Qanday qilib yaxshi trener (murabbiy) bo‘lish mumkin?

Yaqin kunlarda men “Biz – soglom turmush tarafdorimiz” shiori ostida otkazilgan oquv seminarini tugatdim. Seminarda olgan ba’zi bilimlarimni umumlashtirib sizlarga ulashishni lozim topdim. Marhamat !!

Trener (murabbiy) bo‘lish uchun ba’zi muhim saboqlar :

 

  1. O‘z bilim va tajribangizga ishoning. O‘quvchilarga qaysi mavzudadir gapirishdan oldin bu mavzudagi bilimingiz yetarli ekanligiga ishonch hosil qiling va ayni paytda mavzuga doir eng zarur ma’lumotlarni ularga yetkazish usullarini o‘ylab toping. Mavzu yuzasidan o‘quvchilar beradigan savollarga tayyor turing
  2. Siz va tinglovchilar joylashadigan auditoriyaga e’tibor bering. Auditoriyaning qulayligi, tinglovchilarning joylashishi, yorug‘likning qaysi tomondan kelishi, auditoriya ichida erkin harakatlanishingiz uchun joy va hokazo.
  3. Odatda, seminar-treninglarda tinglovchilar mavzudagi 20 % ma’lumotni trenerning gap-so‘zlaridan, 80%izini esa trenerning hatti-harakatlari orqali qabul qiladi. Hatti-harakatlaringizni boshqaring. Bo‘lar bo‘lmasga harxil mimikalarni bajarmang. Barchasi o‘z me’yorida bo‘lsin.
  4. Trening o‘tishdan oldin ssenariy tuzmang. Seminar vaqtida ssenariyni 1 yoki 2 jumlasini unutib qoldirishingiz mavzuning tub mohiyatini o‘zgartirib yuborishi yoki uni tushunarsiz qilishi mumkin. Odatda , ssenariyni yo‘l-yo‘lakay, auditoriya yoshi, kayfiyatiga qarab tuzib boring.
  5. Jestikulyatsiyani boshqaring. Tanangiz qismlari harakatlarini nazoratga oling. Barmoqlarni qirsillatish va shunga o‘xshash harakatlarni umuman bajarmang.
  6. Zalda o‘tirgan tinglovchilar fikriga xolisona, betaraf fikr bildiring. Tinglovchilarning fikrini erkin bildirishlariga sharoit yaratib bering.
  7. Barcha tinglovchilarni bir ko‘zda ko‘ring, ya’ni hammaga birxil munosabat bildiring. Qatnashmayotgan yoki e’tiborsizlarni mavzuga jalb qiling. Bu sizning bosh vazifangiz.
  8.  Hech qachon , hech qachon auditoriya fikrini xato demang. Bu ularning ruhini tushurib yuboradi.
  9. Suqrot metodikasini qo‘llang. Ya’ni : “sizning fikringiz to‘g‘ri , lekin bu masalaga mana bu tomondan yondashilsachi?” degan mujmal bo‘lmagan jumlalarni keltiring. Bu 1-dan, sizning dunyoqarashingizni oshiradi, 2-tomondan tinglovchilar fikrini hurmat qilishga o‘rgatadi.
  10. Tinglovchilar bilan yuzaga keladigan muammolarni yaxshilik bilan hal qiling. Iloji boricha bunday vaziyatning kelib chiqishining oldini oling.
  11.  Murakkab savol berilganda : a) “aravani quruq olib qochmang” ; b) savolni aniqlashtiring ; d) Xohlovchilarga javob berishga imkon bering.
  12. “Ko‘rinmas parda” – vaziyatga chuqur kirib ketmang. Betaraf qoling. Auditoriya bilan birga bo‘ling va ayni vaqtda trenerlik vazifangizni unutib qo‘ymang.
  13. Quyidagilarga e’tibor bering : a) chin ko‘ngillilik ; b) ishonchli ohang; d) tabiiylik ; e) erkin harakat.
  14. Mavzuni yoritib borayotganda kichik tanaffuslar e’lon qiling. Tinglovchilar siz bergan ma’lumotlarni hazm qilib olishlari uchun ( Gitler o‘z nutqi davomida 10 daqiqalik tanaffuslar berib turgan)
  15. Nutq mazmuniga xos tarzda yuzingizga hissiy emotsiyalarni ifoda eting.
  16. Nutqingiz davomida hayotiy voqealarni keltirib o‘ting. Bu misollar tinglovchilar xotirasida yaxshi o‘rnashadi.
  17. Var-var so‘zlarni ishlatmang.
  18. Parazit so‘zlardan foydalanmang.
  19. Vulgarizm ( he padaringga lan’at yoki shunga o‘xshash so‘zlarni umuman keltirmang)
  20. Lahjaviy so‘zlardan me’yorida foydalaning.
  21. Tinglovchilarni mavzuga qiziqtiring. Busiz ma’lumotlarni quruq o‘qib berishning foydasi deyarli yo‘q. Hattoki, o‘zingizda bor bilimni ham ulasholmaysiz.
  22. O‘zingizga ishoning va o‘z ustingizda mustaqil ishlang.
  23. va ENG MUHIMI!!! Samimiylikni unutmang !!!

Ulugbek BABAXANOV

Izohlar

ilyos's picture

Rahmat maslahatlar uchun.