Qaysi loyihani tanlagan ma’qul yoki muqobil tanlov usuli

Kundalik hayotda har birimiz turli katta va kichik muammolar bo‘yicha yuzlab yechim variantlaridan birini tanlash zaruratiga duch kelamiz. Bir qarorga kelish hammada ham oson kechmaydi va ikkilanish holatlari ko‘p bo‘ladi. Shunday holatlarda biz boshqalar fikrini so‘raymiz yoki qo‘shimcha ma’lumot yig‘a boshlaymiz. Ushbu maqolada biz qaror qabul qilishda yordam beradigan usul “Qaror qabul qilish daraxti”ni, yoki boshqacha qilib aytganda "Muqobil tanlov" usulini sizga qisqacha tanishtirib o‘tmoqchimiz.

Qaror qabul qilish daraxti vaziyatdagi ehtimollikni hisobga olgan holda eng yuqori ijobiy natija beradigan qaror qabul qilish usulidir. Bunday natijani aniqlashda biz oddiy matematika hisoblaridan foydalanamiz. Bu usuldan foydalanishda avvalambor biz vaziyatning ehtimollik darajasini va natija yoki zarar ko‘rsatkichlarini to‘g‘ri baholay olishimiz lozim. Har bir qaror qabul qilish daraxti usuli uchta elementdan iborat bo‘ladi. Bular:

  • Qarorlar (variantlar);
  • Noaniqliklar; va
  • Foydalar/yo‘qotishlar.

Asosiy maqsad esa ma’lum ehtimollik ko‘rsatkichlari asosida hisoblangan qarorlarning eng yuqori ijobiy qiymat bergan variantini tanlash.

Keling, avval bu usulni oddiy hayotiy misol asosida ko‘rib chiqamiz. Masalan, Diyora bugun ko‘chaga chiqishdan oldin o‘zi bilan soyabonini olish yoki olmaslik ustida ikkilanmoqda. Ob-havo esa biroz bulutli. Ma’lumotlarga qaraganda, bugun yomg‘ir yog‘ish ehtimoli 60%. Ushbu misolni tahlil qiladigan bo‘lsak, unda qarorlar: o‘zi bilan soyabonni olish yoki olmaslik bo‘ladi. Noaniqliklar: bugun yomg‘ir yog‘ish yoki yog‘masligi ehtimoli. Foyda esa mamnuniyat yoki qoniqish hissi.

Muqobil tanlov: Soyabon olish yoki olmaslik?     

Yuqoridagi diagrammaga nazar solsak, yomg‘ir yog‘ish ehtimoli 60%, unda yog‘maslik ehtimoli esa 40%. Agar Diyora soyabon olsa va yomg‘ir yog‘sa, unda Diyora o‘zi bilan soyabonni olganidan juda ham mamnun bo‘ladi. Bunga biz +1 qoniqish o‘lchovini beramiz. Agar u soyabon olsa, lekin yomg‘ir yog‘masa, unda Diyora kun bo‘yi og‘ir soybonni ko‘tarib yurganidan afsuslanadi. Bunga biz tahminan salbiy -2 o‘lchovini beramiz. Agar u soyabon olmasa, lekin yomg‘ir yog‘sa unda u juda ham xafa bo‘ladi, shuning uchun bunga eng salbiy -3 o‘lchovini beramiz. Agar Diyora soyabonni olmasa va yomg‘ir yog‘masa, unda Diyora qilgan qaroridan mamnun bo‘ladi. Bunga biz +1 mamnunlik o‘lchovini beramiz.

Demak, oddiy formula orqali quyidagini hisoblab chiqamiz:

Soyabon olish: 

60% * (1) + 40% * (-2)

0.6 * (1) + 0.4 * (-2) = -0.2

Soyabon olmaslik:

60% * (-3) + 40% * (1)

0.6 * (-3) + 0.4 * (1) = -1.4

Eng yuqori bal olgan qarorni tanlaymiz: -0.2 > - 1.4 Bizning misolda bu soyabon olish qarori bo‘lib chiqdi. Demak, Diyora o‘zi bilan bugun soyabonini olib ketsa, uning qarori yuqoriroq mamnunlik natijasini berish ehtimoli bor.

Keling endi buni oddiy tadbirkorlik loyihalariga nisbatan qo‘llab ko‘ramiz. Adham anchadan beri mahallada o‘zining kichik biznesini tashkil qilmoqchi. Unda ikki g‘oya bor, biri qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, ikkinchisi esa non mahsulotlarini ishlab chiqarish. U qaysi birini tanlashni bilmay turibdi. Qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish oyiga 500,000 so‘m berishi mumkin. Non mahsulotlar esa 350,000 so‘m foyda keltiradi. Albatta qandolatchilik mahsulotlaridan ko‘proq foyda keladi,lekin qaror qabul qilishda boshqa barcha shart sharoitlarni hisobga olish kerak. Deylik, ushbu misolda qandolatchilik biznesida 50% muvaffaqqiyat qozonish va 50% yo‘qotish ehtimoli bor. Muvaffaqqiyatli natijada Adham 500,000 so‘m foyda ko‘radi. Agar muvaffaqqiyatsiz bo‘lsa unda 150,000 so‘m yo‘qotadi. Non mahsulotlarini ishlab chiqarish biznesida esa 70% muvaffaqqiyatli bo‘lish va 30% yo‘qotish ehtimoli bor. Muvaffaqqiyatli bo‘lgan holda 350,000 so‘m foyda ko‘radi, aksincha esa 50,000 so‘m yo‘qotadi. Bu misolni ham yuqorida keltirilgan formulaga solsak, quyidagi natijani ko‘ramiz:

0.5 * (500,000) + 0.5 * (-150,000) = 175,000 so'm

0.7 * (350,000) + 0.3 * (-50,000) = 230,000 so'm

Natijani tahlil qiladigan bo‘lsak, agar Adham qandolatchilik biznesini tanlasa, uning ehtimoldagi kutilgan foydasi 175,000 so‘m bo‘ladi. Non mahsulotlari biznesining ehtimoldagi kutilgan foydasi esa 230,000 so‘m. Ushbu biznesning riski, ya’ni yo‘qotish ehtimoli ham kamroq, shuning uchun nonmahsulotlarini ishlab chiqarish biznesini tanlash to‘g’riroq bo‘ladi. Demak, biz eng yuqori kutilgan qiymatni beradigan variantni tanlaymiz. Ehtimoldagi kutilgan foyda yoki qiymat, shunday loyihalarni qayta va qayta amalga oshirganda va turli sharoitlarda o‘rtacha erishiladigan qiymatga teng.

Yuqoridagi misollarda biz “Muqobil tanlov” usulini juda ham soddalashtirib ko‘rsatdik. Ushbu usulni ko‘proq noaniqliklar va ehtimollik ko‘rsatkichlarini ham qo‘shib qo‘llasa bo‘ladi. “Ehtimollarni qayerdan olamiz?” degan tabiiy savol tug’ilishi mumkin. Bular tarixiy ko‘rsatkichlar yoki qo‘shimcha izlanishlar orqali orttirilgan ma’lumotlar. Yuqoridagi tadbirkorlik misolida non-mahsulotlarini ishlab chiqarishda muvaffaqqiyatli bo‘lish ehtimoli aholi orasidagi mahsulotga nisbatan talab va boshqa shunday loyihalarning natijalarini o‘rganib chiqish orqali aniqlangan.

Ba’zi tadbirkorlarning strategiyalari xavf-xatardan (riskdan) qochish yoki oldini olish bo‘ladi. Shunday holatlarda, ehtimoldagi kutilgan qiymati yuqoriroq bo‘lsada, ular riski pastroq variantni tanlashlari mumkin. Tadbirkorlarning loyihalarni strategik rejalashtirishlari va to‘g’ri qaror qabul qilishda keng qo‘llaniladigan usul haqida “SWOT tahlili” maqolamizda batafsil o‘qishingiz mumkin.

Izohlar

Ziyoda's picture
raxmat kottakon mavzu judayam oson va sodda qip chuntirilgan
HappyMan's picture
Mana shu uslulni avtomatik amalga oshirish darajasiga chiqarishimiz kerak ekan. Balki boshiga qandaydir dasturcha qilib olsa ham bo'lar ekan. Algoritmi soddagina ekan!
Yorqin's picture
Oliy matimatka ekanda
Eldor1's picture
Oliy matematika emas kuproq ehtimollar nazariyasiga uxshaydi , nima bulganda xam foydali , rahmat.
xurshidbek's picture

Shu maqola muallifi iltimos man bilan bo'laning maslahatingiz kerag edi