Ijtimoiy loyihalarga qanday mablag’ to’plash mumkin?

Ko’pchilikka manfaatli bo’lgan har qanday loyihani amalga oshirish uchun mablag’ kerak. Bu loyiha xoh tijoriy bo’lsin, xoh notijoriy yoki biror mahsulot ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish yoxud biror mavzuda aholi ogohligini oshirish kabi informatsion shaklda bo’lsin, bu kabi ishlarning mablag’siz amalga oshishi imkonsiz.

Oddiy misol – yaqinda “Sahar” maktabining Facebook sahifasida ko’chalarni ifloslantirmaslik haqida onlayn kampaniya o’tkazildi. Uni amalga oshirishda ko’plab blogerlar, “Sahar” maktabi o’quvchilari va muxlislari ko’ngilli sifatida ishtirok etdi. Ya’ni, ularning yordami bilan aksiya oldiga qo’yilgan maqsadlarga erishildi. Bu loyiha uchun sarflangan mablag’ ana shu ko’ngillilarning beminnat ajratgan vaqtidir. Ya’ni, ular shu ijtimoiy aksiyasini amalga oshirish uchun vaqtlarini “Sahar” maktabiga ehson qildi.

Bu loyihani endi onlayn emas, hududlarda, odamlar orasida amalga oshirishni istasangizchi? Masalan, mahallalarda, maktablarda ozodalikka rioya qilish haftaligi yoki oyligini o’tkazishni istasangiz, endi faqat ko’ngilli sifatida vaqt ajratishning o’zi kifoya qilmasligi mumkin. Odatda, bu miqyosdagi loyihalarda maxsus mutaxassislarni yollash, ayrim narsalarni xarid qilish kabi mablag’ talab qiladigan ishlarni ham qilishga to’g’ri keladi.

Fundraising nima?

Qisqa qilib aytganda va bu inglizcha atamani o’zbek tiliga tarjima qilganda fundraising mablag’ yig’ish degan ma’noni anglatadi. Ya’ni, yuqorida tilga olingan misoldagidek biror ijtimoiy loyihani amalga oshirish uchun bevosita loyiha ishtirokchisi bo’lmagan shaxslar yoki tashkilotlardan pul yig’ishga to’g’ri keladi. Kerakli mablag’ni yig’ishning o’zi katta bir mahorat hisoblanadi va odatda tashkilotlar uchun mablag’ yig’ish marosimlariga maxsus professionallar taklif etiladi.

O’zbekistonda mablag’ yig’ish an’anasi u qadar keng urf bo’lmagan. Nodavlat tashkilotlar ko’pincha davlat ajratadigan mablag’lar yoki xorijlik donorlardan pul olib ishlashga o’rganib qolgan. Ularning maxsus marosimlar o’tkazib, o’z ijtimoiy loyihalari uchun aholidan pul yig’ayotganini deyarli ko’rmaymiz.

Lekin bunday an’ana mamlakatda mutlaqo yo’q deb ayta olmaymiz. Masalan, aholi orasida og’ir dardga yo’liqqan bemorlarni davolash uchun mablag’ yig’ish aksiyalari o’tkazilayotgani haqidagi xabarlarga tez-tez ko’zimiz tushib turadi. Balki o’zingiz ham bunday insonlarga yordam bergandirsiz. Ular, odatda, bemorning yoki unga yaqin insonlarning bank va kredit karta raqamlarini yozib, shu hisoblarga pul o’tkazishni so’rashadi. Mana shu ijtimoiy mavzuda yordam yig’ish aksiyasiga oddiy bir misol bo’la oladi.

Qanday ishlar uchun mablag’ yig’ish mumkin?

Unutmang, siz faqat bemorlar uchun emas, balki boshqa har qanday ijtimoiy loyiha uchun mablag’ yig’ishingiz mumkin. Ko’pchilikka manfaatli, notijoriy, ya’ni moddiy manfaat ko’rish maqsad qilinmagan barcha ishlar uchun mablag’ yig’ish mumkin.

Masalan, siz yuqorida tilga olingan “Sahar” aksiyasini kattaroq miqyosda, ya’ni faqat onlayn emas, balki ma’lum bir hududda odamlar orasida o’tkazishni niyat qildingiz. Aytaylik, siz o’z tumaningizda yoki mahallangizda keraksiz joyga tashlangan axlatlarni yo’qotish va aholi orasida chiqindilarni faqat belgilangan joylargagina tashlash madaniyatini shakllantirishga ahd qildingiz. Buni amalga oshirish uchun bir nechta do’stingizning ko’ngilli sifatida vaqt ajratishining o’zi kifoya qilmaydi. Chunki aksiya davomida ma’lum bir sohadagi professional mutaxassislarning yordami kerak bo’lishi mumkin va ularning barchasini ko’ngilli sifatida o’z aksiyangizga qo’shishingiz imkonsiz. Natijada mehnat haqini to’lagan holda ularni yollashingizga to’g’ri keladi. Demak, siz boshqalarning yordamiga muhtojsiz.

Qancha mablag’ yig’ish kerak?

Mablag’ yig’ishni boshlashdan avval loyihangizga qancha mablag’ kerakligini aniqlab olishingiz lozim. Loyihaning aniq rejasini, mablag’ning nimalarga sarflanishini va bu sarflanadigan ish yoki xizmatlarning aniq narxini oldingan bilishingiz kerak.

Masalan, “Toza mahalla” aksiyasini o’tkazish uchun quyidagilarni o’z oldingizga maqsad qilib qo’ygansiz:

  • Keraksiz joylarda yig’ilib qolgan axlat uyumlarini tozalash va yo’qotish;
  • Axlat tashlanishi belgilangan maxsus hududlarni kerakli miqdorda chiqindi qutilari, xususan, qayta ishlatiladigan chiqindi turlari uchun maxsus qutilar bilan ta’minlash;
  • Avtobus bekatlari, bozorlar kabi aholi gavjum jamoat joylarida odamlar qo’lidagi axlatni tashlashlari uchun kichik chiqindi qutilarini o’rnatish;
  • Amalga oshirilgan bu o’zgarishlar va axlat tashlash bo’yicha yangi tartib haqida aholini ogohlantirish maqsadida informatsion bukletlar chiqarish va tarqatish.

Bu siz amalga oshirishingiz mumkin bo’lgan taxminiy ishlar. Bularning har biri uchun professional mutaxassis yordami yoki xaridlarni amalga oshirish kerak bo’ladi.

Demak, loyihangizni rejalash bosqichida mana shunday xarajatlarni aniq yozib, ularga ketadigan taxminiy summani aniqlab olishingiz kerak.

Mablag’ qanday va qayerdan yig’iladi?

Loyihangiz rejasi tayyor. Sizga qancha pul kerak bo’lishi ham aniq. Endi mana shu mablag’ni topish kerak. Pulni qayerdan va qanday qo’lga kiritish mumkin? Quyida buning bir necha yo’llarini o’rgatamiz.

  1. Davlatdan yordam olish. Odatda, har bir mamlakatda, xususan, O’zbekistonda ham nodavlat tashkilotlarni qo’llab-quvvatlovchi maxsus jamg’armalar, tashkilotlar bo’ladi. Odatda, bu jamg’armalar davlat ro’yxatidan o’tgan nodavlat-notijorat tashkilotlariga mablag’ beradi. Agar sizning tashkilotingiz ro’yxatdan o’tgan bo’lsa, avvalo, mana shunday jamg’armalarga yordam so’rab murojaat qilishingiz kerak. Agar bunday jamg’arma bor-yo’qligini bilmasangiz, tuman yoki shahringizdagi hokimiyat idorasiga murojaat qilib, bu haqda ma’lumot olishingiz mumkin. Rasmiy tashkilot sifatida ro’yxatdan o’tmagan bo’lsangiz ham, davlatdan yordam so’rab murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz. Norasmiy tarzda bo’lsa ham, ba’zan hokimlar yoki boshqa davlat mutasaddilari saxovat ko’rsatib, sizning loyihangizni shaxsan qo’llab-quvvatlashi va unga mablag’ ajratilishiga yordam ko’rsatishi mumkin.
  2. Nodavlat tashkilotlardan yordam olish. Kichik ijtimoiy loyihalar uchun grant ajratuvchi nodavlat tashkilotlar ham bo’ladi. Ko’pincha, ular xorijdan kirib kelgan donor tashkilotlar yoki ulardan shu kabi maqsadlar uchun mablag’ olib ishlovchi mahalliy tashkilotlar bo’lishi mumkin. Bunday tashkilotlar haqida ma’lumot olish uchun yana hokimiyatga bog’lanishingiz yoki bunday tashkilotlar haqida bilishi mumkin bo’lgan insonlardan maslahat va ma’lumot olib, ularni qidirishingiz kerak. Odatda, bunday donor tashkilotlardan mablag’ olish uchun maxsus ariza bilan murojaat qilish lozim. Unda yuqorida aytilgan ma’lumotlar – loyihada qilinadigan ishlarning rejasi va kerak  bo’ladigan mablag’ning summasi va qayerga, qanday sarflanishi haqida aniq va batafsil ma’lumot bo’lishi lozim.
  3. Internet orqali mablag’ yig’ish. So’nggi yillarda eng ko’p urf bo’lgan mablag’ yig’ish yo’llaridan biri bu internet orqali pul to’plashdir. Shu maqsadda tashkil etilgan maxsus saytlar bor. Gofundme.com, Kickstarter.com, Fundly.com kabi saytlarda yoki Facebook ijtimoiy tarmog’ida mablag’ yig’ish uchun maxsus kampaniyalar tashkil etish mumkin. Muammo shundaki, O’zbekistondagi oddiy bank hisob raqamlari va kartochkalarini hozircha bu saytlarga ulashning imkoni yo’q. Chunki siz uchun to’plangan onlayn mablag’larni o’tkazish uchun xalqaro pul o’tkazmalarini qabul qila oladigan hisob raqami kerak bo’ladi. Ammo, imkoniyatingiz bo’lsa, valyuta uchun ochilgan maxsus viza kartochkalari va bank hisoblarini ochib, ular orqali shu saytlardan foydalanishingiz mumkin. Bundan tashqari, Facebook sahifasi orqali mablag’ to’plash kampaniyasini o’tkazishda pul to’lovchilarga o’z shaxsiy yoki tashkilotingizning bank kartochkasi raqamlarini berib, Click yoki Payme kabi to’lov tizimlari orqali to’g’ridan to’g’ri sizga pul o’tkazishlarini so’rashingiz ham mumkin. Hozir O’zbekistonda ham kartochkadan kartochkaga pul o’tkazish imkoniyati ancha yaxshi yo’lga qo’yilgan va buni telefoningizdan turib ham amalga oshirishingiz mumkin.
  4. Shaxsiy murojaatlar va do’stlar orqali mablag’ yig’ish. Ijtimoiy loyihalar uchun mablag’ yig’ishning an’anaviy va O’zbekiston sharoitada samarali bo’lishi ehtimoli yuqori bo’lgan yo’llaridan yana biri do’stlarga yoki boshqa ehtimoliy homiylarga hamda yordam beruvchilarga shaxsan bog’lanib, ulardan o’z aksiyangizga mablag’ ajratishlarini so’rashingizdir. Masalan, aksiyani boshlaganingizdan so’ng yoki uni boshlash arafasida tanishlaringizga shaxsan bog’lanib, ularga loyiha haqida batafsil ma’lumot bering va biror shaklda yordam berishlarini iltimos qiling. Shuningdek, mahallada uyma-uy yurib odamlardan o’zlari uchun foydali bo’lgan loyihaga hissa qo’shishlarini ham so’rash mumkin. Buning uchun odamlar sizni tanishi yoki loyihangiz ishonchli ekaniga, aldov asosiga qurilmaganiga ishonch hosil qilishlari muhim.
  5. Tadbirlarda pul yig’ish. Ko’pchilik yig’iladigan tadbirlarda, masalan, to’ylarda, konsertlarda yoki boshqa turli aholi yig’iladigan tadbirlarda mana shu tadbir tashkilotchilari roziligi va yordami bilan o’z loyihangizni e’lon qilib, odamlardan unga hissa qo’shishlarini so’rashingiz mumkin.
  6. Mablag’ yig’ish uchun maxsus tadbirlar o’tkazish. G’arb jamiyatlarida mablag’ yig’ishning eng keng tarqalgan usullaridan biri bu maxsus fundraising tadbirlarini o’tkazish hisoblanadi. Masalan, biror qo’shiqchi yoki taniqli odam ishtirokida xayriya konserti yoki boshqa tadbirlar tashkil etib, unda qatnashish uchun biletlarni sotishingiz va tushgan pulni o’z ijtimoiy loyihangizga sarflashingiz mumkin. Buning uchun tadbirning asosiy mehmoni bo’lgan qo’shiqchi yoki boshqa taniqli shaxs sizning loyihangiz foydasiga tadbiringizda bepul ishtirok etishga yoki biletlar sotuvidan tushadigan pulning bir qismini sizning loyihangiz uchun ajratishga rozi bo’lishi kerak.

Odamlar ishonchini qozoning

Unutmang, odamlar faqat o’zlari ishongan va yordam berishni xohlagan yo’nalishlargagina pul ajratishadi. Buning uchun siz ko’targan ijtimoiy masalaning dolzarb bo’lishigina kifoya emas. Ular sizga, ya’ni loyiha tashkilotchilariga ham ishonishlari kerak. Berayotgan pullari ko’zlangan maqsadga sarflanishiga, kimlardir ularni boshqa maqsadlar yo’lida ishlatib yubormasligiga ishonchlari hosil bo’lishi lozim.

Bundan tashqari, loyihangizning muvaffaqiyatli chiqishiga alohida e’tibor bering. Odamlar yoki donorlar bergan pullari evaziga ko’zlangan natija yuz berganini his qilsin, o’zgarishni sezsin. Buning uchun nafaqat mablag’ni belgilangan joyga ishlatish, balki loyihani to’g’ri rejalash va amalga oshirish ham katta ahamiyatga ega. Chunki loyiha notog’ri rejalansa va yaxshi amalga oshirilmasa, odamlar ishonchini yo’qotasiz va bu kelgusi ijtimoiy loyihalar uchun mablag’ yig’ishni qiyinlashtiradi.