Ijtimoiy tashabbusga qanday pul topaman?

Har qanday g'oyani ro‘yobga chiqarishning eng muhim jihati, albatta, uning moliyalashtirish manbalarga ega bo‘lishidir. O‘zbekiston nisbatan yosh mamlakat bo‘lgani, qolaversa, bozor munosabatlari izchil qaror topayotgani uchun ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun turli manbalarni topish, ulardan foydalanish boshqa davlatlar amaliyotidan birmuncha farq qiladi.

Albatta, turli ijtimoiy tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirish uchun loyiha yozish, uni ishlab chiqish, amalga oshirish, zarur mablag‘ni topish uchun ko‘pchilik zarur bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lsa-da, O‘zbekiston sharoitida bu ishlarni amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlarini bilib qo‘yish kerak.

Ijtimoiy sheriklik

Shuni alohida qayd etish kerakki, bugun O‘zbekistonda turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga nafaqat davlat muassasalari, balki nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlar ham faol jalb qilinmoqda. Buni zamonaviy atama bilan aytganda “ijtimoiy sheriklik” deb atashadi.

Agar u yoki bu loyiha O‘zbekiston uchun muhim bo‘lsa, uni moliyalashtirish uchun mablag‘ topish qiyin bo‘lmaydi. Muhimi, jamiyat uchun, hudud uchun dolzarb muammoni aniqlash va uning echimlarini ilgari surishdir.

Keling, avval nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun fand-rayzing imkoniyatlari haqida ma’lumot bersak.

Bugun O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotini ochishga birmuncha yengilliklar berilgan. Agar haqiqatda atrofingizdagi tashabbuskor yigit-qizlar yig‘ilgan bo‘lsa, ular bilan birga nodavlat notijorat tashkiloti (Aslida bu huquqiy maqom. U markaz, klub, guruh va boshqa ko‘rinishlarda ham bo‘lishi mumkin) ochishingiz mumkin. Albatta, maqsadingiz mahalliy muammolarni hal qilishga qaratilgani bois ma’lum bir hudud doirasida kerakli tashkilotni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hududiy boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.

Shuni unutmaslik kerakki, agar bunday tashkilotlarni yuritish bo‘yicha tegishli tajribaga ega bo‘lmasangiz, yaxshisi, hududingizdagi mavjud nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida ko‘ngilli sifatida qatnashib, ularning nomidan, agar tashkilot missiyasiga to‘g‘ri kelsa,  o‘z tashabbuslaringizni ro‘yobga chiqarishingiz mumkin. Bu sizga nafaqat loyihangizni amalga oshirishga, balki yetarlicha amaliy tajriba to‘plashga ham yordam beradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari davlat, xususiy tadbirkorlik sub’ektlari va xalqaro va mahalliy jamg‘armalar tomonidan turli ko‘rinishlarda qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.   

Xususan, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, davlat nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Bugungi kunda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi davlatning mana shu vazifasini izchil amalga oshirib kelmoqda.

Odatda ushbu fond mablag'lari O'zbekistonda e’lon qilinadigan yil munosabati bilan qabul qilinadigan davlat dasturi ijrosiga nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb qilish uchun sarflanadi.

O'zAning xabar berishicha, 2014 yilda davlat byudjeti hisobidan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining loyiha va dasturlarini amaliyotga joriy etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish uchun 8,2 milliard so'm mablag' ajratiladi. Ushbu mablag’ning 46,3 foizi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini “Sog'lom bola yili” Davlat dasturining muhim masalalari ijrosiga keng jalb etish, “Kelajagi buyuk – sog'lom avlod” mavzusidagi grant tanlovlarini tashkil etish va o'tkazish, loyihalarni moliyalashtirishga yo'naltiriladi.

Albatta, “Sog'lom bola yili” davlat dasturidagi u yoki bu yo'nalish sizning ijtimoiy tashabbusingiz maqsad va vazifalariga yaqin bo'lsa, demak, bemalol ushbu fondga o'z loyihangizni yuborishingiz mumkin. Loyiha talabnomalari talablari fondning rasmiy saytida joylashtirilgan.

Shuni unutmaslik kerakki, ushbu fond ajratadigan mablag'lar miqdori 15 million so'm atrofida bo'lib, loyihaning asosiy tadbirlarini moliyalashtirishga qaratiladi. Bunda shunga e’tibor qaratish kerakki, fond ma’muriy xarajatlarni moliyalashtirishga unchalik ham xohish bildirmaydi.

Shuni yodda tutish kerakki, Oliy Majlis huzuridagi mazkur Jamoat fondi ijtimoiy loyihalar keyinchalik biznesga aylanib ketishiga qarshilik qiladi.

Deylik, u yoki bu hududda ishsiz ayollarni hunarga o'qitish markazi keyinchalik maxsus atel’yega aylanib ketishiga maqsadsiz faoliyat sifatida ko'riladi.

Nima uchun ushbu jamoat fondining grant tanlovlarida qatnashish kerak?

Loyihani amalga oshirish shunchaki bo'lib qolmaydi. Buning uchun, albatta, davlat tashkilotlarining, xususan, mahalliy davlat hokimiyat organlarining yordami juda muhimdir. Maxsus davlat dasturi ijrosiga aloqador loyihangizni amalga oshirishda hamkorlar masalasida muammo bo'lmaydi.

Masalan, bugungi kunda O'zbekistonda erta nikohning oldini olishga hukumat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Agar Siz ushbu muammoni hal qilishga qaratilgan qandaydir hududiy loyiha taqdim qilsangiz, fond tomonidan ham qo’llab-quvvatlanadi, joylardagi davlat idoralari ham ko'makchingizga aylanadi.

Yana xuddi shunday fondlardan biri O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash fondidir. Ushbu jamg'arma ancha vaqtdan beri grant tanlovlari e’lon qilmayotgan bo'lsa-da, u haqda bilib qo'yish foydadan xoli bo'lmaydi.

Qo'ldan keladigan ishni qilish kerak

Ushbu sohada ko'p yillardan beri ish olib borishim sababli nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqiladigan va amalga oshiriladigan loyihalarni baholashda ko'p marta ishtirok etishga to'g'ri kelgan.

Tahlillar shuni ko'rsatdiki, ko'p nodavlat tashkilotlar bergan loyihalarni amalga oshirishning umuman iloji yo'q. Masalan, bir NNT mahalla yoshlarining sog'lom bo'lib voyaga yetishi uchun mahalla hududida stadion qurish uchun mablag' so'ragan (!!!). Tabiiyki, donor beradigan 15 yoki 50 million so'mga stadion qurib bo’lmaydi. Yoki boshqa bir NNT tumandagi 300 nafar kollej bitiruvchisini tadbirkorlik va biznesga o'qitib, ularning 200 nafarini ish bilan ta’minlashga mablag' so'ragan. 200 kishini nafaqat NNT, balki tuman hokimligi ish bilan ta’minlay olmasligi mumkin. Shuning uchun loyihaga mablag' so'rayotganda o'z qo’lingiz bilan amalga oshiradigan tadbirlar uchun pul so'ragan mantiqlidir.

Bundan tashqari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, O'zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo'lab-quvvatlash va rivojlantirish fondi hamda boshqa mahalliy donorlar ham turli grant dasturlarini e’lon qilib turadi. Shuning uchun ular bilan muntazam muloqot o'rnatish foydadan xoli bo'lmaydi.

Shu bilan bir qatorda, bir qancha xalqaro tashkilotlar, moliya muassasalarining O'zbekistondagi vakolatxonlari ham turli grant tanlovlarini e’lon qilib turadi. Xususan:

Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi;

UNICEFning Toshkentdagi ofisi;

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi vakolatxonasi;

USAID

Global jamg'arma

EuropeAid

 

Ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun yana qanday pul topsa bo'ladi?

Albatta, O'zbekiston sharoitida turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun mablag' topishga faqat nodavlat notijorat tashkilotlari imkoniyatlaridan foydalanish shart emas. O'zbekistonda  hukumat tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qator qonun hujjatlari qabul qilinganki, ularni puxta o'rganib chiqish orqali ijtimoiy loyihangiz uchun mablag' va imtiyozlar eshigini ochgan bo'lasiz.

Mahalla — imkoniyatlar maskani

Bugun ko'pchilikning tasavvurida mahalla turli “spravka” beradigan, hasharga chaqiradigan va yana qandaydir yumush bilan bog'liq idora bo'lib shakllanib qolgan. Aslida mahallaning imkoniyatlaridan samarali foydalanilsa, turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish mumkin bo'ladi.

Chunonchi, “Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari to'g’'isida”gi qonunga ko'ra, Fuqarolar yig’'ni kengashi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kichik korxonalar, sartaroshxonalar, poyabzal ta’mirlash va tikish ustaxonalari, xalq hunarmandchiligi sexlarini va aholiga maishiy xizmat ko'rsatuvchi boshqa korxonalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish to'g'risida qaror qabul qiladi. Shuni alohida qayd etish kerakki, bunday tadbirkorlik sub’ektlari turli soliq imtiyozlaridan foydalanadi. Qolaversa, mahalla hududida joylashgan bo'sh binolardan foydalanish imkoniyati katta. Bu, albatta, ijtimoiy tashabbusni amalga oshirishda ayni muddaodir.

Masalan, Toshkent shahridagi mahallalardan birida asosan ko’'i ojiz fuqarolar istiqomat qiladi. Ular ko'p qavatli uyda turganligi bois ularda muntazam maishiy muammolar bo'lib turardi. Ya’ni issiq va sovuq suv trubalari, jo'mraklarining ishdan chiqishi, chilangarlik, duradgorlik va boshqa mayda kasblarga katta ehtiyoj bor edi. Shu hududda yashaydigan yigit mahalla oqsoqoliga kelib, mana shu muammolarni tekinga hal qilishga tayyorligini bildirdi. Buning uchun mahalla guzaridan kichkina bir xona ajratib berishdi, Ko'zi ojizlar jamiyati ko'magida mahalladagi to'rt nafar ishsiz yoshga santexnik, elektrik, duradgorlik singari kasblar o'rgatildi. Mahalla oqsoqoli aralashgach, hududda joylashgan mebel sexi ularga tegishli jihozlar(uskunalar)ni xarid qilishga yordam beradi.

Bugungi kunda o'sha yigitlar mahallada istiqomat qiladigan ko'zi ojizlar maishiy muammolarini imkon qadar bepul hal qilib berishadi. E’tiborli jihati, ushbu ustaxona xodimlari o'z tajribalarini oshirib, tumandagi ko'zga ko’ringan ustalarga aylanishgan. Ular daromad olishmoqda, ayni paytda ijtimoiy himoya muhtoj aholining hojatini chiqarmoqda.

Kollej bitiruvchi uchun ish o'rni yaratasanmi? Zamon — seniki 

Bugungi kunda O'zbekistonda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatda kollej bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularni ish bilan ta’minlash bo'yicha amaldagi qonunchilikka o'zgartishlar kiritilmoqda, tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilmoqda.

Markaziy bank matbuot xizmatining aytishicha, 2013-yilda tijorat banklari tomonidan  bitiruvchilar biznes rejasini moliyalashtirish uchun 20 mlrd so'mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Masalan, Samarqand bank kolleji bitiruvchisi Nursalim Umarov iqtisodiyot va ekologiya uchun muhim ahamiyatga ega bo'lgan biznes loyihasi bilan ko'pchilikni qiziqtirib qo'ydi. Polietilen mahsulotlarini qayta ishlab granula xomashyosini olishga asoslangan mazkur loyihaga “Mikrokreditbank”ning viloyat bo'limi tomonidan 56 mln. so'm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.  “Men o'z taklifim bilan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining tashabbusi bilan o'tkazilgan tanlovda “Respublikadagi eng yaxshi innovatsion ishlab chiqarish loyihasi” g'olibi degan nomga sazovor bo'ldim, - deydi g'oya muallifi. – Yaqin orada ikkilamchi polietilenni qayta ishlash texnologiyasiga egalik qilib, o'z ishlab chiqarishimni yo'lga qo'yaman”.

O'zbekistonda ishlatilgan polietilen mahsulotlari ekologiyaga, atrof-muhitga ziyon keltirayotgan buyumlardan biri bo'lib, ushbu loyihaning ijtimoiy ahamiyati nihoyatda kattadir.

Shu ma’noda aytganda, kollej bitiruvchilarini, umuman, yangi ish o'rni yaratadigan har qanday ijtimoiy loyiha, agar u puxta ishlab chiqilsa, bank muassasalari tomonidan qo'llab-quvvatlanish ehtimoli juda yuqori. Bunda tijorat banklarining kredit dasturlari bilan yaqindan tanishib chiqish lozim. Ayniqsa, loyiha mahalliy hokimlik tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan bo'lsa, uning moliyalashtirilish ehtimoli ortadi.

Bundan tashqari, turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun turli tadbirkorlik sub’ektlari, davlat kompaniyalari, aholi o'rtasida homiylik aktsiyalarini o'tkazish, ko'rgazmalar tashkil qilish, kimoshdi savdolari uyushtirish ham katta foyda keltiradi.

Eng muhimi, u yoki bu tashabbusni amalga oshirishga ishonch bo'lsa, bas, egallagan bilimlar orqali mablag' topish imkoniyatini qilsa bo'ladi.

 

Yusufbek Toshkenboyev.

Izohlar

bobirjon's picture
fikrlariz juda ajoyib, to'liq qo'shilaman