Internetda o’quvchi yig’ish, auditoriya bilan ishlash va blog materiallarini ijtimoiy tarmoqlarda targ’ib qilish yo’llari

Ushbu mashg’ulotda blogerlar uchun internetda va ijtimoiy tarmoqlarda ko’proq o’quvchi va auditoriya yig’ish yo’llarini o’rganamiz. Internetda marketing, ya’ni reklama qanday olib boriladi? Mablag’ sarflamasdan yaxshi marketing qilish va natijada o’zimiz xohlagan auditoriyaga ega bo’lish mumkinmi? Ijtimoiy tarmoqlarda ishlaganda nimalarga e’tibor berish kerak? Mashg’ulot davomida shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.

 

Marketing nima?

Sodda qilib tushuntiradigan bo’lsak, kompaniya yoki biror shaxsning o’z mahsuloti yoki xizmatini sotish maqsadida mijozlar bilan olib boradigan muloqoti marketing deb ataladi. Bizning holatda siz bloger sifatida o’z mahsulotingizni, ya’ni blogingizni o’quvchilarga sotmoqchisiz. Albatta, siz o’quvchilardan pul olishni umid qilayotganingiz yo’q (kelajakda bu faoliyatdan moddiy daromad topish imkoniyatingiz ham yo’q emas); ular saytingizga kirib, blogpostlaringizni o’qisa, ana shu natija siz uchun o’z mahsulotingizni mijozlaringizga sotish bilan barobar bo’ladi.

 

Bloglarni nega marketing qilish kerak?

Har qanday mahsulot yoki xizmat reklamaga muhtoj bo’ladi. Mahsulot sifatli bo’lsa, reklamaga hojat yo’q, odamlar baribir oladi, deyish to’g’ri fikr emas. Bozordagi mavqeini boy bermaslik, aksincha, uni yanada kuchaytirish uchun har bir kompaniya muntazam marketing ustida ishlashi kerak.

Masalan, dunyoning eng yirik kompaniyasi hisoblanadigan Apple reklama va marketing uchun har yili bir milliard dollardan ortiq mablag’ sarflaydi[1].

Blogerlarni axborot bozorida o’quvchilarga o’z blogpostlarini sotishga urinayotgan tadbirkorlarga o’xshatish mumkin. Bitta odam, odatda, o’zi uchun bir dona telefon sotib oladi. Mana shu bitta odamni o’ziga mijoz qilish uchun, aytaylik, Apple va Samsung o’zaro kurash olib boradi. Bir odam birdan ortiq blogni o’qishi mumkin, ammo vaqti cheklangan bo’lsa, faqat eng yaxshisini tanlaydi, shunday emasmi?

Axborotga to’la internet olamida odamlar, odatda, faqat o’zlariga yoqqan narsalarni o’qishga, tomosha qilishga harakat qiladi. Chunki hamma narsani o’qish uchun vaqt yetmaydi. Shuning uchun eng sifatlisini, qizig’ini topib o’qishadi. Balki sizning blogingiz ularga yoqadigan darajada qiziqdir, ammo blogingiz manzilini bilishmasa, ilgari o’qib ko’rishmagan bo’lsa, tabiiyki, sizni o’qishmaydi. Agar bilishganda, albatta, o’qib borgan bo’lardilar. Siz blogingizni marketing qilganingizda, yozganlaringizni sevib o’qiydigan ana shunday o’quvchilarni qidirib topishni niyat qilishingiz kerak. Agar o’zingizni tanitmasangiz, marketing orqali ularga blogpostlaringizni yetkazmasangiz, sizning blogingiz borligini qayerdan bilishadi? Shuning uchun ham blogni marketing qilish juda muhim.

 

Blogni tanitish va o’quvchi yig’ish yo’llari

Endi bevosita mavzuga o’tib, blogingizni ommalashtirish va ko’proq o’quvchi yig’ish yo’llari haqida ma’lumot beramiz. Ammo bundan oldin quyidagilarni alohida eslatib o’tish lozim:

Marketing qanchalik kuchli va muvaffaqiyatli bo’lmasin, blogingiz mashhur bo’lishini ta’minlaydigan eng muhim birlamchi omil – bu uning sifatidir. Agar blogpostlaringiz sifatli, o’quvchini o’ziga jalb qiladigan bo’lsa, marketing orqali saytingizni topgan har qanday odam yangi blogpostlaringizni o’qish uchun blogingizga yana qaytib kiradi. Aksincha, yozganlaringiz sifatsiz bo’lsa yoki o’quvchi xohlagan narsani bera olmasa, bu o’quvchi blogingizga qaytib kirmasligi mumkin. Chunki marketing orqali mahsulotingizga faqat taklif qila olasiz, xolos; uni hech kimga majburlab o’tkaza olmaysiz.

Odamlarga malol keladigan usullarni qo’llashdan tiyiling. Masalan, do’stlaringizning sahifalariga muntazam blogpostlaringiz joylashgan manzillarni qo’yib borishingiz ularga yoqmasligi mumkin. O’zlari yoqtirsa, sahifalarida boshqalar o’qisin, deb blogingizni baham ko’rishi mumkin, ammo o’zi so’ramagan, xohlamagan narsani har kuni birovning eshigi oldiga q’oyib kela olmaysiz. Bu mavzuga dars so’ngida yana qaytamiz.

Maqsadlaringizni imkoniyatingiz doirasida rejalang. Ya’ni, qancha o’quvchiga ega bo’lish masalasida vaziyatni real baholang. Sizda yangiliklar sayti yoki boshqa ommaviy nashrlar kabi juda katta auditoriyaga ega bo’lish ehtimoli juda past. Texnik jihatdan buning imkoni yo’q emas, ammo oddiy bloger sifatida va bepul marketing usullari bilan bunga erishish juda qiyin. Qolaversa, sizga bunchalik katta auditoriya bo’lishi shart ham emas. Odatda, siz kabi ijtimoiy blogerlar o’z bloglaridan moddiy manfaat topishni niyat qilmaydi va oz bo’lsa ham, doimiy, sadoqatli o’quvchilariga ega bo’lishni istashadi.

Endi auditoriya yig’ish usullarini birma-bir ko’rib chiqamiz.

1.      Avvalo, auditoriyangiz kimligini biling.

Muvaffaqiyatli bloglar, avvalgi darslarimizda aytganimizdek, ma’lum bir yo’nalish yoki mavzularga ixtisoslashgan bo’ladi. Shunday ekan, bunday bloglarni, asosan, ana shu yo’nalish yoki mavzularga qiziqqan odamlar o’qiydi. Internetda o’zbekzabon auditoriyaning barchasini qamrab olaman, hamma blogimni o’qishini xohlayman va shunga mos marketing olib boraman, deb niyat qilishingiz mumkin; ammo real vaziyatni olib qaraydigan bo’lsak, bunga urinmaganingiz ma’qul. Birinchidan, sizda buning uchun imkoniyat yo’q. Internetda, masalan, 5 million o’zbekzabon o’quvchi bo’lsa, ular rang-barang qiziqishdagi toifalardan tashkil topgan bo’ladi. Hammasiga yoqadigan blogpost yoza olasizmi? Albatta, yo’q. Shuning uchun bu toifalarning ma’lum bir guruhini aniqlab oling va blogpostlar yozganda hamda marketing qilganda, ana shu toifadan o’zingizga o’quvchilar topishni maqsad qiling.

Masalan, siz ingliz tilini o’rganish sirlari haqida blog yuritsangiz, kimlar sizning asosiy o’quvchilaringiz bo’lishi mumkin? Albatta, talabalar va abituriyentlar.

Davlat Test Markazi ma’lumotiga ko’ra, har yili oliy o’quv yurtlariga o’qish uchun hujjat topshiradiganlar soni 200 mingdan ortadi. Ular orasida chet tili testini topshirish talab qilingan yo’nalishlarda o’qishni istaydiganlar juda ko’p. Shuningdek, oliy o’quv yurtlarida ingliz tilini o’rganayotganlar, TOEFL yoki IELTS testini topshirib, xorijda o’qishni xohlaydiganlar bundan ham ko’p. Demak, sizning asosiy auditoriyangiz mana shu toifadagi yoshlar bo’ladi.

Marketing rejasini tuzganda, blogingizni reklama qilganda, ana shunday yoshlarni nishonga olishingiz kerak.

2.      Blogingizni tushunarli va o’qish uchun qulay qiling

O’quvchilarni rom qilishda dizayn ham muhim ahamiyatga ega. O’quvchi blogga kirganda nima qayerda ekanini osonlikcha topa olsin. Demak, blog haqidagi ma’lumot, bo’limlar, muallifga bog’lanish yo’llari va boshqa ma’lumotlar joy-joyida bo’lishi kerak. Blogga obuna bo’lish yo’llari (masalan, email yoki RSS feed orqali) ham ko’rsatilgan bo’lishi lozim.

3.      Sifatli blogpost yozing

Yuqorida aytganimizdek, muvaffaqiyatning eng muhim omili bu sifatli blog va blogpostlarga ega bo’lish. Marketing blogingizning qanchalik sifatli ekanini tekshirib ko’rishga o’quvchini taklif etish degan gap. Marketing natijasida kimdir saytingizga tashrif buyursa, u, avvalo, yozganlaringizni o’qib ko’radi. Ularni ma’qul deb topsa, yoqtirsa, kelasi safar, albatta, yana keladi. Agar yoqmasa, ikkinchi bor qaytib kirmaydi. Shuning uchun, avvalo, blogpostlaringiz  sifatli va dolzarb bo’lishiga ahamiyat qarating. Shuningdek, marketing uchun (ayniqsa, blogingiz yangi bo’lgan paytda) eng sara va yaxshi materiallaringizdan foydalaning.

4.      Ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash

Facebookda:

Ijtimoiy tarmoqlar orasida siz eng ko’p e’tibor berishingiz lozim bo’lgan sayt bu Facebook hisoblanadi. U o’zbekistonlik internet foydalanuvchilari orasida Odnoklassniki kabi mashhur va ommabop bo’lmasligi mumkin, ammo sifatli va jiddiy auditoriyaga egaligi bilan rus ijtimoiy tarmoqlaridan yuqorida turadi. Shuning uchun marketing rejasida Facebook bilan ishlashga alohida e’tibor qarating.

Facebookda ishlash strategiyasida quyidagilarni qamrab olishingiz mumkin:

Shaxsiy profil orqali ishlash

Ochgan blogingizni va yozayotgan blogpostlaringizni, albatta, Facebookdagi shaxsiy sahifangizda (profil sahifasida) chop etib borishingiz lozim. Chunki o’quvchi yig’ishni birinchi navbatda o’z do’stlaringizdan boshlashingiz kerak. Blogposlatingizni Facebook sahifangizga qo’ysangiz, uni do’stlaringiz ko’radi va o’qish imkoniyatiga ega bo’ladi. Agar yoqtirishsa, o’z sahifalarida ham baham ko’rishlari mumkin. Natijada do’stlaringizning do’stlari ham bu blogpostni ko’rish va o’qish imkoniyatiga ega bo’ladi. Blogingiz shu tariqa boshqa odamlarga ham tanilib boradi.

Qolaversa, begona odamlardan ko’ra, sizni tanigan do’stlaringizning blogingizni yoqtirishi va muntazam o’qib borishi ehtimoli boshqalarga qaraganda kattaroq. Chunki ular sizni shaxsan taniydi va hurmat qiladi. Shunday ekan, blogingizning doimiy muxlislari ham do’stlaringiz orasida ko’roq bo’lishi turgan gap.

Blog uchun rasmiy sahifa ochish

Facebookda kompaniya, tashkilot yoki brend mahsulotlari o’z xizmat va mahsulotlarini targ’ib etishlari uchun sahifa ochish imkoniyatiga ega. Siz ham shaxsiy profilingizdan tashqari blogingiz uchun alohida sahifa yaratishingiz mumkin. 

Shuni unutmang, odatda, professional ish yurituvchi va allaqachon ma’lum bir obro’-e’tbibor va nom qozongan blogerlargina sahifa ochishadi. Masalan, bloger Xushnudbek Xudayberdiev Facebookda shaxsiy profilidan tashqari blogi uchun alohida sahifa ham ochgan. Siz ham, istasangiz, blogingiz uchun shunday rasmiy sahifa ochib, unga har bir yozgan yangi postingizni joylab borishingiz mumkin. Blogingizni yoqtirganlar sahifangizni (Like tugmasi orqali) kuzatib borish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Lekin, yuqorida aytganimdek, blogerlikni endi boshlagan odamga Facebookdan alohida sahifa ochish tavsiya qilinmaydi. Undan ko’ra, o’z shaxsiy profilingiz orqali targ’ib qilganingiz ma’qulroq. Qolaversa, blogingiz nomidan shaxsiy profil ochish to’g’ri emas. Chunki Facebook qoidalari bo’yicha, shaxsiy profilni faqat odam nomiga ochish mumkin. Shuningdek, tashkilot yoki sayt nomi bilan profil ochish noprofessionallikdan dalolat qiladi.

Guruhlar bilan ishlash

Facebook guruhlari o’quvchi yig’ishda eng samarali marketing usulidir. Chunki shaxsiy profilingizda 300-400 do’stingiz bo’lsa, guruhlarda bir necha ming, hatto 50 yoki 100 minggacha a’zo bo’lishi mumkin. Bu degani, guruhga qo’ygan postingizni shuncha odam ko’rishi mumkin. Masalan, “Welcome to Uzbekistan” (O’zbekistonga xush kelibsiz) guruhida 110 mingga yaqin a’zo bor. “Водители Ташкента” (Toshkent haydovchilari) deb nomlangan guruhda esa 50 mingdan ortiq odam yig’ilgan. Demak, ana shunday a’zosi ko’p guruhlarga qo’shilib, u yerga blogpostlaringizni muntazam qo’yib borishingiz kerak.

Ammo shuni unutmaslik kerakki, blogpostlaringizni har qanday guruhga qo’yavermaslik kerak. Chunki har bir guruhning o’z qonun-qoidalari bor. Masalan, “Водители Ташкента” guruhiga faqat avtomobillarga aloqador materiallarni qo’yish mumkin. Bu yo’nalishga mutlaqo aloqasi bo’lmagan blogpost qo’ysangiz, guruh moderatorlari nafaqat uni o’chirishi, balki o’zingizni (odatda, ogohlantirishdan so’ng) ham guruhdan chiqarib yuborishi mumkin. Shuningdek, bitta guruhda bir kunda ko’p post qo’yish ham yaxshi odat emas. Chunki guruh a’zolari sizdan zerikishlari mumkin va bu ham moderatorlar sizga qarshi chora ko’rishiga sabab bo’ladi.

Demak, siz blogingiz yo’nalishiga mos yoki mavzulari umumiy bo’lgan guruhlarni topib, ularga blogpostlaringizni qo’yib borishingiz kerak.

Facebookda o’zbekistonlik blogerlar to’plangan “Uzblogerlar” deb nomlangan guruh bor. Shu yerga ham postlaringizni qo’yib borishingizni tavsiya etamiz. Chunki bu yerda, asosan, sizga o’xshagan blogerlar yig’ilgan va ularning fikr-mulohazalari siz uchun qiziq va qimmatli bo’lishi mumkin.

Faqat bir blog uchun guruh ochishni tavsiya qilmaymiz. Agar o’z guruhingizni ochmoqchi bo’lsangiz, uning nomini va mavzusini kengroq qilib oching. Shunda bu yerga nafaqat siz, balki boshqalar ham o’zlari xohlagan ma’lumotlarni qo’yib boradi. Bu esa guruhingiz a’zolarining tez ko’payishiga yordam beradi.

Twitterda:

Twitter sayti O’zbekistonda Facebookchalik ommalashmagan bo’lsa-da, bu tarmoqda ham vatandoshlarimiz orasida faol va muntazam foydalanuvchilar soni ortib bormoqda. Shuning uchun blogpostlaringizni targ’ib etishda Twitterdan ham foydalanishingiz mumkn.

Twitterda blog nomidan rasmiy profil ochishingizni tavsiya qilmaymiz. Umuman, blogerlik shaxsiy yondashuv va qarashlarni ifodalash vositasi bo’lgani uchun ijtimoiy tarmoqlarda o’z nomingizdan, ya’ni bloger nomidan faoliyat yuritganingiz ma’qul. Demak, Twitterda allaqachon o’z sahifangizga ega bo’lsangiz, u yerga blogpostingizni joylab, do’st va tanishlaringiz bilan baham ko’rishingiz kerak.

Agar Twitterda yangi bo’lsangiz yoki o’z profilingizni endi ochish niyatida bo’lsangiz, quyidagilarga e’tibor bering:

Sarlavha va kirish so’zlari odam e’tiborini jalb qiladigan bo’lsin

Ma’lumki, Twitterga faqat 140 belgidan iborat postlarni kiritish mumkin. Shunday ekan, ozgina so’z bilan o’quvchilarni o’zingizga jalb qila olishingiz kerak. Blogpostingiz joylashgan manzilni qo’yganingizdan so’ng, bu post nima haqida ekanini 3-4 ta so’z bilan tushuntirib berishingiz kerak. Bu blogpost sarlavhasi yoki blogpostning eng qiziq joyidan olingan biror gap bo’lishi mumkin.

Postlarni rasmlar bilan joylang

Twitterga blogpost manzili joylaganda, Facebook kabi u saytdan rasmni tortib olmaydi. Balki rasmni alohida saytga yuklashingiz kerak. Tabiiyki, rasm bilan qo’yilgan tvitlar odamlarni o’ziga ko’proq jalb qiladi. Shunday ekan, Twitterga qo’yiladigan har bir postda rasm bo’lishiga diqqat qarating.

Boshqalar ergashishini xohlasangiz, siz boshqalarga ergashing

Twitterda sahifangizni kuzatuvchilar “Followers” (Ergashuvchilar) deb ataladi. Sahifangizga ergashuvchilar yoki muxlislar qanchalik ko’p bo’lsa, qo’ygan tvitlaringizni ko’radiganlar shunchalik ko’p bo’ladi. Demak, saytda o’zingizga ko’proq muxlis orttirishingiz kerak. Buning uchun nima qilish kerak? Twitterni kezib, qarashlari, postlari sizning fikrlaringizga mos yoki yaqin keladigan odamlarni toping va ularning sahifalariga ergashing. Ularni shaxsan tanishingiz shart emas. Chunki Facebookdan farqli o’laroq, Twitterda kimnidir yoqtirish uchun do’st bo’lish shart emas. Ergashish yoki muxlislik qilish deganda biror odamning tvitlarini kuzatib borish tushuniladi. Demak, ko’proq odamga ergashsangiz, ularning har biriga bu haqda xabar boradi va ular ham bunga javoban sizning sahifangizga tashrif buyurishi va qo’ygan postlaringizni o’qib, blogingizga kirishi yoki kamida Twitterdagi sahifangizga muxlislik qilishi mumkin. Shu tariqa saytdagi muxlislaringiz sonini oshirib borasiz. Tvitterda ko‘zga ko‘ringan blogerlar ham bor.  Tvitterdagi foydalanuvchilar ularning fikrlariga,  chaqiriqlariga quloq tutishadi.  Shunday blogerlardan blogpostingizni o‘qib ko‘rishni hamda agar ma’qul kelsa,  boshqalar bilan baham ko‘rishni so‘rashingiz mumkin.  Bu ham sizga o‘quvchi va hurmat keltirishi mumkin. 

Hashtaglar bilan ishlash

Tvitterda hashtag degan atama mavjud. Biroz so’z yoki jumla (ikkita so’z bo’lsa ham qo’shib yozilishi kerak) oldidan # (katakcha) belgisi qo’yilsa, ana shunday so’zlar hashtag deyiladi. Bu nimani bildiradi? Bu degani kimdir Tvitterdan ana shu hashtagni qidirsa va siz qo’ygan postda ham u ishlatilgan bo’lsa, qidiruv natijalari orasida sizning tvitingiz ham chiqadi.

Masalan, 14-fevral kuni Tvitterda o’zbekistonliklar #BoburDay (Bobur kuni) hashtagini ommalashtirishdi. Agar siz ham Bobur haqida biror tvit qo’yib, unga #BoburDay hashtagini qo’shsangiz, sizning tvitingiz nafaqat sahifangizni kuzatuvchilarga, balki Twitterda #BoburDay hashtagini kuzatayotgan hammaga ko’rinadi. Shu yo’l bilan kengroq auditoriyaga chiqish imkoniyatiga ega bo’lasiz. Demak, blogpostingizni Tvitterga qo’yganda, undagi eng muhim mavzu yoki so’zlarni hashtag bilan belgilasangiz, ko’proq odamga blogpostingiz yetib borishi mumkin. So’zlarni hashtagga aylantirish uchun kimdir uni avval hashtag sifatida ishlatgan bo’lishi shart emas. Ammo eng ko’p ishlatiladigan, hamma tushunadigan so’zlarni hashtag qilgan ma’qul. Masalan, ingliz tilini o’rgatishga oid blogpost yozgan bo’lsangiz, Tvitterdagi postga #ingliztili, #abituriyent, #chettili, #talaba kabi hashtaglarni qo’shib qo’yishingiz mumkin.  Unutmang, tanlagan hashtaglaringiz blogpostingizga oid so’zlardan iborat bo’lishi kerak va bitta tvitga uchtadan ortiq hashtag qo’yish tavsiya qilinmaydi.

Facebookda ham  hashtaglardan foydalanish mumkin. Ammo u ko’proq Tvitterga xos xususiyat hisoblanadi.

Trending

Tvitterda “Trending” (Ommalashtirish) degan tushuncha ham mavjud. Istalgan bir kunda butun tarmoq bo’ylab eng ko’p tilga olingan mavzular hashtaglar orqali eng ommaviy mavzular (trends) sifatida Tvitterning bosh sahifasiga olib chiqiladi. Masalan, 14-fevral kuni amalga oshirilgan #BoburDay aksiyasi Tvitterda trend darajasidagi mavzuga aylandi. Shu kuni #BoburDay hashtagidan shu qadar ko’p odam foydalanganki, natijada Tvitter uni eng ommabop mavzular 10 taligiga kiritgan. Demak, Tvitterdagi trendlardan boxabar bo’lib borsangiz va ularda ishlatilgan hashtaglardan foydalansangiz, tvitlaringizning ko’proq odam tomonidan ko’rilishi imkoniyati yanada oshadi. Albatta, o’zbekcha yoki O’zbekistonga oid so’z va mavzularning Tvitterda eng mashhur trendlarga aylanishi holatlari kamdan-kam sodir bo’lishini ham unutmang.

Instagramda:

Instagram dunyo bo’ylab, xususan, O’zbekistonda yoshlar orasida eng ko’p ommalashayotgan ijtimoiy tarmoqlardan biri sanaladi. U, asosan, rasmlar bilan ishlashga mo’ljallangan bo’lib, foydalanuvchilar telefonlari orqali olingan suratlarni tarmoqqa joylaydi va boshqalar bilan baham ko’radi. Tarmoqqa a’zo bo’lsangiz, xuddi Tvitterdagi kabi o’zingiz xohlagan boshqa foydalanuvchilarga “follow” qilib (ergashib), ular qo’ygan suratlarni tomosha qilib borishingiz mumkin.

Instagramdan bloger sifatida qanday foydalanish mumkin?

Bu ijtimoiy tarmoqning imoniyatlari Facebook va Tvitter kabi u qadar keng emas. Masalan, unga faqat telefon yoki planshetdan rasm yuklash mumkin. Komputerdan tarmoqni kirib kuzatish mumkin, ammo rasm qo’shib bo’lmaydi. Shuningdek, rasmlarga izoh sifatida blog yoki saytingizdan matn ko’chirib olib qo’yishingiz mumkin, ammo ular oxiriga sayt manzilini qo’ya olmaysiz. Havolani matn sifatida qo’ya olasiz, lekin uning ustiga bosib, saytingiz joylashgan manzilga o’tish imkoniyati yo’q. Ya’ni Instagram bunga ruxsat bermaydi. Sayt yoki blogingiz manzilini faqat foydalanuvchi haqidagi ma’lumotnomaga qo’shish mumkin va faqat shu yerdagina havola, ustiga bosilganda, ishlaydi.

Aslida bu cheklovlar Instagramning o’ziga xosligi va afzalligi hisoblanadi. Saytlar reklama qilinadigan yana bir ijtimoiy tarmoqqa aylanib qolmasligini hamda faqat oddiy shaxslar o’zaro suratlar almashishini ta’minlash maqsadida shunday cheklovlar joriy etilgan. Shunga qaramay, kompaniyalar va onlayn sayt hamda nashrlar allaqachon Instagramdan mustahkam o’rin egallab, shu yerdan ham o’zlariga o’quvchi yig’ish payiga tushgan.

Siz bloger sifatida Instagramda qanday faoliyat yuritishingiz mumkin? Sodda qilib aytganda, Instagram o’zingizni tanitish, ijtimoiy faol fuqaro va yetakshi sifatida qiyofangizni ommaga oshkor qilish hamda shu yo’l muxlislar orttirish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Bu yerga blogpostlaringiznni joylab, o’quvchilar uni to’liq o’qish uchun internet havolasi orqali saytingizni kirishini kutmaysiz. Aksincha, blogingizda tez-tez yoritiladigan mavzularga oid eng qiziq suratlarni topib, ularni Instagramdagi sahifangizga joylab borsangiz va blogpostlarda yoziladigan fikr va munosabatlaringizni qisqacha izoh shaklida suratlar yoniga qo’ysangiz, bu tarmoqda ham sodiq muxlislar orttirishingiz mumkin. Sizni Instagramda muntazam kuzatadigan, rasmlaringizni tomosha qilib, fikrlaringizni o’qib boradigan foydalanuvchilar bir kun kelib, albatta, blogingizni ham doimiy o’qib boradigan shaxslarga aylanishadi.

Demak, Instagramdan brending, ya’ni nom va qiyofa qozonish uchun foydalanish mumkin. Bu tarmoq orqali nom qozonish va blogingizga oquvchi yig’ish juda sekin, ammo barqaror davom etadigan jarayon. Instagram orqali blogga tez orada ko’p o’quvchi yig’a olmasligingiz mumkin, lekin sekin va oz bo’lsa-da, nomingizni, fikrlaringizni tanib so’ng blogingizga kirgan o’quvchilar, odatda, sodiq va sifatli bo’ladi.

5.      Boshqalar blogida mehmon bo’ling

O’quvchi yig’ishning yana bir yo’li boshqa blogerlar sahifasida mehmon muallif sifatida qatnashish hisoblanadi. Masalan, o’ziga yarasha auditoriya va o’quvchiga ega o’zbek tilidagi biror bloger bilan gaplashib, uning blogida mehmon muallif sifatida o’z blogpostingiz bilan qatnashish niyatida ekaningizni aytsangiz, ko’p holatlarda u yo’q demaydi. Albatta, avvalo, yozadigan blogpostingiz unga manzur bo’lishi kerak. Uning blogi uchun yozganingizda blog egasi sizni tanishtirib, blogingiz manzilini ham ko’rsatib ketadi.

Nafaqat bloglarda, balki o’zbek tilidagi ommaviy onlayn nashrlarda, yangiliklar saytlarida ham maqolalaringiz yoki blogpostlaringiz bilan qatnashishingiz mumkin. Odatda, onlayn nashrlarda har doim yaxshi materiallarga ehtiyoj bo’ladi va blogingiz manzilini ko’rsatish sharti bilan ularga yozishni taklif qilsangiz, yo’q deyishmaydi. Ana shu yo’l bilan ham o’zingizni tanitishingiz va blogingizga tashrif buyuruvchilar sonini oshirishingiz mumkin.

6.      Boshqa bloglarda izohlar qoldiring

O’zbek tilidagi eng ommabop bloglarni topib, ularni o’qib boring. Shu bilan birga ularning blogpostlariga izohlar qoldiring. Agar blog Wordpress.com saytida joylashgan bo’lsa, izoh qoldirish uchun siz tomoningizdan biror ma’lumot kiritishga hojat bo’lmaydi. Izohingiz chop etilgandan so’ng, uni o’qigan odamlar ismingiz ustiga bosib, sizning blogingizga ham o’tishlari mumkin.

7.      Obunani yo’lga qo’ying

Wordpress.com platformasi ichida yangi qo’yilgan blogpostlarni elektron pochga orqali o’quvchilarga yuborish xizmatini bajaradigan maxsus vidjetlar bor. Ulardan o’zingizga mosini tanlab, bosh sahifada teparoqda ko’rinadigan qilib qo’ying. O’quvchilar shu yerda e-mail manzillarini qoldirib, blogingizga obuna bo’lishlari mumkin. Har safar saytga yangi blogpost qo’yilganda, e-mail orqali obunachilarga xabar borib turadi.

8.      Multimedia elementlaridan foydalaning

Boshqa blogerlardan ajralib turish uchun, matn o’qishga erinadigan o’quvchilarni jalb qilish uchun blogingizga audio, video va infografika elementlarini kiritishga harakat qiling.

9.      Muntazam yozing

Bloger ko’p o’quvchiga ega bo’lishi uchun ko’p yozishi shart emas, ammo muntazam yozishi kerak. Masalan, har hafta bir marta yozadigan bo’lsangiz, har 7-8 kunda blogingizga yangi material qo’yishga harakat qiling. Bir marta yozib, orada bir necha oy yozmasdan tashlab ketsangiz va so’ng qaytib kelib, yana yozsangiz, sizni avval o’qib borgan o’quvchilarni ham boy bergan bo’lasiz. Chunki uzoq vaqt blogingizga narsa kiritilmagani bois doimiy o’quvchilaringiz sizni unutib yuboradi.

10.  Izohlarga har doim javob bering va o’quvchilar bilan yaqin aloqa o’rnating

Blogingiz tanilib borgan sari, chop etilgan blogpostlaringizga munosabat bildiruvchilar soni ham ko’payib boradi. Ularni bee’tibor qoldirmay, har biriga javob berib borishingiz kerak.

Blog shaxsiy sahifa ekanini bot-bot ta’kidlayapmiz. Shunday ekan, o’quvchlar bilan shaxsiy va yaqin munosabat o’rnatish kerak. Blog ommaviy axborot vositasi emas va unda faqat bir kishi, ya’ni siz yozasiz. Demak, o’quvchilar bilan muloqot qilganda bevosita men deb murojaat qiling va norasmiy, iliq va quvnoq uslubda yozing. Uchinchi shaxs nomidan va quruq hamda rasmiy ohangda gaplashishdan tiyiling. Bu o’quvchilaringizni sizdan uzoqlashtiradi. Sizga izoh qoldirgan insonnng blogingizga qaytib kirishi va doimiy o’quvchingizga aylanishi ko’p jihatdan sizning unga qanday javob berishingiz bilan bog’liq. Agar muloqotingiz unda iliq va ijobiy taassurot qoldirsa, u kelajakda, albatta, blogingizni o’qish uchun yana keladi.

Shuni ham aytib o’tish kerakki, ba’zan tahqirlash, so’kinish yoki birovni yerga urish kabi qo’pol izohlar yozilishi ham mumkin. Odob doirasidan chiqqan va asosli tanqid bo’lmagan bunday gap-so’zlarga javob berishingiz shart emas. Ularni tahrir qilib chop etishingiz va muallifni ogohlantirishingiz yoki chop etmasdan, o’chirib tashlashingiz mumkin.

11.  Statistikani kuzatib boring

Marketingning samarasi blogingizga tashrif buyuruvchilar soni ortayotgani bilan belgilanadi. Agar o’quvchilaringiz orasida sezilarli darajada o’sish kuzatilmasa, demak, siz marketingda nimanidir xato qilyapsiz yoki yetarli darajada ishlamayapsiz.

O’quvchilar sonini qayerdan bilamiz? Buning uchun saytlarning tashrif buyuruvchilarga oid statistikasini kuzatib borish kerak. Masalan, Wordpress.com platformasida boshqaruv panelidan turib tashriflarga oid statistikani ko’rishingiz mumkin. Buning uchun chap tomondagi boshqaruv ustunida joylashgan “Site stats” (Sayt statistikasi) qatoriga kirishingiz kerak. Bu yerda siz kunlik, haftalik yoki oylik tashriflar sonini, qaysi maqola yoki sahifa qancha o’qilgani, qanday qidiruv so’zlari orqali blogingizga kirishgani va saytga qayerlardan tashrif buyurishgani (masalan, boshqa saytlarda blogingizga qo’yilgan havola qo’yilgan yoki Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarga qo’yilgan postlar orqali) kabi ko’plab yo’nalishlarda o’quvchilar tashrifiga oid ma’lumotlarga ega bo’lasiz. Saytlar statistikasini o’rganish bo’yicha “Google Analytics” kabi mashhur va bepul xizmatlardan ham foydalanishingiz mumkin.

Demak, marketing davomida siz tashriflarga oid ko’rsatkichlarni muntazam kuzatib borishingiz kerak. O’quvchilar sonidagi o’zgarish marketing qanchalik muvaffaqiyatli chiqayotganini bildiradi.

Tavsiya etilmaydigan amallar

Yuqorida amalga oshirish va e’tibor berish lozim bo’lgan marketing usullari haqida gapirgan bo’lsak, endi bajarish tavsiya etilmaydigan yoki qilmasangiz, yaxshi bo’ladigan ayrim ishlar haqida ham gapirib o’tamiz. Aslida bu ham marketingning bir qismi. Chunki obro’yingizga zarar yetkazadigan ishlardan tiyilish sizga faqat foyda keltiradi.

1.      Me’yorni biling

Blog va blogpostlaringizni ijtimoiy tarmoqlarda targ’ib qilganingizda, me’yordan oshmang. Ya’ni, masalan, blogpostingizni Facebookdagi biror guruhga qo’ysangiz, faqat bir marta qo’ying yoki oradan ma’lum vaqt o’tgachgina qo’ying. Blogpostlar har xil bo’lsa ham, bitta guruhga bitta odam qisqa muddat ichida qayta-qayta postlar qo’ysa, guruh a’zolari sizdan bezadi va hatto guruh boshqaruvchisi sizni guruhdan chiqarib yuborishi mumkin.

2.      Har qanday joyga post qilavermang

Birovlarning profiliga kirib, ularga aloqasi bo’lmagan blogpostlarni yozib qoldirish xuddi birovning hovlisiga kirib, u yerga hovli egasi xohlamagan narsani tashlab ketish bilan barobar. Ijtimoiy tarmoqlarda ko’pchilik sahifalariga boshqa odamlar kirib, har xil narsalar post qilib ketishini yoqtirmaydi. U do’stingiz bo’lsa ham, bu ishingiz unga yoqmasligi mumkin. Shuning uchun blogpostingizni hamma o’qisin, deb har bir do’stingizning sahifasiga kirib qo’yib chiqishingiz shart emas.

3.      Yo’nalishingizga mos joylarda targ’ib qiling

Agar blogpostingiz chekishning sog’liq uchun zararli ekani haqida bo’lsa, uni “Voditeli Tashkenta” guruhiga qo’yishdan foyda yo’q. Postingizning umri bunday guruhlarda uzoqqa bormaydi. Mavzuga aloqasi bo’lmagani uchun guruh boshqaruvchilari tomonidan tezda o’chirib tashlanadi.

4.      Sahifalarga post qilmang

Facebookdagi sahifalar, profil va guruhlardan farqli o’laroq, ma’lum bir kompaniya, tashkilot yoki brendning shaxsiy sahifasi hisoblanadi. Sahifalarga muxlislar post qoldirishi imkoniyati bor bo’lsa ham, muxlislar qo’ygan postlar, odatda, chap tomonda, deyarli hech kimning ko’zi tushmaydigan joyga tushadi. Qolaversa, sahifaga aloqasi bo’lmagan mavzu va blogpostning qo’yilishi professionallik jihatidan ham to’g’ri emas. Shuning uchun blogpostlaringizni kompaniya va boshqa korporativ saytlar sahifalariga qo’ymang.

Xulosa

Ushbu darsda blog va blogpostlarni targ’ib etish, ijtimoiy tarmoqlar orqali auditoriya yig’ib, ular bilan muloqot qilish yo’llarini o’rgandik.

Har qanday mahsulot reklamaga muhtoj bo’lganidek, bloglarni ham o’quvchi topish uchun targ’ib qilish lozim. Demak, sifatli, oliy darajada yozilgan blogpostlar ham marketingga muhtoj bo’ladi. Ayni paytda o’quvchi yig’ish uchun muvaffaqiyatli marketing strategiyalarini qo’llashning o’zi kifoya emas. Oxir-oqibatda blogingizning muvaffaqiyati marketingga emas, balki blogga yozilgan materiallarning sifatiga borib taqaladi. Shuning uchun asosiy e’tiborni sifatli blogpostlar yozishga qaratish kerak.

 


[1] Business Insider. Apple Has Doubled Its Ad Budget To $1 Billion A Year. Qarang: http://www.businessinsider.com/apple-has-doubled-its-ad-budget-to-1-bill...

 

Izohlar

Yo's picture

Rahmat!

Shuhrat Yunusov's picture

Bu maqolaning asosiy qismi IFM kursining 6-dars matnida berilgan.

Babakhanov Ulug'bek's picture

Ajoyib...