“Yangilik bormi?” yoxud yoshlar qachon shifokorga borishadi?

Yoshing yigirmadan oshgach, atrofingdagi o'rtoqlaring, maktabdagi sinfdoshlaring oila qurib, farzandli bo'lishiga guvoh bo'la boshlaysan. Ayni paytda yoshlar bilan ishlaganim uchunmi tanishlarim ham doimo menga muammolari haqida gapirib berishadi, maslahat so'rashadi. Juda ko'pchiligi turmush qurishi bilan do'xtirga qatnashni odat qilishadi.

Avvaliga nikohdan so'ng uch-to'rt oy tinch-totuv yashashadi, kelinning bo'yida bo'lavermagach, ota-ona, atrofdagilar, tanish-bilish borki, kuyovni gapga tuta boshlaydi: “Nima gap, tinchlikmi?”, “Yangilik bormi?” degan gap-so'zlardan so'ng kelin-kuyov muammoga javob izlab, do'xturga murojaat qilishadi. Bu eng yaxshi holatda, yo'qsa, barcha muammoni eskichadan ko'rib, aqidalarga ruju qo'yadiganlar ham talaygina.

Garchi bu noto'g'ri fikr bo'lsa-da, ochig'i, atrofdagilarning “kelinning qorniga qarab” kuyovni niqtashini ijobiy holat, deb hisoblayman. Chunki shunday odamlar borki, atrofdagilar, jamiyat so'rab-surishtirmasa, hech qachon do'xturga murojaat qilmaydi. Xohlaymizmi-yo'qmi, qishloq joylarida ko'pchilik o'z vaqtida tibbiyot muassasalariga sog'lig'i yuzasidan murojaat qilavermaydi...

Bu masalaga bejiz to'xtalmayapmiz. Gap shundaki, muloqot qilgan yigit-qizlarimizning aksariyatida turli kasalliklar mavjudligi aniqlangan. Ularning tili bilan aytganda, do'xtur “shamollash” tashxisini qo'ygan. Afsuski, tibbiy madaniyatning oddiy qoidalariga amal qilmasdan turmush kechirayotgan yoshlarda turli jinsiy xastaliklar uchrab turishi tobora ko'paymoqda.

Vaholanki, bugun ommaviy axborot vositalarida, turli tadbirlardareproduktiv salomatlik”  tushunchasi juda ko'p ishlatiladi. Bu jumla shu darajada ko'p ishlatiladiki, ko'pchilik uning mag'zini tushunmaydi va tushunishga harakat qilib ham o'tirmaydi. Yillik hisobotlarda millionlab kishilar “sog'lom turmush tarzi”, “reproduktiv salomatlik”, “tibbiy madaniyat” bo'yicha o'qitilgani haqida raqamlar, statistika ma’lumotlar keltiriladi.

Shuni tan olish kerakki, bugun O'zbekistonda aholi sog'lig'ini saqlash, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uzoq qishloq joylarda tibbiy xizmat ko'rsatish sifatini oshirish maqsadida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, Sog'liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko'ra, O'zbekiston ushbu sohaga 2014 yilda davlat byudjetidan 4,3 trillion so'm ajratishni rejalashtirgan. Qolaversa, davlat odamlar o'z sog'lig'iga qayg'urib, tibbiyot muassasalariga murojaat qilavermasligini yaxshi tushungani uchun ham har yili yalpi tibbiy ko'rik o'tkazib keladi. Ma’lumotlarga ko;ra, Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan shunday tadbirlar natijasida tug'ruq yoshidagi 7 million ayol hamda 7 million 300 ming nafar bola tibbiy ko'rikdan o'tkazildi, 195 ming nafar yolg'iz qariyalar, nogiron va pensionerlarga tibbiy yordam ko'rsatildi. Bu, albatta, turli kasalliklar va yuqumli xastaliklarning oldini olishga yordam berayotgan bo'lsa-da, tan olish kerak, odamlarning tibbiy madaniyati, o'z sog'lig'iga qayg'urishi hali ham quyi o'rinlarda bo'lib qolmoqda.

Migrantlar yuqumli kasalliklar tarqalishida yetakchilik qilmoqda

Ma’lumki, bugun Rossiya Federatsiyasida 1-2 million atrofida O'zbekiston fuqarolari mehnat migrantlari sifatida ishlashmoqda. Ularning aksariyati yoshlar bo'lgani uchun betartib turmush kechirishi, palapartish va nosog'lom jinsiy aloqa bilan shug'ullanishi, qolaversa, og'ir mehnat sharoitlarida yashayotgani, ushbu mamlakat qonunchiligini va tilini yaxshi bilmasligi, mehnat migrantlari orasida noqonuniy migrantlar sonining ko'pligi ham ularning sog'lig'iga jiddiy salbiy ta’sir ko'rsatmoqda. Ular ishlab topgan mablag' esa boy berilgan sog'liqlarini tiklashga, havoga sovurilgan imkoniyatlarni qoplashga ham yetmayapti. Sog'liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko'ra, chetdan qaytib kelgan mehnat migrantlarining 30 foizi turli kasalliklarga chalinganidan shikoyat qilib, joylardagi tibbiyot muassasalariga murojaat etar ekan. Ularning orasida, ming afsuski, sil, gepatit, gaymorit kabi og'ir kasalliklar ko'p uchramoqda. Misol uchun, so'nggi uch yarim yilda 2 ming nafardan ortiq kishida sil kasalligi aniqlangan.

O'z vaqtida tibbiyot muassasalariga murojaat qilish madaniyatining yo'qligi natijasida bu kasalliklar eng oxirgi nuqtasida aniqlanib, ortiqcha sarf-xarajatlar, ba’zi holatlarda esa og'ir oqibatlarga olib kelmoqda.

... Begali Suyunov (Ismi-familiyasi o'zgartirilgan) Surxondaryoning qishloq tumanida yashaydi. Xotini ikki nafar o'g'lining tarbiyasi bilan band. Tanishlarining tavsiyasi bilan Rossiyaning Leningrad viloyatiga ishga ketdi. Yilda bir marta uyiga kelib-ketar, har oy muntazam pul jo'natib turardi. Yigit kishi emasmi Rossiyada palapartish jinsiy aloqaga kirishadi. Uzoqda bo'lsa, birov ko'rmaydi, uydagilar hech narsadan xabar topmaydi, deb o'ylaydi. Yangi yil arafasida Rossiyadan qaytib keladi, ikki oycha O'zbekistonda yurib ketadi...

Oradan 7-8 oy o'tib, xotini sog'lig'idan shikoyat qilib, unga telefon qiladi. Oddiy kasallik bo'lsa kerak, degan xayol bilan uning bu shikoyatiga e’tibor qaratmaydi. Har doimgidan 100 dollar ko'proq pul yuborib, xotiniga “do'xturga borib, davolan” deya tayinlaydi. Shifokor talabi bilan xotini to'liq tekshiruvdan o'tgach, tuman shifokori ayolni so'roqqa tuta boshlaydi: “Nima ish qilasan?” “Qachon oxirgi marta stomatolog xizmatidan foydalanding?”, “Sizga qon quyishganmi?”. Ma’lum bo'lishicha, u OIV virusini yuqtirib olgan ekan... Bunda virus turmush o'rtog'i orqali jinsiy yo'l bilan o'tgan.

Albatta, bunday yuqumli kasalliklarning keng tarqalishida Rossiyadagi turmush-tarzi aybdor, deyishdan yiroqmiz. Gap shundaki, yoshlarimizning elementar tibbiy saboqdan bexabarligi, tibbiy madaniyati pastligi mana shu muammolarning asosiy o‘zagidir.

“Isitma qachon chiqadi?” yoki jamiyat xushlamagan xastaliklar

Bundan bir necha yil burun Toshkent viloyatida YuNISEF tashkilotining xulqi og'ir yoshlar bilan “tengdoshga-tengdosh” loyihasida maslahat xizmatini ko'rsatganmiz. Loyiha turli yoshlar qatlami orasida OIV/OITS xastaligiga chalingan yigit-qizlar bilan muloqot qilishni ham maqsad qilgan edi. Tahlillarimiz shuni ko'rsatdiki, bizda OIV/OITSning keng tarqalishiga texnik yoki boshqa omillar emas, balki jamiyatda shakllangan qarashlar ko'proq sabab bo'lar ekan.

Nega deysizmi? Tasavvur qiling: agar tanishlarimizdan kimdir gepatit virusini yuqtirib olganini eshitsak, avvalo, unga achinib, davolanishni tavsiya qilamiz. Agar kimdir OIV/OITSga chalinganini eshitsak, xayolimizda bemor haqida yomon fikrlar o'ta boshlaydi: “Demak, u giyohvand bo'lgan yoki pullik intim xizmatlaridan foydalangan”. Bir so'z bilan aytganda, OIV/OITSga chalingan odam yaxshi odam emas.

Vaholanki, gepatit virusining yuqish ehtimoli OIVdan ko'ra 100 baravar tez yoyiladi. Lekin odamlarning ongida shakllangan turli salbiy qarashlar OIV/OITSga chalingan odamlarning o'z kasalligini yashirishga undaydi. Ular imkon qadar bu muammosini birov eshitmasligini istashadi — shu yo'l bilan ushbu virusning tarqalishiga qo'shimcha sharoit yaratgan bo'ladi. Chunki u OIV/OITSga chalinganini aytgan kuni butun jamiyat undan yuz o'girishi mumkinligini biladi.

Shuning uchun ba’zan kasallikka qarshi kurashni odamlarning ongidan boshlashga to'g'ri keladi. Chunki odamlar bunday kasalliklarni to'g'ri qabul qilmas ekan, ushbu viruslar xufyona rivojlanishda davom etadi. Biz hech qachon ushbu kasallik ko'lami va statistikasi haqida aniq va ravshan ma’lumotga ega bo'lmaymiz.

Norasmiy ta’lim — tibbiy madaniyatni yuksaltirishning muqobil varianti

Shuni alohida qayd etish kerakki, O'zbekistonda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida tibbiy ta’limning yo'nalishlari qamrab olinadi, reproduktiv salomatlik asoslari, jinsiy tarbiya va boshqa prinsipial masalalar yuzasidan bilim beriladi.

Afsuski, bugungi kunda yoshlarimizning turmush qurgandan so'ng duch kelayotgan muammolari, qolaversa, qator nodavlat notijorat tashkilotlari olib borgan tadqiqotlar shuni ko'rsatmoqdaki, yoshlarimizda tibbiy bilimlar juda sayoz bo'lib qolmoqda. Ekspertlar fikricha, bunga, avvalambor, tibbiy bilimlarni berish bo'yicha pedagogik-mutaxassislarning salohiyati va malakasini oshirish zarurati sabab bo'lmoqda. Qolaversa, O'zbekiston jamiyatida shakllangan uzoq yillik an’ana va qadriyatlar ota-ona va bola o'rtasida tibbiy mavzuda muloqotlarning bo'lmasligiga yo'l ochmoqda. So'rovlarga ko'ra, respondentlarning qariyb 80 foizi jinsiy tarbiyani ota-onasi bilan hech qachon muhokama qilmaganini qayd etgan. Albatta, ota-ona bilan ushbu mavzuda muloqotga kirishish, qolaversa, kursdoshlari yoki sinfdoshlari orasida o'qituvchiga qiziqtirgan savolini berishga hamma ham jur’at qila olmaydi. Chunki ular kulguga qolishni yoki dashnom eshitishni istamaydi.

Shuning uchun yoshlarning tibbiy madaniyatini oshirishda turli nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini, xususan, norasmiy tibbiy bilim maskanlari va dasturlarini ko'paytirish ayni zaruratdir. Chunki yoshlar uchun birinchi o'rinda malakali tibbiy bilim kerak, ikkinchi o'rinda ularning shaxsiy daxlsizligini hurmat qilish va axborotining konfidensialligini ta’minlash juda muhimdir. Shundagina yoshlar malakali axborot olishga, o'zini qiynayotgan savollarga javob topishga, ayni paytda o'zining tibbiy bilimini oshirishga muvaffaq bo'lishadi. Bunday tajriba Sharqiy Yevropa mamlakatlarida o'zini oqlaganini aytadigan bo'lsak, bizda ham naf keltirishi turgan gap. Muhimi, yoshlarimiz tibbiy bilim olish uchun qo'shimcha va muqobil manbalarga ega bo'ladi va kasal bo'lganda emas, balki oldinroq shifokorga murojaat qilish madaniyatini o'zlashtiradi.

 

Yusuf Toshkenboyev

Izohlar

Анваров Шавкат's picture
Ассалом Алайкум Сахар скул мамуриятьи хамда ушбу макола муалифи! Узим шу сферада волонтерлик килганим учун хамда,ёшлар билан ишлаганим ва келажакда шифокор болишимни хисобга олганда маколага жуда кизикдим. Макола учун рахмат Юсуф Тошкенбоев. Макола бойча айрим саволларим ва таклифларим бор. Агарда хеч ким карши болмаса уларни байон этсам.
yusuf.toshkenboyev's picture
Шавкатбек, сизнинг ушбу мақолага билдирган фикр ва мулоҳазангиз нафақат мактаб маъмурларига, айни пайтда муаллиф сифатида менга ҳам қадрлидир.
Анваров Шавкат's picture
1)Макола бошида репродуктив саломатлик хакида гап очдингиз, бу жуда тогри йошларни тиббий салохияти ва маданияти камлиги мен озим боргин мактаб ва коллежларда хозиргача ОИВ вирусини хаво оркали отади дэб ойлаган боллалар мавжуд эди. Лекин сиз гапингизни тугатмадингиз репродуктив саломатлик нималигини копчилик билмайди дэб озингиз хам бу хакида малумот бериб кетмадингиз.
yusuf.toshkenboyev's picture
Албатта, кейинги мақолаларда ушбу жиҳатга алоҳида эътибор қаратаман. Раҳмат таклиф учун.
Анваров Шавкат's picture
2)Терминалогия. Ишонаманки бу сизни бринчи маколангиз эмас "do‘xtur" дэб ёзишингиз тогрилигига шубха киламан балки бу сизни озига хос йоналишингиздир, лекин тогрирок боларди тиббийот ходимлари йохуд,"шифокор" дэя такидласангиз
yusuf.toshkenboyev's picture
:) тўғри айтдингиз, буни йўналиш десаям бўлади. Ёзишда сағал эътиборни жалб қилиш учун шу усулни танлаган эдим. Умуман,кўпчилик оммага мўлжаллангани учун шундай йўл тутгандим. Аслида фикрингиз жуда ўринли.
Анваров Шавкат's picture
Яна бир нарса UNFPA бу Бирлашган Миллатлар Ташкилотининг ахолишунослик бойча фонди хисобланади, ташкилот эмас
yusuf.toshkenboyev's picture
Нима десам экан, ташкилот умумий тушунча. Материалда гарчи ЮНИСЕФ тилга олинган бўлса-да, фикрингизда жон бор.
Анваров Шавкат's picture
Хакикатдан хам одамлар ОИВ вирусини юктириб олган инсонларга нисбатан "дискриминация" килиш муоммоси мавжуд чунки ушбу эпидемия энди таркала бошлаганда одамларни коркитиш йоли билан ОИВ хакида малумот берилган, хозирда эса бу хатоларни тогирлашга каратилган ишлар олиб борилмокда, чунки бизда дискриминацияга асло йол коймаслигимиз керак
yusuf.toshkenboyev's picture
Албатта, аслида бу мазкур масалада энг катта муаммоимиз ҳисобланади. Чунки дискриминация ва стереотипларга қарши курашмас эканмиз, бу касалликларнинг олдини олиш учун қанча курашмайлик ўйлаган натижага эриша олмаймиз
Анваров Шавкат's picture
Сизга саволим барса статистика малумотлари каердан олгани хакида кискача йозиб койсангиз. Мисол кандай хужжат, уни тасдикланган сана
yusuf.toshkenboyev's picture
Материалда кўпроқ фикр беришни мақсад қилганим учун манбаларни кўрсатишда эринчоқлик қилгандим. Асосий маълумотлар Ўзбекистон Республикаси Соғлиқни сақлаш вазирлигининг www.minzdrav.uz сайтида берилган. Қолаверса, ўзим ушбу соҳада кўп йиллардан бери фаолият юритганим учун айрим ошкор қилинмаган ахборотлардан ҳам фойдаландим.
Анваров Шавкат's picture
"Gap shundaki, yoshlarimizning elementar tibbiy saboqdan bexabarligi, tibbiy madaniyati pastligi mana shu muammolarning asosiy o‘zagidir." гапингизга кошиламан сиз хаксиз. Лекин кани сиз томондан таклиф этилган муоммонинг ечими? Сиз озингиз бу нарса хал этиш учун кандай хисса кошдингиз?
yusuf.toshkenboyev's picture
Мен жуда кўплаб ижтимоий муаммоларни ҳал қилишнинг негизи билимдан бошланади, деб ҳисоблайман.Шунинг учун материал сўнгида ноформал таълимни ривожлантиришни таклиф қилдим. Чунки ноформал таълим жуда кўплаб мамлакатларда синовдан ўтган самарали воситадир. ўзим мана шундай таълим тадбирларини мунтазам ўтказиб тураман.
Анваров Шавкат's picture
Менинг объектив фикримни тогри кабул киласиз деган умидаман. Жавоблар учун олдиндан рахмат. Хурсат ила Шавкат Анваров
yusuf.toshkenboyev's picture
Шавкатбек, аввало, саволларингиз ва фикрларингизга кеч жавоб берганим учун узр сўрайман. Лекин сизнинг ҳар бир фикрингиз, таклифингиз мен учун қадрли. Яна бир марта эътибор учун ташаккур.