Sifatli mahsulotga ham reklama kerak

So‘nggi paytlarda “Moling yaxshi bo‘lsa, reklamaga hojat yo‘q” degan naql odamlarimiz orasida urf bo‘ldi. Albatta, yaxshi xizmat, sifatli mahsulot reklamasiz ham odamlarning e’tiboriga tushishi mumkin. Ammo bugun mahsulot, ish haqida keng jamoatchilikni samarali xabardor qilish, ezgu ishlar haqida axborotni maqsadli guruhga yetkazish tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Negaki, bunday xabardor qilish natijasida potensial xaridorlar paydo bo‘lishi, ijtimoiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy manbalar topish imkoniyati yanada kengayadi.

Ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar sonining tobora ko‘payib borayotgani ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bunda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarning izchil ommalashayotgani diqqatga sazovordir. Misol uchun, Facebook’ning O‘zbekistondagi a’zolari soni 300 ming nafar oshgan bo‘lib, ularning aksariyati 18-24 yosh atrofidagi foydalanuvchilar hisoblanadi.

Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ining o‘zbekistonlik foydalanuvchilari soni esa 7 millionga yetdi. Har kuni mazkur ijtimoiy tarmoqqa O‘zbekistondan 1,5 million kishi kiradi. Ayni vaqtda, ularning 92 foizi saytning mobil versiyasidan foydalanadi. O‘zbekistonliklar “Odnoklassniki”da har kuni taxminan 10,5 millionta xabar jo‘natishadi, 450 mingta sharh (izoh, komment) yozishadi, 120 mingdan ortiq surat yuklashadi, 800 mingga yaqin “klass”, 1,5 millionga yaqin baho qo‘yishadi va 130 mingga yaqin yangi status yozishadi. O‘zbekistonlik foydalanuvchilar har kuni “Odnoklassniki”dan 120 ming martadan ko‘proq qo‘shiq eshitishadi, 300 mingdan ortiq video ko‘rishadi, 150 mingdan ortiq o‘yin ko‘chirib olishadi, 15 mingga yaqin sovg‘a jo‘natishadi.

Ijtimoiy faol fuqarolar tvitterda ko‘pchilikni tashkil qilsa, shou-biznes va yoshlarning katta qismi Instagramdan faol foydalanishadi. Shak-shubhasiz, bularning barchasidan ijtimoiy tadbirkorlikni kengaytirish, yangi g‘oyalarga qo‘l urishda qo‘llash mumkin.

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar hozircha asosan muloqot, axborot va fikr almashish vositasi bo‘lib, ulardan tijorat maqsadida foydalanish asta-sekin amaliyotga kirib kelmoqda. Crowd-funding, turli xayriya tadbirlarini amalga oshirishda bu ancha qo‘l kelishi mumkin.

 

Yaxshi g‘oya ko‘chada qolmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarning u yoki bu g‘oyani amalga oshirishdagi ahamiyati haqida gap ketganda, shuni alohida ta’kidlash kerakki, har qanday noyob g‘oya, tashabbus, albatta, keng jamoatchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ladi. Bunda ko‘pchilik kutmagan yoki uzoq kutgan tashabbusni topa olsangiz, bas.

Masalan, o‘tgan yili o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari marhum qiziqchi, taniqli so‘z ustasi Hojiboy Tojiboyevning futbolga oid mashhur iqtiboslari tushirilgan futbolkalarni tayyorlashdi. Bu haqda Facebook va Twitter orqali ko‘pchilikka ma’lum qilishdi. Asosan futbol ishqibozlari uchun tayyorlangan futbolkalarda, jumladan, Hojiboy Tojiboyevning futbolga oid mashhur “Lyuboyini enasini ko‘rsatvoramiz”, “Stadioninggayam, stadioningni direktorigayam, ayniqsa, 2ta bokovoy sudengga…” va boshqa iqtiboslari tushirilgan. Garchi ushbu loyiha tijoriy maqsadni ko‘zlagan bo‘lsa-da, uning asosiy yutug‘i ijtimoiy tarmoqlari orqali o‘zini ko‘rsata olganidir. 

Moda va dizaynerlar jamoasi — UzbekApparel esa milliylik ruhida tayyorlangan turli kiyim-kechaklari bilan ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekistonlik foydalanuvchilari orasida ommalashib ketdi. Bugungi kunda ushbu jamoaning facebook’dagi sahifasida 8000 nafardan ortiq, Instagram’dagi sahifasi esa 6500 ming nafardan ortiq foydalanuvchi “like” qilishi ham uning nufuzidan dalolatdir.

 

O‘zbekiston internet makonining o‘ziga xos jihatlaridan biri, u asta-sekin mahalliylashmoqda. Ya’ni odamlar o‘zlari yashayotgan hududlari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda do‘st tutinishmoqda. Bu tendensiyaning ijobiy tarafi shundaki, odamlar istiqbolda o‘zlarini qiynayotgan muammolar, vazifalar haqida fikr almashishi, uni hal qilish bo‘yicha u yoki bu g‘oyani amalga oshirish imkoniyatlari kengayib boradi.

 

Ijtimoiy tarmoqlardan — baklashka biznesiga

Bugungi kunda muvaffaqiyatlarning negizi nafaqat uddaburon ishbilarmon bo‘lishda, ayni paytda kerakli axborotga ega bo‘lish hamda undan foydalana bilishda hamdir. Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarni turli g‘oya va tashabbuslarga ega bo‘lgan fikrlar maydoniga qiyoslash mumkin. Ya’ni ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlar, foydalanuvchilarning izohlari yangi tashabbuslarga undashi, g‘oya tug‘ilishi mumkin.

Urgut tumanidagi “AL NAZAR ORZU SERVIS” korxonasi rahbari Sohibjon Akbarov o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishida aynan ijtimoiy tarmoqlar ancha qo‘l kelganini aytadi. “O‘zim toza tabiat, musaffo ekologiya tarafdoriman. Har doim ko‘cha-ko‘yda baklashka idishlari, qoldiqlari sochilib yotgan bo‘lsa, juda xafa bo‘lib ketardim. Shuning uchun internetda turli ekologik saytlarga muntazam kirib turardim, ijtimoiy tarmoqlardagi yashillar, ekologlar guruhlariga a’zo bo‘lardim”, deydi u.

Sohib Akbarovning aytishicha, korxonaning asosiy faoliyati poliestr chiqindilar, ya’ni ishlatilgan baklashka idishlarni qayta ishlab, poliestr tola ishlab chiqarishdan iborat. Poliestr tola – tikuvchilik, kiyim-kechak, mebel sanoati korxonalari, turli xildagi pol to‘shamalari va linoleum mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun asosiy yarimtayyor mahsulot hisoblanadi. Uni ishlab chiqarish, sifatli tayyorlash texnologiyasini xorijiy davlatlarga borib, o‘rganib, o‘zlashtirib keldik. Shundan so‘ng, puxta biznes-reja tuzib, tegishli tashkilotlarga taqdim etdik. Uning istiqbolli ekani isbotlangach, bankdan kredit olinadi. Bugungi kunda korxona katta yutuqlarga erishib, “Tashabbus — 2013” tanlovining respublika bosqichida “Eng yaxshi innovatsion loyiha uchun” yo‘nalishi bo‘yicha sovrindor bo‘ldi.

 

Internetda qachon “layk” bosishadi?

O‘zbekiston internet makoni qaysidir ma’noda hali ham odamlar uchun yangilik bo‘lib, undagi jarayonlar asosan universal xususiyatga egadir. Ya’ni odamlarning virtuallashuvi asta-sekin tabiiy jarayonga aylanishi, mahalliylashishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Chunki buning natijasida turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishning imkoniyati yanada kengayadi.

Ochig‘ini tan olish kerak, bugungi kunda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirayotgan tashkilotlar, fuqarolarning hammasi ham ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirok etmoqda, deya olmaymiz. Bunga sabab faol nodavlat notijorat tashkilotlarida asosan katta yoshdagi kishilarning faoliyat yuritishi, shu bilan birga, bunday faoliyatning ommaviy(mashhur)ligini belgilashda ijtimoiy tarmoqlar indikator yoki ko‘rsatkich sifatida hali tan olingani yoki qabul qilingani yo‘qligidadir.

Shunga qaramasdan, O‘zbekistonda ijtimoiy tadbirkorlikni amalga oshirishda, bunday loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy resurslarni jalb qilishda ijtimoiy tarmoqlar, veb-resurslarning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlardan ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirishda foydalanishda bir qator jihatlarga e’tibor qaratish talab qilinadi:

Birinchidan, ijtimoiy tadbirkorlik loyihasi yoki mahsulot/xizmati targ‘ibotini “qotib qolgan qoliplar” asosida emas, balki turli nau-xaularni qo‘llagan holda olib borish lozim. Negaki, bugun internet foydalanuvchilari, ayniqsa, yoshlar juda muhim bo‘lmasa, uzundan-uzun matnlarni o‘qishmaydi;

Ikkinchidan, bugungi jadal axborot oqimi sharoitida odamlar ko‘proq ko‘z bilan ko‘rgan narsalariga ishonadi. Shuning uchun g‘oyangizni yoki yangi tashabbusingizni muayyan qatlamga yetkazish uchun qisqa videoroliklar suratga olish, ularni mavjud internet platformalari orqali keng targ‘ib qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda qisqalikka, soddalikka va o‘ziga xoslikka intilish zarur.

Uchinchidan, har bir yaxshi ishga qo‘l urayotgan odam ijtimoiy tarmoqlarda turli tanqidlarga, yoqimsiz gap-so‘zlarga duch keladi. Agar fikrlar asosli va amaliy bo‘lsa, uni qabul qilish, muallifga tashakkur aytib, ishni davom ettirish lozim. Hech qachon tanqid yoki odamlarning turli gap-so‘zlarini deb tushkunlikka tushib, ishga qo‘l siltash kerak emas. Ya’ni Siz ijtimoiy loyihani amalga oshirishga kirishganingizdayoq bunga tayyor bo‘lishingiz lozim.

Bugungi kunda O‘zbekiston videomurojaatlar uchun www.mytube.uz, facebook’da “Potrebitel.uz”, “Obshestvenniy kontrol” va boshqa guruhlar imkoniyatidan samarali foydalanish mumkin.

Izohlar

Shuxrat's picture
Judayam foydali ma'lumotlar uchun raxmat. Maqolani o'qiganlarga esa Instagram effektivnoe prodvijeniye ot A do YA degan kitobni o'qib ko'rishlarini maslahat bergan bo'lardim.
Ko'pchilik reklama berilayotgan mahsulotga qaraydida yana o'sha narsa deydi!! Lekin qayta-qayta qo'yilayotgan, ko'rasilayotga reklamaham menimcha odamlarni bezillashiga olib keladi! "Yaxshi mahsulot bo'lganida buncha ko'p reklama qilmas edi" - deb o'ylashiga sabab bo'ladi!