Muvaffaqiyatli komandaning sirlari (Qiziqarli testi bilan)

Eng samarali komandaning sirlari nimadaligini aniqlash maqsadida menejment nazariyasi bo'yicha mutaxassis va olim Meredit Belbin ko'p yillar izlanishlar olib borgan.  Izlanishlarining natijasida u eng muvaffaqiyatli komandalar turli xulq-atvorli va har xil qobiliyatlarga ega shaxslardan iborat ekanligini anglab yetadi. Buning asosida Belbin ishchining komandadagi roli, uning o'rni va ahamiyati nazariyasini yaratadi.

Yaxshi ishchi deganda biz qanday ishchini nazarda tutamiz? Albatta ishini puxta qiladigan, kuchli bilimga ega, tartib-intizomli, sinchkov, qiziqqon va yaratuvchan, boshqalar bilan yaxshi chiqishadigan va ishtiyoqli insonni nazarda tutamiz. Lekin bir insonda bu barcha xususiyatlarni topish qiyin. Har birimizni kuchli tomonlarimiz bor, lekin kamchiliklarimiz ham yo'q emas.

Komanda a’zosining roli deganda bu shaxsning komandada o'zini tutishi, jamoa ishiga qanday hissa qo'shishi va boshqalar bilan o'zaro munosabatda bo'lishi nazarda tutiladi. Demak, bu rollar asosan shaxsning komandadagi fe’l-atvori va hatti-harakatlari bilan bog'liq rollar. Bunday rollar komanda a’zolarida asosan tabiiy shakllanadi. Komandada kim qanday rolga xosligini aniqlashdan maqsad, har bir komanda a’zosining unga xos kuchli xislatlarni maksimallashtirishdan iborat. Belbin nazariyasi bo'yicha 9 xil komanda rollari mavjud. Rollar 3 toifaga bo'lingan: fikrlovchilar (mutafakkirlar), odamlar bilan ishlaydiganlar va harakatga keltiruvchi rollar

 Fikrlovchilar (mutafakkirlar) guruhi. Bu guruhdagi rol egalari juda ijodkor va tasavvur qilish qobiliyatiga egalar. G'oyalar yaratuvchilari roli egalari muammolarni ijodkorlik bilan, yangicha yo'llar orqali yechishga ustalar. Fikrlovchilar toifasiga kiradigan ikkinchi rol bu - kuzatuvchilar/tahlilchilar roli. Bunday shaxslar odatda jamoa g'oya va harakatlarini kuzatib, mantiqiy tahlil qilishga mohir bo'lishadi. Ular turli variantlarni ko'rib chiqib xolis baho bera oladilar. Nihoyat, bu toifadagi so'ngi rol  bu - mutaxassislar, ya’ni biror bir sohani tubdan biladigan shaxslardir.

Ikkinchi toifaga odamlar bilan yaxshi ishlay oladigan shaxslar kiradi. Bu toifaga kiruvchu birinchi rol bu - koordinator roli, ya’ni komandani boshqaruvchisi. Bunday odamlar ishni tashkillashtirishni va vazifalarni bo'lib berishni yaxshi uddalaydilar. Keyingi rol faollikni oshiruvchi shaxslar bo'lib, ular jamoadagi barcha a’zolar bilan yaxshi chiqisha oladigan va hamjihatlikda ishlay oladiganlar hisoblanadi. Ushbu toifadagi uchinchi rol bu - manba izlovchilar. Ularning afzal tomonlari shundaki, ular jamoa uchun tashqaridan yangi manbalar izlab topishda va foydali tanish-bilishlar orttirishda juda mohirlar.

Uchinchi toifaga harakatga keltiradigan rollar kiradi. Bularning birinchisi lider, ya’ni yetakchidir. Bunday insonlar guruhni bir maqsad sari yetaklashga qodirlar. Ikkinchisi – amalga oshiruvchilar. Ular strategik rejalar tuzib, ishni amalga oshiradilar. Va oxirgi rol bu tugatuvchi-tekshiruvchilar. Ular ishni oxiriga yetkazib, sifatini tubdan tekshirib chiqadilar.

Komanda hamjihatlikda va muvaffaqiyatli ishlashi uchun, unda turli rollar muvozanatda bo'lishi kerak. Bir shaxs ikki yoki undan ko'proq rollarni egallashi ham mumkin.  Keling, yuqoridagi rollarni ko'rib, ularning kuchli tomonlari va uchraydigan kamchiliklarini sanab chiqaylik. Har bir rolning o'ziga xos kamchiligi yoki sustroq tomoni bo'lishi bu tabiiy hol. Komanda rahbarlari ishni taqsimlashda rollarning kamchiliklarini tushunish va kuchli tomonlarini maksimallashtirishga harakat qilishlari kerak. 

Turli rollarga o'ziga xos maslahatlar

Yuqorida qayd etilgan barcha guruh rollarining o'ziga xos kuchli tomonlari bilan birga zaif tomonlari va kamchiliklari mavjud. Quyida har bir rolning zaif tomonlarini qanday to'g'ri baholash, ularni ijobiy tarafga yo'naltirish va mavjud bo'lgan kamchiliklarni tuzatishga qaratilgan ikkita, “Qiling” va “Qilmang” kategoriyalari berilgan.

G'oya yaratuvchi

Qiling: muammolarni hal qilish uchun turli g'oyalarni ishlab chiqish va takliflar kiritish. Qo'l ostidagi muammolarni boshqacha yo'l bilan yechish usulini ishlab chiqish. Turli kashfiyotlar qilish. Oddiy narsalarga turli tomonlama qarashga harakat qilish.

Qilmang: Boshqalar bilan ishlaganda o'z fikringizni jamoa a’zolari fikrlaridan ustun qo'yish.

Manba izlovchilar

Qiling: Yangi aloqalar o'rnatish uchun guruhdan tashqariga chiqish. Yangi kiritilgan g'oyalarni rivojlantirish. O'z umid va ishtiyoqingiz asosida boshqalarga ijobiy ta’sir ko'rsatish. Yangi mijozlar qidirish. Savdolashish. 

Qilmang: Ko'p gapirish. Ishni oxirigacha yetkazmaslik. 

Koordinator

Qiling: Komanda ustidan ishonarli va ta’sirli boshqarishni o'rnatish. Boshqalarni teng qatnashishga va hissa qo'shishga jalb qilish. Jamoani hamjihatlikda ushlab turish. Boshqalarning qilgan ishlarini rag'batlantirish va ruhlantirish.

Qilmang: Jamoaning birgalikda erishgan yutuqlarini o'zlashtirish va o'ziniki deb ko'rsatish. Mansabini suistemol qilish. O'z vazifalarini bajarmaslik.

Lider/Yetakchi

Qiling: Ish bajarilishiga undash. Rostgo'y, ochiq va sofdil bo'lish.   Komanda o'z oldiga qo'ygan maqsadga erishishini ta’minlash.

Qilmang: Hukm o'tkazish, gina qilish. Ishonch yo'qotish.

Kuzatuvchi/Tahlilchi

Qiling: Har bir variantlar bo'yicha puxta o'ylangan va baholangan firk berish. Siz ma’qul ko'rgan har qanday yo'l yoki harakatlar bo'yicha tushuntirish berishga tayyor bo'lish. Qaror qabul qilishda shoshmasdan tubdan o'ylab chiqish.

Qilmang: Boshqalarning fikriga salbiy qarash. Tanqidlar orqali jamoaning ruhini tushirish.

Faollikni oshiruvchi

Qiling: Boshqalarning ehtiyojlariga ziyrak bo'lgan holda, ularga kerak bo'lganda yordam berish va bu orqali jamoada ijobiy muhitni shakllanishiga hissa qo'shish. Vaqti kelganda tortishuv yoki ziddiyatlarni katta muammoga aylanmasligi uchun o'rtaga tushib, vaziyatni yumshatish.

Qilmang: Bosimga/ziddiyatga sabab bo'ladigan holatlardan qochish . Ziddiyat paytida ko'zga yaxshi ko'rinish uchun eng kuchli/ustunlik qilayotganga yon bosish.

Amalga oshiruvchi

Qiling: Tizimlarni tartibga solish. Yozilgan qoidalarga barcha amal qilishini ta’minlash. Ishning amaliy tomoniga e’tibor berish. G'oyalarni amaldagi harakatga aylantirishga urinish. Jamoangizga va siz bilan birga ishlayotganlarga sodiq bo'lish.

Qilmang: o'zgarishlarga to'sqinlik qilish. Jamoa a’zolaridan chiqqan yangi g'oyalarga to'sqinlik qilish.

Tugatuvchi/Tekshiruvchi

Qiling: Barcha qiladigan ishingizning sifat mezonlarini yuqoriga ko'tarib borish. Kichik detallarga e’tibor berish va xatolarni topib bartaraf etish uchun ishni batafsil tekshirish. O'z malakangizga tayangan holda ishida xatolarga yo'l qo'yadigan safdoshlaringizga yordam berish. Yuqori sifatni targ'ib qilish.

Qilmang: Faqat mukammalikka o'rnashib qolish va  bundan tez g'azablanish. Arzimas narsalar bo'yicha katta muammo ko'tarish.

Mutaxassis

Qiling: Ma’lum bir mavzu bo'yicha ishtiyoqni namoyish etish. Professionallikni mustahkamlash va jamoa a’zolarining sizning bilimlaringizga ishonchlarini qozonish. O'z bilim va ko'nikmalaringizni kuchaytiririb borish.

Qilmang: Mutaxassisligingizdan tashqarida bo'lgan omillarning muhimligini e’tiborga olmaslik. Bir sohadagi mutaxassisligingizning chegarasidan chiqmaslik va doim shu sohani to'g'ri deb tan olish.

O'zingiz qaysi rolga to'g'ri kelishingizni bilish uchun bu maqolaga biriktirilgan sinovni bajarib ko'ring.

Bu mavzuni keyingi maqolalarimizda yana yoritib boramiz. Keyingi maqolada yetakchilar uchun komandadagi rollarning kuchli tomonlarini maksimallashtirish va kamchiliklarini kamaytirishga qaratilgan maslahatlarni beramiz.

Izohlar

Erjon's picture
zòr
Dilshoda's picture
Kerakli ma`lumotlar ekan. Endi ulardan men ham xabardorman!