Jinsiy tenglik haqida nimalarni bilamiz?

Jinsiy tenglik, ayollar huquqi, erkak va ayollar tengligi degan tushunchalar tez-tez qulog’imizga chalinadi.

Jinsiy tenglik o’zi nima? BMT ta’rifiga ko’ra, jinsiy tenglik bu - ayollar, erkaklar, qizlar va bolalar bir hil huquq, resurs, imkoniyat va himoyaga ega bo’lishini anglatadi. Ayni paytda, jinsiy tenglik erkak va ayollarning bir xilligini, ularga bir xil munosabatda bo’lish lozimligini yoki hammaga bir xil majburiyat yuklashni anglatmaydi. Jinslarning jismoniy tafovutlari, albatta, inobatga olinishi kerak.

Tarixning turli bosqichlarida, xususan, bugun ham, asosan, ayollar turli huquqsizlik va jabr-zulmlar qurboni bo’lib kelgani bois xalqaro va mahalliy minbarlarda ko’pincha ayollar, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish haqida gapiriladi. Darhaqiqat, ularning jamiyatdagi imkoniyatlardan teng foydalana olishlarini ta’minlash uchun qonun doirasida alohida chora-tadbirlar ko’rishga to’g’ri kelishi mumkin.

BMT ishlab chiqqan Davomiy taraqqiyot maqsadlarida ayollar teng huquqliligini ta’minlash asosiy vazifalardan biri sifatida sanab o’tilgan. Boshqa ko’plab xalqaro hujjatlarda ham jinsiy tenglik alohida tilgan olingan. Ishlash, ta’lim olish kabi asosiy huquqlar bilan ta’minlashda jinsiga qarab ajratish mumkin emas.

O’zbekistonda jinsiy tenglik ta’minlanganmi?

O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi belgilangan. Shundan kelib chiqib qator qonun hujjatlarida mazkur tenglikni ta’minlash bo‘yicha qoidalar kiritilgan.

Xususan, Mehnat kodeksiga muvofiq jins, yoshi, irqi, millati kabi mehnatga aloqador bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida cheklashlarga yoki ayirmachilikka yo‘l qo‘yilmaydi.

Oiladagi zo’ravonlikka qarshi kurashish bo’yicha ham so’nggi yillarda keng chora-tadbirlar ko’rilmoqda, ammo bu muammo to’la yo’q qilinmagan. Oilada ayollarga qarshi zo’ravonlik holatlariga yo’liqsangiz yoki shunday holatga guvoh bo’lsangiz, Xotin-qizlar qo’mitasining ishonch telefoniga qo’ng’iroq qiling: 1146

Ayollarning mehnat qilish huquqiga cheklovlar bormi?

O’zbekistonda ayollarni og’ir mehnat sharoitlaridan himoya qilish maqsadida ularning mehnat qilish huquqini cheklash holatlari ham mavjud.

Masalan, Ayollar mehnati to‘liq yoki qisman qo‘llanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlar ro‘yxati bilan O’zbekistonda jami 400 ga yaqin kasblarda ayollarning ishlashi taqiqlangan.

Masalan, mazkur hujjatga ko‘ra, ayollarning yo‘lovchilar soni 14 tadan ko‘p sig‘imli avtobuslarning haydovchisi bo‘lib ishlashi taqiqlanadi. Vaholanki, hozirgi kunda ushbu rusumdagi transport vositasini boshqarish uchun juda katta jismoniy kuch talab qilinmaydi.

Cheklovlarni qayta ko’rib chiqish fursati keldi

Mazkur hujjatning qabul qilinganiga 18 yildan oshgan. Texnika taraqqiyoti asrida bundan 15-20 yillar avval ayollar ishlatishi qiyin bo‘lgan ayrim texnik uskunalar hozirda ayollar ham bemalol ishlata oladigan darajaga yetgan.

Bu borada tashabbus ko’rsatib, ayollar uchun g’ayrioddiy bo’lgan kasblarda hozir bemalol faoliyat yuritayotgan o’zbekistonlik xotin-qizlar yo’q emas. Masalan, toshkentlik Nargiza eng baland ko‘tarma kranni boshqaradi. Qo‘lining bir harakati bilan vazni 8 tonnagacha bo‘lgan yukni 55 metr balandlikdan turib boshqarayotgan bu qiz “Tashkent City” loyihasining qurilishida faol ishtirok etmoqda. "Ayollar" kasbi emas degan fikrlarni chetga surib, u sevimli ishi bilan shug‘ullanishga o’zida iroda topa olgan.

Shu kabi holatlarni rag’batlantirish, vaqt o’tishi bilan eskirgan ayrim qonuniy cheklovlarni bekor qilish maqsadida O’zbekiston Adliya vazirligi Ayollar mehnati to‘liq yoki qisman qo‘llanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlar ro‘yxatini qayta ko’rib chiqishga qaror qildi.

Taklif bering

Bu o’zgarishlarni amalga oshirishda vazirlik aholining fikrini ham o’rganish niyatida. Agar sizda ayollar mehnatiga qo’yilgan taqiq yoki to’siqlarni bartaraf etish, xususan, yuqorida tilga olingan ro‘yxatni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bo’lsa, ularni Telegram messenjeridagi @qonunchilikbot botiga yoki d.umarov@adliya.uz elektron pochta manziliga yuborishingiz mumkin.

Fikr-mulohazalaringizni maqola ostida ham qoldirishingizni so’rab qolamiz.

Ayollar – bu onalarimiz, opa-singillarimiz va farzandlarimizdir. Ayollar e’zozlangan, ularga teng huquq va sharoitlar yaratilgan davlatdagina farovon jamiyat qurish mumkin.