Rezyume yozish qoidalari

Hozirgi paytda ko'plab zamonaviy tashkilotlar va ayniqda xalqaro korxonalar ishga topshirayotgan shaxslardan rezyume yuborishlarini talab qilishadi. Rezyume o'zi nima degani? Rezyume fransuzcha “résumé”  so'zidan kelib chiqqan va sodda qilib aytganda qisqacha izoh ma’nosini bildiradi. Rezyume ishga topshirayotgan inson to'g'risida ma’lumotni taqdim etadi, ya’ni uning ismi, ma’lumot darajasi, ish tajribasi, qizishlari va hokazo.

Rezyume hozirgi kunda ish qidirishda eng muhim hujjat hisoblanadi.O'zbek tilida  bunday hujjat “tarjimai hol” va “shaxsiy ma’lumotnoma” deb ham atalishi mumkin, lekin rezyumening shakli bu hujjatlardan biroz farqlidir. Rezyume asosan ish izlovchilar tomonidan ishga topshirayotganda yuboriladigan hujjat hisoblanadi, lekin u boshqa maqsadlarda ham ishlatilishi mumkin. Masalan, tashkilot direktori yoki loyiha menejerining rezyumesi grant taklifi bilan birgalikda donor tashkilotga topshiriladi.

Rezumeda ish izlovchi shaxs to'g'risida qisqacha ma’lumot yoziladi. Ish beruvchi eng birinchilardan bo'lib aynan rezyumega e’tibor qaratadi. Ya’ni ishga topshirgan insonni ko'rmasdan va bilmasdan turib rezyume orqali u bilan tanishadi. Shuning uchun, rezyume ishga topshiruvchi shaxs to'g'risida bexato, aniq va eng asosiysi topshirilayotgan ishga tegishli bo'lgan ma’lumotlarni qamrab olishi kerak. Yaxshi tuzilgan rezyume ishni qo'lga kiritishning birinchi va eng muhim poyqadami hisoblanadi. Agar rezyumengiz orqali ish beruvchini ishontira olmasangiz, keyingi bosqichga o'tish imkoni bo'lmaydi!

Rezyumening asosiy qismlari quyidagilardan iborat:

1.      Shaxsiy ma’lumot

a.       Ism-sharif (talab qilinadi)

b.      Murojaat manzillari: telefon, email, yashash joyi (talab qilinadi)

c.       Jins (majburiy emas)

d.      Millat (majburiy emas)

e.       Tug'ilgan sana (majburiy emas)

 

2.      Qisqacha mazmun  va/yoki professional maqsad (ixtiyoriy)

a.       Bir yoki ikki gap bilan qisqacha eng muhim jihatlarini sanab o'tish.

Misol: 6 yillik tajribaga ega loyiha tuzish va boshqarish mutaxassisi. Ingliz va rus tillarini mukammal biladi. 2008-yilda Biznesni boshqarish yo'nalishi bo'yicha Magistraturani oliy darajada tamomlagan va  ilmiy darajaga ega.

3.      Ma’lumot

a.       Ilmiy daraja/diplom, mutaxassislik, o'qigan yili (yoki daraja berilgan yil), o'quv yurtining nomi, manzili  (shart)

b.      Topshirilayotgan ishga taaluqli fanlar nomi va soati (shart emas)

c.       Agar a’lo darajada bitirgan bo'lsa, shuni ham bildirib o'tish kerak

Misol: 2006-2008  Magistratura, Biznesni Boshqarish. O'zbekiston Milliy Universiteti. Toshkent shahri, Talabalar shaharchasi, Universitet-4 ko'chasi. www.nuu.uz.

Taaluqli fanlar: Loyiha tuzish va boshqarish (22 soat); Markoiqtisodiyot (25 soat)

 

4.      Tajriba

a.       Ishlagan sana, lavozim, tashkilot nomi, manzili, qisqacha vazifalari va yutuqlari

b.      Eng oxirgi ish joyidan boshlab yoziladi

Misol: 25.01.2008 – 10.02.2011  Loyiha mutaxassisi, “Yoshlarda ish ko'nikmalarini rivojlantirish loyihasi”. NNT “Faol”, Shaxrisabz ko'chasi 1-uy, Toshkent. Tel: 267-00-00

·         Yoshlar uchun 5-kunlik treninglarni tashkil qilganman: trening rejasini tuzish; trenerlarni jalb qilish; joy va kerakli jihozlarini tayorlash; ishtirokchilarni taklif qilish; trening paytida barcha ishlarni koordinatsiya qilish; trening hisobotini yozish.

·         BMTD va “Kamolot” bilan hamkorlikda o'tkazilgan “Yoshlarni ish bilan ta’minlash muammolari” mavzusi bo’yicha izlanishlarni olib borishda va yakuniy hisobotini yozishda ko'maklashganman.

·         Loyiha chorak hisobotlarini yozish, loyiha bo'yicha prezentatsiyalar berish.

5.      Qo'shimcha ma'lumotlar:

a.       Xorijiy tillar

b.      Kompyuter darturlari to'g'risida bilimlar

c.       Yutuqlar (sport bo'yicha, stipendiyalar va boshqa muhim yutuqlar)

d.      Qo'shimcha treninglar va kurslar

e.       Tajriba orttitirsh (stajorlik) paytlari

f.       Qiziqishlar

g.      Ilmiy maqolalar

h.      Konferensiyalardagi ma’ruzalar

Maslahatlar:

·         Rezyume iloji boricha bir varoqdan oshmasligi kerak.

·         Har bir ishga topshirganda alohida rezyume yozish maslahat beriladi. Rezyumeda asosan topshirilayotgan ishga taaluqli ma’lumotni kiritish kerak. Buning uchun topshirayotgan ishingiz bayonotini yaxshilab o'rganib chiqing va tashkilotni o'zini ham o'rganishga harakat qiling.

·         Tug'ilgan yili, jinsi va millatini yozish shaxsning o'ziga bog'liq. Ba’zida ish beruvchi tomonidan shu ma’lumotlar asosida farqlash va diskriminatsiya qilish hollari ham uchragan, shuning uchun ko'plab tashkilotlar bunday ma’lumotni majburiy ko'rmaydilar.

·         Ba’zilar rezyumega o'z rasmlarini ham qo'shadilar. Rasm qo'shish ixtiyoriy.

·         Agar shaxsiy vebsaytingiz bo'lsa, uni ham qo'shing. Ba’zi mutaxassislar, ayniqsa disayner va rassomlar, o'zlarining ishlarini ko'rsatish maqsadida tashqi saytda joylashgan manzillarni qo'shishlari ham mumkin.

·         Agar ishga topshiruvchi hozirda talaba bo'lsa, unda kutilayotga bitirish sanasini ko'rsatish kerak.

·         Agar talabalik davrida biror qo'shimcha tajriba orttirilgan bo'lsa, shuni ham yozib o'tish tavsiya etiladi. Masalan: universitet qoshidagi gazetaga muharrirlik qilgan;  yoki “Yosh lider” talabalar tashabbusini boshqargan. Ishga topshiruvchining tajribasi uncha ko'p bo'lmasa shu kabi ishlarni ham Ish Tajribasi bo'limida sanab o'tish mumkin.

·         O'rta maktab ta’limi to'g'risidagi ma’lumot ham ba’zida so'ralishi mumkin. Shunda o'qigan yillari, maktab nomi va/yoki soni va manzili yozilishi kerak.

·         Agar shaxsning tajribasi ko'p bo'lsa va ko'p joyda ishlagan bo'lsa oxirgi 5 yillik yoki oxirgi 5 ta ish joyini to'liq ko'rsatib o'tib, qolganlarini qisqacha sanab o'tsa ham bo'ladi.

·         Tajribani yozganda topshirilayotgan ishga taaluqli vazifa va funksiyalarni sanab o'tish ma’qul. Agar imkoniyat bo'lsa, aniq ma’lumot berib o'tgan yaxshi. Masalan, seminar-trening mutaxassisi lavozimiga ishga topshirayotgan bo'lsangiz unda oldin qanday mavzudagi treninglarni tashkil qilganingiz, trening kimlar uchun va qanday tashkil qilinganligi to'g'risida yozsangiz shu kabi ma’lumot ishga oluvchi uchun muhimroq bo'ladi.

Rezyume namunasi:

Alloma  Kamalova

Toshkent sh., Firdavs mavzesi, Shahrisabz ko'chasi 7-uy.

Tel: +998902220000;  Alloma.kamalova@mail.uz

Qisqacha mazmun: 6 yillik tajribaga ega loyiha tuzish va boshqarish mutaxassisi. Ingliz va rus tillarini mukammal bilaman. 2008 yilda Biznesni boshqarish yo'nalishi bo'yicha Magistraturani oliy darajada tamomlagan va  ilmiy darajaga egaman.

Ma’lumot:

 

2006-2008       Magistr, Biznesni boshqarish. O'zbekiston Milliy Universiteti. Toshkent shahri, Talabalar shaharchasi, Universitet-4 ko'chasi. www.nuu.uz. Fanlar: Loyiha tuzish va boshqarish (22 soat) Makroiqtisodiyot (25 soat)

2002-2006       Bakalavr, Menejment. Farg'ona Politexnika Instituti. Farg'ona shahri, Farg'ona ko'chasi 86-uy. www.ferpi.uz

 

Ish tajribasi:

25.01.2011 – 10.02.2014  Loyiha mutaxassisi, “Yoshlarda ish ko'nikmalarini rivojlantirish loyihasi”. NNT “Faol yoshlar”, Toshkent sh., Shaxrisabz ko'chasi 1-uy. Tel: 267-00-00

·         Yoshlar uchun 5-kunlik treninglarni tashkil qilganman: trening rejasini tuzish; trenerlarni jalb qilish; joy va kerakli jihozlarini tayyorlash; ishtirokchilarni taklif qilish; trening paytida barcha ishlarni koordinatsiya qilish; trening hisobotini yozish.

·         BMTD va “Kamolot” bilan hamkorlikda o'tkazilgan “Yoshlarni ish bilan ta’minlash muammolari” mavzusi bo'yicha izlanishlarni olib borishda va yakuniy hisobotini yozishda ko'maklashganman.

·         Loyihaning chorak hisobotlarini yozish, loyiha bo'yicha prezentatsiyalar berish.

 

01.06.2008 – 28.12.2011  Dastur yordamchisi, Mahalliy rivojlanish markazi, Toshkent sh., Navoiy ko'chasi 165-uy, Toshkent. Tel: 237-90-00

·         Farg'ona, Namangan va Andijon viloyatlarida mahalliy tadbirlarni tashkil qilishda yordam berish: tarqatma materiallarni tayyorlash; treninglar uchun o'quv zallarini tayyorlash;

·         Tadbirlar va yangi loyihalar uchun yoshlarning ijtimoiy ehtiyojlari to'g'risida axborot yig'ish va kichik izlanishlar olib borish;

·         Uchrashuvlarning hisobotini yozib borish.

 

Xorijiy tillar: Ingliz va rus tillarida to'liq yozish, o'qish va muloqot qila olish.

 

Kompyuter dasturlari: Windows 7; Microsoft Office 2008 (Power Point, Word, Excel); Internet

 

Qo'shimcha kurslar: 2011, Toshkent menejment markazi tomonidan tashkil qilingan 6-haftalik “Loyiha tuzish va boshqarish kursi”ni muvaffaqiyatli tamomlaganman.

 

Yutuqlar: 2008 O'zbekiston Respublikasi Presidentining davlat stipendiyasi sohibasi.

 

* Rezyume namunasining ingliz tilidagi nusxasi ushbu maqolaga biriktirilgan.

Izohlar

Kamronbek's picture
ajoyib
Patriot's picture
judayam foydali maslaxat
Shuxrat's picture
Judayam foydAli maslahat, keyngi maqolalarda assesment sentrlar haqida ma'lumot beriwhingizni sorab qolar edik.
Kompyuter dasturlari nazarda tutilganda, barcha o'rganilgan kompyuter dasturlari haqida ham to'liq ma'lumot berilishi kerakmi? Shu mavzudagi javobingizni kutamiz!!
saharschool's picture

Sizning rezyumengiz siz qayerga ishga topshirishingizga qarab o'zgartirib borilishi kerak. Odatda rezyume 1 varoqdan oshmasligi kerak, agar ko'p tajribaga ega bo'lsangiz ko'pi bilan 2 varoq bo'lishi lozim. Shunday ekan, siz rezyumeda faqat kerakli ma'lumotlarni kiritishingiz kerak. Agar siz topshirayotgan ish kompyuter dasturlarini bilishni talab qilsa, unda har bir o'rgangan dasturlarni batafsil yozishingiz kerak. Agar ularning ishga unchalik aloqasi bo'lmasa ularni guruhlab yozishingiz tavsiya qilinadi. Masalan, Microsoft Word, Excel, PowerPoint, Publisher deb alohida yozgandan ko'ra ularni "Microsoft Office" dasturi deb yozishingiz mumkin.

Maftuna's picture
Resume bu hikoya emas... Ana endi menimcha hamma RESUME to'ldirishni bilib oldi
Jamoliddin WEB's picture
Faqat biror ishga joylashish maqsadida emas, shunchaki o'z faoliyati, ko'nikma va tajribalarini tahlil qilish uchun ba'zi-ba'zida rezyume to'ldirib turish foydadan holi emas!
Bakhtiyor Sheraliev's picture

Resume bo'lgan e'tibor bizning mamlakatimizda biroz past, lekin chet elda bunga juda katta e'tibor berishadi, hattoki qanday qog'zoga yozganligingizu, qanday ruchka yoki qlaamda yozganingizgacha. Shu bois resume yoki CV yozayotganda qisqa, lo'nda, aniq ma'lumotlarni berish kerak. Har ehtimolga qarshi Resumeni o'zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlab qo'yish maqsadga muvofiq bo'lar edi.