Ziyo in qurgan qalblar sari

Hozirgi kundagi eng katta ma’naviy portal egasi Tojialiev Davronbek Rustamovich 1984-yil 15-fevral kuni Marg'ilon shahrida dunyoga kelgan. O'zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini (2005) va O'zbekiston Milliy universitetini (2007) tamomlagan.

"Ma’rifat" gazetasida muxbir, dizayner, "Tafakkur" nashriyotida axborot texnologiyalari bo'limi boshlig'i, Nyu-York shahrida chop etiladigan birinchi o'zbek gazetasi "Vatandosh"da bosh muharrir lavozimlarida ishlagan.

Jurnalistika sohasida Germaniya, Polsha va Qozog'istonda malaka oshirgan. U tashkil etgan www.ziyouz.uz portali UZ Milliy domeni 2012 Internet-festivalining "Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt" yo'nalishida birinchi o'rinni qo'lga kiritgan. 2013-yili xalqimizning ko'p asrlik  ma’naviy qadriyatlari, madaniyatini keng targ'ib qilish, milliy manfaatlarimizni himoyalash, yoshlarni turli axborot xurujlari, jumladan, "ommaviy madaniyat"ning salbiy ta’siridan asrashga qaratilgan jurnalistik faoliyati uchun Internet-jurnalistika yo'nalishida “Oltin qalam” Milliy mukofotini qo'lga kiritgan.

Davronbek Tojialiev bilan suhbatimiz "Ziyo istagan qalblar uchun" shiori ostida faoliyat yuritayotgan "Ziyouz" portali haqida bo'ldi.

     

     Portal to'g'risida qisqacha so'zlab bersangiz. Necha yildan beri xizmat qilib kelmoqdasiz?

- Ziyouz.com portali O'znetdagi eng katta kutubxonaga ega bo'gan sayt. Shuningdek, o'zbek adabiyoti va madaniyati targ'ibi bo'yicha ham portalda katta ishlar amalga oshirildi. Ziyouz sahifasi ilk bor 2004-yil 9-aprel kuni internetga kiritilgan. O’'handa saytda 20 ta maqola mavjud edi. Yarim yil ichida saytdagi maqolalar soni 300 taga etgan. O'sha paytda o'zbek tilida sanoqli saytlar bor edi, xolos.

     

     Saytning maqsad va vazifalari nimadan iborat?

- "Ziyouz" portalini tashkil etishdan maqsad insonlarga haqiqiy ma’noda ziyo ulashishdir. Zero, ziyo deb jismning o'zidan chiqqan yorug'likka aytiladi. Ilm ziyodir, ma’rifat ziyodir, iymon ziyodir, sabr ziyodir. Bekorga xalqimiz ilm-ma’rifatli, iymon-e’tiqodli insonlarni ziyoli deb atamaydi. Ular ilm-ma’rifat orqali insonlarga ziyo ulashadilar va ikki dunyo saodatiga erishadilar. Jamiyatni faqat ma’rifat ziyosigina zalolatdan saqlab qoladi. Haqiqatni anglash, bilish va uni tarqatish bilan inson ziyoga erishadi. Qalbida ziyo bo'lgan zotlar hech nimadan qo'rqmaydi. Ularning yo'llarini ziyo yoritadi. Ziyo ularni ulug'likka etaklaydi.

Hozirgi zamonda yoshlarimizning ilm-ma’rifatdan og'ib ketishayotganlari, o'tkinchi orzu-havaslarga berilib, haqiqatni unutayozganlari bor gap. Informatsion dunyoda taraqqiy etgan texnologiya insonni dangasa qilib qo'yayapti. Insoniyat tobora ilm-ma’rifatdan, ziyodan bebahra qolmoqda. Ota-bobolarimiz erishgan ilmiy-ma’rifiy yutuqlarga bugun erishish ertakka aylanib ulgurgan. Bashariyat faqatgina bugungi kuni bilan yashashga o'rganib qolmoqda…

Ilm-ma’rifatning oramizdan ko'tarilishi dahshat emasmi? Nega yoshlar orasida kuchli tafakkur egalari kam? Navoiylar, Ulug'beklar bizning yoshimizda erishgan ilm cho'qqilarining 10 dan biriga biz ham etdikmi? Nima uchun 10 yoshgacha Qur'oni karimni yodlab mukammal bilish, ming-ming misra she’rni yoddan aytish, ma’lum kashfiyotlarni yosh bo'laturib amalga oshirish, juda ko'p tillarni mukammal bilish va unda bemalol ijod qilish kabi holatlar oddiy hodisa emas? Nega uyimizda kutubxonalarimiz yo'q? Nega ilm, kitob talash emas? Nima uchun kutubxonalarimiz gavjum emas, bozorlarimizdek? Olgan kiyimimizni maqtaymizu, nega yangi o'qigan kitobimizdan, olgan bilimimizdan maqtamaymiz? Biz - yoshlar nega dangasa bo'lib qoldik? Turli xil kompyuter o'yinlari, video bilan hamnafas o'sayotgan kichik yoshlilardan keyin nimani kutish mumkin? Nima uchun ilmga rag'bat so'nib bormoqda? Bu kabi minglab savollar ziyo istagan ko'ngillarni doimo bezovta qilishi aniq. Zero, bizning maqsadimiz ham yoshlarimizni ilmga, ziyoga chorlashdir.

     

    Boshlagan paytingizdan beri nimalarga erishdingiz? Qanday yangi tashabbuslarni amalga oshirdingiz? Yutuqlaringiz to'g'risida aytib o'tsangiz.

- O'zbek interneti uchun zarur bo'lgan ko'p manbalar to'plandi. O'zbek va jahon adabiyoti namunalari to'planib, tizimga tushirildi, tartiblandi, ijodkorlar haqidagi ma’lumotlar ilova qilindi. Elektron kutubxona shakllantirildi. Ayni paytda kutubxonamizda kitoblar soni 4120 tani tashkil etdi. Ulardan 2458 tasi turli mavzudagi "PDF" kitoblar, 140 tasi darsliklar, 446 tasi jurnallar, 568 tasi audiokitoblar, 79 tasi mobil telefonlar uchun kitoblar hamda 429 tasi rus tilidagi o'zbek adabiyoti va tarixiga bag'ishlangan kitoblardir.

Ayni paytda www.ziyouz.com portalidan 13867 ta (asosiy portalda 8813 ta, islom.ziyouz.com da 2336 ta, www.ziyouz.uz da 3033 ta, ruscha sahifada 1130 ta, inglizcha sahifada 68 ta, shaxsiy blogimda 327 ta) ilmiy-ommabop, ma’rifiy maqolalar, 4120 ta elektron kitob (PDF, HTM, DJVU, MP3, JAR, APK formatlarida), o'zbek adabiyotidan 1920 ta nasriy asar, jahon adabiyotidan 673 ta nasriy asar, 700 dan ortiq ijodkorning faoliyatiga oid ma’lumotlar, o'zbek mumtoz she’riyatidan namunalar (124 ijodkor), zamonaviy o'zbek she’riyati namunalari (338 ijodkor), jahon she’riyati namunalari (298 ijodkor), 10000 dan ortiq o'zbek maqollari, 6500 ga yaqin jahon xalqlari maqollari, 265 ta hikoyat, 30000 ga yaqin hikmatli so'z va aforizmlar, 1500 ta topishmoq, 100 ga yaqin xalq ertaklari, yurtimiz haqida 900 dan ortiq fotosuratlar, 200 ga yaqin rasmli tabriknomalar o'rin olgan. Portal forumida 6640 ta mavzuda 309251 mulohaza qoldirilgan.

     

     Sizga bu tashabbusni yaratishga nima turtki bo'lgan? Bu saytni tashkil etishga undagan sabab nima edi? 

— Inson bu dunyoga keldimi, shu havodan nafas olib, shu tuproqdan ne’matlar eb, shu xalqning tarbiyasini ko'rdimi, endi o'zi ham shu xalqqa nimadir xizmat qilishi kerak, deb o'ylayman. Men portalni tashkil etayotganimda shuni niyat qilgandim.

     

     Nimaga erishmoqchi edingiz? Biror orzu niyatingiz bormidi?

- Bu portal xalqqa, Vatanga xizmat qilish niyatida ochilgan edi. Shu niyatga erishayotganimdan xursandman.

     

     Tashabbuslar samarasi uchun ehtiyojlarni aniq bilish katta ahamiyatga ega. Ehtiyojlarni qanday o'rgangansiz? Qaysi omillarga e’tibor  bergansiz?

- Men ish boshlagan paytimda eng katta ehtiyoj o'zbek tilida mavjud bo'lgan matnlar edi. Avvalo, o'zbek tilidagi ma’lumotlarni internetga joylashga harakat qilganman. Texnologiyalar rivojlanishi bilan ehtiyojlar ham oshib bormoqda. Masalan, 5-6 yil avval qo'l telefonida kitob o'qish rasm bo'lmagan edi. Hozir esa mana shunday qurilmalar uchun ham kitob tayyorlash ehtiyojga aylandi.

      

     Ishni nimadan boshlagansiz? Birinchi harakatlaringiz nimadan iborat bo’lgan?

- Ishni ma’lumotlar to'plab, ularni elektronlashtirib, ma’lum tartibga solishdan boshlaganman. Keyin ular asosida internet sahifalarini tashkil etganman. Portaldagi ma’lumotlar kaminaning 14-15 yillik mehnati samarasidir. Yoshligimdan turli xil ajoyibu-g'aroyibotlarga qiziqishim bois, dastavval kichik daftarlar, so'ngra kundaliklarga ma’lumotlar yig’ib yurardim. Internetning rivojlanishi sayin, o'zimda bor bo’lgan ma’lumotlarni ham aynan shu tarmoq orqali, boshqalarga ham ulashgim keldi. 

     

     Internet saytini yaratish uchun ma’lum bir texnik bilim va qo'nikmalar kerak, ularni alohida o'ganganmisiz? Yoki biladiganlarni jalb qilganmisiz?

- Alohida o'rganmaganman. Dasturlarni mustaqil hamda biladiganlardan so'rab-so'rab o'rganganman.

   

     Siz boshlagan paytda O'zbekistonda internet uncha keng rivojlanmagan edi. Shunga qaramasdan, siz ushbu tashabbusni amalga oshirishga kirishgansiz. Nimaga ishonchingiz bo'lgan?

- Texnologiyaning shiddat bilan rivojlanishi ishning boshlanishiga katta ishonch uyg'otgan.

   

     Har bir tashabbusni amalga oshirishda qiyinchiliklar bo'ladi. Sizda qanday qiyinchiliklar bo'lgan? Qiyinchiliklar oldida taslim bo'lmaslik uchun nima qilgansiz?  Tashabbusingizni amalga oshirish uchun moliyaviy yordam kerak bo'lganmi? Nimalar yoki kimlar sizni davom ettirishga undagan, ko'mak bergan?

- Albatta, yaxshi narsalarga osonlik bilan erishib bo'lmaydi. "Ziyo istagan qalblar uchun" loyihasi ilk bor internetga joylangan paytlarda domen va xosting to'lovlari ancha qimmat bo'lganligi bois (men esa stipendiyaga yashaydigan talaba edim) saytni "narod.ru" portali tarkibida sub-domen orqali boshqarardim. 2006-yili "Ziyouz" portali rasman "mustaqillikka erishdi". Turli bepul, lekin xarxashali xostinglardan qochib, mustaqil ravishda www.ziyouz.com nomi ostida yangidan faoliyat boshlandi. Dastlab Rossiyadan olingan xosting 50 Mb hajmda edi. Oyiga esa 1000 Mb traffik berilardi. Bu traffik esa oyning 10-15 kunida tugab qolar, qolgan kunlari sayt ishlamay turardi. Keyinchalik yana boshqa xostingga o'tganman.

Portalda ishlash men uchun — o'zim yoqtirgan mashg'ulot. Shu bois 8 yildan beri portal xarajatlari uchun hech kimdan moliyaviy ko'mak olmaganman. Bu meni tarbiyalagan shu xalq uchun xolis xizmatimdir. Lekin moliya sabab bo'lib bitmay qolgan loyihalarim ham bo'lgan. Chunki, bir o'zim ishlaganim bois ko'p narsalarga ulgurolmayapman. Lekin asta-sekinlik bilan bo'lsa-da, bitmay qolgan loyihalarni amalga oshirib, taqdim etishga harakat qilyapman.

Portalni dastlab tashkil etgan yillarim "bekorga vaqtingni sarflayapsan, undan ko'ra pullik ish qilsang bo'lmaydimi", deganlar ko'p bo'ldi. "Sen tengilar allaqachon mashina olib, uchastka qurdi. Sen bo'lsang qopdek sumkangni ko'tarib, haliyam kutubxonaning changini tozalayapsan…" deydiganlar hozir ham bor.

     

     Sheriklar yoki partnyorlaringiz bormi? Ularni qanday jalb qilgansiz?

- Hamkorlar bor. Olim va shoirlar, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilamiz. Shuningdek, yoshlar orasida ham ko'ngilli ko'makchilar bor. Ular maqola va kitoblarni tayyorlashda yordam bermoqdalar.

     

     Saytingizning ommabop bo'lishiga qaysi omillar sabab bo'ldi? Reklamadan foydalanganmisiz?

- Saytning ommaviy bo'lishiga eng katta sabab – uning ichidagi ma’lumotlar, manbalardir. Sayt ommaviyligini oshirish uchun reklamadan foydalanmaganman.

     

     Hozirgi kunda ushbu sohada raqobat qay darajada?

- Menimcha, ma’rifiy saytlar orasida raqobatdan ko'ra, hamkorlik kuchliroq, nazarimda.

     

     Hozirgi kunda nimalar ustida ish olib bormoqdasiz?

- Hozirda ko'pchilik ishlatayotgan "Android" tizimida ishlaydigan telefonlar uchun kitoblar tayyorlayapman. Ulardan 10 tasini saytga joyladim. Bunday kitoblarning qulayligi hajmining kamligi, doimo yoningizda olib yurish imkoniyatidir. Kitoblarni lotin va kirill alifbosida kirityapman. Ushbu elektron kitoblarning ustunligi undan kerakli ma’lumotlarni qidirish orqali tez topish imkoniyatidir.

     

     Kelajakda qanday rejalaringiz bor?

- Rejalar ko'p. Audiokitoblar loyihasi uchun ham bir qancha kitoblar tayyorlab qo'yganman. Imkoniyatga qarab, sekin-asta joylab boryapman. Yana o'zbek shoir va yozuvchilarining fotojamlanmasi uchun ham manbalarni yig'ib qo'yganman. Yaqinda, inshaalloh, taqdim etishga chog'lanayotganim "O'zbek nasri onlayn antalogiyasi"dir. Undan o'zbek adabiyotidagi eng birinchi hikoya, qissa, roman va dramalardan tortib, sevimli yozuvchilarimizning eng sara asarlarigacha o'rin oladi. Har bir ijodkorning tarjimai holi, asarlari kiritiladi. Yana ozroq ishlari qoldi. Ularni bitirib olgach, xudo xohlasa, taqdim etaman.

Shuningdek, "Jahon nasri", "O'zbek mumtoz she’riyati", "Zamonaviy o'zbek she’riyati",  "Jahon she’riyati" onlayn antalogiyalarini ham tuzib, xalqimizga taqdim etish niyatim bor. Yana "Adabiy suhbatlar", "Dastxat", "Kitob javoni" loyihalarini o'ylab qo'yganman. Alloh nasib qilsa, ushbu loyihalar ham xalqimiz uchun foydali manbaga aylanadi, degan umiddaman.

     

     Agar shu sohada ish yuritmoqchi bo'lganlar bo'lsa, ularga qanday maslahat bergan bo'lardingiz?

- Avvalo, qat’iy bir reja tuzib oling. Rejangizda uzoq muddatni mo'ljallang. Siz taqdim etmoqchi bo'lgan loyiha avval qilinmaganiga e’tibor qarating. Chunki bir xil narsani takrorlashdan foyda yo'q. Ma’lumotlarning sifati va sonini ko'paytiring. Internet texnikasi va ozroq jurnalistik savodxonligingizni oshiring. Bir narsani yodda tuting. Loyihani ishga tushirish uchun katta mablag' talab qilinmaydi. Muhimi, uni boshlash va davomiyligini ta’minlashdir. Agar aniq takliflaringiz bo'lsa, menga murojaat qiling, imkon qadar yordam berishga tayyorman.

     

     Siz biror taniqli insonning hikmatli so'zlariga amal qilib kelganmisiz? Sizga ta’sir ko'rsatgan biror shior bormi?

- Hayotning o'zi hikmatdan iborat. Har jabhadan hikmat topsa bo'ladi. Hayotda birgina hikmatli so'z yoki aforizmgagina bog'lanib, o'shangagina amal qilib yashab bo'lmaydi. Hikmatni qayerdan bo'lsa ham olish kerak. Ko'p o'qigan kishi ko'proq hikmatlarga oshno bo'ladi. Hayot davomida esa o'sha ko'nikmalar insonni to'g'ri yo'lga olib boraveradi. Bu borada avvalo muqaddas dinimizning asosi bo'lgan Qur’oni karim va hadisi sharif asosiy manba bo'lsa, o'tmishda o'tgan olim bobokalonlarimizning ilm to'la sandiqlari inson yo'lini yoritguvchi nurga qiyosdir.

 

Izohlar

Yulduz's picture
Davronbek Tojaliyev ziyonet portali asoschisi! Qoyil! Siz Mark Sukerberg kabi dunyoga mashhur milliarder emassiz, biroq undan ko'proq ishlagansiz, ziyonet facebook kabi ulkan auditoriyaga ega emasdir biroq, facebookdan ancha foydali. Bilasizmi, ziyonetni bitta ko'z ilg'amas ammo xavfli kamchiligi bor: shiorlari o'ta dabdabali, m-n; "ziyo istagan qalblar uchun"_bu jumla shaxsan meni g'ashimga tegadi.
Behzod's picture
Hurmatli Yulduzxon. Davronbek Tojialiyev Ziyouz.com portalining asoschisidir. Siz aytayogan ZiyoNET Portali Prezidentning Qarorlari asosida 2005 yil 25-sentyabrda tashkil qilingan. Bu ikkala portal alohida yuritiladi. Bularni adashtirmaslikni maslaxat berardim. Raxmat :)
Dilemma's picture
YAxshi inson real hayotda ham:)