Yosh ijtimoiy tadbirkorlarning muvaffaqiyatiga mentor sifatida hissa qo'shing!

Siz o‘zingizni zamonaviy bilimlarga ega, tajribali mutaxassis deb bilasizmi? Xorijiy davlatlarda o‘qiganmisiz? Yaratuvchanlik, g‘ayrat va shijoat egamisiz? Rezyumeingizni yangi ish va malaka tajribasi bilan boyitishni istaysizmi? Eng muhimi, o‘z bilim va tajribalaringizni yurtdoshlaringiz bilan baham ko‘rishni istaysizmi?

Unda omadim keldi, deyavering! Sahar Ijtimoiy tadbirkorlik maktabi sizni O‘zbekistondagi yosh  ijtimoiy tadbirkorlarga mentorlik qilishga taklif etadi! Sizning yordamingiz bilan yosh ijtimoiy tadbirkorlar o‘z sohalarida yetakchilarga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Sahar maktabi yoshlarga ijtimoiy tadbirkolik haqida o‘zbek tilida onlayn ta’lim beradigan birinchi maktabdir. Kurs bitiruvchilarining nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etish, ularning ilmiy va tajribaviy resurslarini yanada boyitish uchun Sahar maktabi mentorlik dasturini tashkil qildi.

Mentorlik qilish uchun ijtimoiy tadbirkor bo‘lish, bu sohadan xabardor yoki shu yo‘nalishda o‘qigan bo‘lishingiz shart emas. Biz istalgan yo‘nalish bo‘yicha tajriba va malakaga ega mutaxassislarni mentorlik dasturiga qabul qilamiz. Chunki talabalar har xil soha vakillari bo‘lib, turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritgan tajribali yurtdoshlarining yordamiga ehtiyoj sezmoqdalar.

Mentorlik nima?

Mentorlik bu tajribali insonning ma’lum bir sohada endigina birinchi qadamini boshlagan yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi va maslahat berishi degani.  Mentorlik “ustoz va shogird” ma’nosiga o‘xshash bo‘lsada, lekin u qisqa vaqt davom etadi va ma’lum bir masala bo‘yicha bir martalik maslahat yordami bo‘lishi ham mumkin.

Siz bugungi kundagi muvaffaqiyatlaringizga erishishingizga ko‘plab insonlarning mehnati singgan, shunday emasmi? Mentorlik dasturini ochishdan maqsadimiz ham shu. Sizdek muvaffaqiyat qozonishni istaydigan va buning uchun yetarli salohiyatga ega, ammo kimningdir yo‘l ko‘rsatishiga muhtoj bo‘lib turgan yoshlar sizdek tajribali mutaxassisning maslahatiga juda muhtoj. Bu yoshlarning ham siz erishgan marralarga chiqishini istaysizmi? O‘zbekistonning turli shahar va qishloqlarida yashayotgan yoshlarning hayoti, muammolari va qiziqishlari hamda imkoniyatlari haqida xabardor bo‘lishnichi? Agar chet elda yashayotgan bo‘lsangiz, mentorlik o‘z vatandoshlaringiz va madaniyatingiz bilan qayta bog‘lanishingiz uchun katta imkoniyat yaratadi.

Mentorlik o‘zaro hamkorlikdir. Siz mentorlik orqali yosh ijtimoiy tadbirkorlarga o‘z loyihalarini amalga oshirishda qiziqishlariga qarab yordam ko‘rsatasiz va ustozlik qilasiz. Ayni damda mentorlik o‘zingizning yetakchilik ko‘nikmalaringizni rivojlantirishga va bu sohada tajriba orttirishingizga yordam beradi. 

Ijtimoiy tadbirkorlik nima?

Butun jamiyat, ayniqsa, kam ta’minlangan qatlamlarga foyda keltiruvchi innovatsiyon, amaliy va davomiy tashabbuslarni amalga oshirish.

Kim mentor bo‘la oladi?

Tashabbuskor, bilimli va tajribali mutaxassis; Talaba bilan o‘z tajribasini o‘rtoqlashish istagi bor, talaba loyihasining ro‘yobga chiqishiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan, maslahatlarini ayamaydigan hamda ustozlik qila oladigan shaxs; O‘zbek, rus yoki ingliz tillarining birida muloqot qila oladigan shaxs.

Siz kimga yordam berasiz?

Bo‘lajak ijtimoiy tadbirkorlar – O‘zbekistonning turli viloyatlarida istiqomat qiluvchi, o‘z mahallalari oldida turgan ijtimoiy ehtiyojlarga yechim topishga harakat qilayotgan Sahar maktabi bitiruvchilaridir. Bu yosh yetakchilar yangi ish joylarini ochish, yoshlarga ta’lim berish, o‘z mahallalarini rivojlantirish, elektr resurslaridan samarali foydalanish hamda energiya ishlab chiqarishning muqobil yo‘llari, ya’ni quyosh energiyasidan foydalanish kabi loyihalar ustida ishlamoqda. Sahar maktabi kurslarida o‘qish davomida ular turli xil yangi innovatsion loyiha g‘oyalarini ishlab chiqish hamda ularni tahlil qilishni o‘rganishgan, ammo o‘z loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda siz kabi tajribali mutaxassislarning ko‘rsatmalariga muhtoj. Sahar maktabi jamoasi qiziqishlari mutaxassisligingizga, tajribangizga mos bo‘lgan talabani sizga biriktiradi.

Mentor bo‘lish uchun ijtimoiy tadbirkor yoki shu shohada o‘qigan bo‘lishim kerakmi?

Mentor bo‘lish uchun ijtimoiy tadbirkor bo‘lish yoki bu sohadan xabardor bo‘lish, shu yo‘nalishda o‘qigan bo‘lish talab etilmaydi. Biz istalgan yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislarni mentorlik dasturiga qabul qilamiz. Chunki talabalar turli sohalardagi tajribali yurtdoshlarning yordamiga ehtiyoj sezadi.

Mentorlik qilishdan qanday foyda bor?

Maktabimiz mentorlarga dastur davomida turli ko‘rinishda yordam ko‘rsatadi. Mentorlik dasturimiz ko‘ngilli sifatida o‘z yurtdoshlariga yordam berishni istovchi mutaxassislar uchun bo’lsada, ba’zan mentorning alohida sharoitini hisobga olgan holda, aloqa va texnologiyalar bilan bog’liq xarajatlar dastur tomonidan qoplanishi mumkin. Bunday holatlarda dastur ma’muriyati mentor bilan uning moliyaviy sharoitni muhokama qilib, alohida kelishuvga erishadi. Har bir muvaffaqqiyatli yakunlangan dasturdan so‘ng, mentorlarga ularning bu faoliyati haqida sertifikat beriladi. Bundan tashqari, Sahar maktabi ushbu faoliyatingiz haqida o‘qishga, ishga yoki boshqa taalluqli joylarga tavsiyanoma yozib berishi mumkin.

Mentorlik qancha vaqtimni oladi?

Biriktirilgan talaba bilan kamida ikki hafta davomida va/yoki haftasiga kamida bir soat onlayn tarzda uchrashib, gaplashish va maslahat berishga vaqt ajrata olishingiz kerak.

Arizani boshqa tillarda ham to‘ldirsa bo‘ladimi?

Ariza formasini o‘zbek yoki rus tilida topshirish mumkin. Buning uchun info@saharschool.org manziliga til tanlovingizni bildirgan holda xabar bering.

На русском языке

Mentor bo‘lish uchun quyidagi mentorlik formasini to‘ldirib topshiring. Qo‘shimcha ma‘lumot olishni xohlasangiz, bizga info@saharschool.org manzili orqali bog‘lanishingiz mumkin.

application form: 

Mentor Application

*Arizani O'zbek tilida ko'rish uchun mana bu yerni bosing.

Thank you for agreeing to be a mentor for Sahar School graduates. Your contribution to the program is highly valuable. We hope that this program will also benefit you greatly.The information in this form will be kept confidential and will be used only to match you and the mentee.

Please provide as much information as possible.