Vatanparvar bo'lish - oz bo'lsa-da, odamlarning muammosini hal qilish

Bugun O'zbekistonda fuqarolik jamiyati barpo etish yo'lida faollik, jonbozlik ko'rsatib kelayotgan ko'plab insonlar bor. “Tadbirkor ayollar” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining Qo'qon bo'limi raisi Sohiba Mahkamovna — ana shunday tashabbuskor, fidoyi kishilardan biri. Sohiba opa bilan ijtimoiy sohada faoliyat yuritishning o'ziga xos jihatlari, O'zbekistonda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishning o'ziga xos jihati haqida suhbatlashdik.

— Sohiba opa, avvalo, o'zingiz haqingizda gapirib bersangiz...

— Men, Irgasheva Sohiba Mahkamovna, xizmatchi oilasida tavallud topganman. Otam Irgashev Mahkamjon ofitser bo'lib xizmat qilgan, keyinchalik iste'foga chiqadi hamda ijroqo'mda ishlaydilar. Onam 8 yoshligimda qazo qilganlar. U kishi ma‘rifatli inson edi: fransuz tilida kitob o'qiganlarini ko'p ko'rganman, o'sha davr uchun zamonaviy va did bilan kiyinardilar. Enagam esa juda ko'p ertaklarni, dostonlarni, rivoyatlarni yoddan bilardilar, aynan o'sha inson meni o'qishga va xalq ijodiga mehr uyg'otgan. Maktabni rus tilida o'qiganman, sinfimizda turli millat vakillari o'qishardi. O'zimning birinchi o'qituvchimni bir umrga eslab qolganman. Umuman, maktabda omad kulib boqqan. So'ng Qo'qon pedagogika instituti rus filologiyasi fakultetiga o'qishga kirdim. Institutni tamomlab, shahar komsomol qo'mitasi kotibi sifatida ishlay boshladim. 1976-yilda 27-sonli maktab direktori etib tayinlandim. Keyinchalik 1985-yili pedagogika bilim yurti direktori sifatida faoliyatimni davom ettirdim. 6 yil davomida ijroqo'm raisi o'rinbosari bo'lib ishladim. Oxirgi davlat muassasasidagi lavozimim — partiya shahar kengashi kotibi edi. 1991-yili 1-sentyabr kuni biz o'zimizning birinchi nodavlat notijorat tashkilotimizni tashkil qildik. O'sha kuni mamlakatimiz mustaqilligi kuni edi. Yangi tashkilotni biz “Nodira” ona va bolani muhofaza qilish assotsiatsiyasi, deb nomladik. Nodira Qo'qon xonligining buyuk shoirasi va malikalaridan bo'lgan. 1993-yili “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi sifatida qayta ro'yxatdan o'tdik. Mana, qariyb yigirma yildirki, ushbu tashkilotni boshqarib kelaman. Bir o'g'il, bir qizim, olti nafar nabiram bor. Ochig'ini aytishim kerakki, erishgan yutuq va marralarim mamlakatimiz mustaqilligi bilan bevosita bog'liqdir.

Tashkilotimiz — “Tadbirkor ayollar” ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining Qo'qon bo'limi 1994-yili 22-aprel kuni davlat ro'yxatidan o'tgan. Bizning respublika tashkilotimiz 1991-yilda tashkil topgan edi. Biz respublika tashkiloti tarkibiga 1994-yilda a'zo bo'lib kirdik. Tashkilotimiz a‘zolari odatda tadbirkorlik qilmoqchi, o'z biznesini ochmoqchi bo'lgan yoki iqtisodiy qulaylik izlayotgan ayollar, ba‘zan erkaklar hamdir. Albatta, tashkilotimiz faoliyati xususida batafsil so'zlab berishning imkoniyati yo'q. Biz ayollarga lider sifatida o'sishi va shakllanishiga, iqtisodiy mustaqil va barqaror bo'lishiga, o'zining sevimli ishini topishida yordam beramiz. Muvaffaqiyatli bo'lish, ishoning, bu bizning qo'limizdan kelmoqda.

O'z faoliyatingizni nimadan boshlagansiz? G'oya qanday tug'ilgan? Ish boshlashga qaror qabul qilganingizda atrofingizda qanday voqealar yuz berdi?

— 90-yillar edi. Hamma narsa o'zgarayotgan, yangi hayot boshlanayotgan davr edi. 1991-yili 31-avgust kuni kechqurun mamlakatimiz prezidenti Islom Karimov O'zbekiston mustaqilligini e‘lon qildi. Biz bir-birimizga qo'ng'iroq qilib, ushbu buyuk voqeani muhokama qilardik. Ertalab ko'chaga chiqdim, hayot har kungidek davom etar edi. Ammo biz nimadir qilishimiz kerak edi. Bir necha kishi yig'ildik. Bolalar va ayollar muammosi bilan shug'ullanishga qaror qildik. Ammo nima qilishni, qanday qilishni hali bilmasdik. Ishlab topardik, topganimizni xayriya yordamlariga sarflar edik. O'sha yillari akam menga yaqindan yordam berardi, chunki ancha muvaffaqiyatli tadbirkorlardan edi.

1993-yili AQShga tegishli dastur bo'yicha tashrif buyurdim. Bizga shunday dastur tayyorlab qo'yishgan edi: qanday qilib ayollar tadbirkorlik va biznes yordamida muvaffaqiyatga erishishi mumkin? O’tmishda mutlaqo yopiq mamlakatda yashagan biz uchun tashrif juda ko'p yangilik va tajriba berdi. Qaytib kelgach, hammaslaklarimni yig'ib, ayollarga “baliq emas, balki qarmoq berish”imiz kerakligini, ularni pul topishga o'rgatishimiz, iqtisodiy farovonlik uchun o'zlari imkoniyat topishi lozimligini aytdim. Biz shunday qilib “Tadbirkor ayollar” assotsiatsiyasi faoliyatini boshladik. Avvalo, o'z ustimda jiddiy ishladim, tadbirkorlik bo'yicha juda ko'plab adabiyotlarni o'qidim, Ekonomiks va boshqa uslubiy qo'llanmalarni sinchiklab o'rganib chiqdim. Ko'ngillilardan so'radim va pirovardida, tadbirkor va mutaxassis bo'lib yetishdim.

— Siz qilayotgan ish orzu va qiziqishlaringiz bilan bog'liqmi yoki bu aniq bir ko'nikmalar mahsulimi?

— Albatta, qilayotgan ishim menga juda yoqadi. Men ayollarga o'sib-ulg'ayishda, iqtisodiy mustaqil bo'lishlarida, o'z oilalariga yaqindan ko'mak berishiga yordamlashaman. Menimcha, O'zbekistonda tadbirkorlik va biznesni rivojlantirish uchun yetarli darajada qulay qonunchilik bazasi yaratilgan. Bizga ayollar turli muammolar bilan kelishadi, tegishli axborotni olib, o'qib-o'rganib ko'z o'ngimizda o'zgarishadi. Ularni ko'rib, o'ziga xos ilhom olaman.

Nega aynan bu g'oyani amalga oshirishga kirishgansiz?

— Bolaligimdan faol bo'lganman, atrofimdagilarni o'z g'oyalarimga bemalol ishontira olardim, albatta, hayot o'zi katta universitet. Hozirgi kunda qilayotgan ishim o'zimga yoqadi, faol, kuchli inson — ayolni shakllantirish mening eng sevimli g'oyam va mashg'ulotimdir. O'ylaymanki, men o'zimning yagona g'oyamni topdim.

Tashkilotingizning missiyasi va maqsadi nimalardan iborat? Tashkilot missiyasini qanday yozgansizlar?

— Gap shundaki, biz respublika tashkilotimiz bilan bitta hujjat asosida ishlaymiz. Tashkilot missiyasi va nizomi butun mamlakat bo'ylab ishlab chiqilgan. Ammo biz missiyani ishlab chiqishda faol qatnashganmiz, u bizga yoqadi. Qisqa qilib aytganda, ayollarga ularning iqtisodiy farovonligi o'sishiga hamda ayollarning muammolarini o'zlari hal qilishlariga, ijtimoiy faol va farovon bo'lishiga ko'maklashish asosiy missiyamiz.

O'z jamoangizni qanday shakklantirgansiz? Ularni bu loyihada ishtirok etishga nima undadi?

— Faoliyatimizning dastlabki yillarida Politexnika instituti iqtisodiyot fakulteti talabalari bilan ishlaganmiz. Ular juda ajoyib yoshlar edi, o'sha talabalardan juda ko'p narsani o'rganganman. Umuman, yoshlar bilan ishlash yoqadi. Ulardan quvvat olasan, ilhomlanasan. Mingdan ortiq yosh yigit-qizlar tashkilotimiz ko'magida yaxshi karyera qilishdi va bizning doimiy hammaslagimizga aylandi. Ular ko'ngillilarimiz bo'lib, hozir ofisimizga mamnuniyat bilan tashrif buyurishadi, ikkinchi uyidek ko'rishadi.

Faoliyatingizni yo'lga qo'yayotganda qanday qiyinchiliklar bo'lgan? Ularni qanday hal qilgansiz?

— Biror bir qiyinchilikni eslab qolmaganman. O'zbekistonda jamoatchilik sektori va tadbirkorlik uchun qonunchilik asosi yaratilgan. 1991-yilda ilk marta qabul qilingan qonunlar orasida “O'zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to'g'risida”gi qonun ham bor edi. Keyinchalik jamoat birlashmalarini ro'yxatga olish, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga soladigan o'ndan ortiq qonunlar qabul qilindi. Ammo yangi ishni boshlash baribir oson bo'lmaydi. Avvalo, jamiyat va davlat tomonidan to'g'ri tushunmaslik kabi muammolar paydo bo'ladi, ammo bu tabiiy jarayon. Hozirgi kunda xususiy sektorda ham, davlat va jamoatchilik tuzilmalarida ham ko'plab sheriklarimiz bor. Respublikada Oliy Majlis huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil qilindi. Faoliyatimizni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qonunlar qabul qilindi.

Ayting-chi, Siz uchun muvaffaqiyatning kaliti nimada?

— Bu, avvalo, jamiyatda hamda sotsial bozorda katta ehtiyoj bo'lgan g'oyalarni topa bilishda, deb o'ylayman. Siz birinchi o'rinda jamiyatdagi muammoni hal qila olishingiz va uni professional darajada bajarishingiz kerak. Hammaslak topishingiz hamda ularni ishontira bilishingiz lozim. O'z mamlakatingizning vatanparvari bo'lish, mo''jaz bo'lsa-da, odamlarning muammosini hal qilish kerak bo'ladi. Buni balandparvoz gap deb o'ylamang, juda ko'p holatlarda yaxshi yozilgan loyihalar, mablag'lar shunchaki havoga uchib ketgan. Chunki ular sizning maqsadli guruhingizga kerak emas va tushunarsizdir.

Hozirgi kunda qanday loyihalar ustida ishlayapsiz? Istiqboldagi reja va g'oyalaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

— Biz Biznes-markazi tashkil qilganmiz, yaxshi trenerlar, yuristlar, soliqchi va psixologlar jamoasini shakllantirganmiz. Seminar modullarini ishlab chiqqanmiz, axborot materiallarini tayyorlaganmiz. Banklar bilan shartnomalar imzolaganmiz. Biznes yuritish, tadbirkorlik asoslari hamda jamoatchilik sektorida menejment bo'yicha seminarlar o'tkazamiz. Biznes, psixologiya, biznes reja yozish, kredit olish bo'yicha maslahat xizmatini ko'rsatamiz.

Mana shunday faoliyat bilan shug'ullanmoqchi bo'layotgan yoki bu haqda bosh qotirayotganlarga qanday maslahat berasiz?

— Avvaliga, o'z sohasining professionali bo'lish kerak. Tashkilotning missiyasini ishlab chiqish, jamoa tanlash, joy, kommunikatsiya masalalarini hal qilish lozim. Tashkilot strategiyasini muhokama qilish va tasdiqlash lozim. Ro'yxatdan o'tish uchun hujjatlarni tayyorlash hamda adliya organlariga topshirish lozim. Keyin istiqboldagi faoliyat uchun sheriklar, homiylar topish ham juda muhimdir. Tegishli donorlar taklif qilayotgan dastur va loyihalarni o'rganish kerak. Ammo tashkilot faoliyatining imkoniyatlarini, xususan, o'zi pul topishi bo'yicha imkoniyatlarni, homiylar mablag'lari hamda ko'ngillilarni jalb qilishni chuqur o'ylab ko'rish kerak. Buning uchun tashkilot yetakchisi O'zbekistonning asosiy qonunchiligini chuqur o'rganib chiqishi lozim.

Muvaffaqiyatning asosiy omili nimada?

— Muvaffaqiyat uchun, avvalo, o'z ishini yaxshi ko'rish lozim. Professional bo'lish, eng muhimi, nima xohlayotganingizni bilishingiz kerak. Muammoni aniqlay bilish hamda uni hal qilish g'oyasini topa biladigan bo'lish darkor. Jamoa bilan ishlay olish, ular bilan to'g'ri munosabat o'rnatish va samarali boshqaruvni yo'lga qo'sh ham muhimdir. O'z g'oyangiz yetkazishda aniq bo'lish hamda har doim sheriklarga, benefitsiariylar hamda jamoaga nisbatan adolatli bo'lish kerak. Va albatta, muntazam o'z ustida ishlash, atrofdagilarning fikrini hurmat qilish, demokratik yondashish, lekin adolatli bo’lish muhimdir.

Moliyaviy yoki boshqa ko'mak olish uchun ko'proq nimaga e‘tibor qaratish lozim?

— O'zim uchun biznes va ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shunday bir maxsus marketing rejasini ishlab chiqqanman: asosiysi, muammoni chuqur o'rganish, to'g'ri g'oya topish, o'z ishining ustasi bo'lish, professionallardan iborat jamoani shakllantirish, strategiyani ishlab chiqish kerak. O'z resurslarini to'plash, ko'ngillilarni, texnik imkoniyatlarni jamlash, vazifalarni taqsimlash, jamoa, sheriklar hamda homiylar o'rtasida piar-aktsiya o'tkazish, so'ng zarurat bo'lsa, moliyaviy mablag'lar izlash lozim. Agar loyiha havodan olib yoziladigan bo'lsa, unda kerakli natijaga erishib bo'lmaydi.

Bugungi kunda qanday ijtimoiy masalalar ustuvor ahamiyatga ega? Sizning fikringizcha, qaysi sohalarda e’tibor sust qaratilmoqda?

— Menimcha, ekologik loyihalar, yoshlar, jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar bilan ishlash, ijtimoiy kasalliklarning oldini olish, sog'liqni saqlash, yoshlarni, ayollarni tadbirkorlik asoslariga o'qitish, biznes loyihalar, bolalar bilan ishlash, mutaxassislikka qayta tayyorlash, infratuzilma loyihalari, hamjamiyatlarda ishlash kabi yo'nalishlar dolzarb hisoblanadi. Hayotning o'zi oldimizga muntazam turli muammolarni qo'yadi, shunchaki ularni tushunish va hal etish talab qilinadi.

Siz asosan ayollar bilan ishlaysiz. Ayting-chi, ular jamiyatdagi barcha jarayonlarda teng ishtirok etishi uchun qanday imkoniyatlar bo'lishini xohlaysiz?

— Shuni qayd etish kerakki, mustaqillikning ilk kunlaridanoq, ya‘ni Konstitutsiyadan boshlab davlat ayollar muammosiga ustuvor siyosat sifatida e‘tibor qaratib kelmoqda. Bizda juda yaxshi qonunlar bor, davlat va jamiyat ayollar muammolarini hal qilishda yaqindan yordam berib kelmoqda. Gap shundaki, aholining mentaliteti, tarixan shakllangan oilaviy qadriyatlar birinchi navbatda ayollar zimmasiga turli majburiyatlarni yuklaydi: ona, oila qo'rg'oni, xotin, qiz sifatida mas'uliyatga ega. Balki bu oilaning, uning madaniyati va falsafasi mustahkamligi borasidagi xalq an'analarini saqlashda, bolalarni tarbiyalashda, o'zaro hurmatni shakllantirishda juda muhimdir. Xalqaro donorlar tomonidan ilgari surilgan oilada Yevropa qadriyatlarini singdirish g'oyasi bizga o'tmadi, mening shaxsiy fikrimcha, bu to'g'ri hamdir.

Shuni qayd etish kerakki, ayollar tadbirkorligi hozirgi kunda izchil rivojlanib bormoqda. To'g'ri, yosh ayollar farzand ko'rish va uning tarbiyasi paytida uyda o'tirishiga to'g'ri kelyapti. Ammo kuzatishlarimiz shuni ko'rsatdiki, oilaviy tadbirkorlik, ayniqsa, qishloq joylarda ommalashib bormoqda. Aytgancha, “Oilaviy tadbirkorlik to'g'risida”gi qonun qabul qilingan.

Yosh yetakchilar uchun maslahatingiz...

— Hurmatli do'stlar! Ijtimoiyl sohada ishlaydigan odamlar o'ziga xos sifatlarga ega bo'ladi. Masalan, birovga yordam berish, muammolarni hal qilish, ko'p o'qish, jamoa bilan ishlay olish, muammolarni ko'ra bilish hamda ularni hal qilish yo'lida o'rganish, qonunlarni bilish, ularni hurmat qilish va ularga rioya qilish, o'z ishini yaxshi ko'rish lozim. Va shuni yoddan chiqarmaslik kerakki: loyihalarni amalga oshirish uchun beriladigan mablag'lar xalqniki, davlatniki hisoblanadi. Ularni qat‘iy ravishda maqsadli sarflash lozim. O'z faoliyatingizda tartib-intizomli, halol, mehnatsevar bo'lishingiz hamda muvaffaqiyatga ishonishingiz lozim.

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!