Beshikdan to qabrgacha ilm izla!!!

Aytishlaricha, kunlardan bir kuni bir milliarder turmush o`rtog`i bilan restoranga ovqatlangani kiribdi. Tasodifni qarangki, restoran egasi bir vaqtlar maktabda milliarderning ayoli bilan birga o`qigan ekan. Shunda restoran egasi uni sevgani, lekin o’ziga nasib qilmaganini hazil aralash aytib o`tibdi (bunday gaplar g`arbda oddiy hol deb hisoblanishi ma`lum). U odam stoldan uzoqlashishi bilan milliarder xotiniga: “Qara, menga tegmaganingda, sen shu ajoyib restoran sohibining ajoyib xotini bo`lib yurar eding”, – desa, xotini: “Yo`q, men agar senga turmushga chiqmaganimda, shu restoran egasi milliarder bo`lar edi”, – degan ekan.

Bu yerda gap ayol kishi erkakni buyuk qilishi haqida emas. Aksincha, har qanday buyuk inson yonida xoh ayol, xoh erkak bo’lsin, uning muvaffaqiyatlariga hissa qo’shadigan, ko’maklashadigan bir kishi bo’lishi haqidadir.

Agar bilimingizni boshqalarga ulashmasangiz,
Demakki, uni bekorga sarflabsiz.
Deuteronomiy Rabbah

Men matematikman. Yaypandagi 65-IDUMIda ishlovchi oddiy bir o`qituvchiman. O`quvchilar bilan ishlash jarayonida ularni turli cho`qqilarga undab, g`alabalar sari ruhlantiraman. Ayni paytda, bugungi “Blogerlar chempionati” finaliga yetib kelish tugul, chempionat boshlanguniga qadar uni o`tgan yildagidek oddiy o`quvchi sifatida kuzatishni maqsad qilib yurgandim, desam ko`pchilik ishonmasligi mumkin. Xo’sh, oddiy o’qituvchidan, yoki, ko’plab bloglar mushtariysidan mustaqil bloger dararajasida finalga qadar yetib kelishgacha sabab bo’lgan qanday kuch, sir bor, bunga sabab nima, deya qiziqishingiz mumkin. Buning siri, bunga sabab – bu mening Olamim!

Xalqimizda asrlar davomida shakllangan ustoz-shogird an`anasi borki, men so’zlamoqchi bo`lgan kishilarda ma`lum ma`noda ana shu tamoyilga tushadigan va tushmaydigan jihatlar bor. Ustoz-shogird an`anasida atayin shogirda tushilib, yoki shogirdga olinib bir kishi ikkinchi kishidan o`gitlar oladi. Men esa bu do`stlarimga aynan shogird tushmaganman. Ular mening do`stlarim, men yillar davomida ular bilan samimiy muloqotlarim evaziga o`zimni shogird, deb hisoblashim ham mumkin.

Inglizlar o‘zaro bir-biriga yordam, maslahatlar berib, to`g`ri yo`lga soluvchi odamlarni “mentor” deb atashadi, ruslar esa “наставник”. Mentor – bu, sizga ahyon-ahyonda maslahat berib turadigan odam emas, u sizning hayotingizdagi haqiqiy sirdoshingizdir. Bugun sizlar bilan xuddi shunday mentorlar haqida so`z yuritamiz.

Dunyoda kim qanday yutuqlarga erishgan bo`lsa, uning ortida biron kishining xolis maslahat va o`gitlari, yordami turadi. Turli sohalarda dunyoga mashhur bo`lgan kishilarning ham o`z mentorlari bo`lgan, qo’lga kiritgan yutuqlariga xizmat qilgan. Masalan, Bill Geyts, Mark Sukerberg va boshqa milliarderlarning o`z mentorlari bor. Quyidagi havola orqali bu haqida ma`lumot olishingiz mumkin: http://www.businessinsider.com/meet-the-mentors-behind-the-visionaries-of-tech-2012-7?op=1

Shuningdek, o’zbek tilida ham o’qishingiz mumkin: http://saharschool.org/mentoring

Yuqoridagi hikoyani keltirishimdan maqsad ham shu edi – bu yerda millarderning mentori uning rafiqasi bo’lgan.

Lekin kuzatishlarimdan shuni angladim-ki, bu yordamni bizda ko`pincha tan olmaydilar, tan olsalar ham o`sha saxovatpesha yo`lboshchi-maslakdosh vafotidan so`ng eslab mayus, yig`latuvchi bayozu bitiklar yozishi ajablanarli…

Mening olamimda, menga hayotda juda katta saboqlar bergan, namunalar ko`rsatgan, maslahatlar berib, tanbehlar bergan bir qancha do`stlarim yashaydi. Bu do`stlarim bir necha yillar davomida aka-uka bo`lib qolishgan. Ularning har biridan butun hayotimda asqotadigan ulkan tajribalarni olganim, har qanday yutuqlarga erishishimda alohida ahamiyatga ega bo’lganini hozir, shu bugungi finalda his qilib turibman.

Mening olamim… Bular Azizxon aka Alijonov, Shukurjon Islomov, Abdulazizxon Akramov kabi mening katta-kichik maslakdosh, maslahatgo`ylarimdir. Bular mening mentorlarimdir. Bu yigitlar ichidan hech qaysimiz yosh jihatdan teng bo`lmasakda, haqiqiy do`stlik degani yoshga emas, ruhiy yaqinlik bilan bunyod bo’lishiga ko`p bor amin bo`ldim.

5-sinfdayoq maktab kutubxonasidagi, 11-sinfgacha tuman markaziy kutubxonasidagi kitoblarni “yeb yuborganman” deb yurgan bo`lsamda bu yigitlarning birontasi bilan kitoblar to`g`risida 10 daqiqadan ortiq bahslasha olmasligim kam kitob o`qiganimdan emas… Sababi tushunarlidir. Ushbu mentorlarim tufayli, men qancha kitoblar o`qisam-da, yetarli bo`lmasligini bildim va o`zimga nisbatan qoniqmaslik tuyg`usini tuyib, ilm olishda qattiq talab qo`yishni o`rgandim.

O`zimni odamlar bilan muomala madaniyatim yuqori deb o`ylab yurganimda Azizxon akamning boshqalar bilan muomala san`atlarini kuzatib, o`zimni yovvoyi deb o`ylagan paytlarim bo`lgan. Bu haqiqatdan ham mening madaniyatsizligimdan emas, gap Azizxon akamning xushfe`lligida. O`zimni futbol muxlisiman, deya milliy termamiz yutqazsa, ichimdagilrni turli “qog`ozga o`ralgan va o`ralmagan” tarzda bayon qilgan paytlarim, sportning “tirik ensiklopediyasi” bo`lgan bu akamiz umidni so`ndirmasdan, Jahon chempionatidagi O`zbekiston g`alabalari hali oldinda ekanligini ta`kidlashi, 25 yildan buyon faqat bitta jamoaga muxlislik qilishi, men kabi “jonkuyar muxlislar” uchun vatanni hech bir iddaosiz sevish hamda sadoqat bobida mentorlik vazifasini o`tagan.

Ota-onaga bo`lgan hurmat, o`zining ikkita korxonasi bo`la turib, katta-kichiklar bilan o`ta kamtarona suhbatga kirishib keta olishi, ishlarining ko`pligidan har bir daqiqasini hisoblab yurishga majbur bo`lgan holda Farg`ona to`ylaridagi nahorgi oshlarda eng mas`uliyatli bo`lgan, ko`pchilik eplay olmaydigan yumush – “dasturxonchilik” qilib, tashkiliy ishlarga bo`sh bo`lib, to`y egasiga holis xizmat qilib berishi, mahalla-ko`yda biron kishi vafot etsa yana hamma ishlarini tashlab, beliga belbog`, boshiga do`ppini kiyib, mayitni vaziyat taqozo qilsa (tirik jon, xatto yaqinlari ham ba`zan o’likdan seskanishi tabiiy hol bo`lishi mumkin) o`z qo`llari bilan qabrga qo`yishlari… Men bularning hammasiga qanday ulgurishlariga hayron bo`lganimda, “Bu – har kim xohlasa uddalashi mumkin bo`lgan oddiy bir insoniy vazifa”, deya bu inson menga o’z namunasi orqali saboq bergan.

Xalqimizda an`anaviy bo`lgan ustoz-shogird atamasidan mentorlikning farqlaridan biri – haqiqiy mentorlar odatda boshqa bir mentordan saboq olsangiz jahli chiqmaydi, u yoki bu narsada yoshroq, tajribasiz kishini “shogirdim” deb “yetishtirib” undan o`z maqsadi yo`lida foydalanmaydi. Shu asnoda shogirdda ham majburiyat yo`q, faqat bitta odamdan o`git olib, o`rganib yurishga.

Mentorlikda ortiqcha mulozamat yo`q – demokratiya. Ustoz ham, shogird ham bemalol o`z fikrini erkin ifoda etib, munozaraga kirisha oladi: “Mana bu joyda nohaqsiz”, deya bir-birlariga bemalol gapiraverishadi. Bundan ustoz faqat hursand bo`ladi yoki xursand bo`lishi kerak. Chunki uning maqsadi jamiyatga foydali, yaxshi inson shakllanishiga yordam berish. Bu xislatlarni men yana bir, o`zim uchun mentor sanagan kishida ko`raman.

Shukurjon Islomov bilan bir yoshgina farqimiz bor. Aslida “aka” deyishim kerak-ku, ilk tanishuvda “o`rtoq” deb murojaat qilib o`rganganman (yaxshiyamki). Keng intellekti, aqli zakovati barcha sohadan yuzaki emas, chuqur bilimi borligi va bu bilimlarini men bilan doimo baham ko`ra olishi tufayli men bu tengdoshimni o`zim uchun mentor deb atayman (aytgancha, tanishuvimizga “Zakovat”da savolim chiqqanligi, u esa o`sha paytlarda teleo`yinda ishtirok etib yurganligi sabab bo`lib, uni izlab topganim sabab bo’lgan).

Blog yuritish yo`l-yo`riqlaridan tortib, hayotning men ilg`amagan boshqa sohalarigacha o`rgatishi tufayli Qo`qonda choyxonada osh yeb, bloglarni tahlil qilib yurgan oshchilardan bugun ikkitasi – bir ustoz va bir shogird bugun navbatdagi blogerlar chempionati finalida turishi tasodif emas, desam ham bo’ladi: bu mentorlik samarasi. Samimiy do`stlik asosida yurgiziluvchi suhbatlarimiz o’zaro hazil-huzul, tanqidlar bilan o’tishi va albatta, do`stimning tug`ma yumoristligi tufayli farg`onacha askiya qilib, bir-birimizning hazillarimizni to`g`ri tushunsak-da, bugun jiddiy ravishda, bir bora bo`lsa-da bu yigitga “aka” deb murojaat qilmoqchiman: “Rahmat, Shukurjon aka! Rahmat, ustoz!”

Mentorlar ko`pincha boshqa maqsadni ko`zlamaydi, ular bilimi va tajribasini bo`lishsa, o`zining ma`lum yordami birovga tegayotganini ko`rsa, bundan quvonadi. Ba`zida mentor tanlashda yosh ahamiyat kasb etmasligi mumkin.

Abdulazizxon Akramov mendan oz emas, ko`p emas, uch yoshga kichik. Lekin men o`zim uchun uni mentor sifatida qabul qilganman. “Blog yozing, aka”, – degandi bir suhbatimizda. Unga javoban “Men faqat o`qib zavq olaman. Blogerlik Shukurjon uchun”, deganimda shunday nasihatlar qilganki, o`sha, bir yil oldingi tanlov arafasidayoq bu sohaga qiziqib, sayt ochganman.

Xullas, bu yigit menga marralar sari ishonch bag`ishlovchi, ilhom beruvchi mentorim. O`zi doktor, men bilan soha tugul fanimiz ham to`qnash kelmaydi biron joyda. Yoshligidan o`zbek va dunyo adabiyotlarining qanchadan qancha tomlarini o`qib tugatganligi uning bir iste`dod qirrasi – shoirligida o`z aksini topgan. U shunday she`rlar yozadiki, bilmadim qaysi yo`nalish deyiladi, xullas qandaydir men tushunmaydigan “…izm”. Yoshlikdan bir qancha she`rlarni yodlab, she`riyat muxlisiman, deya viqor-la yurgan vaqtlarimda uning she`rlarini ko`rib, biron misra tushuna olmaganim sababli nazmni anglab yetish uchun hali ko`p she`rlar o`qishim kerakligi oshkor bo`lgandi.
Dastlabki ikki mentorlarimdan farqli o`laroq bu yigit o`ta agressiv fe`lli, ayb yoki xatongizni darhol yuzingizga aytadi, kerakli taklifni ham beradi. Shoirlar qalbi yumshoq, deb yurgan vaqtlarim – bu yigitni tanigach, fikrim sal o`zgargandi. Shoir xalqi o`ziga xos ichki qudratli, haqiqatparvar fe`lli, qisqasi “g`alati” bo`ladi, deya o`ylay boshladim.

Bilimingizni boshqalarga ulashing,
zero bu boqiylikka eltuvchi yo`ldir
Dalay Lama.

Hayot davom etaveradi, bugun sizlarga tanishtirganim ustozlarim –mentorlarimdan doimo nimanidir o`rganib boraveraman, ular esa o`zlarining o`gitlari, maslahatlariyu shaxsiy namunalari, o`rni kelganda do`stona tanbehlari orqali menga yordam beraveradilar. Men bu oliyjanob kishilar bilan faxrlanaman, men bu xokisor insonlar oldida boshimni egib, ta`zim qilaman – rahmat sizlarga! Bugun shunday xitob qilmoqchiman:

“Bu mening olamim! Bu olam mening boyligim, shular tufayli men boyman!”

Atrofingizga boqing, o`z olamingizga asos soling, bu olamda o`z mentorlaringizni kashf eting, mentorlaringizdan bilim va tajriba o’rganing, inson butun umr o`quvchi ekanligini lahza bo`lsa-da unutmang va shu bilan birga sizning maslahatlaringizga, tajribalaringizga muhtoj yoshlarga mentorlik qiling. Ishoning, bu qo`lingizdan keladi. Ishoning, bu ishingiz bilan olam-olam zavq olasiz, haqiqiy do`stlik quvonchini yarating. Hayotdan quvonch tuyg`usini barchaga ulashing. Ular qiynalib, vaqt ketkazib, g`ildirakni qaytadan kashf qilishmasin, ularga yordam bering!

Isroil Tillaboev

Maqola Bloggerlar Chempionatidan olingan

http://yaypan-65.uz/mentor/

Izohlar

Shuhrat Yunusov's picture
Qiziqarli maqola, demak, mentor-shogird munosabati odamni hayot mobaynida ilm olishga undarkan-da.
Bakhtiyor Sheraliev's picture

Ustoz-shogird tizimi ming yillar davomida o'zini oqlab kelgan munosabatlar tizimi desam adashmayman. Yuqoridagi blogdan ham buni sezish mumkin. Ajoyib blog uchun tashakkur.

Bakhtiyor Sheraliev's picture

Ustoz-shogird tizimi ming yillar davomida o'zini oqlab kelgan munosabatlar tizimi desam adashmayman. Yuqoridagi blogdan ham buni sezish mumkin. Ajoyib blog uchun tashakkur.

Хабиб's picture

Жуда яхши чикибди!