huː wiː wɜːr ænd huː wiː ɑː (Who we were and who we are)

Dilrabo Tursunova
4.90909
O’rtacha: 4.9 (11 ovozlar)

O’tmish

02.02.2009   Mikroiqtisodiyot fanidan ma’ruza, oliy o’quv yurti, Toshkent.

Birinchi kurs talabalari ikkinchi semestr darslarini endigina boshlagan hafta. O’tgan semestrda makroiqtisodiyot fanidan kafedraning eng tajribali ma’ruzachisini tinglab, ma’lum bir nazariy bilimlarga ega bo’lgan  auditoriya shovqinini xonaga shasht bilan kirib kelgan ( did bilan kiyingan, o’rta yoshli, jikkakkina) ma’ruzachini tomoq qirishi bo’ldi.

  • Birinchi kurs menejmentmisizlar?

Talabalar tasdiqlashdi.

  • Hmmm…tushunarli… Sizlarni bir yaxshilab tarbiyalab qo’yish kerakka o’xshaydi. Bu nima ahvol? Bo’ldi endi maktab, kollej davri tugadi…Sizlar oliygohdasizlar…. 10 daqiqa o’tdi… Hatto ayrimlaring formada emas… Galstugi yo’qlar o’rnidan tursin…Oradan taxminan 25 daqiqacha vaqt o’tgandan keyin, xonaga dekan kirib keldi:
  • Uzr darslaringni bo’ldim 5 daqiqa vaqtinglarni olaman xolos.Tarbiyaviy soat darsi tarbiyaviy tanaffus bilan bo’lindi. O’rtoq A nega galstuging yo’q, o’rtoq B nega soching o’sgan, seni nega soqoling o’sgan… 4 daqiqadan so’ng…Ha aytgancha men o’zi birinchi semestrda hamma fanlarni yopolmaganlar masalasida kirgandim. Keyingi hafta – qayta topshirish haftasi, jadvalni dekanatdan kirib ko’ringlar. Mayli, domla, davom etaveringlar.
  • Ana men nima deyotgandim, dekaninglar ham jon kuydirayapti…Bizda eng muhimi tartib intizom, xulq-atvor…50 daqiqa o’tdi… 79 daqiqa.. Gaplarimdan xulosa chiqazinglar. Starosta, kimlar yo’q bugun? Hamma bor? Bu yaxshi, shunday bo’lsin.

Qo’ng’iroq chalindi.  “Mikroiqtisodiyot’’ga oid hech  so’z bormagan ma’ruzadan talabalar bitta “a” harfining o’zgarishi  iqtisodiy fanni pand-nasihat va’ziga aylantirib yuborish kuchiga egaligini bilib chiqishdi.

21.02.2011 Iqtisodiy tahlil va audit asoslari  fanidan ma’ruza, oliy o’quv yurti, Toshkent.

Yana yangi semestr, yangi fan, lekin auditoriya ham, talabalar ham va yana nimadirlar o’sha-o’sha… Bu safar xonaga o’ta haybatli, qorindor ma’ruzachi kirib keldi. Bir marta ma’noli qarab qo’ysa, auditoriya jimib ulgurmadi.

  • 3-kurs menejmentmisizlar?

Old partadagi talabalar ma’qullashdi.

  • Hmmm… uchinchi kursga, qolaversa menejment yo’nalishi talabalariga hech o’xshamaysizlar. Bu nima tartib? Bo’lajak rahbar kadrsizlar, hali bu ahvolda kimni boshqara olasizlar…10 daqiqa…Iqtisodiyotimizning kuni sizlarga qoladimi? 25 daqiqa…77- daqiqa… Starosta kim? Kimlar yo’q? Ehhe, 5 ta talaba yo’q… Bu nima degan gap…? Yaxshi bugungi sanani qo’yib, mavzuni yozib qo’yinglar: “Iqtisodiy tahlil va audit asoslari faniga kirish”.

Qo’ng’iroq chalindi. Ma’naviy tahlildan navbatdagi saboq olgan talabalar auditoriyani tark eta boshlashdi.

30.05.2011 Iqtisodiy tahlil va audit asoslari fanidan ma’ruza, oliy o’quv yurti, Toshkent.

Ma’ruzachi ko’rindi. Bu safar  auditoriya  tezda tinchlandi, har qalay yana va’z eshitishga hechkimda xohish yo’q edi.

  • Xo’sh o’tgan gal qaysi mavzuda to’xtagandik?

Ketma-ket faqat sana, mavzu nomi, sana, mavzu nomi yozilib ketilgan daftardan o’tgan dars mavzusi o’qib berildi. 4-5 nafar a’lochi talabalarning yuziga quvonch yugirdi, nahotki dars o’tsak?!  Qayerda… Eshik ochilib, darsga kech qolgan 3 nafar talaba kirib kelib qoldi va bo-o-shlandi… 5 daqiqa…25 daqiqa…77-daqiqa yo’qlama, mavzu, qo’ng’iroq.

E, uzr, dekan kirib yo’qlama  va 5 daqiqali ma’ruzacha qilib ketgani orada qolib ketibdi. Orasiga qo’shib o’qib yuborarsizlar.

Bugungi kun (o’sha auditoriya, o’sha talabalar safida bo’lgan qizning singlisi)

30.03.2016 Tarix darsi, akademik litsey, Toshkent

Sinfga  past bo’yli  notanish  ikki kishi kirib, o’zlarini  Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan ekanliklarini, universitetda o’tkaziladigan  germaniyalik delegatlar ishtirokidagi tadbirga nemis tilini yaxshi biladigan o’quvchilarni  qatnashchi sifatida olgani kelishganini aytishdi.

  • Nemis tilini biladiganlar o’rnidan tursin.. Hmmm yaxshi… Hoy orqa partadagi bola, sen tur-chi!
  • Men? Lekin men nemischa bilmayman, men ingliz tili guruhidaman.
  • Ana,  bo’ying ham novchagina ekan. Bo’pti, inglizchayam gapiraverasan bo’laveradi, formang ham bip binoyidek.
  • Inglizchayam yaxshi gapira olmayman-da.
  • Ey, men aytganimdan keyin bilasan, ko’p gapirmasang-chi, chiq  degandan keyin chiq!

O’quv kalendarini har kuni qanchadan qancha ta’lim maskanlarida bu hol bo’larkin takror deya o’ylab qolganingda,televizor yangiliklarida suxandon qizning navbatdagi lavhamiz ”Kim edigu, kim bo’ldik” tadbiridan deb qolishi javobdek go’yo.

Izohlar

Bahodir Mahmudov's picture
0

Bu blogni oldin qayerdadir o'qigandim, adashmasam. Muallifi o'zingizmi :) Adashmasam, tafsilot.uz da edi.

Dilrabo Tursunova's picture
0

Bahodir sinchkovligingiz uchun rahmat), ha blogpost mensenvaular.wordpress.com va tafsilot.uz'da oldin e'lon qilingan, muallifi esa men ;)

Bahodir Mahmudov's picture
5

Post ajoyib jiqqan :) Ilk marta o'qiganimda ancha narsa olgandim o'zim uchun

Fozil Muslim's picture
5

Dolzarb mavzu. Muallifning jon kuydirganicha bor. Domlani vazifasi bilim berish. Har qanaqa holatda ham vazifasini bajarishi kerak. Talaba tartibni buzdimi, bunga o'zi javob bersin. Tartibni buzmagan qolganlarni aybi emas bu

Rufat's picture
5

Asosli gap bo'ldi. Yahshi ta`rif beribsiz. Rahmat!

Shermuhammad's picture
5

Maktabda ham, universitetda ham shunaqa o‘qituvchilar uchrab turadi. Bizda ham imkon topildi deguncha o‘z hayotidagi sarguzashtlarni so‘zlashga tushib ketadigan o‘qituvchimiz bor edi. Dars qilmay kelgan kunimiz avvaroq aytib bergan hikoyasi haqida savol berardik va kamida yarim soat yangisidan eshitardik. :)

Furqat-8484's picture
0

Menimcha 100% o'qituvchilarda ayb emasdirov talabalar ham oppoqmas qars ikki qo'ldan chiqadi. Menimcha ayrim talabalarga dars o'tishdan ko'ra gaplashib o'tirish yoqadi. Lekin talabchan o'z ishining ustasi qattiqqo'l domlalar ham bor. Shularni ham qistirib o'tsangiz yaxshi bo'lar edi. Bir maqol bor "Ota bo'lib ota qadrini bildim" kelajakda o'qituvchi bo'lsangiz sal mubolag'alar chiqib qolar.

Furqat-8484's picture
4

Lekin yaxshi yozilgan 4 qo'ydim hafa bo'lmasdirsiz. O'qituvchiman axir

Dilrabo Tursunova's picture
0

Vaqt va bildirgan fikringiz uchun rahmat! Ha, to'g'ri aytasiz va men bu yerda barcha o'qituvchilar shunaqa demoqchi emasman (2 tasini misol tariqasida keltirdim xolos). Barcha muammo tizimda...o'qituvchilarning o'zlari ham tashkiliy ishlar (ilmiydan ko'ra) bilan ko'proq band bo'lib qolishgan (talablarga binoan).
P.S. o'zim ham o'qituvchiman...)

Bakhtiyor Sheraliev's picture
5

Maqolaga gap yo'q. O'zim Oliy ta'limda o'qituvchi bo'lib ishlasam ham besh (5) qo'ydim. Chunki haqiqatdan ham xuddi maqolada aytilgandek holatdan gohi-gohida emas, tez-tez uchrab turadi. Ayniqsa forma degan narsa juda bir jonimga tegib ketgan mavzulardan. Endi darsni boshlayman deb tursam ilmni i harfini bilmaydigan, ta'limga adashib kirib qolgan "rahbarcha" kirib keladida, ha yo'q, be yo'q, domla bormi, yo'qmi demay talabalarni savol-javob qilishga tushadi. Xo'sh shu kiyim nima qilib beradi bizga?! Talabalarimizning 80% g'irt savodsiz bo'lib ketyapti. Bunda ayb faqat va faqat 150% o'qituvchilarda, birinchidan o'z fanini yaxshi bilmaydi, bilsa dars o'tish metodikasi yo'q, yoki ta'limni biznesga aylantirib olgan. Xullas juda xafa bo'lib ketaman bunaqa holatlardan, har qanday o'qimayman degan talabani ham qiziqtirib, kerak bo'lsa majburlab o'qitish mumkin. Chet el oliygohlaridagi tajribamdan shuni aytishim mumkinki, bu yerda hech kim davomatni yoki formani tekshirmaydi, so'chi qolinganmi, soqoli olinmanmi tekshirib o'tirmaydi, eng muhimi bilim olyaptimi, darsga tushunyaptimi shuni tekshiradi. Va albatta natija bo'ladi.
Iltimos, yosh o'qituvchi bo'lsangiz, eskicha, tor dunyoqarashdan voz keching, o'quvchingizni, talabalaringizni erkin fikrlatishga o'rgating, eng asosiysi bilim bering ularga, sizni "tarixingizni" eshitish uchun kontrakt puli to'layotgani yo'q u bechoralar!

Dilrabo Tursunova's picture
0

Bakhtiyor, Sizga ham vaqt va bildirgan fikringiz uchun rahmat! Fikrlaringizga qo'shilaman, o'z ustida ishlamaydigan o'qituvchilar talaygina, o'zlari talabalikda olgan bilimlari bilan cheklanib qolishgan, zamon bilan ham nafas emas. Bundan tashqari yosh yetishib chiqayotgan umidli kadrlar ta'lim sohasiga kirishlari bilan yana shunaqa "tashkiliy-ma'naviy", "tartib intizom" ustuvor ish jaroyoniga tushib qolishmoqda, zamon ularga boqmay ular zamonga boqishiga to'g'ri kelayapti... Sizdek fikrlaydigan yosh o'qituvchilarimiz borligidan xursandman.

Suxrobjon's picture
5

Qoyil !!! To'rt yil beri ko'rib kelayotgan haqiqatlarimni yozibsiz)))

Sobit's picture
5

litseyda ona tili va adabiyoti darsi shunday o'tib ketardi. fan o'qituvchisi guruh rahbarimiz edi

Shida's picture
0

Juda yaxshi yozilibdi

Rufat's picture
5

Ajoyib uslubda yozilgan. Bilimga chanqoq insonlar maqolalariini o`qiyotganligimdan, shunday insonlar borligidan juda ham xursandman.

Farhod Ulugov's picture
0

Juda yaxshi. Hech aytib tugatib bo'lmaydigan narsani qisqa lekin juda aniq yozibsiz. Qoyil.
Afsuski bularni aytishni hech qanday foydasi bo'lmaydi õquv yurtlarida.
Manga yoqdi.

Farhod Ulugov's picture
5

Juda yaxshi. Hech aytib tugatib bo'lmaydigan narsani qisqa lekin juda aniq yozibsiz. Qoyil.

Isroil Tillaboyev's picture
5

Ofarin! ta'limning og'riqli mavzusi...

Erkin's picture
0

Blog talaba va loqayd o'qituvchilarga yaxshigina tanbeh.