Qachongacha o`zimizni aldashda davom etamiz?!

Quramboyev Jamshid
4.533335
O’rtacha: 4.5 (30 ovozlar)

O‘quv qayda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘lur,
Bilim qayda bo‘lsa, buyuklik bo‘lur.
Yusuf Xos Hojib
 

-     Talabalar, bu hafta oraliq va joriy baholarni qo`yish haftasi ekanligidan xabardorsizlar. Shu bois men ham sizlarga oraliq baholarni qo`yishim kerak. Har doimgidek jurnal boshidan boshlaymiz. Qani, A’zamov, keling-chi, sizni bir baholab qo`yaylik.

Xo`sh, 10 ta darsdan 2 tasida qatnashmagansiz. Bu yaxshi emas.

-     Domla, 2 tasi ham sababli edi: bitta darsni kasal bo`lib qolganligim uchun, ikkinchisini esa  tadbirda qatnashayotganligim uchun o`tkazib yuborgandim.

-     Daftaringiz bormi? Iya, nimaga qo`lingizda daftar yo`q?

-     Domla, uzr. Qo`shimcha kursga borishim va boshqa sabablar tufayli mavzularni konspekt qilishga vaqt ajrata olmagandim.

-     Bunaqasiga kelishmagan edikku. Semestr boshida sizlarga ma’ruzaga alohida, seminarga alohida 48 betli daftar tutishlaringiz va har bir mavzuni konspektlashtirib borishlaringiz  kerakligi haqida  aniq-tiniq qilib aytgandim. Axir hozir tekshiruvchi kelib turib daftarlaringizni tekshirsa nima bo`ladi?! Daftar yozilmagan bo`lsa, biz dars o`tganligimizni qanday isbotlaymiz?! Shu bois, konspektni o`z vaqtida yozib qo`yinglar. Ha, mayli, o`zlaringiz yozmasangizlar ham daftarlaringizda mavzular bo`lsin.

O`rtoq A’zamov, siz 10 ta dars davomida mavzu yuzasidan bitta ham prezentatsiya (taqdimot) qilmabsizku. Mana, qarang, nechta talaba mavzularni prezentatsiya qilib topshirgan. Sizda esa yo`q. Mayli, A’zamov, sizga qanaqa baho qo`ysam ekan?!

-     Domla, shu paytgacha  bitta ham 4 baho olmaganman, hamma fanim 5 bo`lib kelyapti.

-      5 baho deysizmi?! Men sizga qanaqa qilib 5 baho qo`yishim mumkin, a’lo baho olmoqchi bo`lgan talabalar mening nomimdan maqola va tezislar ham chiqarishgan, prezentatsiyalar qilishgan, daftarlari ham to`liq, eng muhimi “nb” lari yo`q. Sizda-chi?! Yo`q, men sizga 5 qo`ya olmayman.

-     Unda savol-javob qiling. Savollaringizga javob bersam qolgan narsalarning nima ahamiyati bor?

-     Savol-javobga ne hojat? Bahongiz aniq-ku. Mayli, bergan topshiriqlarimning barchasini tayyorlab keling, keyin savol-javob qilaman. Hozircha esa 2, A’zamov.

Ha, bugungi kunda bizning ta’lim jarayonimiz  shu darajaga borib yetdiki, buni tilga olmaslikning iloji qolmadi. Yuqoridagilarni men bejizga  keltirib o`tganim yo`q, chunki bunaqa “ustoz-shogird” (agar shunaqa deyishga arzisa) suhbatlarini ko`pchiligimiz deyarli har bir maktab, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylar va, albatta, oliy o`quv yurti dargohlarida juda ko`p marotaba eshitganmiz, eshitmoqdamiz va katta ehtimollik bilan kelajakda ham eshitsak kerak.

Bu blogpostda sizning e’tiboringizni aynan talabalarning baholanishiga emas, balki talabalarning bilim olish o`rniga baho olish uchun qilayotgan ishlariga hamda buning natijasida ularning talabga javob bermay ta’lim dargohlarini bitirayotganliklariga qaratmoqchiman.

Hozirda talabaning bilimiga ko`pincha uning o`zlashtirishiga qarab emas, balki uning o`qituvchi uchun qilgan ishlariga qarab baho qo`yilmoqda. Yuqoridagi  misol haqiqatda o`qiydigan va bilimli talabalar haqida ekanligini e’tibordan qochirmang, chunki oramizda kunim o`tsa bo`ldi deydigan talabalar anchagina. Xo`sh, o`qituvchi yuqorida talab qilayotgan vazifalar nechog`lik biz uchun ahamiyatli hamda foydali? Quyida ularning har biriga to`xtalib o`tamiz.

Mavzularni  konspektlashtirish.

 Domlalarga konspekt yozish shartmi desang, faqat bir xil javob olasan: yozmasangizlar bo`lmaydi, ertaga tekshiruvchi kelib daftarlaringizni tekshirsa va sizlar yozmagan bo`lsangizlar, bizga gap tegadi, chunki bu bizning dars o`tganligimiz haqidagi  isbotdir va hokazo.

Shu o`rinda bir gap aytmoqchiman: men 9 yil maktabda, 3 yil akademik litseyda o`qiganligimni hamda  ayni paytda institutning  3-bosqich talabasi ekanligimni hisobga olsam, jami 15 yil bo`ladi. Qizig`i shundaki, shu 15 yil davomida hali biron bir marta bitta tekshiruvchi xonaga kirib turib “Qani, o`quvchilar, daftarlaringizni ochinglar, men har biringiznikini tekshirib chiqaman, shunda sizlar haqiqatda dars o`tdingizlarmi-yo`qmi ma’lum bo`ladi” deganiga guvoh bo`lmaganman va bundan keyin ham shunday bo`lsa kerak.

Bir-ikkita domlalar juda zo`r javob berishadi. Bu javoblarni eshitib bir jahlim chiqadi, bir kulgim keladi. “Sizlar konspekt yozish orqali hech bo`lmaganda  to`g`ri va chiroyli yozishni o`rganasizlar” emish. “Ey, oliy ma’lumotli o`qituvchi,  universitetga kirguncha to`g`ri va chiroyli yozishni o`rganmagan talaba endi buyog`iga qanaqa qilib o`rganadi?” deb aytadigan odam yo`q.

Ba’zi o`qituvchilar konspekt yozganda asosiy joylari esingizda qoladi,  sizlar uyga borib baribir o`qimaysizlar deb ta’kidlaydi. Shaxsan o`zim mavzuning asosiy ma’nosini beruvchi joylarini konspekt qilaman, lekin muammo shundaki, yo musiqa tinglab, yo hayol surib, yo shundoq zerikkanimdan yozaman(menimcha, kuzatuvlarimga ko`ra  ko`pchilik  shunday). Guruhda har doim konspekt yozadigan talaba men ekanligimni va qolganlarning ko`pchiligi mendan ko`chirishini hisobga oladigan bo`lsam (bu maqtanish emas), bundan hech qanaqa foyda yo`q. Daftarda bor narsa talabaning mavzuni o`zlashtirganligini bildirmaydiku. Kallasida hech nima bo`lmay turib daftarlarini kimlargadir yozdirib yuradigan talabalar soni mingta.

Muammoga boshqa tarafdan qaraydigan bo`lsak, mavzularni bo`lar-bo`lmasga konspektlashtirish ortiqcha daftar sarfiga olib keladi, ya’ni bitta talaba bir semestrda 10 ta fandan ham ma’ruza, ham amaliyot uchun kamida 20 ta daftar tutadi. Bir guruhda o`rtacha 25 talaba o`qiydi desak, jami daftarlar soni 500 ta, 1 yilda esa 1000 ta  bo`ladi. Endi siz  buni butun bir institut yoki tuman, viloyat va respublika bo`yicha hisoblab ko`ring. Zero 60 kg  qog‘oz 70-80 yillik bitta daraxtning umridir. Men bu fikrim bilan daftar kerak emas deb ta’kidlamoqchi emasman, balki  daftarni xo`jako`rsinga to`ldiraverish foydadan ko`ra ko`proq zarar keltirayotganini aytib o`tmoqchiman.

Prezentatsiya (taqdimot) qilish.

Texnologiyalarning rivojlanishi ham ijobiy, ham salbiy samara berishi hammaga ma’lum. Ta’lim maskanlarining deyarli har biri chiroyli binoga egaligi, eng yangi texnologiyalar va o`quv jihozlari bilan ta’minlanganligi ijobiy holatdir, lekin biz undan samarali foydalanmas ekanmiz, bizga ularning umuman foydasi yo`q. Oddiy misol - prezentatsiya qilish. Talaba baho olishi uchun ko`pincha taqdimot qilishi kerak bo`ladi. Mayli, taqdimotni chiroyli qilib Microsoft Powerpointda tayyorladi deylik, lekin talaba prezentatsiyaga ishonib mavzuni yaxshi o`qimagan bo`lsa, nima bo`ladi? Chunki, taqdimot proyektor orqali namoyish qilib qo`yiladi va talaba unga qarab be’malol mavzuni tushuntirib berishi mumkin. Onda-sonda qarab olganining zarari yo`q, biroq har doim ham shunday emasku. Taqdimotni 100 foiz o`qib beradigan, lekin o`zi nima deganiga tushunmaydigan talabalar juda ko`p. Meni yana asabiylashtiradigan jihati o`qituvchilar  ham bunga e’tibor qilmaydi. Bilmadim, yo ular  talabaning mehnatini baholaydi, yo o`zlari  hech nimani bilmaydi.  Yoki ular  “nima farqi bor, 80 daqiqa o`tsa bo`ldi-da” aqidasiga amal qilishadi. 

Bundan tashqari taqdimotdan o`qituvchilarning o`zlari  ham foydalanadi. Shunday vaziyatlar bo`ladiki, texnik sabablarga ko`ra taqdimot kompyuterda ochilmay qolsa, o`qituvchilar jazavaga tushishni boshlaydi, chunki ular ham taqdimotga ishonib darsga tayyorlanmay kelgan bo`ladi-da.

O`qituvchilar tomonidan beriladigan turli xil referat va mustaqil ishlar.

Yil boshida dars o`tishni boshlagan  har bir yangi o`qituvchi, odatda, o`zining talablarini aytib o`tadi. Deyarli har biri referat yoki boshqa ko`rinishdagi mustaqil ish topshiriqlarini talabalarga beradi. Meni yana kuyuntiradigan narsa esa mustaqil ishlarning berilganida emas, ba’zi bir topshiriqlarni bajargandan talabalarga umuman  foyda  yo`qligidadir. Menimcha, mustaqil ishlarning  berilishidan  maqsad fanga aloqasi bo`lgan, lekin darslar davomida o`tilmasligi mumkin bo`lgan yoki aynan o`tilgan mavzularni amaliy jihatdan o`rganib yanada mustahkamlab olishdir. Ammo yana oldingi ahvol.

Eng qizig`i ko`pchilik o`qituvchilar  mustaqil ishlarni qo`lda yozishni talab qiladi. 10 varoq bo`lsa ham mayli edi, kamida 20-25 varoq. XXI asr-texnologiyalar asrida yashayotganligimizni ba’zan unutib qo`yaman. Nima emish, qo`lda yozsangizlar mavzuni yanada yaxshiroq tushunasizlarmish. Mustaqil ishlar baribir topshirilayotgan paytda himoya qilinsa, uning qo`lda yozilgan varianti  bilan printerdan chiqarilganining nima farqi bor?! Bilmadim, bularni o`qituvchilarga tushuntiraman deb ancha harakat qildim, foydasi bo`lmadi.

Mayli, bunga ham ko`naylik, lekin muammoning ikkinchi tomoni ham bor. Axir bu ham g`irt qog`ozbozlikku! Mustaqil ishlarni tayyorlash uchun qanchadan-qancha A4 formatdagi qog`ozlarning sarf bo`layotganiga hech qiziqqanmisiz?! Qarang, yana eng sifatli qog`oz – A4. Shu o`rinda bir fakt keltirib o`tmoqchiman. Ma’lumotlarga ko‘ra, 25-30 yoshdagi bitta daraxtdan A4 formatdagi 15 ming varaq qog‘oz olinar ekan. Bir yilda bir kishi uchun o‘rtacha miqdorda kerak bo‘ladigan qog‘oz ishlab chiqarish uchun uchta katta daraxt “qurbon” bo‘lar ekan. Xo`sh, o`ylab ko`ring, biz  ona tabiatni asrashimiz kerak deb bong  urayotgan paytimizda dunyo bo`ylab biz uchun yildan-yilga kamayib ketayotgan daraxtlar kesilib qog`oz tayyorlanmoqda. Bu sizni tashvishlantirmaydimi?!

Aytgancha, tezis va maqolalar qolib ketibdi-ku.  Aynan 5 bahoga harakat qilayotganlar tezis yoki maqola yozishga majbur bo`lishiga  ko`p marotaba guvoh bo`lganman va do`stlarimdan eshitganman. Sho`rpeshona talaba baho olish uchun nimalar qilmaydi deysiz. Tezis va maqolalar, bilishimcha, kelajakda ilmiy yo`nalishdan ketmoqchi, magistraturaga o`qishga kirmoqchi va  boshqa xohlovchilar  uchun kerak, shunday emasmi? Ilmiy  yo`nalishni tanlamagan yoki kelajakda biznes bilan shug`ullanmoqchi  bo`lgan talabaga nimaga keragi bor ortiqcha bosh og`rig`i va xarajat(tekinga chiqmaydi-ku)?! O`qituvchilarga esa bu ularning nomidan tezis va maqolalar chiqdi, o`ziga munosib shogirdlar tayyorlamoqda degan ko`zbo`yamachilik uchun kerak.

Yuqorida sanab o`tgan misollarimning barchasi hozirgi kunda real hayotda o`zim va do`stlarim bilan ro`y bergan voqealar hamda  kamida 10 yillik bevosita va bilvosita  kuzatuvlarimga asoslangan. Men bularni yonib-kuyib yozishimga sabab bor, chunki talabalar, ya’ni tayyor kadrlarning ko`pchiligi aynan mana shunday turli xil kamchiliklar tufayli talabga javob bermay katta hayotga qadam qo`yishmoqda, ta’lim sifati juda ham tushib ketgan. Sifatli ta’lim, yetuk va malakali kadrlar esa yurtimiz kelajagidir. Yuqorida sanab o`tganlarim muammolarning bir qismi xolos. Bunday muammolarni hal qilishning o`zi ham hozir dolzarb muammoga aylanib qolgan.

Men yuqorida bildirgan fikrlarim orqali talabalarga qo`yilayotgan bunday talablarni batamom yo`q qilish kerak degan fikrdan yiroqman, balki kerakli va kelajakda talabaning ish faoliyatida foydasi tegadigan topshiriqlarga alohida e’tibor qaratish kerakligini aytmoqchiman. Bunday kamchilik va muammolarni bartaraf etishga ozgina bo`lsa ham yordam berishi mumkin bo`lgan quyidagilarni taklif qilishim mumkin:

1.      O`qituvchilar (hammasi ham emas) ning saviyasi  hamda bilim darajasini oshirish kerak.

Ko`pchilik o`qituvchilar  fanini yuqori darajada bilmaydi va amaliy ko`nikmaga ega emas (maktab va kollejdagilarni aytmasa ham bo`ladi). Endi o`zingiz o`ylab ko`ring, o`zi bilmagan fanni u qanaqa qilib talabalarga o`rgatishi mumkin.Ular faqat 80 daqiqaning  tez tugashini istashadi, shu bois bo`lar-bo`lmasga dars o`tishni to`xtatib talabalarga tanbeh berishadi, tashqariga chiqib kelishadi, eng qizig`i 10-15 daqiqani davomat qilishga sarflashadi. Bundan tashqari, bitta auditoriyada  50-60 talabaga dars o`tilsa, qanaqa bo`lishini barchangiz mendan yaxshi bilsangiz kerak.

2.    Mutaxassislikka aloqasi bo`lmagan fanlarni kamaytirish yoki umuman olib tashlash hamda tanlanma fanlarni joriy qilish kerak.

Mutaxassislik fanlariga ko`proq e’tibor qaratish muhim hisoblanadi. Bizda esa aksincha: qanaqadir ijtimoiy fan har hafta, lekin sizga kerak bo`lgan fan ikki haftada bir marta o`tiladi.  Shu fikrni aytaverib charchadim. Har safar bir xil javob olaman: ”Bizning talabalarimiz barcha sohadan xabardor hamda  dunyoqarashlari keng bo`lishligi uchun shunaqa ko`p fan o`qishadi”.  Bu fikr qisman to`g`ridir, lekin amaliy jihatdan qarasak hech qanaqasiga naf bermayapti-ku.

O`nta barmoqni og`izga tiqishdan nima naf?

Har semestrda o`rtacha 10 ta fan o`tiladi desak, 4 yilda 8 ta semestr bor va bu qariyb 80 ta fan deganidir. 80 ta fanning barchasi chala o`rganilganidan yarmi to`liq o`rganilgani yaxshi emasmi?

Mutaxassislik fanlaridan boshqa fanlarni majburiy va ixtiyoriy fanlarga ajratish kerak. Talaba o`quv yili boshida tanlanma fanlar orasidan o`ziga kerakli deb bilgan fanlarni tanlaydi va yil davomida o`qiydi. Natijada boshqa ishlarni qilish uchun ancha vaqt tejaladi.

O`z sohangning kuchli mutaxassisi bo`lmasang, sening kimga keraging bor? Bundan tashqari, ortiqcha fanlar poraxo`rlikka sabab bo`lishini deyarli har birimiz yaxshi bilamiz, chunki bu sizlarning mutaxassislik fanlaringiz emas deb jilovni bo`sh qo`yadigan va imtihonda “hosil” ni yig`ib oladigan domlalar talaygina. Talabalarning o`zlari ham ko`pincha  ikkinchi darajali fan deb o`qishmaydi.

3.      Turli xil foydasi yo`q mustaqil ishlardan voz kechishimiz kerak.

Yuqorida mustaqil ishlarning anchagina befoyda jihatlariga to`xtalib o`tgandim. Eng asosiysi qolib ketgan ekan. Bu – vaqt. Bularning bari ancha vaqt talab etadi. Natijada talaba asosiy o`rganishi kerak bo`lgan mavzu qolib umuman boshqa narsani o`qishiga to`g`ri keladi. Savol-javob paytida esa domlalar o`qimaysanlar, shuncha imkoniyatdan foydalanmaysanlar deyaverib miyangni qatig`ini chiqarib yuborishadi. Nima qilaylik bizda ham sizga o`xshab 24 soat bo`lsa?!

Chet tillarini o`rganay desang, o`qish qolib ketadi. Darsdan keyin o`z sohang bo`yicha ish topib ishlay desang, buning ham iloji yo`q.

4.      Darsliklar sifatini oshirish kerak.

Talabga javob beradigan darsliklar juda kamayib ketgan. Ba’zida 10 yil oldin nashr qilingan kitoblardan dars o`tiladi. Axir bu kitoblar eng kamida statistika jihatidan eskirgan hisoblanadi-ku. Eng achinarlisi, ba’zi bir fanlarda tayinli, eski bo`lsa ham darslik yo`q. Haliyam baxtimizga prezentatsiyalar bor. O`qituvchilar qayerdandir prezentatsiya topib kelishadi va dars oxirida qolib ketgan joylarini o`zlaringiz mustaqil ravishda izlanib o`rganib olasizlar, talaba esa  izlanuvchan bo`lishi kerak deb osonlikcha barchasidan qutulib qoladi.

Fanlarning dasturlariga ham hayron qolaman. Ularning asosiy qismi fanning mazmuni, maqsadi, mohiyati, predmeti, ob’ekti va sub’ekti, funksiyalari va vazifalari kabi mavzulardan iborat. Nazariya amaliyot bilan deyarli bog`lanmagan. O`qishni bitirib biror bir joyga ishga borganingda o`rganganlaringdan foyda bo`lmasa, shuncha vaqt sarflab o`qiganingni nima foydasi bor?!

5.      Menimcha, ta’lim sohasida  ham sekin-asta xususiylashtirish ( butkul emas, qisman xususiylashtirish)  jarayonini amalga oshirish kerak.

O`ylab ko`ring, agar siz biror bir ta’lim dargohiga egalik qilsangiz, nima qilgan bo`lar edingiz? Albatta, sizning bosh maqsadingiz daromad olish va shu bois ham siz eng malakali o`qituvchilarni yollaysiz, talabalar uchun barcha sharoitlarni yaratib berasiz va ulardan natijani ham talab qilasiz. Bugungi  kunda ta’lim xarajatlarining asosiy qismi davlat budjeti orqali amalga oshiriladi. Bu esa katta miqdordagi pul mablag`larini talab qiladi.  Xususiylashtirish orqali bir tomondan budjet xarajatlari kamaysa, ikkinchi tomondan ular davlat budjetiga soliq to`lash orqali daromad keltiradi.

Xususiy ta’lim dargohlarida o`qish qimmatga tushishi aniq, bunga hammaning ham qurbi yetmasligi mumkin,  lekin qisman xususiylashtirilganligi tufayli qolgan ta’lim maskanlari ham faoliyat yuritadi-ku. Bundan tashqari xususiy ta’lim muassasalarida ortiqcha narsalarga yo`l qo`yilmaydi. Bunga yaqqol misol -  o`quv markazlari va repetitorlar. Deyarli har birimiz  o`qishga kirish uchun turli xil o`quv markazlariga borganmiz yoki repetitorlardan tahsil olganmiz. Ayting-chi, qay biringiz varoq-varoq konspekt yozgansiz yoki mustaqil ishlar qilgansiz?

Bunday kamchiliklar va muammolar sizga arzimas narsadek bo`lib tuyulishi mumkin. Chunki biz har doim bunday kamchiliklarni ko`rmaslikka, ularga e’tibor bermaslikka o`rganib qolganmiz. Jamiyatimizdagi barcha muammolar aynan shular oqibatida vujudga kelayotganligini anglab yetishimiz kerak.

 Xo`sh, nimaga bu fikrni bildirdim? Yoshlar maktab, kollej va oliy o`quv yurtlarida yaxshi ta’lim olmasa, ular yetuk kadr bo`lib yetishmaydi. Yaxshi kadr bo`lishmaganidan keyin kelajakda o`z  ish joylarida talab darajasida ishlay olishmaydi. Aynan shu tufayli siz borgan joyingizda soatlab navbatga turishingizga, futbolga tushish uchun kassadan chipta topa olmay 4-5 barobar qimmatiga “olg`irlar”dan sotib olishingizga, turli xil holatlarga ko`ra qazilgan va keyinchalik ko`milmagan yoki yaxshi tekislanmagan yo`lda avtomobilingizni haydashingizga, xullas, qayerga ishingiz tushsa, “qistir-qistir”  qilishingizga to`g`ri keladi. Shu tufayli poraxo`rlik va tamagirlik chuqurroq ildiz otib boraveradi. Bularning bariga sabab esa yuqorida ta’kidlab o`tganimdek ham ta’lim, ham tarbiya jihatidan yetuk bo`lmagan kadrlardir.  

Buning oldini olish uchun esa biz bog`cha, maktab, kasb-hunar kollejlari  va oliy o`quv yurtlaridagi shu kabi kamchilik va muammolarni bartaraf etishimiz  zarur. Eng muhimi esa “domla va talabalar” spektaklini nihoyasiga yetkazib bunday ko`zbo`yamachiliklarga barham berishimiz darkor.

Yuqoridagi fikrlarimga kimlardir qo`shilar, kimlar esa yo`q. Barcha ta’lim dargohlari hamda o`qituvchilar sanab o`tilgan muammo va kamchiliklarga yo`l qo`yayapti degan fikrdan yiroqman. Yurtimizda fidoiy va sidqidildan yoshlarga o`z bilimlarini beradigan o`qituvchi va murabbiylarimiz hamda ilmli va zakovatli yoshlarni tarbiyalab katta hayotga qadam qo`yishida yordam beruvchi ta’lim dargohlarimiz ham mavjud. Ammo muammo shundaki, ularning soni ko`p emas. Ularning qilayotgan fidoiy mehnatlarini  ba’zi bir shaxslar yo`qqa chiqarmoqda. Biz esa o`z-o`zimizni  mavjud muammo va kamchiliklarni bilmagandek  aldashda  etmaylik, ularni bartaraf etaylik. Zero,  Janubiy Afrika Respublikasini bugungi darajaga olib chiqqan shaxs, Nelson  Mandelaga tegishli quyidagi fikr ahamiyatga molikdir. “Ta’lim – bu dunyoni o`zgartirishdagi siz foydalanadigan eng kuchli quroldir”.

Izohlar

Fozilbek's picture
5

O'zim uchun aktual bo'lgan mavzu. Har bir domlaga o'qitish kerak bu postni. Menga yoqdi. Omad!!

jimmy's picture
0

Rahmat, Fozilbek. Sizga ham omad. Blogpostingizni o`qib chiqdim. Yaxshi yozilgan ekan.

Furqat-8484's picture
3

Hafa bo'lmangu, O'qituvchilar haqida ancha g'iybat qilibsiz. Konspekt qilmasangiz, slayd tayyorlamasangiz, referat tayyorlamasangiz siz qanaqa talabasiz. Bularning ham o'ziga yarasha qulayligi bordir. Domla aytgan narsani ko'chirish konspektmas, kerakli joylarini ayniqsa sifrlar, nomlar, notanish so'zlar. Slayd esa bir vosita u yordamida siz o'z fikringizni bayon qilishingiz, go'ya o'ylab topishingiz mumkin. Mavzudagini to'g'ridan to'g'ri ko'chirib slayd qilinmaydi. Referatga kelsak u ham tayyorni netdan olinmaydi. O'qib eshitib o'zingizning mulohazalaringiz yoziladi. Men o'qituvchiman va ko'p o'qituvchilarni bilaman. Birinch navbatda shularga e'tibor qilaman. Joriy oraliq qo'yishda ham talabaning o'zining fikrini ko'proq etiborga olaman. Konspekt referat, kur ishi tekshiraman, agar ko'chirgan bo'lsa qaytaraman "O'zingning fikringni yoz" deb.

jimmy's picture
0

Avvalombor, fikrlaringiz uchun rahmat. Sizning fikrlaringizga 100% qo`shilaman. Ammo hamma ham sizdek fikrlamaydi-da. Men ham har doim mavzuning eng kerakli joylarini konspekt qilaman, prezentatsiyalarni ba'zi paytlari 3-4 kunlab ham qilganman. Ulardan 100% voz kechilsin deyayotganim yo`q, eng keraklilari va talabalarga kelajakda foydasi tegadiganlarini bajarish kerak. Qolganlari esa vaqtni va mablag`ni bekorga sarflashdir. Bunaqa ko`zbo`yamachilikka ko`p bora duch kelganimdan shu blogpostni yozdim. Juda ko`p narsalarni yozmoqchi edim, ammo....

Xurshidjon's picture
0

Manimcha bu yerda "g'iybat" so'zi noo'rin ishlatilgan.Chunki buni o'qituvchilar ham o'qiydi,demak bu g'iybat emas tanqid bo'ladi.Sizday o'qituvchilar bunga pedagogik mahorat bilan fikr bildirib, biz talabalarga to'g'ri yo'nalish bersangiz(agar noto'g'ri fikr bildirsak), maqsadga muvofiq bo'lardi.

Xushnudbek's picture
4

Ichimizdagi gaplarni topib yozibsizku. Rostdan ham ta'lim sifatini oshirish kerak, chunki kelajak yoshlarning qo`lida. Yoshlar qanchalik bilimli bo`lsa, kelajagimiz porloq bo`ladi. Blogpostga kelsak biroz uzun bo`libdi. O`qishga odam erinarkan. Yaxshi muammoni ko`taribsiz.

jimmy's picture
0

Rahmat. Haliyam ancha qisqartirdim blogpostni. Bundan ham uzun edi. Fikrlarimning juda ko`pi yozilmay qolib ketdi. Keyingi safar ularni ham yozaman.

mohi's picture
5

dolzarb masalani ko'taribsiz, atrof-muhit, texnologiyaga ham uzviy bog'liq taraflarini ochib berganingiz yoqdi.

jimmy's picture
0

Erinmasdan o`qiganingiz va ijobiy fikrlaringiz uchun sizga katta rahmat.

Bakhtiyor Sheraliev's picture
5

Jamshidbek, dolzarb muammoni ko'targaningiz uchun tashakkurlar sizga! yuqorida kimdir har bitta domlaga o'qitish kerak deb yozgan ekan, mana men ham o'qib oldim:)! Siz ilgari surayotgan ayrim iddaolar haqiqatdan ham mavjud. O'z fanini bilmaydigan, 80 minutni qanday o'tkazishni bilmasdan har baloga qo'l uradigan, qisqasi ta'limga adashib kirib qolgan o'qituvchilar ham bor. Lekin adashib kirib qolgan talabalar juda ham ko'p. Ularga achinaman, qaysi yo'nalishda o'qiyotganligini tasavvur ham qilolmaydiganlari bor. Siz yuqorida oraliq, joriy, konspekt, referat, mustaqil ish degan narsalar haqida salbiy fikrlaringizni bildirib o'tibsiz. Albatta bu sizning aybingiz emas, bu sizni o'qitgan o'qituvchilaringizning aybi hisoblanadi, agar ular sizga bu narsalarning qay darajada kerak ekanligini tushuntirib berishga bunday gaplarni yozmagan bo'lar edingiz. Ayniqsa mustaqil ta'lim to'g'risida aslo bunday demagan bo'lar edingiz. Qog'oz masalasida juda bir kuyunib yozibsiz. Sizni yozganlaringiz "Ishdagi ishq" filmidagi obrazni yodimga soldi "Yozavering, bizni qog'oz sanoatimiz juda rivojlangan". Siz ham qo'rqmasdan yozavering, O'zbekistonni qog'oz sanoati juda rivojlangan, eng muhimi o'rgansangiz bo'ldi! agar siz va sizga o'xshagan talabalar mustaqil ish, referat, kur ishi degan narsalarni kitobdan ko'chirish, eng muhim joylari haqida xulosalarini yozish deb o'ylaydigan bo'lsangizlar qattiq adashibsizlar! Mustaqil ish - bu o'sha fanning dasturining auditoriya soatlariga kiritilmagan qismi hisoblanib, erkin mustaqil tarzda o'rganish talab etiladi. U ijodiy jarayon. Qaysi fan bo'lishidan qat'iy nazar bu narsaga ijodiy yondashish kerak. Siz aytgandek uni yo'qotish emas, aksincha rivojlantirish kerak. Chet el universitetlarida asosiy baholarni mustaqil ishdan olasiz. Shaxsan men oxirgi vaqtda mustaqil ishni elektron variantda elektron pochtamga jo'natishlarini aytaman. Internetdan shunchaki ko'chirib, shunchaki menga jo'natishning aslo iloji yo'q, chunki men maxsus dasturdan foydalananib mustaqil ishlarni tekshiraman, bu dastur matnning qaysi bo'lagi qaysi saytdan ko'chirilganligini, ya'ni plagiat ekanligini aniqlab beradi (har holda chet el tajribasi).
Xullas, bu sizning o'qituvchingizning metodikasiga va dars o'tish mahoratiga bog'liq. Siz va siz kabi talabalarga maslahatim, yaxshi o'qinglar, ustozingiz ming yaxshi dars o'tmasa ham siz o'sha fanni o'zingiz uchun yaxshi o'zlashtiring, ertaga bir kun asqotadi. Ertaga siz ham o'qituvchi bo'lganingizda ustozlaringiz xatolarini takrorlamang. Men ilgari bir o'qigan aforizmimga doimo amal qilishni ma'qul ko'raman. sizga ham shuni ilindim: "Если родители не дали воспитания, воспитай себе сам. Будь сам себе любимым ребёнком и любимым родителем".

jimmy's picture
0

Vaqtingizni ayamay o`qib chiqqaningiz uchun sizga katta rahmat. Sizning fikrlaringiz mutlaqo o`rinli. Siz kabi o`qituvchilarimizning soni ko`payishini juda istardim. Mustaqil ishlarga kelsak, o`qituvchi tomonidan berilgan mustaqil ish foydali bo`lsa, mening umuman qarshiligim yo`q. Masalan, moliya statistikasidan Angola, Makedoniya kabi davlatlarning holatini o`rganib chiqishimdan menga biron bir foyda bormi?! Hozir menga bu mustaqil ishni tayyorlash uchun kamida 1 hafta kerak, chunki ma'lumotlarning hammasi ingliz tilida. Bunga esa mening vaqtim yo`q. Eng a'lam qiladigani 48 betli daftarga tarix fanidan mustaqil ishni yozib borsang-u, domla baho qo`yayotganida buning manga kerak emas deb oldingga uloqtirib yuborsa bo`lar ekan. Bu 1-kursda bo`lgandi.

jimmy's picture
0

Dashib kirib qolgan talabalar haqiqatda juda ko`p. O`zimizning guruhda ham ancha. Xo`sh, bunga kim aybdor deb o`ylaysiz? Hammamiz bilamiz, lekin ochiq-oydin ayta olmaymiz. Shular haqida baqirib aytgim keladi. Eng katta muammo aynan shudir. Biz o`shani yo`qotishimiz kerak, ammo bu juda qiyin masala.

Xurshidjon's picture
0

"Qog'oz sanoati rivojlangan", bu narsa odamlarga qulaylik yaratish uchun qilingan.Shu bilan birga elektronika sohasiyam rivojlangan va qog'ozdan qulayroq.Biz rivojlanish sari intilishimiz zarur !!!

Yulduz ♡'s picture
5

Jamshid, judayam chiroyli mavzu tanlabsiz. (Shu bilan birga dolarzarb ham☺). O'zim talaba bo'lganligim uchunmi maqolangizda keltirgan hikoyangizda yuz bergan jarayonga deyarli har kuni duch kelamiz, afsuski bu haqiqat. Istardimki keyingi maqolalaringizda faqat bir tomonlama emas, balki ikki tomonlama yondashishga urinib ko'ring. Chunki qars ikki qo'ldan chiqadi. Talabalarning adashib o'zlari xohlamagan bilim yurtlarida o'qishlari ham osson emas. Sizningcha kim sevmagan mashg'ulotlari uchun vaqt ajratib astoydil o'qiydi?.... Fikrimcha bunga faqat yoshlar emas, ota-onalarning ham ayblari bor. Inson qachonki o'zi mustaqil harakat qilsagina o'zi erishgan yutuqlarini qadriga yetadi. Kimningdir yordami bilan erishilsa qadriga yetmaydi(hamma ham emas).
Aytmoqchi bo'lganim, mavzuyingizdagi dolzarblikni kuchaytiring. Masalani zanjirning o'rtasidanmas boshidan ko'rib chiqish k.k. (har holda buni mendan yaxshiroq tushunasiz).

jimmy's picture
0

E'tiboringiz uchun rahmat. Keyingi safar bunga amal qilishga harakat qilaman. Lekin sizning izohingizdan shu ma'lum bo'lyaptiki, ota-onalar farzandlarini o'zlari xohlagan o'qishga KIRGIZISHMOQDA. Demak talabalarning ko'pchiligi o'zlari kirmayapti. Mana shu muammo bartaraf etilsa, qolgan barchasi hal bo'ladi.

Xanjarbek's picture
5

Ehhheee. Meniyam dardimni tushunadiganlar bor ekan. Juddayam dolzarb muammolardan bir desam adashmasman balki. Izohlarniyam o'qib chiqdim. Hammaning fikri to'g'ri o'z yo'liga. Chunki shu "g'iybat" qilgan domlamizniyam, talabamizniyam hammasi deyilmagan. Maqtanish emas, lekin umuman leksiyani konspekt qilmayman. Konspekt qilib ko'rganman lekin biron foydasi tegmagan. Lekin amaliyot darslarini sevib yozaman. Malakasi past va pastroq pedagoglar haqidayam yozilibdi. Ular kundan kunga ko'payib bormoqda. Aslida shularni ishga olgan payti "diplom"iga qarab olmasdan suhbat bilan ishga olsa bo'lmaydimi? Oddiy misol, fakultetimizning tarixiga yaqinda bir ko'z qirimni tashlab ko'rgandim. Qarasam 1997-yildan oldingi dekanlarimizni hammasini tanir ekanman. Chunki hammasi kitob yozib ketgan ekanlar. Mingdan ming rahmat shu kitoblar uchun. Lekin hozir-chi? Birontasini kuchi yetmaydi unaqa kitob yozishga, mana men javob beraman. Agar yozishga kuchi yetsayam yozmaydi, chunki oyligi yetadi o'ziga. Lekin shu kitoblarni olib yurishga qo'rqaman. Metroga tushib sumkamni ochsam atrofimni 3 ta "melisa" o'rab oladi. Bu qanaqa kitob, bu qanaqa kitob deb. Keyin ulardan so'radim, nimaga sariq kitob ko'rsangiz darrov o'rab olasiz deb, ular bu kitoblarni ekstremistik ruhdagi kitobmasmikan deb o'ylashar ekan. (Ekstremistik degan so'zda xato bo'lishi mumkin). 4-5 ta band keltirilgan ekan blogpostda. Ularning har biriga izohim bor, lekin hammasini yozaman desam bu blogpostdanam oshib ketadi. Lekin shu mavzuni ko'targanga rahmat.

jimmy's picture
0

Sanjarbek deganlarini eshitgandik, ammo Xanjarbek deganini eshitmagandek. Rostdan ham yana ozgina ijod qilsangiz blogpost bo`lar ekan. Rahmat ijobiy kikrlaringiz uchun.

AminovSD's picture
5

Mavzu nihoyatda dolzarb, yaxshi yoritgansiz. Men anchadan beri ko'z tikib yurgan mavzu edi. Chaqqonlik qilibsiz. Keyingi bloglarda omad! ✊

jimmy's picture
0

E'tiboringiz uchun rahmat. Uzr, bilmagandim. Sizga ham omad. Tanlovda blogpostingizni kutaman.

Bekjon's picture
5

Yaxshi yoritibsiz ayniqsa o'quvchilarning vaqtini o'g'irlaydigan keraksiz narsalarni ochib berganingiz. Men ham shu narsalarni qisqartirish tarafdoriman chunki foydali ishlar bilan shug'ullanishga ko'proq vaqtimiz bo'lardi.

jimmy's picture
0

Rahmat. to`g`ri aytasiz vaqtimiz ko`p narsaga yetardi.

Bekjon's picture
5

Yaxshi yoritibsiz ayniqsa o'quvchilarning vaqtini o'g'irlaydigan keraksiz narsalarni ochib berganingiz. Men ham shu narsalarni qisqartirish tarafdoriman chunki foydali ishlar bilan shug'ullanishga ko'proq vaqtimiz bo'lardi.

Bunyod1994's picture
5

Avvalombor, Assalomu alaykum, Jamshidbek, juda dolzarb mavzuni ko'taribsiz!!!
XXI asr biz bilamizki, informatsion tehnologiyalar, inovatsion yangiliklar qilish asri hisoblanadi. Birgina misol, Arab mamlakatlari o'zining tabiiy boyligi -neft bilan dunyo mamlakatlari orasida yuqori mavqeyga ega," Yaponiyachi?!" Yaponiyani shu holatga kelishiga eng asosiy sabablardan biri kuchli bilimga ega bo'lgan yoshlar hisoblanadi. Kuchli innavotsion yangiliklarni biz tengi yoshlar kundan-kunga ishlab chiqmoqda. Shulardan foydalangan holda,Yaponiya tabiiy boyliklarga ega bo'lmasdan dunyoda yetakchi mamlakatga aylanish mumkinligini isbotladi. Shularni inobatga olgan holda mamlakatning har tamonlama rivojlanishiga-mamlakatdagi yetishib chiqayotgan mutaxasislarning darajasi muhim hisoblanadi.
Bu sohani rivojlantirish muhim hisoblanadigan hozirgi jarayonda, Jamshidbek aytganidek: "Qachongacha o'zimizni aldaymiz?!

jimmy's picture
0

Shuni aytamanda, ta'limni yuqori darajaga olib chiqishimiz kerak. Shunda yurtimizning kelajagi porloq bo`ladi.

Rufat's picture
5

Maqolada aniq faktlar berilgan. Maqolani bunchalik chiroli, lo'nda ta'rif berib yozganiga qoyilman. Esda qoladigan maqolalardan bir bo'pti. Priz v studiyu!

jimmy's picture
0

Ijobiy fikrlaringiz va, albatta, PRIZ uchun rahmat.

Xurshidjon's picture
5

Haqiqatda ta'limdagi muhim muammo haqida, ya'ni ko'zbo'yamachiliklar haqida yozilgan.Bunga tan olmaslikni iloji yo'q! Shu sababli blogni o'qigan har bir talaba yoki o'qituvchi o'ylab ko'rib, to'g'ri xulosa chiqarsa yaxshi ish bo'lardi.

Ravshan Sobirov's picture
0

Qoyil.Menimcha har bir talabaning ayta olmay yurgan gaplari yozilgan.Ta'lim sohamiz ancha orta qolib qoloqlashib qolganligi achinarli holat.Kimgadir chet el sistemasini olib kirish kerak desa O'zbeklar bunga tayyor emas deydi O'zbeklar tayyor Yuridika , Westministir, MDS , Turin universitetlarida o'zbeklar chet el sistemasida oqishmoqda .Bu muommolarni kimdir olib chiqshi kerak edi!!

jimmy's picture
0

Fikrlaringiz yoqdi-ku ammo ball qo`yish esingizdan chiqibdi, shekilli. Yulduzchalar.

Ravshan Sobirov's picture
5

Endi bo'ldimi baho qo'yish kerakligini bilmabmanda!

jimmy's picture
0

ha, endi bu boshqa gap

axrora labo's picture
0

Zerikarli ekan oka

jimmy's picture
0

Birinchidan, zerikarli bo`lsa o`qimang.
Ikkinchidan, biz zerikarli blogpostlarni o`qib indamay chiqib ketyapmizku.
Uchinchidan, zerikarli ekanini fikrlaringiz bilan izohlamagansiz. Yuqorida o`qigan bo`lsangiz, barcha o`zining ijobiy va salbiy fikrlarini dalil-isbotlar bilan keltirib o`tgan.
To`rtinchidan, bu mavzu bugungi kunda dolzarb muammo ekanligi ko`pchilikka ayon. Siz buni bilmagan ekansiz, demak tabiiyki mavzu sizga zerikarli bo`lib tuyuladi. Chunki har kimning didi har xil. Kimgadir yoqadi, kimga esa yo`q. Kimgadir zerikarli bo`lib tuyulgan mavzu dolzarb emas degan joyi yo`q.
Beshinchidan, Fozilbek Yusupovning blogpostiga ham nazarga ilmagan holda "yakshi" deb izoh qoldiribsiz. Xolbuki shaxsan mening o`zimga Fozilbekning mavzusi yoqdi va u bu muammoni hech kimga zarari tegmaydigan uslubda yoritib bergan. Unga ham past baho qo`yibsizmi, demak bundan ko`rinadiki, top10 dagi yuqori o`rinda turganlarning blogpostlariga atayin reytingini tushirish uchun past ball qo`yganingiz ayon bo`ladi. Bundan tashqari, ismingiz ham g`alati, rasmingiz ham yo`q.
Zarari yo`q, tanqidlarni ham qabul qilishga majburmiz. Bunday ishlarni qilish esa har kimning vijdoniga havola.

Bahodir Mahmudov's picture
5

Tabriklayman. uzun bo'lsa ham odamni erinmasdan o'qib chiqishga undaydigan blog bo'pti. Hozirgacha asosiy bloglarim ta'lim sohasida yoritilgan edi. Shu mavzuni ko'tarib chiqib, ajoyib ish qilibsiz. O'zim rejalashtirganimdan-da yaxshi yozilgan blogni ko'rib turganimdan xursandman

Nargiza Laziz's picture
1

O'ta tanqidiy yozilgan ekan, yoqmadi

jimmy's picture
0

Blogerlar tanlovini o'tkazishdan maqsad nimaligini bilasizmi? Biz bu yerda yutuqlarimizni ko'rsatib bir-birimizni maqtash uchun emas, balki jamiyatdagi muammolarni ko'tarib chiqib ularni hal qilish uchun qatnashyapmiz. Bilishimcha siz men va yana bitta odamga ovoz bergansiz. Qizig'i unga 5 qo'yibsiz. Bundan sizning haqiqiy inson ekanligingizga shubhalanyapman.

Bakhtiyor Sheraliev's picture
5

Hurmatli muallif, saytga har kuni kiryapman, yangi blogpostlarni o'qish, ularga bildirilgan izohlarni o'zish juda maroqli, ayniqsa Vatandan uzoqda bo'lganda bu odamga qandaydir o'zgacha ruh bag'ishlar ekan. Hozircha sizning blogpostingiz eng yuqori o'rinda turibdi, bu albatta bejizga emas. Chunki haqiqatdan ham tan olish kerak, ta'lim tizimining eng og'riqli jihatini yoritgansiz. Shu bilan sizga salbiy va e'tibor berishga arzimaydigan kommentlar uchun vaqt sarflamaslikni maslahat berardim. Men qisqa bo'lsa ham hayotda olgan tushunchalarimdan biri shu bo'ldiki, dushman, tanqidchi yoki sizga nisbatan g'ayrli munosabatda bo'lishlari uchun kimgadir yomonlik qilishingiz shart emas ekan, sizning yutuqlaringiz hasadgo'ylarning gulxaniga o'tin bo'lib, ularni yanada alangalatib turar ekan. Men sizning kuchli sakkiztalikka kirib, ikkinchi bosqichda ishtirok etishingizga ishonaman, shuning uchun ikkinchi blogpost ustida ishlashingiz tarafdoriman. Bu ishda sizga omad va yana omad tilayman!!! Ilohim, talabalarimiz orasida siz kabi mustaqil fikrlaydigan va fikrini erkin bildira oladigan talabalar ko'payaversin!

jimmy's picture
0

Rahmat! Bildirgan fikringizdan juda xursand bo`ldim. Bu menga ancha shijoat baxsh etdi desam xato qilmagan bo`laman.

Orifjon's picture
5

Dolzarb mavzu ko'tarilibdi. Ajoyib

Orifjon's picture
0

Bundan keyingi ishlarda ham shunday davom qil.Bu masalani ko'taribsan endi iloji bo'lsa unga yechim ham topishga harakat qil.Omad!!!

Shoxruh Tojiyev's picture
0

Juda muammoli mavzuni ko'taribsiz. Shaxsan mening o'zimga ham jonimga tegib ketdi. Bunaqa topshiriqlar sababli boshqa ish qilishga umuman vaqtim yo'q. Ta'lim tizimimizni isloh qilish vaqti yetdi menimcha. Ta'limni xuddi repetitorlik kabi tashkil etish kerak. O'qishni xohlaganlar o'qisin. Bu mavzu shu bilan to'xtab qolmasin. Omad.

Shoxruh Tojiyev's picture
5

Juda muammoli mavzuni ko'taribsiz. Shaxsan mening o'zimga ham jonimga tegib ketdi.Bunaqa topshiriqlar sababli boshqa ish qilishga umuman vaqtim yo'q. Ta'lim tizimimizni isloh qilish vaqti yetdi menimcha. Ta'limni xuddi repetitorlik kabi tashkil etish kerak. O'qishni xohlaganlar o'qisin. Bu mavzu shu bilan to'xtab qolmasin. Omad.

Farrux Oxunov's picture
0

Jamshid maqolaga gap yoq )) Juda ham qiziq mavzuni yoritib beribsiz. Tog'risini aytsam maqolalarni odatda oxirigacha oqiy olmayman. Lekin sizning dolzarb mavzuyingiz odamni qiziqtirib qoydi. Keyingi ishlaringizga omad!!!

Farrux Oxunov's picture
5

Jamshid maqolaga gap yoq )) Juda ham qiziqmavzuni yoritib beribsiz. Tog'risini aytsam maqolalarni odatda oxirigacha oqiy olmayman. Lekin sizning dolzarb mavzuyingiz odamni qiziqtirib qoydi. Keyingi ishlaringizga omad!!!

Zayniddin's picture
5

Muommoni yaxshi tanlabsan... lekin hamma ham bir xil amas darslarini sitqidildan o'qitadigan domlalar ham bor!!! Sen yoritib bergan muammo albatta vaqti kelib o'z yechimini topadi. Ammo hozirgi paytning dolzarb mavzusini yoritib beribsan.. Omad!!!

Muxiddin Seytmatov's picture
0

Yuqorida hamma o'qituvchi va o'quvchilar ham emas deb aytib o'tilgan. Bundan tashqari muammo ko'tarilayotganda, asosan, ko'pchilikka qarab olinadi. Shu bois uning ichiga yaxshi ham, yomon ham birdek kirib ketadi.

Muxiddin Seytmatov's picture
5

Juda dolzarb muammoni olib chiqibsan. Haqiqatda bugungi kunda ko'zbo'yamachilik nihoyatda ko'payib ketdi. Oddiy misol, maktabda ham, kollejlarda ham, institutlarda ham ko'pchilik hollarda nazorat ishlari olinadi, lekin undan oldin javoblari yoki savollari o'quvchilarga beriladi. Chunki o'quvchilar talab darajasida bo'lmaganidan keyin nazoratdan o'ta olmaydi. Shu bois ular yordam berishadi. Ortiqcha fanlarni olib tashlash kerak degan fikring yoqdi. Agar shunaqa qilsa kamida 1 yil tejalishi mumkin. Masalan, 4 yillik o'qish 3 yilga, 7 yillik 6 yilga tushardi. Bitta o'rtog'im Ukrainada o'qiydi Med institutda. 6 yil o'qiymiz deydi. Xullas, bunday kamchiliklarni birgalikda bartaraf etishimiz kerak.

Bakhtiyor Sheraliev's picture
0

Hurmatli Muhiddin, ming istihola bilan sizga buni yozmoqdaman. Kommentingizdan maqola muallifi sizning tanishingiz ekanligi ko'rinib turibdi. Sizga shaxsiy tajribamdan bir narsani aytmoqchi edim. Jamoat joyida hech qachon eng yaqin tanishingiz bo'lsa ham unga sensirab murojaat qilmaslik kerak ekan, bu juda xunuk ko'rinadi, va eng yomon tomoni Sizga nisbatan salbiy fikr uyg'otar ekan. Menimcha Siz buni istamaysiz.

Muxiddin Seytmatov's picture
0

Ming bora uzr. Boshida sizlamoqchi edim-u keyin... Rostdan ham xunuk ko'rinar ekan. Keyingi safar bunday xatoga yo'l qo'ymayman. Maslahatingiz uchun rahmat.

Shaxlo's picture
0

(X)

Pages