Kurs qatnashchilarimizning ilg'or g'oyalaridan namunalar

Maktabimiz haqida  savol beradiganlar ko‘p: maktabimizda kimlar o‘qiydi? Ular  nimalarni o‘rganishadi? Bu savollarga takror-takror javob berishdan charchamaymiz, ammo bu safar an’anaviy javobdan uzoqlashib, boshqacha tarzda javob bermoqchimiz.

Sahar maktabi ijtimoiy ehtiyojlarga innovatsion yechim topishga ishtiyoqmand yoshlarni birlashtiradigan onlayn maktabdir.

Ijtimoiy ehtiyojlar turli sohalarda uchraydi. Kurs qatnashchilarimiz turli yo‘nalishdagi, jumladan atrof-muhit, ta’lim, sog‘liq sohasidagi ijtimoiy ehtiyojlarga innovatsion yechim topish bo‘yicha turli g‘oyalar bilan kelishadi. Odatda bunday ijtimoiy ehtiyojlarga yechim topish oson bo‘lmaydi. Natijaga erishish ma’lum bir vaqt va intiluvchanlik talab qiladi. Sahar maktabi kurslari ishtirokchilar ishlab chiqqan g‘oyalarni tahlil qilish va ularni amalda tadbiq etish uchun barcha kerakli bilim va tajriba berib kelmoqda. 

Maktabimiz qatnashchilari turli shahar va qishloqlardan bo‘lib, har biri beqiyos bilim va mahoratga ega. Kurslarimiz davomida ular o‘z bilim va tajribalari bilan boshqa ishtirokchilar bilan ham o‘rtoqlashadilar. Masalan, Farrux kursimizga yozgi ta’til davomidagi tashabbusini olib keldi. U o‘zining yetakchilik mahorati va ingliz tilidagi bilimini ishga solib, o‘z mahallasidagi bolalar uchun yozgi Ingliz tili klubini tashkil qildi. Farrux olg'a surgan tashabbusining ijtimoiy jihati shundaki, u nafaqat kurslarni arzon narxda taklif qilgan, balki kam ta’minlanagn oilalalar farzandlari uchun kurs narxlarini ularning o‘z imkoniyatlariga havola qilgan.

Bizning kurslarimiz davomida Farrux o‘zining kichik loyihasida ishlatgan va unga qo‘l kelgan strategik fikrlash va boshqa shu kabi mahoratlari bilan bo‘lishdi. Farruxning so‘zlari bilan aytganda esa:

 “Qishlog‘imizdagi maktab direktoriga o‘quvchilaring yozni bilim olish va maroqli o‘tkazishlari uchun  har xil o‘yin va qiziqarli mashg‘ulotlarga boy ingliz tili to‘garagini ochish g‘oyasini aytdim. Buning uchun menga iyun-iyul oylarida bir sinf xonasi ajratib berishini so‘radim. Bu g‘oya direktorga ma’qul keldi. Bundan tashqari, g‘oyamni amalga oshirishda menga o‘z singlim ko‘maklashdi: u tashkiliy ishlar bilan  shug‘ullandi. O‘quvchilarning yozgi ta’tilga chiqib ketishidan oldin maktab e’lonlar taxtasiga “Ingliz tili klubi” haqidagi chiroyli broshyurani osib qo‘ydik va shu orqali qatnashuvchilarni ro‘yxatga oldik.”

Kurs davomida manfaatdor taraflarni tahlil qilish mavzusida Farrux direktorni o‘z loyihasiga muvaffaqiyatli jalb qilganini aytib berdi. Farruxning aytishicha, Sahar maktabining kurslari uning lohihasi va undagi yondashuvini  yanada chuqur tushunish va tahlil qilishga yordam berdi.

Yana bir maktabimiz bitiruvchisi Adham kursimizni boshlaganida u o‘z “Biznes Trenerlar klubi” loyihasini endi amalga oshirishni boshlagan edi. Sahar maktabining kurslari Adhamga g‘oyasi haqida chuqur izlanishga va loyihani amalga oshirish davomidagi har bir jarayonni tahlil qilib chiqishga ko‘maklashdi. Adhamning aytishicha, u maktabimizdan mabodo ishlar rejadagidek ketmasa, doim “plan B”ga tayyor turishning muhimligini o‘rgandi. Adhamning o‘z so‘zlariga ko‘ra:

“Bu loyihani Sahar maktabi ma’muryatiga taqdim etganimdan so‘ng maktabning malakali trenerlari orqali loyiha kamchiliklari aniq va tushunarli holda ko‘rsatib berildi. Masalan, biron loyihani tuzishdan oldin aniq muammolarni belgilab olish va shu muammolarni yecha oladigan loyihani hayotga tadbiq qilish kerakligini tushundim. Loyihamni muvaffaqiyatli amalga oshirishim uchun uni 3 fazaga bo‘lib olishim kerakligi haqida o‘z maslahatlarini berishdi. Bu usul menga juda qo‘l keldi va kurs davomida o‘z loyihamning SWOT tahlilini ishlab chiqdim. Shunda tushundimki, har qanday mukammal loyihada ham “har ehtimolga qarshi” deb o‘ylab qo‘yilgan reja bo‘lishi kerak ekan.”

Kurslarimizga hamma ishtirokchilar ham tayyor g‘oya bilan kelmaydi, balki uni kurs davomida rivojlantiradi. Masalan, Abdurasul kurs davomida o‘z g‘oyasining muhimligiga ishonch hosil qildi va uni shakllantirdi. Abdurasulning niyati o‘z qishlog‘idagi aholiga yordam berish. Qish kunlarida ko‘mir narxi qimmatlashib ketadi, bundan tashqari, ko‘mirni bozorlarda topish ham muammo bo‘lib qoladi. Abdurasul nafaqat ko‘mirni aholiga yetkazib berish, balki uni arzon narxda hamda eng muhimi qishloqdagi qariyalar hamda nogiron shaxslarga muammosiz yetkazib berish haqida o‘ylamoqda. Kurs davomida esa Abdurasul g‘oyasini SWOT tahlilidan o‘tkazib, unga boshqa ko‘z bilan qaraydigan bo‘ldi.  Kuchsiz taraflari mavjud bo‘lishiga qaramasdan Abdurasul bu g‘oyani amalga oshirsa bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Hozirda esa Abdurasul 2-kursimiz – Loyiha tuzish va boshqarish kursida qatnashib o‘z go‘yasi asosida grantlar va/yoki kredit olish uchun loyiha taklifini yaratish ustida ishlamoqda.

Yuqoridagi ishtirokchilarimiz va ularning loyihalari xamir uchidan patir. Maktabimizda yuzdan ortiq bitiruvchilar ajoyib loyihalar bilan ijtimoiy tadbirkorlik sirlarini o‘rganib kelishmoqda. Sahar maktabida O‘zbekistonning turli viloyatlari va chekka tumanalaridagi yoshlar o‘z tajribasini bir-birlari bilan baham ko‘radi. Sahar maktabi ijtimoiy muammolarni yechishda yoshlarga o‘zaro hamkorlik uchun imkon yaratib,  ularning jamiyatda yetakchi bo‘lishiga ko‘maklashadi.