soha mutahassislarini intervyu qilish;
  • Sohaga aloqador qonun va hujjatlarni tahlil qilish; va
  • Birlamchi manfaatdorlar aniqlanganda so‘ng, ular bilan maslahatlashish orqali.

Matfaatdorlarni aniqlash paytida quyidagi savollardan foydalansangiz bo‘ladi:

  • Bu loyiha kimlarga ta’sir qiladi?
  • Loyiha yaratgan tovar va xizmatlardan kim foydalani?
  • Loyiha ta’minotchilari kimlar?
  • Kim loyihaga mablag’ va resurlarni taqdim etadi?
  • Kim loyihaga ta’sir ko‘rsata oladi, kimda bunday qudrat va vakolat bor?
  • Loyiha tarafdorlar va qarshilari kimlar bo‘lishi mumkin?
  • Bu masalada ovozga ega bo‘lmay qolgan, yoki manfaatlari e’tiborsiz qolib ketgan guruhlarga kim kiradi? (masalan imkoniyati cheklanganlar yoki boshqa ozchilik guruhlar)
  • Loyihada kimning ulushi bor?
  • Loyiha muvaffaqiyatiga bolishiga yoki muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga kim ta’sir ko‘rsata oladi?
  • Loyihaga kim qarshi chiqishi mumkin?
  • Ijtimoiy tarafdan, loyiha kimga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Kimga noqulaylik yaratishi mumkin?

Shu borada ta’kidlab o‘tish lozim, loyiha boshqaruvchisi va loyiha xodimlari/komandasi ham manfaatdorlar safiga kiradi. Nimaga deysizmi? Ular loyiha muvaffaqiyatiga to‘g’ridan-to‘g’ri ta’sir ko‘rsata oladilar, ular loyihaga bilim va ko‘nikma kabi resurs olib keladilar va hokazo. Demak ularning loyihada ulushlari va o‘ziga hos istak va kutuvlari bor. Loyaha komandasi ichki manfaatdorlar sirasiga kiradi. Qolganlar tashqi manfaatdorlar hisoblanadi. Yuqoridagi hujjatlarni tahlil qilish va mutahassilar bilan maslahatlashish orqali aniqlangan barcha manfaatdorlarni bir joyga yoziladi va tahlil qilish bosqichiga o‘tiladi. 

Manfaatdorlarni tahlil qilish.

Yuqorida qayd etilgandek, manfaatdorlarni aniqlash risklarni oldini olish, kerakli shaxs va guruhlarni vaqtida yetarlicha ogohlantirib turish va loyiha manfaati uchun kerakli shaxs va guruhlarni ishga jalb qilish uchun kerak. Yuqorida keltirilgan restoran misolida ko‘radigan bo‘lsak, restoran atrofdagi xonadonar egalari, agar ularning manfaatlari inobatga olinmasa va ular bilan oldindan maslahatlashilmasa, bu loyiha muvaffaqiyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ular birlashib, bu loyihaga qarshi chiqqan holda, uni berkitilishiga ham erishishlari mumkin. Shunday ekan, biz loyiha manfaatdorlarining kutuvlarini ham boshqarib borishimiz kerak. Kimga qanday, qay hajmda va qachon ma’lumot yetkazish kerak va kim bilan maslahatlashish kerakligini bilish uchun biz loyiha manfaatdorlarini tahlil qilishimiz kerak.

Manfaatdorlarni tahlil qilishda bir nechta vositalardan foydalaniladi. Ular orasida muhimlik va ta’sir matritsasini keltirish mumkin. Manfaatdor guruh va shaxslarni aniqlab bo‘lgach, quyidagi jadval orqali tahlil qilish mumkin:

Misol: Loyiha mahalladagi qarovsiz qolgan qariyalar uchun taksi va aloqa xizmatini tashkil qilishga qaratilgan. Pastdagi manfaatdorlar ro‘yhati to‘liq emas, misol sifatida namoyish etish uchun berilgan.

Manfaatdor

Muhimligi /ta'sir o'tkazish kuchi

  • katta
  • o'rtacha
  • past

Manfaati / Qiziqishi

  • katta
  • o'rtacha
  • past

Munosabati

  • tarafdor
  • befarq
  • qarshi

Hissa qo'shish qobiliyati

  • bilim
  • muammoni aniqlashda yordam
  • ko'rib chiqib tasdiqlash

Qanday qilib jalb qilish kerak

  • ma'lumot berib turish
  • maslahatlashish
  • qaror qabul qilishda jalb qilish
Qariyalar Katta Katta Tarafdor, lekin xizmat bilan qoniqmasa muammo tug'dirishi ham mumkin Qanday xizmat kerakligini aniqlash, ehtiyojlarni o'rganish

Maslahatlashish va ma'lumot berish

Qariyalarning oilalari (boshqa shahar/davlatda yashaydigan qarindoshlari)

Katta

Katta Tarafdor Ehtiyojlarni aniqlash/tasdiqlash Maslahatlashish va ma'lumot berish
Mahalla qo'mitasi Katta Katta Tarafdor Imtiyozlar, Aloqalar, tasdiqlash Ma'lumot berib turish/ Maslahatlashish
Loyiha sponsori (bank) Katta Katta Tarafdor Tasdiqlash Ma'lumot berib turish, maslahatlashish, va qaror qabul qilishda jalb qilish
Qariyalarga ijtimoiy ximat ko'rsatish markazlari O'rtacha Katta  Tarafdor Bilim Maslahatlashish
Telefon aloqa kompaniyalari Past  Katta Tarafdor Bevosita telefon aloqasi Ma'lumot berib turish, maslahatlashish
mahalliy taksi kompaniyalari Katta  Past Qarshi   Ma'lumot berib turish, nazorat ostida tutish
Loyiha kommunikatsiya operatori Katta Katta Tarafdor Bilim, malaka Ma'lumot berib turish, Maslahatlashish, qaror qabul qilishda jalb qilish

Yuqoridagi tahlilda so‘zlar o‘rniga raqamlardan foydalansa ham bo‘ladi (misol uchun o‘rtacha o‘rniga 1dan-10gacha shkalada 6 yoziladi). Tahlilning ikkinchi bosqichida kuyidagi matritsadan foydalangan holda eng muhim va eng katta ta’sirga ega manfaatdorlarni kerakli guruhlarga ajratiladi (bu Bryson matritsasi deb ataladi).

Manfaati/Qiziqishi
Ta'sir kuchi PAST KATTA
KATTA

Katta ta'sirga ega, lekin qiziqishi past bo'lgan manfaatdorlarning ehtiyojlarini qoniqtirib turing.

Ularni qiziqishlari asosida loyihaga jalb qiling va ular bilan maslahatlashing. Bu guruhning loyihaga to'siqlik yaratish ehtimoli katta bo'ladi.

Qiziqish katta va ta'siri ham yuqori bo'lgan manfaatdorlar asosiy manfaatdorlar hisoblanadi. Ularga katta e'tibor qarating va ular bilan munosabatni yaqindan boshqarib boring.

Ularni boshqaruv va qaror qabul qilish jarayonlariga jalb qiling.

PAST Ta'siri va manfaati past bo'lgan guruhlar uncha ham muhim hisoblanmaydi. Ularni umuman loyiha to'g'risida xabardor etib turishgina kifoya bo'ladi. Ularga xabarnoma va email tarqatmalarini yuborib turing. Manfaati katta va ta'sir kuchi past bo'lgan guruhlar fikrini hisobga olib turing. Ular bilan qiziqishi bo'yicha maslahatlashib turing va ularni xabardor etib turing. Ular loyiha tarafdorlari hisoblanadi, shuning uchun loyihani qo'llab-quvvatlash yordami kerak bo'lganda ularni jalb qiling. 

 

Yuqoridagi guruhlash asosida manfaatdorlarni jalb qilish strategiyasi tuziladi. Eng katta ta’sir kuchiga ega va katta qiziqishga ega guruh eng muhim guruh hisoblanadi, strategiyani tuzishda shu guruhga katta e’tibor qarating. Ular bilan birgalikda ishlashga yoki hamkorlik qilishga intiling. Loyihaga to‘siqlik qilish kuchiga ega bo‘lgan guruhlarga nisbatan xavflarni oldini olish strategiyasini o‘ylab chiqing. Loyiha tarafdorlari qatoriga kiruvchilardan loyiha manfaati uchun jalb qilish yo‘llarini strategiyaga kiriting. Shuning asosida loyihanig kommunikatsiya strategiyasi ham tayorlanadi. Bu borada kelgusi maqolalarimizda suhbatlashamiz.

 

Ushbu maqola bo‘yicha o‘z fikr va mulohazaliringizni yozib qoldiring.