“Ikkita oliy ma’lumotga egaman, ikkita joyda ishlayman. Ammo zinaga duch kelganda, o'zimni mutlaqo ojiz his qilaman...”

Men, Plotnikova Natalya Nikolayevna, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Opa-singillar” nogiron ayollar jamiyati asoschisi va rahbariman. Bolalikdan birinchi guruh nogironiman. Yosh bolalik paytimdanoq faol bo'lishni, turli odamlar bilan muloqotni qilishni xohlardim. Ich-ichimdan jamiyatga qo'shilgim kelardi, lekin men umuman yura olmas edim. Bir kuni, 5 yosh atrofida edim, hovlida gipslangan yotardim... Qo'shni hovlida katta bayram bo'ayotgandi, mendan tashqari boshqa hamma bolalar o'sha yerda edi. O'shanda o'ylab qolganman: nega men har doim yolg'iz qolaman va jamiyatdan ajralib qolaman? Buni o'zgartirish uchun nimadir qilish kerak edi. O'shanda nimadir qilish kerakligini anglab yetgandim. Negaki, odamlarga kerak bo'lish juda ham yaxshi. O'shandan boshlab butun hayotimni o'zgartirgan juda ko'plab narsalarning tashabbuskori bo'ldim. Ota-onamdan meni imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatga berishlarini so'radim. Keyin pedagogika institutiga muvaffaqiyatli kirdim, uni a’lo baholar, qizil diplom bilan tamomladim. Men o'zimga o'xshagan odamlarga — imkoniyati cheklanganlarga yaqindan yordam berish ishtiyoqida yonardim. 


O'qishni tamomlagach, ish izlashga tushdim. Mening holatimda ish topish oson emas edi. Chunki hamma ish beruvchilar ham nogiron odamlarni quchoq ochib ishga qabul qilmasdi. Ammo sa’y-harakatlarim besamar ketmadi, qulog'i eshitmaydigan bolalar uchun ixtisoslashgan maktabga ishga kirdim. Ammo bu bilan cheklanib qolmadim. Doim jamoatchilik ishlariga qiziqardim, jismoniy to'sqinliklarga qaramasdan muntazam harakatda edim. Asta-sekin men odamlar nazariga tusha boshladim. O'ttiz yoshimda professional muvaffaqiyatlarim uchun mukofot berishdi. O'sha yillari mamlakatda nogironlarning umummilliy harakati boshlandi. O'zbekiston nogironlar jamiyati ta’sis konferensiyasiga taklif qilindim. Aynan liderlik qobiliyatlarim bois meni birdaniga tashkilot Boshqaruviga saylashdi. 

“Opa-singillar” nogiron ayollar jamiyatining tuzilishi

Garchi barchasi yaxshi ketayotgan bo'lsa-da, har gal tug'ilgan joyim — Toshkent viloyatiga qaytgim kelardi. Chunki u yerda nogironlar katta ehtiyojga muhtoj edi. Men, ayniqsa, qishloq joylarida yashayotgan nogiron bolalari bor ayollar va nogiron ayollarga yordam berishni istardim. 2000 yili juda katta ta’sis ishlarini olib borib, o'zimizning nogiron ayollar jamiyatini tashkil qildik va uni “Opa-singillar” deb atadik. Tashkilotimiz nogiron ayollar, qizlar va bolalarga, ularning ota-onalariga ijtimoiy yordam ko'rsatib keladi, ularning hayotdagi maqomini oshirishga hamda jamiyatdagi faolligini rivojlantirishga ko'maklashadi. 


“Opa-singillar” quyidagi yo'nalishlarda turli tadbirlarni o'tkazib keladi: 
• Huquqiy savodxonlikni oshirish;
• Ijtimoiy-huquqiy axborot taqdim qilish;
• Nogiron bolasi bo'lgan onalarni qo'llab-quvvatlash;
• Nogiron odamlar ta’lim olishini targ'ib qilish; va shuningdek,
• Ularning ishga joylashishiga ko'maklashish.


Faoliyatimizning asosiy qismi ishga joylashishga yordam berishga yo'naltirilgan. Afsuski, hamma tashkilotlar ham vakillarimizni ishtiyoq bilan ishga olavermaydi. Shuning uchun biz jamiyatimiz a’zolari uchun yangi ish o'rni yaratish maqsadida sho'ba korxonamizni ochganmiz. Qolaversa, nogiron bolaning onasi (qizim ham nogiron) sifatida bunday onalar duch kelayotgan muammolarni yaxshi tushunaman. Nogiron bolasi bor onalar ham jamiyatimiz a’zolari hisoblanadi va biz bir-birimizga imkon qadar yordam berishga intilamiz.

Jamiyatimizni qo'llab-quvvatlash

Biz boshqalardan turli ko'rinishlarda ko'mak olamiz. Masalan, biz mahalliy xususiy korxonalardan yordam olamiz, shuningdek, fuqarolardan xayriya yordamlari qabul qilamiz. Afsuski, yildan-yilga moliyaviy ko'mak kamayib bormoqda. Qolaversa, biz o'z faoliyatimizni loyihalar orqali ham amalga oshiramiz. Xususan, o'tgan yili Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondidan “Kasb egallash — munosib hayotga yo'l” deb nomlangan loyihamizni amalga oshirish uchun grant oldik. Biz bu loyihani Respublika imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kolleji bilan ijtimoiy sheriklikda amalga oshirmoqdamiz. Garchi bu kollej ancha yildan beri faoliyat yuritsa-da, u haqda juda kamchilik biladi. Nogiron bolalar maktabni bitirgach, kasbning egasi bo’lish uchun qayerga borishni bilishmasdi. Bizning loyihamiz aynan mana shu muammoni hal qilishga qaratilgan. Biz ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy bandlik markazlari hamda xalq ta’limi bo’limlari xodimlarini jalb qilgan holda kollej haqida axborot tarqatish bo'yicha katta ish olib bordik. 


Boshqa loyihalar doirasida huquqiy savodxonlikni oshirish, zo'ravonlikning oldini olish, reproduktiv salomatlik bilimlarini tarqatish, oilada kasal bolaga qarash ko'nikmalariga o'qitish bo'yicha qator tadbirlar amalga oshirildi. Loyihalarimizdan birida ayollarimizni hunarmandchilik ko'nikmalariga o'rgatdik: sharqona shirinliklarni tayyorlash, sutni uy sharoitida qayta ishlash va o'yinchoq tikish bo'yicha o'qitdik. Loyihalarning bir qismi yosh va o'smir nogironlar tarbiyasiga qaratilgandir. Bizning yozgi maktablarimiz bolalarning bir guruhiga o'z liderlik sifatini rivojlantirish hamda o'ziga bahosini oshirishga yordam berdi. Shuni g'urur bilan ayta olamanki, bunday maktablarimiz bitiruvchilari jamiyatda munosib o'rnini topib, bugungi kunda muvaffaqiyatli tarzda ishga joylashgan yoki oliy ta’lim muassasalalarida tahsil olmoqda. 
 

 biz yasagan qo'g'irchoqlarJahon banki ko'magida ish izlayotgan yosh nogironlar klubini tashkil qilishning uddasidan chiqdik. Biz hunarmandchilik kurslarini taqdim qildik, ma’lumotlar bazasini shakllantirdik, ularning ishga joylashishiga yordam berdik. Misol uchun, biz bir guruh odamlarni yumshoq o'yinchoq tikishga o'rgatdik. Bugungi kunda bunday mahsulotlarga talab izchil o'sib bormoqda. Xususan, sayyohlar va xorijlik mehmonlar bizning mahsulotlarimizni muntazam xarid qilib kelishadi. Biz har yili “Mo'jiza vaqti” xayriya ko;rgazmasida ishtirok etamiz. Ko'rgazma tashkilotchilari ijodkor nogironlarni taklif qilishadi, bu jamiyatimiz a’zolari tomonidan qo'lda tayyorlangan mahsulotlarni sotishda ayni muddao bo'ladi.
 

Bir qator loyihalarimizni Germaniyaning xalq universitetlari assotsiatsiyasi (DVV-International) qo'llab-quvvatladi. Ularning yordamida tashkilotimizning liderlik salohiyatini kengaytirib, “Nogironlikni tushunishning ijtimoiy modeli” mavzuida ko'plab treninglar o'tkazildi. 
 

Loyihalarning bardavomligi haqida
Loiyhalar barqarorligi va bardavomligining turli ko'rsatkichlari bo'ladi. Bir necha yil muqaddam biz Yevropa Komissiyasi tomonidan qo'llab-quvvatlangan loyihani amalga oshirdik. O'shanda nogiron ayollar uchun maslahat markazi tashkil qilingan edi. U yerda tajribali yuristlar, psixologlar va shifokorlar nogironlarga yordam ko''satardi. Bu loyiha juda muvaffaqiyatli bo'di. Garchi bugun ushbu markaz faoliyat yuritmayotgan bo'lsa-da, markazda ishlagan mutaxassislar bilan munosabatlar hozirgacha saqlanib qolgan hamda ular bizga yordam berishda davom etishmoqda. Qolaversa, odamlar treninglarda, konsultatsiyalarda olgan bilim va ko'nikmalari ularga hali ham turli qiyin vaziyatlardan chiqishda qo'l kelmoqda. Masalan, biz o'shanda majburan erta turmushga berib yuborilgan hamda zo'ravonlik muammosiga duch kelgan qizga yordam bergan edik. Biz unga vaziyatdan chiqish yo'llarini, o'ziga ishonch orttirishni hamda kasb egallashni va mustaqil yashashni o'rgatdik. Bu uning hayotini butunlay o'zgartirib yubordi. Bu ham loyihaning bardavomligidan dalolatdir. Qolaversa, jihozlar ko'rinishida beriladigan texnikaviy ko'mak ham loyihalarning bardavom bo'lishiga xizmat qiladi. Bizga Xalqaro rahmdillik korpusi (Buyuk Britaniya) ustaxonamizga tikuv mashinasini xarid qilishga yordam berdi. Donorlardan olgan ushbu uskunalar bizning faoliyatimizga xizmat qilmoqda va naf keltiryapti. Yana bir misol: Germaniyaning xalq universitetlari assotsiatsiyasi (DVV-International)ning O'zbekistondagi filiali bizga stol, stul va zarur idish-tovoq xarid qilishga yordam berdi. Biz ushbu jihozlarni mahalliy aholiga ijaraga beramiz va undan tushgan mablag'larni dasturlarini amalga oshirishga, jamiyatimiz xarajatlarini qoplashga va nogiron odamlarni qo'llab-quvvatlashga sarflanadi. Bularning barchasiga xulosa qilib shuni aytmoqchimanki, har bir loyiha katta ahamiyatga ega bo'lib, o'zidan katta iz qoldiradi.

Qiyinchiliklar

Hech narsa o'z-o'zidan bo'lib qolmaydi. Men nogironlik aravachasida harakatlanganim bois juda ko'p ishlarni o'zim qila olmayman. Har bir tashkilotda o'ziga yarasha qiyinchiliklar bor. Ular asosan, yuqorida aytganimdek, resurslar yetishmasligi bilan bog'liqdir. 

Boshqa bir muammo shundaki, ayrim nogironlar boshqalar qaramog'iga moyil bo’lishadi. Biz ularni bunda ayblay olmaymiz, ularni shunga o'rgatishgan. Nogironlarni yetarli darajada tushunmaslik hamda ularga nisbatan noto'g'ri munosabat mana shunga olib kelgan. Xalqimiz aytganidek, odamga baliq bergandan ko'ra, qarmoq bergan yaxshiroqdir. Men aynan shunday yondashuv tarafdoriman. Uzoq yillar avval, jamoatchilik faoliyatimni endi boshlagan yillarim, men tadbirkorlardan biriga murojaat qilganman. Uni Rixsiboy aka deyishardi. Undan 200 nafar nogiron uchun osh uyushtirishni so'raganman. O'shanda u menga shunday dedi: “Natalya, menga 200 kishiga osh qilish muammo emas. Ammo bu sizning maqsadingiz bo'lmasligi kerak. Bunday odamlarni pul topishga o'qitish kerak, toki ularning dasturxonida har kuni osh bo'lsin”. Bu bir umrga yodimda qoldi. Ayrim odamlar xayriya tadbirlariga o'rganib qolishgan, o'ziga ish topish va o'z ustida ishlash uchun hech qanaqa ishga qo'l urmaydi. Shuning uchun faoliyatimizda biz maslahatlar beramiz, intilish kerak bo'lgan yo'nalishni ko'rsatishga harakat qilamiz, ularga tayyor narsani bermasdan vaziyatdan chiqish yo'llarini o'rgatamiz.


Nogiron odamlar ehtiyojlari

Albatta, imkoniyati cheklangan odamlarning ijtimoiy mobilligini ta’minlash asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda O'zbekistonda rasman 780 ming nafar imkoniyati cheklangan shaxs istiqomat qiladi. 1991-yildan beri “O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”gi qonun amal qiladi. Ushbu qonunga ko'ra, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar nogironlarning ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga to'sqinliksiz kirishi uchun sharoitlar yaratishi shart. Bu yo'nalishda muayyan yutuqlarga erishildi, bunday inshootlar soni ortmoqda. Ammo aksariyat ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarida, masalan, maktablarda, dorixonalarda, mehnat birjalarida panduslar mavjud emas. Harakatlanuvchi vositalar yordamida harakatlanadigan nogironlar uchun korxona va ta’lim muassasalariga kirish qariyb ilojsiz. Zinalarda qulay panjaralarning mavjud emasligi, baland zinalar, hojatxonalarning moslashtirilmagani, sirpanchiq marmar pollar va zinalar, panduslar yo'qligi qariyb hamma joyda uchraydi. Mavjud panduslar ham tegishli talablarga javob bermaydi. Tumanimizda yaqinda dorixonaga kirishda pandus o'rnatishdi. Bundan juda xursand bo'ldim. Ikkita oliy ma’lumotga egaman, ikkita joyda ishlayman. Lekin zinalarning oldida o'zimni mutlaqo ojiz his qilaman...

Kimdir tadbirkorlik uchun g'oya qidirayotgan bo'lsa, sifatli pandus ishlab chiqarish bilan shug'ullansa, yaxshi bo'lardi.


Rejalar va g'oyalar

Bugungi kunda nogironlar muammolari haqida xabardorlikni oshirish juda muhimdir. Fuqarolar nogiron odamlar ham jamiyatning teng huquqli a’zosi ekanligini anglab yetishi juda dolzarbdir. Biz anchadan beri ta’lim muassasalarida yoshlar orasida nogironlar haqida bilimlarni tarqatish bo'yicha ishlashni xohlaymiz. Bizda bu maqsadda ishlab chiqilgan axborot materiallar mavjud.
Shu bilan birga, hayotda katta muvaffaqiyatlarga erishgan O'zbekiston nogironlarining foto-galereyasini tashkil qilishni xohlaymiz. Bu bizning uzoq yillik orzularimizdan hisoblanadi. 
Agar bizning saytimizni yaratib berishda yordam beradigan odamlar bo'lsa, biz juda ham xursand bo'lar edik. Zero, bu faoliyatimizga keng aholi qatlami e’tiborini jalb qilishga yordam beradi. 
 

Biz bilan bog'lanish uchun:
 

E-mail: opa.singillar@gmail.com; plotnikovanatash@mail.ru
 

Bizga yozing, murojaat qiling. Biz har bir murojaatdan xursand bo'lamiz va har qanday yordamni qabul qilamiz. 

Izohlar

HappyMan's picture
Жуда ҳам яхши ва инсонни ўйга соладиган мақола экан. Айниқса бундай инсонлар имконияти ўзлари ўйлаганидан кўра анча катта эканлигини ҳис қилишлари муҳим экан. Сифатли пандус масаласида эса ҳар бир архитектор ва дизайнерни мажбурлаш керак!