"Qo'lbola" lug'at

Sarvar Aminov
5
O’rtacha: 5 (11 ovozlar)

Tabiatan yangilikka o‘ch insonman. Maqtanish emas-ku, nima yangilik ko‘rsam yo eshitsam, u haqida ma‘lumot olmaguncha, nimaligini bilmaguncha tinchimayman. Lekin kundalik hayotda ko‘p ishlatiladigan shunday so‘zlar, tushuncha va iboralar bor-ki, hech qaysi kitobdan, hech bir saytdan o‘zimni qoniqtiradigan ma‘no topa olmayman, negadir. Shu sabab, qaror qildim: O‘zim tushunganimcha ta‘rif berib, o‘zim lug’at tuzaman deb. Mana shular orasidan bir nechtasini “chertib-chertib” alifbo ketma-ketligida joylashtirishga harakat qildim. Bir o'qib ko'ring-chi. Balki, sizga tanish so'zlar uchrab qolar. balki, bundanam yaxshiroq ma'nolarini bilarsiz. Faqat, oldindan ogohlantirib qo’yay: o’zingizga yaqin olib, jiddiy qabul qilmang so’larimni. Har ehtimolga qarshi aytyapman. Demak, boshladik….

Adolatsizlik - kam ta’minlangan, ko’p bolali oilalar farzandlari uchun tashkil etilgan yozgi  oromgohda aksariyat bolalarning qo’llaridagi qimmat "ayfon"larini bir-biriga maqtanishi.
Izoh: bunda bolalarning zig’ircha aybi yo’q.

Bachkanalik - 1) o’zbek filmlarida tez-tez uchrab turadigan komediya janrining "yemagan" ko’rinishi.
2) yoshi kattalarning, ayniqsa, ayollarning nisbatan yoshroq ko’rinish yo’lidagi kiyim tanlash borasidagi "qovun"larini ham shunday atash mumkin.

Dangasalik - 1) kechagi ishni bugunga, bugungi ishni ertaga qoldirish asosiy alomatlari bo’lgan o’zbekona "kasallik".
2) yugurishni, kurashishni xohlamaydigan, yana tanqidni xushlamaydigan o’zbek futbolchilarini o’ziga bo’ysundirgan kuch

Ezmalik - g’ishtday-g’ishtday qalin kitoblar yozgan, lekin kitoblaridan bir varoq ham ma’no topish qiyin bo’lgan "adib"larga tekkan qusur. 

Farosatsizlik - tepmaguncha turmaydigan, turtmaguncha yurmaydigan ba’zi odamlardagi yomon odat. Bu ayniqsa jamoat transportida o’zini uxlaganga solib o’tiradigan yoshlarda ko’p kuzatiladi. 

Gunoh - "Biznes o’xshamayapti, gunohlar yig’ilib qogan bo’sa kerak. Bir Hajga borib kesammikin..." deb fikrlashning o’zi katta gunoh!

Halollik - Tirik(!) mollarni so‘yib, chiroyli qilib taxlab, xaridorga lahm desa lahm, suyak desa suyak berayotgan, tarozini bir burchagini barmoqchasi bilan umuman bosmaydigan qassoblarning ezgu fazilati.

Ijod - xorijdan musiqa va uslublarni ko’r-ko’rona ko’chirishni o’ziga ep ko’rmaydigan, professional shoirlar va bastakorlar bilan ishlashga odatlangan, haqiqatda o’z ustida mehnat qiladigan san’atkorlar band bo’ladigan jarayon

Jigar – bir qorinda vujudi shakllanib, bir burda nonni teng bo’lishib katta bo’lgan, biroq ulg’ayib molparastlik ko`zini ko`r qilgan, uy, joy, pul kabi o’tkinchi narsalarni deb bir biridan yuz o’girganlarga yot bo’lgan tushuncha.

Ko’zbo’yamachilik - bitta ta‘rif kamlik qiladigan, butun boshli kitob yozsa arziydigan tushuncha. Har qadamda ko‘zbo‘yamachiliklarni topish mumkin. Misol uchun: 1. O‘qituvchi: O‘quv yurtiga komissiya kelarkan, dars sifati tekshiriladi. Savollarni javoblari bilan birga beramiz. Turib javob berasizlar!
2. Sport kompleksi direktori: Televizordan kelisharkan, bolalarga skladdagi kiyimlardan, koptoklardan olib chiqib beringlar. O‘ynab turishsin. Pul haqida umuman gapirishmasin! Ogohlantiring!
3. Glavrach: Tekshirish kelyapti, 3 kishi yotgan palatalardan bittadan kasalni olib chiqib boshqa palataga yotqizing. Yangi choyshablardan bering.

Laganbardorlik - "qorni katta", "nozik" akalarga qaysidir yumushi hal bo’lguncha, biror amalga erishguncha bo’ladigan  yaltoqlanish, birga bo’lgan davralarda shoirlar maqtov she’rlariga murojaat qilinadigan, "samimiy hurmat" na’munasi bo’lgan "sovg’a-salomlar" oldi-berdisi jarayoni.

"Masxaraboz" - o’zini "so’z ustasi", "qiziqchi" deb hisoblaydigan, lekin ayni paytda na gapida, na xatti-harakatida biror qolip topilmaydigan, bachkanalikdan, maynavozchilikdan uyog’iga o’tolmayotgan ayrim "san’atkor"larimizni shunday atasak to’g’ri bo’lardi.

Nonko’r - otasi falooon pul to’lab, o’qishga joylab qo’ygan, kontraktini ham otasi to’layotgan, lekin na o’qiydigan, na ishlaydigan, ichib-chekib, yallo qilib yurgan aksariyat talabalarni men shunday nomlagan bo’lardim. (mobodo, qo‘pol tuyulgan bo’lsa uzr)

Oriyat - qo‘l oyog‘i but bo‘la turib xotinini topganini yoki qaynotasini pulini yeb yotishdan boshqasiga yaramaydigan, yana og‘zini kerib "Man erkakman o‘vv" deydigan ayrim shaxlarga birozgina begona bo‘lgan xislat.

"Podderjka" - oldin biror o’qishga, keyin esa yog’liroq ishga joylashvolishga yordami tegadigan "ko’rinmas odam". Ba’zan turli xildagi "pillapoyalar"dan ko’tarilishda ham unga suyaniladi.

Qiz taraf -ba’zi hududlarda uchrab turadigan ham qizini, qiziga qo’shib yillar davomida yiqqan terganini or nomusli(!), g’ururi baland(!) yigitga uzatadigan tomon. Bunda shartlar yigit tarafdagilar tomonidan belgilanadi. (Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Foydalanishdan oldin viloyat yoki hudud nomiga e’tibor bering yoki yoshi kattalar bilan maslahatlashing)

Rekonstruksiya - tepadan REKONSTRUKSIYAGA!!! degan mazmundagi buyruq va mablag’ oladigan lekin, rekonstruksiya o’rniga ReYAMOQ qiladigan yo’l ta’mirlash korxonalarining hujjatlashtirish ishlarida ishlatiladigan termin. 

Suyunchi - deb qadimda chaqaloq tug’ilganligi xabarini birinchi bo’lib yetkazgan odamga eshitgan odam dilidan chiqarib beradigan tuhfasiga aytilgan. Odatda suyunchi aytuvchilar bolalar bo’lishgan. Hozir esa, ayrim doya hamshiralar tomonidan summasi aniq qilib belgilangan, baxtiyor otalarni "sog’ish"ga qaratilgan pul miqdori. (QQS bilan birga)

"Tirikchilik" - pul dardida yengil hayot tarzini tanlagan, lahzalik huzur uchun nomusini, vijdonini, badanini sotayotgan "tunggi kapalaklar"ning o’zini oqlashda eng birinchi ishlatadigan so’z.

"Uxlatish" - "tirikchilik"ning bir ko‘rinishi bo‘lib, asosan qarz munosabatlarida uchrab turadi. Bunda qarz olgan shaxs turli xil vajlar bilan qarzni qaytarmaslikka urinadi yoki umuman juftakni rostlaydi. 

( Handalak guruhining "Qarz erkakni eri" degan hazilini basharasiga qarab aytging keladi bunday odamlarni)

"Vos-vos" - xalq orasida soddalik va birozgina fikrlar chalkashligi natijasida tez-tez uchrab turadigan salbiy holat. Turli xil mish-mish, ig‘vo gaplarga ishonib, aqlga sig‘maydigan ishlarni qilishga undovchi yomon qusur. ("Girya ishi", "10000 so‘mlik kupyura", "Dollar-Yuan almashinuvi..", "GM da mashinalarni plastikka berisharmish..." kabilar)

Xushovoz - radio yoki televizorda har 2 ta qo‘shiqchidan bittasini shunday maqtash urfga kirgan. Hozirgi kunda pulga sotib olinayotgan bu ta’rifga oldinlari haqiqiy iste‘dod evaziga sazovor bo‘lar edilar. 
(Tamila, Amira, Kaniza, Avaz Olimov, "Negyaa" deydigan boladan va boshqalardan uzr so‘ramayman!)

Yalqov - O‘zbek futbolini orqaga tortayotgan, mehnat qilishni xushamaydigan, faqat o‘z g‘amini ko‘radigan ba‘zi futbolchilardan tortib rahbariyatning ayrim xodimlarigacha bo‘lganlarni shunday atagim keladi. (O‘ylab qarasam, faqatgina dangasa bilan cheklansak sal kamlik qilarkan)

"Zuluk" - o‘ziga yuklatilgan xizmat vazifasidan, amalidan noo‘rin maqsadda foydalanadigan ayrim mansabdor yoki biror vakolatga ega shaxs. Bunda ular o‘zlariga tegishli bo‘lmagan mulkni ayovsiz talon taroj qiladilar. Poraxo‘rlik, korrupsiyaning qonini yangilab turgan ham aynan shular bo‘ladi. (O‘zi "Kana" demoqchi edim, qarasam K harfi o‘tib ketibdi)

"O‘simta" - deyarli hamma joyda uchratishimiz mumkin bo‘lgan turli xildagi odatlar va o‘ziga xos yozilmagan qonun-qoidalar bo‘lib, uni tag tomiri bilan yo‘q qilinmaguncha rivonlanish bo‘lmaydi. (Masalan: korxonada vakansiya boru, lekin siz yoki biz o‘z kuchimiz bilan joylasholmaymiz. Propiskaga o‘tishga ruxsat etiladi-yu, lekin hamma ham kira olmaydi. Joningizni berib o‘qiysiz-da, lekin o‘qimagan bilan bir xil baho olasiz. Haqqimizni talab qilishni bilamiz-ku, lekin majburiyatlarga kelganda jim turamiz. va hokazolar)

G’ayrat, Shijoat, Chidam - bugungi kunda aksariyat yoshlarimizga ozgina yetishmayotgan fazilatlar. O‘zida iste‘dodni to‘liq anglab yetmaydigan, faqat bugungi kun bilan yashayotgan tengqurlarimizga o‘ta zarur bo‘lgan xususiyatlar! Ozgina to’siqdan-da hayiqib, ortga chekinishni yoki umuman kurashishdan voz kechadigan insonlarga suv va havodek kerak bo’lgan jihatlardir!

Iya, harflar tugab qolibdi-ku! Ehh, hali aytadigan gap ko‘p edi, afsus. Ha mayli, qolgani sizni hukmingizga havola. Balki, keying bloglarda yozarman qolganini.

Avvalo, men bu lug‘at orqali kimnidir haqorat qilmoqchi yoki barmoqni bigiz qilib ko‘rsatmoqchi emasman. Muammolar hamma joyda uchraydi va hammaga barobar ham deyishdan ham yiroqman. Bu yerda yozilgan kamchiliklar shunchaki aksariyat vatandoshlarimizning, bizning ko‘zgudagi aksimiz, o‘zimiz kunora uchratadigan, kerak bo‘ksa o‘zimiz amalga oshiradigan kamchiliklarimiz, xatolarimiz emasmi? Ko’rinishidan ahamiyatsizdek, arzimasdek tuyulishi mumkin. Lekin hozir 26 tasini sanganimizdek muammo va tushunmovchiliklardan yana qancha bor deb o‘ylaysiz? Bularni bugun bartaraf etmasak, ertaga ular soni yana ortishi turgan gap-ku?! "Toma-toma ko‘l bo‘lur" deydi dono xalqimiz.

Orangizda "Fee, shuncha gapni aralash quralash yozibdi, undan ko‘ra bitta dolzarb muammoni ochib berib, unga chiroyli yechim bersa bo‘kmasmikan" deydiganlar ham topilar. Lekin o‘ylab qarasam bitta muammo ikkinchisiga, ikkinchisi uchinchisiga bog‘lanib ketarkan. Xuddi ajriqqa o‘xshab: to tomiri yoki yon atrofdagilari bilan birga sug‘urib tashlamas ekansiz, u yana kopkarib chiqaveradi. Muammolar ham xuddi shunday. Birini to‘xtatsang yana biri, unisi qolsa bunisi...

Mayli, xulosa qilishni o‘zingizga qoldiray-da, so‘zlarimni Maksim Gorkiyning menga juda yoqadigan jumlalari bilan tugatsam: 
O‘z ustingizdan kulishdan cho‘chimang, o‘z-o‘zini tanqid qilish ham xuddi yuvinish kabi zarurdir!

Izohlar

Bakhtiyor Sheraliev's picture
5

O'zgacha uslubdagi blog bo'libdi,, shu bois a'lo bahoga loyiqsiz. Faqatgina blogda ko'p izoh berib yuboribsiz. Kimdandir kechirim so'rash yoki izoh berish shart emas edi. Chunki gap egasi topadi, unga tegishli bo'lmagan gapni hech qachon odam o'ziga olmaydi.

AminovSD's picture
0

A'lo baho uchun rahmat. Keyingi bloglarda kamchiliklarni to'g'irlaymiz albatta))

jimmy's picture
5

Creative blogpost bo'libdi. Kutganimdan ham yaxshi chiqqan. Bitta blogpostda bir necha muammolar ajoyib tarzda yoritib berilgan. Har birini izohlashga o'zgacha yondashilgan. Bitta kamchiligi yechimlar yo'q. Lekin buncha muammoning yechimlarini ham yozaman deyilsa bir butun kitob bo'lib ketadi. Shu bois taklif bildirmagan bo'lsangiz kerak. Xullas, ortiqcha so'zga hojat yo'q. Zo'r!

AminovSD's picture
0

Ijobiy fikrlar uchun rahmat! Blog oxirida aytganimdek, xulosa qilishni uni negizida yechim berishni o'quvchining o'ziga qoldirdim. Yechim berish har doim ham o'zini oqlamaydi menimcha. Chunki, bu fikrlashdan biroz chalg'itadi deb o'ylayman, Sababi inson muammolarni kuzatib o'zi fikr yuritishi, yechim topishga harakat qilishi va bu orqali jamiyatga tobora yaqinlashishi kerak deb hisoblayman.

Bahodir Mahmudov's picture
5

A'lo. Hozirgacha o'qigan bloglarimdan eng yaxshi ikkinchisi. JNning bogposti birinchi o'ringa da'vogarlik qilsa, sizniki ikkinchi o'rinni qo'lga kiritsa ajab emas. Omad tilayman

AminovSD's picture
0

Maqtov uchun katta rahmat. Lekin, ochig'ini aytaman, 3 yoki 4 - o'rinlarga umid qilib turuvdim. Sizni gapingizdan keyin ancha ishonchim ortdi. Rahmat))

Charos Omonova's picture
5

Malades Sarvar))) grammatik xatolarni aytmaganda ajoyib post!!!

AminovSD's picture
0

Rahmat)), ha postni joylashtirgach ko‘rdim. Hammasini to‘g‘irladim deb o‘ylagandim. Ko‘zdan qochibdida))

Fozil Sharipov's picture
5

Yaxshi yoritilgan bugungi kundagi muamolarni. Molodets

AminovSD's picture
0

Katta rahmat.

Komil_Sanayev's picture
0

Qoyil Sarvar! Zamonamizning aktual muammolarini, juda chiroyli tarzda yozibsiz! "Qo‘lbola lug‘at"ni keyingi seriyalarini ham kutib qolamiz. OMAD!

Komil_Sanayev's picture
5

Uzr baholamabman(

AminovSD's picture
0

Ijobiy fikr uchun tashakkur. Yoqqanidan xursandman. Keyingi soni albatta bo‘ladi. ))

Komil_Sanayev's picture
5

+5

Xanjarbek's picture
5

Haaaa. Manaaa. Bo'larkanuuuu. Rostdanam shuncha muammo bitta blogpostda-ya. O'qiganlarimning eng zo'ri desam aniq adashmayman. O'zgacha uslub kutgandim, kutganimdanam a'lo chiqqan. (Sizga knopkalari kaaatta-kaaatta klaviaturasi bor kompyuter sovg'a qilish kerak, agar tanlovda g'olib bo'lsangiz (hazil)). Nonko’r - otasi falooon pul to’lab, o’qishga joylab qo’ygan, kontraktini ham otasi to’layotgan, lekin na o’qiydigan, na ishlaydigan, ichib-chekib, yallo qilib yurgan aksariyat talabalarni men shunday nomlagan bo’lardim. (mobodo, qo‘pol tuyulgan bo’lsa uzr) Uzr so'rashni hecham hojati yo'q. Chunki gap egasini topib boradi. Hozir men bilan ham shunaqalarning 40 tachasi o'qiyapti. Gunoh - "Biznes o’xshamayapti, gunohlar yig’ilib qogan bo’sa kerak. Bir Hajga borib kesammikin..." deb fikrlashning o’zi katta gunoh! Juda a'lo darajadagi ta'rif. Qancha ijobiy fikr aytsamam kam bu blogpostga. Ijodkorga alohida rahmat bu blogpost uchun. Kelajakda shu yozilgan ta'rifdagilardek ish tutmasliginggizga ishonaman va shunday ish tutmasliginggizni iltimos qilib qolaman. Kelajakka sizdek (mendek (hazil)) yoshlar juda zarur deb o'ylayman. Agar taqdirlash meni qo'limda bo'lganida ikkilanmasdan 1-o'rinni bergan bo'lardim. Bu shunga ikki marta loyiq.

AminovSD's picture
0

Postim yoqqanidan xursandman, bu kabi ijobiy fikrlar menga qanot baxsh etadi. Albatta, yurtimizga siz kabi fikri teran yoshlar juda ham zarur. O`qish, ishlaringizda omad tilab qolaman. Katta rahmat))

odilbekovich's picture
5

To'g'risi buni o'qib yozmoqchi bo'lganlarim ham esimdan chiqib qoldi. Bunaqa blogpostni oldin uchratmagan edim. Juda-juda a'loga loyiq. Juda ko'p muammo bitta blogpostda yoritilgan. "Idealniy" blogpost.

AminovSD's picture
0

Katta rahmat! Nima ham derdim, sizga ham "Idealniy" izoh uchun tashakkurlar!))

Цветок Ноября's picture
5

Ajoyib yondashuv) No comment!!!

AminovSD's picture
0

Sizga yoqqanidan boshim osmonga yetdi. Tashakkur!))

Farhod Ulugov's picture
5

Dunyo dunyo bo'lib bunday lug'at ko'rmagan!

Orifjon's picture
5

Juda ajoyib!!! Yangi yo'nalish:bitta o'q bilan 26 muammoni nishonga olibsan. Haqiqatdan oliy o'ringa munosib.