Tanamni sindirsangiz ham ruhimni sindirmang

Farhod Ulug'ov
5
O’rtacha: 5 (7 ovozlar)

Bolalikda e'tiborsizlik va shifokorlarning aybi bilan nogiron bo’lib qolganman. O’rtoqlarim bilan to’p tepish va maktabga borish u yoqda tursin, bolaligimning eng o’yinqaroq damlarini shifoxona-yu, foydasiz muolajalarda o’tkazdim. Yagona orzuim bu - yurish edi. Yurish uchun maxsus protez kerak edi.

Protez yasattirish uchun Toshkentdagi mutaxassislarga uchradik. Biri "bunday ahvoldagi oyoqqa apparat qo’yish ilojsiz" desa, boshqasi kolyaskani tavsiya qildi. Yasab berishini aytgan ustalar ham bir yil o’tib ilojsizligini aytdi.

Hech kimdan yordam ola olmagach, uyda o’zim polietilen quvurdan protez yasadim. Mendagi bor-yo'q asboblarim bu- ombur, bolg’a, g’isht va yurish orzuim edi. Olti oy o'tib protezni tayyor qilib kiyib ko’rdim. Yurish qiyin, apparat og’ir, ko’rinishi ham noqulay, lekin jismoniy og’riqdan o’zim yura olganimdagi g’oliblik hissi ustun bo’ldi.

Protezni ko’rgan hunarmand odamlar har xil fikr aytdi, ish tajribasidan kelib chiqib turli maslahatlar berishdi. Biri bundan yengil lekin sifatliroq hom-ashyo va unga ishlov berish haqida aytsa, boshqasi vaqt topib yoniga borishim va biz bundan ham qulayrog’iga urinishimizni aytdi. Yana biri esa kerakli hom-ashyoni topib keltirib berdi.

Shu paytgacha ana shu o’zim yasagan protezda yuraman. Qo’lbola protezda yurishning og’rig’i va noqulayligi esa ba’zi odamlarning loqaydligi va kamsitishlarichalik qattiq botmaydi.

 

“O’qsayotgan o’zi kim?”

Butun dunyo tibbiy sohasi olg'a yuryapti. Olmoniyada nogiron sprinterlarga apparat qo’ysa, Yaponiyada qimirlaydigan protez kashf qilishdi. Yaqinda meksikalik olimni kashfiyoti haqida o'qidim. U olimning protez apparati xattoki, ushlagan narsasini sezarmish, apparatda asab tolasi bordek!

Yurtimizda esa qancha protez apparatga muhtoj nogironlar bor, lekin protez yasash juda eski usulda qolib ketgan. Mabodo biror bemorga protez qo’yish kerak bo’lsa, bemorga qulayligini emas o’zidagi stanok imkoniyatiga qarab apparat yasashadi. Boshqa iloji ham yo’q, chunki bu sohaning o’zi "oqsayapti".

Bu sohaga ham yangi texnologiyalarni qo'llash, nomigagina ishlaydigan, vaqtini shu bilan o'tkazadigan bekorchilar o’rniga hunarmand, izlanuvchan, doim yangi g’oyalarni topishga intiladigan tadbirkorlarni jalb qilish vaqti kelmadimi? Yura olmaydigan lekin protez yordamida yurishi mumkin bo’lgan odamlar mustaqil hayot kechirishi u yoqda tursin, oilasi, atrofdagilarga og’ir bo’lmaslik uchun ko’chaga ham chiqishmaydi. Natijada o’z-o’zidan jamiyatda ko’rinmas bir qatlamga aylanib qolishgan.

 

Yaraga tuz sepmang

Bir kuni Toshkentdan taniqli mutahassis keladi deb davolovchi shifokor meni chaqirtirdi. Xonaga kirib kelishimni bilaman, poytaxtli mutaxassis yasama protezda oqsoqlab kelayotganimni ko’rib ahvolimni kalaka qilib kula boshladi. Protezni “falonchi akaga yasattirish kerak edi” deb “mutaxassislik” maslahat qilishdi. U “falonchi aka” o’zim yasab olgan protezni ko’rib gapira olmay qolganidan xabari yo’q edi. Ba’zida ko’cha-kuyda odamlarning kamsitomuz gaplariga va qarashlariga o’rganib ketar ekan odam, lekin mehridaryo xalqdan chiqqan shifokor mutahassislar ham bemorlarning ko’ngliga malham bo’lish o’rniga ularni kamsitib turishsa, aslida ‘oqsayotgan’ kim deb savol berging keladi, odam. 

Izohlar

Bakhtiyor Sheraliev's picture
5

Inson ruhiyati juda murakkab va tubi yo'q ummonga o'xshaydi. O'zida bor narsalarni qadrlamaydiyu, yo'q narsalarni orzu qiladi. Ba'zan nimanidir yo'qotgach, uning naqadar muhim ekanligini his qila boshlaydi. Odamlardagi eng qusurli illat bu boshqa birovning o'ziga bog'liq bo'lmagan kamchiliklari ustidan kulishi bo'lsa kerak. Axmoqligi, tentakligi, noshudligi ustidan kulsa maylikuya, lekin siz aytgan kabi nogiron, ko'r, karning ustidan kulish ... ha endi bu o'sha maxluqotni yaratgan xoliq ustidan kulishdan boshqa narsa emas-da!
Ancha yil oldin bir guruhda birgalikda bir tadbirni tashkil etgan edik, guruhimiz a'zolari ichida bir nogiron yigit bor edi, o'zidagi qusurdan uyalganidan bizga unchalik qo'shilmasdi, to'g'risi qo'shila olmasdi, uyalardi. Lekin ishlarni bo'lib chiqishda men hammaga teng yumush bo'lib chiqdim. Bir sherigimiz uning kasal ekanligini, unga sal yengilroq yumush berish kerakligini aytdi. Men shunda "Nimaga, kasalman deb ishdan qochmoqchi bo'lsa, bekorlarni beshtasi aytibdi" dedim xuddi o'zimni uning bizdan kam joyi yo'q ekanligiga ishora qilib. O'sha kuni u hamma bilan baravar ishladi, kun bo'yi birga bo'ldik, birga tushlik, kechki ovqat yedik. U juda xursand edi, uning nogiron ekanligini guruhda hech kim tan olmasligi unga yoqayotganini men his qilardim...
Aytmoqchimanki, nogiron degani bu yarimta odam degani emas, gohida ular yuzlab, minglar kishilar qila olmayotgan ishni bir o'zlari amalga oshirib yuborishlari mumkin. Bunday insonlarning boshqalardan bitta ustunlik tomoni bo'ladi, bu shundaki, agar ularda iroda deb atalmish vulqon otilib chiqsa, u hech qachon so'nmaydi. Ularni to'xtatish mumkin emas bo'lib qoladi.
Farhodjon, Sizda menimcha bu vulqon allaqachon otilib chiqqan bo'lsa kerak, men buning nishonalarini ko'rib turibman. Sizga taqdir o'yinlariga yengilib qolmaslikni, oxirigacha kurashish kerak ekanligini aytmoqchiman, balki o'sha sog'lom odamlar qilolmagan siz aytgan muammolarni Siz hal etarsiz!

Farhod Ulugov's picture
0

Rahmat Baxtiyor.
Hammaga teng yumush berib to'g'ri qilgansiz. Õylaymanki ruhiyatga ijobiy ta'sir qiladigan eng yaxshi narsa shu

HappyMan's picture
5

Ruhingizni sindirmang! O'zingizga bo'lgan ishonch albatta hammasini yengadi. Postga kelsak ajoyib yozilgan. Vrachlar masalasi bizning eng og'ir nuqtalarimizdan biri bo'lib qolaveradi shekilli.

Farhod Ulugov's picture
0

Rahmat. Ha shunaqaga o'xshayapti:)
Kam bo'lsada juda yaxshi vrachlarni ham kõrganman buni ham esdan chiqarmaymiz albatta.

mohi's picture
5

Sizga shu bahoni berganimning sababi, samimiy va ochiq yozganingiz. Jamiyatda juda muhim o'rin tutgan kasb egalarining eng asosiy mas'uliyati - odamgarchilik. Bemorning dardiga davo 50% muolaja bo'lsa qolgani shirin so'z va dalda. Mansab va diplom bilan odamlarning mehrini yutib ola olmaymiz. Sizga ishlaringizda va barcha oldingizga qo'ygan maqsadlaringizda omad tilayman.

Farhod Ulugov's picture
0

Rahmat.
"Jamiyatda juda muhim o'rin tutgan kasb egalarining eng asosiy mas'uliyati - odamgarchilik" Ajoyib !!!

Yuqoridagi fikrizga qõshilaman va bitta qõshimcha qilsam. manimcha o'zidagi qat'iyatni ham ko'rsata olishi juda kerak

Fozilbek's picture
0

(Y)

Feruzaxon's picture
5

Farhod juda ham dolzarb mavzuni yoritgansiz, ko'p hollarda afsuslar bo'lsinkim e'tiborga muhtoj insonlar muammolari qolib boshqa muammolarni hal qilishga kirihsib ketamiz. Atrofga nazar tashlaydigan bo'lsak kanchadan kancha "Nogiron" deymizu lekin tanu joni sog'lom, lekin maqsadsiz insonlardan ko'ra e'tiborga muhtoj insonlardan jamiyatga foyda ko'prok tegayotganini ham ko'ramiz. Bu sizning hayotingizda sodir bo'lgan ekan, avvalom bor, boshida yozganizdan kelib chikib, vrachlar aybi bilan nogironlikka uchrash va keyinchalik huddi shu kasb egalaridan yana tanbeh eshitish yoki ularga kulgu bo'lish hech ham aqilga sig'mas holat.
Sizga faqat jamiyatda o'z o'rnizga ega bo'lib, ulkan maqsadlariz sari olg'a yurishni tilab qolaman!

Bahodir Mahmudov's picture
5

Feysbukdagi Maslahat.Uz guruhiga yozib ko'rmadingizmi? Agar tayyor protezlarni o'rnatishning iloji bo'lsa, rivojlangan davlatlardan buyurtma evaziga olib kelsa bo'ladi

HappyMan's picture
5

Bahodir nazarimda o'zimiz tashabbus qilishimiz kerak bu ishda! Yordam beraolasizmi?

Hayot's picture
5

Har joyda, ayniqsa O'zbekistonda, nogiron odam qadrini nogironmas odam qadriga teng ko'rishmaydi. "Ajralib" qoldan odamlarga sifatli hayot kechirishga imkoniyat yaratilib berilmaydi. Lekin men sizni hikoyezni o'qib tasirlanib ketdim; tirishib, ruhan taslim bo'lmaganingiz sizni yutugingiz. Siz duch kelgan sharoitga moslashib muammoni hal qilishga uringaningiz, hayotga bo'lgan munosabatiz katta yutuq. Sog odamlar borki, ularni hayotgan bo'lgan munosabati bahil - ana shularni nogiron desa bo'ladi.

Sahar guruhidagilar bilan birgalikda https://www.gofundme.com orqali Farhodga yordam bersa bo'ladi. Email yozsangiz maslahatlashib ko'ramiz: hayott@gmail.com

Kam bo'lmang,

HappyMan's picture
5

Ajoyib taklif! 6 kunda birinchi qadam tashlandimi? Bizdan nima yordam?