Nasiyani undirgan nigoh...yoxud ko‘zga tik boqib muloqot qilish haqida

90-yillar boshi edi. Akam rus tili maktab-internatida tahsil olardi, ancha odamovi bo'lsa-da, ota-onam bilan ochiq gaplashardi, o'z e’tirozlarini bemalol bildirardi. Shuning uchun bo'lsa kerak, uydagilar bilan har doim tortishib yurar, keyin masalaga buvim yoki buvamlar aralashib, uning yonini olishar edi. Balki u oilada katta nabira bo'lgani uchundir, hamma uni erkalardi. Ota-onam qattiqroq talab qilishsa, uning yonini oladiganlar ko'payardi (Ba’zan menga bu qattiq botardi).
Men esa o'zbek maktabga qatnardim. Uydagilar bilan qariyb konfliktga bormaslikka harakat qilardim. Har qanday aytilgan ishni qilib ketaverardim (Hozir o'ylasam, ota-onam yosh bo'lganim uchun mendan dastyor sifatida foydalanishgan ekan. Keyinchalik ukalarim men qilgan ishlarning yaqiniga ham yo'lashmadi). Hozir hamma meni mehnatkash eding, deb maqtashsa-da, qandaydir ichimda o'sha damlarda bolalikdan to'liq bahra olmagandek his qilaman... 



Nima uchun o‘sha damlarni yodga oldim?

Gap shundaki, dasturxon boshida o'tirganimizda, dadam ko'p hollarda akamga bitta e’tiroz bildirardilar: “O'g'lim, nima gaping bo'lsa, odamning yuziga qarab ayt. Nimaga qo'rqasan? O'g'riga o'xshab ko'zingni olib qochma! Ko'zga qarab gapirmasang, odamlar senga ishonmaydi”. 
Akam oiladan uzoqda o'qiganligi uchun ancha erkin o'sgan, bunaqa gaplar unga ko'p ham yoqmasdi. Ba’zan dadam bu masalada akamni qattiq koyib ham qolardilar. "Ko‘zga qarab gapirishni o‘rgansang-chi?!”, derdilar nolib. Buvim yoki buvam akamni o'z panohiga olgach, akam eshitmagan gaplarning qolgan qismini men eshitardim... Dadam tabiatan g‘arblashgan odam edi. Chuqur mushohadali, ruscha tahsil olganlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, erkak kishi yaxshi kiyinishi, ko'zga qarab, dona-dona qilib gapirishni o‘rganishi kerak, derdilar. Men esa yoshligimdan shunaqaman: gaplashayotgan odamdan ko‘zimni uzmasdim. Dadam “ey, senga bu gaplarning keragi yo‘q”, derdilar.


...Mustaqillikka endi erishilgan yillari edi. Oziq-ovqat tanqisligi yillari... Buvam sovxozda brigadir edilar. Hovlimizga har hafta bir moshin bug‘doy, yog‘ va shakar hamda boshqa mahsulotlar olib kelinar edi. Odamlarga payka asosida tarqatardik. Hammadayam pul bo‘lmasdi: nasiyaga mol berardik. Hafta oxirida buvam nasiyalarni yig‘ib chiqish uchun eng yaqin og‘aynilarinikiga meni yuborardilar, begonalarnikiga esa o‘zlari borardilar. Buvamga meni yosh ko‘rib pul bermasligini aytsam, shunday tayinlagandilar: “Shu uyga borib, palonchi amakini so‘raysan. Tengdoshing chiqib qolsa, so‘rashgin-u, lekin chalg‘imasdan amakingning oldiga kir, ishlayotgan bo‘lsa, tomorqasiga o‘t. Baland ovozda salom berib, oldiga borganingda qo‘lini cho‘zadi — qo‘lini mahkam siqib so‘rash. Vaziyatni tushuntir, pul zarurligini ayt. Bilaman, yaqinda nafaqa olgan, puli bor, beradi”, derdilar. To‘g‘risi, haqiqatda bu ish berardi. Shunday paytlarda o‘zimni katta odamdek his qilardim. 60-70 foiz holatlarda nasiyani yig‘ib chiqardim... 
 

Haqiqatda ishning bitishida ko‘zga qarab, mahkam so‘rashishda gap ko‘p. Ya’ni o‘zaro munosabatda siz birinchi signal orqali o‘zingizning jiddiy sa’y-harakatingizni namoyish etasiz. Bir-ikki marta akam nasiya yig‘ishga chiqib, hech vaqosiz qaytdi. “Palonchi amaki bilan gaplashdim, rosa qiynalayapti ekan, yaqinda sigirini arzimagan pulga sotibdi”, derdi kelib. Buvam shunda “demak, pulni umuman so‘ramabsan”, derdilar.


Shuni qayd etish kerakki, odamlar bilan muloqot qilayotganda ko‘ziga tik qarash, qat’iy harakatlarni namoyish etish umumiy nutq madaniyatining tarkibiy qismi bo‘lib, faqat ko‘zga qarab yoki qo‘lini qattiq siqib ko‘rishish bilan kerakli natijaga erishib bo‘lmaydi. Chunki, avvalo, bizning mentalitetimizda shunaqa bir narsa shakllanganki, ko‘ziga tik boqish yoki boshqa qat’iy imo-ishoralar hurmatsizlik sifatida ko‘rinishi yoxud sizni tashqaridan qaraganda “kiborli”, “o‘ziga bino qo‘ygan” odam sifatida tasvirlashi mumkin. 

Ko‘p duch kelganman: Toshkentda ilk marta kelganimda, litseyda o‘qiganimda, oliy ta’lim muassasasida tahsil olganimda, bir ko‘rishda kursdoshlarimning ham, o‘qituvchilarning ham simpatiyasiga sazovor bo‘la olmasdim. Boshida kiborlikka yoyishar yoki o‘ziga bino qo‘ygan odam sifatida qabul qilishar edi, lekin keyingi uchrashuvlardan senga bo‘lgan ishonchi oshib boraveradi. Chunki boshida ular uchun hurmatsizlik qilingandek tuyulgan xatti-harakatlar keyinchalik sening xaraktering, asosiy ustuvor jihating sifatida ham ko‘zga tashlanadi. Aynan ko‘ziga tik qarab, sen bilan muloqot qilayotgan odamga o‘zing haqingda ishonchni, qat’iyatni ko‘rsata bilasan.


Sir emas, qadimgi xalq og‘zaki ijodi, badiiy adabiyotda ko‘ziga tik qaramaslik haqida ko‘p salbiy fikrlar, misollar keltirilgan. Bu narsa qaysidir ma’noda odamlarning tasavvurida, ongida o‘rin olib, turmush tarzida ham o‘rin topgan. Shuning uchun ko‘zga tik boqish orqali yoki boshqa imo-ishoralar bilan muloqot olib borayotganda me’yordan oshib ketmaslik kerak. Chunki sizning nigohingiz birovning uyalishiga yoki o‘zini noqulay his qilishiga sabab bo‘lsa, demak, buni darhol to‘g‘rilash talab qilinadi. Ayniqsa, gender sezgirlik bunda juda muhim. Chunki xotin-qizlarimizdagi ibo, hayo va boshqa mentalitetga xos hissiyotlarni hurmat qilish, oldindan sezishga harakat qilish kerak.

 


Xo‘sh, ko‘zga tik boqishning qanday nafi bor? 


 - Avvalo, men o‘zaro muloqotda ko'z va qo'l vositalaridan faol foydalanaman. Ko'ziga tik boqish yoki boshqacha aytganda, nigoh bilan aloqa qilayotganda, o'zim berayotgan axborotning nechog'lik samarali yoki samarasiz ekanligini suhbatdoshimning ko'z harakatlari, o‘zini tutishi va boshqa imo-ishoralaridan bilib turaman. Chunki ko‘z kamdan-kam aldaydigan inson a’zosi hisoblanadi. Hamsuhbatim zerikkan yoki tushunmayotgan bo'lsa, uning ko‘z harakatlaridan kelib chiqib, keyingi harakatlarimni rejalashtirib olaman.


 - Ikkinchidan, suhbatdoshim bilan muloqot qilish chog‘ida o‘zimni professional, o‘z ishini tushunadigan, qat’iyatli va ishonchli odam sifatida gavdalantirishim kerak. Nazarimda, nigohim bilan men suhbatdoshimning fikru-hayoli har doim menda bo‘lishiga intilaman. U ko‘zim orqali suhbatdoshimning hayoli chalg‘imasligini ta’minlashga harakat qilaman.


 - Uchinchidan, ko‘zga qarash vositasida hamsuhbatga xarakterni, ish uslubni, nechog‘li demokratik yoki avtoritar menejer yoki lider ekani namoyish etiladi. Chunki bunday nigoh zamirida o‘z ishini yaxshi tushunish, o‘z jamoasi, ishi, maqsadi va strategiyasiga bo‘lgan ishonchni yaqqol aks ettirish mumkin.


 - To‘rtinchidan, ko‘z orqali muloqot qilish orqali hamsuhbatimizdan kutayotgan maqsadingizga qanchalik erishish mumkinligi bo‘yicha dastlabki xulosaga kelish mumkin. Chunki, o‘zbekchilik, degan narsa bor, hamsuhbatingiz sizga uzr, mening vaqtimni olayapsiz, menga qiziq emas, deya olmaydi. Bunday paytda ko‘zlar harakatga keladi. Shundan kelib ish tutish maqsadga muvofiq. 



Yuqorida aytganimizdek, muloqotda ko‘zdan foydalanayotganda, gender jihatlarga, ya’ni ayol va erkaklarning o‘ziga xos xususiyatlariga e’tiborli, sezgir bo‘lish lozim. Ayniqsa, O‘zbekiston sharoitida ayol tadbirkordan pul olmoqchi yoki ayol mansabdor shaxs bilan qaysidir ishni hal qilayotgan bo‘lsangiz, tikilib qolmaslik, ko‘zni tananing biror qismiga niqtab qo‘ymaslik yoki umuman, yerga qarab olish yoxud ko‘ziga duch kelganda olib qochish kerak emas. Ayol hamsuhbat bilan muloqot qilayotganda, albatta, me’yorni vaziyatdan kelib chiqib his qilib turish kerak. Chunki sizning nigohingiz g‘arazli maqsadni ko‘rsatmasligi yoki o‘ta uyatchan suhbatdoshni tasvirlab bermasligi lozim.
Yana bir muhim jihat: ko‘z nafaqat sizning ishingiz hal bo‘lishi uchun muhim ahamiyatga ega, ayni paytda sizning oldingizga biror masalada kelgan odamga baho berishda foydalidir... 


... Bu gal uyga borib, uydagilar bilan rosa gaplashdim. Dadam bilan butun dunyo siyosatini ag‘dar-to‘ntar qilib chiqdik. Bir mahal to‘satdan dadam yerga qarab, o‘g‘lim, deb gap boshlab qoldilar. Sezdim: onam dadamni rosa tayyorlaganlar. “Uyga kelsa, uylanishdan gap oching”, deganlar. Dadamning ko‘zlarini izlab topdim, keyin bu masalada o‘zim qaror qabul qilaman, dedim... Shu-shu bu mavzuga boshqa qaytilmadi. Men ham uyalib, yerga qarab javob berganimda, bu masala uzoq muhokama qilinar edi...

Yusufbek Toshkenboyev 

 

Izohlar

Elyorbek0515's picture
Huddi ko'cha psihologiyasi kabi. Masalan ko'chada bir o'zim ketayotganimda ro'paramdan 3-4ta ko'cha bolalari chiqib qolsa, ularning "eng kattasini" ko'ziga tiq boqib o'tib ketsez indashmasdi, aksincha ko'zizi olib qochib jovdiratsangiz bir ishkal chiqarishardi. Har qale meni yoshligimda shunaqa edi. Hozir balkim o'zgarib ketgandur...
saharschool's picture

Elyorbek, juda yaxshi misol keltirdingiz, bu nigoh bilan aloqa qilish yoki nigoh orqali ishonchni va dadillikni ko'rsatish demakdir.

XURSAND AND FERUZA's picture
Ha.
jamshidjon's picture
Juda ajoyib ma'lumotlar
Abdurahmon's picture
Inson ko'zlari hech qachon aldamaydi
Fotima_29's picture
"Eye contact" haqida ajoyib maqola ekan. Ammo qizlarga bu narsa sal noqulayroq, ko'proq o'g'il bollarga bu usul qo'l keladi.