Mentorlar biografiyasi

Ushbu sahifada siz Sahar maktabi ishtirokchilariga - talabalariga - ustozlik qilishga qiziqish bildirgan turli sohalardagi mutaxassislar biografiyalarini o'qishingiz mumkin.

Lola Aminova

Ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish va yoshlarni rivojlantirish sohasi bo’yicha mutaxassis

Lola Aminova, O’zbekistonning Samarqand shahrida tug'ilganlar. Samarqand Davlat Universitetining Tarix fakultetini Bakalavr va Magistrlik ilmiy darajasi bilan tugatganlar. Talabalikka qo’shimcha ravishda “Youth Power” va “Tengdoshim” kabi yoshlar tashkilotida va Birlashgan Millatlar Tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasida yoshlarga turli xil mavzularda seminar-treninglar o’tkazib kelganlar. Viloyatlarda yosh trenerlarni tayyorlash bo’yicha faoliyat ko’rsatganlar. Shuningdek, ko’p yillar davomida Turizm sohasida Turist-Gid sifatida faoliyat ko’rsatganlar. 

Lola o’z faoliyatlari va o’qishlari davomida erishgan yutuqlari uchun turli xil mahalliy va xalqaro sovrinlarga va chet elda malaka oshirish imkoniyatiga ega bo’lganlar. Lola, o’zlarining ikkinchi magistrlik ilmiy darajalarini ASQShning Portland Davlat Univeristeti Ijtimoiy va Psixologiya sohasida faoliyat ko’rsatish yo'nalishi bo’yicha tugatganlar.

Shezod Gulamov

Ijtimoiy tashkilotlarni boshqarish va yoshlar bilan bog’liq dasturlarda faoliyat ko’rsatish bo’yicha mutaxassis

Sherzod ijtimoiy sohadagi o’z faoliyatlarini Samarqand Shahar Qizil Yarim Oy Jamiyatida volontyorlik qilish bilan boshlaganlar. Keyinchalik “Youth Power” yoshlar markazida treninglar o’tkazish bo’yicha mutaxassis va markaz direktori bo’lib faoliyat ko’rsatganlar. Sherzod, Samarqand Davlat Universitetinig Tarix fakultetini bitirganlar.

2008-yildan boshlab AQShda yashab kelmoqdalar. Ushbu vaqt davomida New York Shahar universitetini Ijtimoiy va davlat tashkilotlarini boshqarish bo’yicha magistrlik ilmiy darajasi bilan tugatganlar va turli xil mahalliy va xalqaro tashkilotlarda ish tajribasini ortirganlar.

Sherzod, Ijtimoiy Marketing, Dasturlarni boshqarish, Byudjet tuzish va tahlil qilish kabi yo’nalishda tajribaga egalar. Shuningdek yangi innovatsion g’oyalar va texnologiyalarga katta qiziqish bilan qaraydilar. Sherzod, Sahar Makatabi Mentorlik dasturidagi faoliyatlariga qo'shimcha ravishda o'zlari ham mentorlik qilishga qiziqadilar.

Sahar maktabi ishtirokchilariga munosib mentor tanlashda yordam berish, mentorlik dasturida qanday qilib muvaffaqiyatli va unumli qatnashish kabi masalalarda yaqindan yordam berib keladilar.

Luba Roytburd

Psixologiya fanlari doktori va yoshlar bilan ishlash bo’yicha mutaxassis

Luba Roytburd – AQShning Maryland Universitetini Psixologiya va Rus Adabiyoti yo’nalishi bo’yicha bakalavr unvoni bilan tugatib, New York shtatining Albany Universitetida Psixologiya fanlari doktorligi yo’nalishi bo’yicha o’qiganlar. O’z faoliyatlari davomida New York shahridagi yoshlar bilan ishlash markazi direktori, kam taminlangan oilalar va aholining ijtimoiy zaif qatlamida o’sib katta bo’lgan yoshlarga psixologik yordam ko’rsatish markazida faoliyat ko’rsatganlar. Shuningdek, New York shahar universiteti va Manhattan kollejida psixologiya fanlaridan talabalariga dars berib keladilar.

2008 yildan boshlab o’zlarining psixologik markazlarini ochib yoshlarga, talabalarga va katta yosh vakillariga turli xil psixologik xizmatlar ko’rsatib keladilar. Luba Roytburd, Rus va Ingliz tillarida bemalol suhbatlasha oladilar. Luba Roytburd, yoshlar bilan  ishlash va ularga o’qish va ishlarida muvaffaqiyatga erishish  uchun yordam berishga qiziqadilar.

Diyora Karabaeva

Biznes boshqaruvi, bank va moliya sohalari bo’yicha mutaxassis

Diyora Karabaeva, O’zbekistonda biznesni boshqarish, moliya va bank sohalarida ham amaliy ham ilmiy tajriba va bilimga egalar. Diyora Toshkent shahridagi Westminster Universitetining Iqtisodiyot yo’nalishi bo’yicha bakalavr unvoniga egalar. Shiningdek, Singapurning Nanyang Tehnologik Universiteti va Yaponiyaning Waseda Universitetining Biznesni boshqarish yo’nalishi bo’yicha magistirlik diplomiga egalar. Bunga qo’shimcha ravishda Diyora Karabaeva, AQShda o’qish va ishlash tajribasiga egalar.

O’z faoliyatlari davomida Diyora, O’zbekistonning “Ipak Yo’li” bankida katta mutaxassis sifatida ishlaganlar. Shuningdek AQShda o’qish davomida bir qator kichik bizneslarda ishlab tajriba orttirganlar. Diyora, ijtimoiy sohada ishlash hamda ko'ngillilikka qiziqadilar va Birlashgan Millatlar Tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasida volonter bo'lib ham ishlaganlar.

Umid Mamadaminov

Tadbirkorlikda innovatsion texnologiyalar va alternative energiya manbalaridan foydalanish soxasi bo'yicha mutaxassis

Umid Mamadaminov, O’zbekiston hududida tadbirkolik, eksport va import sohasida 6 yildan oshiq vaqt davomida faoliyat ko’rsatganlar. Shuningdek, alternativ energiya manbalari va texnoligiyalari (quyosh energiyasi, shamol energiyasi) sohasida ham amaliy va nazariy bilim va tajribalari mavjud. Umid Mamadaminov, Toshkent Davlat Texnika Universitetini “Sanoat Elektronikasi” Muhandisligi sohasida bakalavr va keyinchalik magistrlik darajasi bilan tugatganlar. O’qish davomida iqtidorli talabalarga beriladigan Al-Beruniy Davlat mukofotiga sazovor bo’lganlar.

Shuningdek, Toshkentdagi Uzbek-Yapon markazida o’qib, Biznesni Boshqarish bo’yicha olti oylik dasturni tamomlaganlar. Yuqoridagilarga qo’shimcha ravishda, AQShning Oregon Texnologilayar Institutida Qayta Tiklanadigan Energiya Muhandisligi sohasida Magistraturada ta’lim olganlar.

Umid Mamadaminov, innovatsion texnologiyalar, ijtimoiy tadbirkolik, yangi kichik biznes, va mavjud muammolarni yechishda yangi texnologiyalarning qo’llashga katta qiziqish bilan qaraydilar. Marketing, loyihalarni tahlil qilish va ularni boshqarish ko’nikmalariga egalar.

Noila Sorenson

Ijtimoiy loyihalarni strategik rejalashtirish va amalga oshirish bo'yicha mutaxassis

Noila Sorenson, Toshkent Davlat Texnika Universitetini Moliyaviy Boshqaruv bo’yicha bakalavr darajasi va Vashingtondagi Amerika Universitetini Xalqaro va Global Rivojlanish sohasi bo’yicha magistrlik darajasi bilan tugatganlar.

Noila Sorenson turli-xil xalqaro tashkilotlarda faoliyat ko’rsatib o’z bilim va tajribalarini oshirganlar. Bular qatoriga Amerikaning Saraton Xastaligiga Qarshi kurashuvchi jamiyati, Millatlararo jinoyat va korruptsiyaga qarshi kurashish markazi, Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi elchixonasi va Toshkent Xalqaro Maktabi kabi tashkilotlar.

Bugungi kunda, Noila Sorenson, “Campaign for Tobacco-free Kids” xalqaro tashkilotida Ukraina davlati bo’yicha koordinator bo’lib faoliyat ko’rsatib kelmoqdalar. Ushbu faoliyatlari davomida, Noila, jamoat joylarida tamaki chekishni va tamaki mahsulotlarining reklamasini taqiqlashga qaratilgan bir qancha muvaffaqiyatli ommaviy aksiyalarni boshqarib kelmoqdalar.

Davron Mirsagatov

Xalqaro rivojlanish bo'yicha mutaxassis

Davron Mirsagatov har bir kishining o’z jamiyati uchun kichik ijtimoiy ishlarni amalga oshirishi muhimligini AQShning Texas shtatidagi almashuv dasturida (Exchange program) qatnashish orqali o’rgandi. Ushbu tajriba uni O’zbekistonda ijtimoiy sohada yanada faol qatnashishiga turtki bo’ldi. O’zbekistonga qaytgach UNESCO tomonidan tashkillashtirilgan “OITSsiz kelajak sari" dasturida o’z maktabining vakili sifatida qatnashadi. Ushbu tashabbus doirasida OITS va reproduktiv salomatlik bilan bog’liq mavzular bo’yicha faloiyat olib borgan.

O’zbekiston Milliy Universitetining Siyosatshunoslik fakultetini bakalavr unvoni bilan tugatganidan so’ng, Davron BMTning Aholishunoslik bo’yicha jamg’armasining New Yorkdagi bo’limi xodimi bo’lib xizmat qiladi.  Keyinchalik Davron UNFPAning O’zbekiston bo’limiga ko’chib o’tadi va yoshlarni ko’ngilli faoliyatga safarbar qilish va ta’lim dasturini amalga oshirish loyihasida koordinator bo’lib faoliyat ko’rsatadi. Shuningdek, Davron AQShning O’zbekistondagi elchixonasida fuqarolik jamiyatini rivojlanitirishni qo’llab-quvattlash  bo’yicha kichik grantlar dasturida faoliyat ko’rsatdi.

Ushbu loyiha va dasturlaridagi tajribasidan kelib chiqqan holda, Davron oddiy tashabbuslarni qo’llab-quvvatlash asta-sekin bo’lsada jamiyatga ijobiy o’zgarishlarni olib kelishiga amin bo’ldi. Davron, yoshlarning rivojlanish daturlarida qatnashishi muhimligiga qat’iyan ishonadi va yoshlar nafaqat kelajagimiz, balki bugunimiz shiori bilan yashaydi. Hozirgi kunda o’z amaliy tajribasini ilmiy bilimlar bilan boyitish maqsadida, Davron AQSHning Massachusets shatatidagi Brandeis Universitetida Xalqaro Barqaror Rivojlanish yo’nalishining Magistilik daturida ta’lim olmoqda. 

Temur Shukurov

Biznes va tadbirkorlik sohasida mutaxassis

Temur Shukurov, 1989-yilda Jizzax shahrida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy. Mutaxassisligi bo’yicha  oziq-ovqat xavfsizligi yo’nalishida texnolog. Bugungi kunda Jizzax shahrida istiqomat qiladi va ayni damda O’zbekiston savdo-sanoat palatasining Jizzax viloyat hududiy boshqarmasida bo’lim boshlig'i lavozimida ishlab kelmoqda.        

Xayotda optimist. Ish faoliyati davomida turli xildagi tadbirkor va fuqarolar bilan muloqotda bo'ladi va shu sababli suhbat qilishni yoqtiradi. Suhbat davomida suhbatdoshni tinglash bilan bir qatorda o’z fikrini aniq, tushunarli tarzda suhbatdoshiga yetkazishga harakat qiladi.

Ish faoliyati davomida bir qancha biznes loyihalarni hamda ijtimoiy, iqtisodiy muammolarga yo’naltirilgan loyihalarni amalga oshirgan va bugungi kunda ham davom ettirib kelmoqda.  O’z bilimi ustida doimo ishlaydi va izlanadi. O’z bilim va tajribalarini yanada oshirish va mavjudlarini mustahkamlash maqsadida turli xildagi o’quv kurslar, treyninglarda mahalliy va xorijiy ekspertlardan bilim olib tajriba almashadi.

Mentorlik dasturida qatnashishdan asosiy maqsad o’z bilim va tajribalarini yanada oshirish va mustahkamlash, ish faoliyatida iloji boricha ko’proq tadbirkorlarga yordam ko’mak berish,tadbirkorlik qilish istagi bo'lgan fuqarolarga yo’l ko’rsatish va shu orqali O’zbekiston ravnaqida oz bo’lsada o’z hissasini qo’shishdir. Xayotdagi maqsadi esa, yashash, ya’ni mustahkam oila qurish va o’zidan yaxshi nom qoldirish.              

Dilafruz Zulparova

Sog'liqni saqlash yo'nalishi bo'yicha mutaxassis

Dilafruz Zulparova, AQShning Sharqiy Michigan Universitetida Sog'liqni Saqlash boshqarmasi yo’nalishi bo’yicha oqib, bakalavr darajasi bilan tamomlagan. Ayni paytda  Michigan Universitetining shifoxonalar va poliklinikalar boshqarmasidagi  Radyologiya bo’limida xizmat qilmoqda. Xususan Dilafruz ultratovush, magnit aks sado ko'rish, atom tbbiyoti va computed tomografiya sohalarda ishlaydi. Dilafruzing kasallarga sifatli xizmat ko’rsatish va diagnostik tasvirlarni to’g’ri hujjatlashtirish orqali tibbiy xatolarni bartaraf  etish masalasida ishtiyoqi baland.

Ilgari Dilafruz USAIDningn O’zbekistonda Qishloq joyrlarida birlamchi tibbiy imkoniyatlarni rivojlanitish loyihasi va Shvetsariya rivojlanish va hamkorlik qilish agentligining loyihalarida faoliyat ko’rsatgan. U O’zbekistondagi qishloq maktablarida sanitariya holatini yahshilash va qo'l yuvish uchun  toza suv ta'minoti olib kelish bo'yicha grant loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Mentorlik dasturi orqali, Dilafruz o’zining  loyihani rejalashtirish, amalga oshirish, monitoring va baholash bo'yicha professional tajribasini boshqa yoshlar bilan bo’lishishni rejalashtirmoqda.

Mirjahon Turdiyev

Jismoniy imkoniyati cheklanganlarni ijtimoiy integratsiyalash bo'yicha mutaxassis

Mirjahon Turdiyev, turli mahalliy va halqaro tashkilotlarning loyihalari va dasturlarida 13 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat ko’rsatib keladilar. Mirjahon faoliyatlari davomida asosan mahalliy hamjamiyatlarni mahalliy darajadagi ijtimoiy, iqtisodiy va infratuzilma masalalarga yechim topishda tashabbuskor bo’lishga yo’naltirish, kam daromadli oilalar, xususan ayollar uchun mikrokredit dasturlarini amalga oshirish va baholash, ijtimoiy tadbirkorlik yo’nalishini tadbiq qilish hamda sharoiti cheklangan shaxslarning imkoniyatini oshirish va ularning jamiyatning to’laqonli ishtirokchisi bo’lishlariga qaratilgan loyihalarda ish olib borganlar.

2014 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturining (UNDP) O’zbekistonda Sharoiti cheklangan shaxslar xuquqlari bo’yicha konsultant bo’lib ishlaganlar.

2011-2014 yillar davomiva, Yaponiya Xalqaro Hamkorligi Agentligining (JICA) O’zbekistonda nogironlik masalalari bo’yicha konsultant bo’lib ishlaganlar.

2009-2011 yillar davomida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturining (UNDP), “ACCESS” loyihasida, Ijtimoiy tadbirkorlik bo’yicha mutaxassis bo’lib faoliyat yuritganlar. Ushbu loyiha asosida, O’zbekistondagi sharoiti cheklangan shaxslarning notijorat tashkilotlari qoshida ijtimoiy tadbirkorlikni targ’ib qilish, ijtimoiy tadbirkorlik loyihalarini tuzish va moliyalashtirish bo’yicha ish olib borganlar.

Mirjahon Qarshi Davlat Universiteting Ingliz filologiyasi fakultetini 1999 yil tugatganlar. Hozirda AQSHning New York shtatidagi Syracuse Universiteting, Maxwell School of Citizenship dargohida ta’lim olmoqdalar. Syracuse Universiteting, Maxwell School of Citizenship dargohi o’z sohasi bo’yicha AQSHdagi universitetlar orasida 1-o’rninni egallaydi. Qo’shimcha ravishda o'z kasbiy mahoratlarini ko’plab xalqaro tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan treninglarda qatnashish orqali doimo mukammallashtirib borganlar.

Mirjahon Turdiev, 2003 yildan boshlab ijtimoiy tadbirkorlik sohasida faoliyat ko’rsatib kelmoqdalar. Ijtimoiy Tadbirkoliking jamiyat rivojlanishidagi o’rni muhimligiga qat'iyan ishonadilar. Shuning uchun Sahar Ijtimoiy Tadbirkorlik maktabing yosh tadbirkorlariga yordamlashsih maqsadida Mentorlik dasturida qatnashmoqdalar.