Pul topish zahmati yoki kraudfanding istiqbollari

Xalqimizda “yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham, dong‘i chiqmas” degan purma’no naql bor. Darhaqiqat, jamiyatda u yoki bu ijtimoiy yoki biznes loyihani amalga oshirish o‘z-o‘zidan bo‘ladigan jarayon emas. Yaxshi g‘oya bo‘lsa-da, uning moliyalashtirish manbalarini topish oson kechmaydi. Chunki ayrim loyihalar sof foyda keltirishdan ko‘ra, ijtimoiy ta’siri katta bo‘ldi. Sarmoyani muqaddas biladigan tadbirkor bunday loyihaga har doim ham mablag‘ ajratavermaydi. G‘oya egasi, tabiiyki, o‘z loyihasini ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga ega emas.

Shuni qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda internetning, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarning tez rivojlonishi turli g‘oyalar egalariga yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. XXI asrning boshidan dunyo jamoatchiligi lug‘atida crowdfunding — kraudfanding tushunchasi kirib keldi. Internetdan muntazam foydalanadigan kishi borki, ushbu atamaga duch kelayotgan bo‘lishi kerak.

 

Xo‘sh, kraudfanding o‘zi nima degani?

Ingliz tilida crowd-funding, ya’ni “omma yoki xalq tomonidan moliyalashtirish” degan ma’noni bildiradi. Masalan, Toshkentda bir guruh iqtidorli yoshlar o‘zlarining rok guruhini tashkil qilishni xohlashadi. Prodyuserlik firmalari O‘zbekiston sharoitida rok yo‘nalishida katta daromad olinmasligini yaxshi bilishgani uchun bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga ko‘p ham ro‘yxushlik beraverishmaydi. Bunda eng maqbul yo‘l, albatta, rok musiqasini yaxshi ko‘radiganlardan mablag‘ to‘plashdir. Ushbu vazifani amalga oshirishda aynan kraudfanding xizmati qo‘l keladi.

Yoki jamiyatda shunday muammolar borki, ularni hal qilish uchun jiddiy ilmiy tadqiqotlar olib borish kerak bo‘ladi. Masalan, u yoki bu hududda yoshlar orasida suitsid holati (o‘z joniga qasd qilish) juda ko‘p uchraydi. Ammo joylardagi mahalliy davlat hokimiyati idoralari bu muammoni ochiqcha muhokama qilishni, unga keng jamoatchilikning e’tibor qaratishini xohlamasligi mumkin. Ayni paytda hudud aholisi mazkur tadqiqotni o‘tkazishdan manfaatdor bo‘lishi mumkin. Agar ushbu vaziyatda kraudfanding amaliyoti qo‘llanilsa, tadqiqotni o‘tkazish uchun barcha mablag‘ yig‘ilishi mumkin.

Ilk marta onlayn kraudfanding platformasi 2003 yilda Amerikada Artistshare sayti orqali yo‘lga qo‘yilgan. Keyinchalik bunday internet-kraudfandinglar soni ko‘payib ketdi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, kraudfanding saytlariga soatiga 60 ming dollar atrofida mablag‘ kelib tushmoqda.

Shuni aytish kerakki, kraudfanding sadaqa so‘rash emas, balki o‘z mahsuloti yoki xizmatini hali ishlab chiqarilmasdan oldin pullash demakdir. Yoki siz o‘z g‘oyangizni ro‘yobga chiqarish uchun investorga ma’lum ulushni va’da qilasiz.

Qachon shaharlik asal yeydi?

“Vedomosti” gazetasining yozishicha, rossiyalik Guzel Sanjapova Boomstarter.ru platformasi orqali asalari xo‘jaligiga asbob-uskuna xarid qilish uchun 455 ming rubl (o‘sha vaqtdagi kurs bo‘yicha 14 ming dollar atrofida) mablag‘ yig‘a olgan tadbirkor ayollardan biri. “Odamlar hisobidan o‘z biznesingni yo‘lga qo‘yishing ularga yoqmaydi. Shunday bo‘lsa-da, qo‘lingda faqat biznes loyiha, hatto ilk mahsuloting ham yo‘q. Agar sen homiylarga tanganing ikkinchi tarafini, ya’ni loyihang qanday ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatib bersang, ular bunga befarq qarashmaydi”, deydi Guzel.

Uning fikricha, loyihani odamlarga yaxshi tasvirlab, taqdim qilish kerak. Buning uchun uzundan-uzun nutq yozish yoki bitti rasm bilan chegaralanib qolmaslik lozim. “Men uchun ko‘p narsa qilishga to‘g‘ri kelgani yo‘q. Shunchaki joyga borib, bor vaziyat haqida video oldik”, deb qo‘shimcha qiladi u.

Guzelning dadasi Ravil ixtisosligi bo‘yicha geolog bo‘lsa-da, taqdir taqozasi bilan Yekaterinburgdan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan qishloqda asalari xo‘jaligi egasiga aylanadi. Asalarichilik juda nozik soha, katta e’tibor va sa’y-harakatni talab qiladi. Hatto yetishtirilgan 2 tonna asalni shu atrofda pullash mushkul masala edi. Ravil shu darajada bu ishdan ko‘ngli qoladiki, asalari uyalarini ochib yuborish haqida o‘ylay boshlaydi.

Shunday paytlarda Guzelda krem-asal ishlab chiqarish g‘oyasi tug‘iladi. Ma’lum haroratda qayta ishlangan asal yumshoqlashadi. U bunday asalni Yevropa mamlakatlarida ko‘rgan. Agar bu g‘oya amalga oshsa, mahsulot shaharlik shirinlikxo‘rlar ma’qul tushishi mumkin edi. Asalga, shuningdek, meva, yong‘oq qo‘shishga qaror qilishadi. Ushbu mevalarni yig‘ishga mahalliy pensioner-onaxonlar jalb qilinadi. Mavsum davrida qishloq kampirlari yig‘ilgan har besh kilo mevaga 1000 rubldan olishadi. Bu atrofda asalarichilikdan boshqa tuzukroq qozon qaynatadigan yumush yo‘q edi. Mazkur ishga bitta asalni qayta ishlovchi uskuna va mevani quritadigan texnika lozim edi. Guzel tushuntirish ishlarini shu darajada olib bordiki, homiylar so‘ralganidan ikki baravar ko‘p mablag‘ berishdi.

Ishbilarmon ayolning aytishicha, markazdan uzoqdagi hududlarda odamlar bir-biriga ko‘proq ishonch bilan qarashadi. Kerakli bo‘lgan mablag‘ning 40 foizi 37 ta mana shunday shaharlardan kelib tushdi. Ammo Moskvada u katta tushunmovchilikka duch keladi: chunki har beshinchi xatda uni odamlar “g‘alamis tadbirkor”, “kampirlarni zo‘rlab ishlatayotgan” deb ataydi.

Oradan bir necha oy o‘tib, mablag‘ bergan homiylar Guzeldan bir idish tabiiy krem-asal, o‘zi tikkan galstuklar, onasidan tashakkurnoma olishadi. Hozirda boshqa yo‘nalishdagi loyihalarini ham kraudfanding orqali moliyalashtirish haqida bosh qotirmoqda.

Rossiyadagi kraudfanding onlayn-saytlari mana shunday loyihalarga kelib tushgan mablag‘larning 5-10 foizini xizmat haqi sifatida tasarruf qilishadi.

 

O‘zbekcha kraudfanding yoxud “tug‘ilmasdan bo‘g‘ildi”mi?

O‘zbekistonda ijtimoiy munosabatlarning virtuallashuvi, ya’ni internet bilan bog‘liqligi G‘arb mamlakatlaridagi darajada katta emas. Shuning uchun ham kraudfanding jadal rivojlanmoqda, deyishdan yiroqmiz. Lekin uning ayrim elementlari asta-sekin kirib kelayotganini aytish lozim.

O‘tgan yilning oxirida bir qator internet ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda ilk onlayn kraudfanding xizmati yo‘lga qo‘yilayotgani haqida keng xabar tarqatildi. Darhaqiqat, mamlakatda factor.uz kraudfanding va investfanding onlayn-loyihasi ishga tushirildi.

Mazkur loyiha tashabbuskorlaridan biri Artur Arutyunovning aytishicha, hozirdagi “Faktor”dagi aksariyat loyihalar saytlar hisoblanadi. Odamlar ularga foyda keltirmaydigan internet-loyihalarga pul tikishmaydi. “Avvaliga biz texnikaga oid loyihalar, masalan, turli kashfiyotlarga doir loyihalarni jalb qilishni rejalashtirigan edik. Ya’ni, mamlakat magazinlarida sotib olib bo‘lmaydigan narsalar bo‘lishi kerak edi. Eksklyuziv. Men muloqot qilgan ko‘p odamlar aynan mana shunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini ma’lum qilishgan edi. O‘zbekiston uchun kraudfanding tushunchasi hali yangi tushuncha. Ko‘pchilik unga ishonmaydi”, deydi u.

Ammo, “Faktor.Uz” kraudfanding onlayn loyihasining ilk qadamlari jiddiy sinovga duch keladi. Gap shundaki, 2013 yil oxirida o‘tkazilgan loyihalar tanlovida Flyin’Up rok-guruhi g‘alaba qozonadi. Ularni qo‘llab-quvvatlash uchun 3 million so‘m mablag‘ yig‘iladi.

Ammo hali mazkur onlayn loyiha yuridik korxona maqomiga ega bo‘lmaganligi sababli tegishli rasmiylashtirish jarayonidan o‘tishi kerak bo‘ladi. Boz ustiga, 2014 yilning boshida tashkilotchilar tarkibida yuz bergan ayrim masalalar natijasida Flyin’Up guruhiga tegishli so‘mmani to‘lab bera olmaydi. Keyinchalik “Faktor” kraudfanding onlayn loyihasi yangi xodimlari ushbu masalani birinchilardan bo‘lib hal qilishni va’da berishadi. Shunday bo‘lsa-da, Flyin’Up guruhi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu mablag‘ni ola olmaganini qayd etishadi.

Aynan mana shu holat ham O‘zbekistonda kraudfanding rivojiga soya soldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki ko‘pchilik nazdida kraudfanding “kiydirib ketish” vositasi degan tasavvur paydo bo‘ldi. Bugungi kunda “Faktor” kraudfanding resursida bir nechta loyihalarga mablag‘ topish e’lon qilingan bo‘lib, ular 50-100 dollar miqdorida mablag‘ yig‘ilgan, xolos.

 

O‘zbek qachon pul beradi?

Bugun O‘zbekistonda aholining turmush darajasi bundan 10-15 yilga nisbatan birmuncha yaxshilandi. Hozirda mamlakatda o‘zidan, oilasidan orttirib, o‘ziga to‘q oilalar qatlami shakllanmoqda. Ular bugun nafaqat turmush sharoitlarini yaxshilash haqida qayg‘urishmoqda, balki turli ijtimoiy loyihalarni ham qo‘llab-quvvatlashmoqda. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar orqali uyushtirilayotgan aksiyalarda kam ta’minlangan oila farzandining kontrakt pulini to‘lab berayotgan, u yoki bu og‘ir xastalikka chalingan kishilarga turli yordam ko‘rsatayotgan hamyurtlarimiz soni muttasil ko‘payib bormoqda. Shu ma’noda aytganda, O‘zbekistonda kraudfandingni rivojlantirishga barcha imkoniyatlar bor.

O‘zbekistonda endi-endi shakllanayotgan kraudfanding masalasi bilan shug‘ullanayotgan turli tuzilmalar faoliyatini kuzatib, shunga amin bo‘lasanki, ularning faoliyati juda tor doiradagi odamlarni qamrab olgan. Masalan, “Faktor” kraudfanding loyihasi ko‘proq rus tilida muloqot qiladigan auditoriya orasida mashhur, xolos. Shuning uchun O‘zbekistonda kraudfandingni rivojlantirishda bir qator jihatlarga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi:

Avvalo, O‘zbekistonda shakllangan jamiyat munosabatlari, xususan, mentalitet, dinning aholiga ta’siridan faol foydalanish kerak bo‘ladi. Ayniqsa, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda “savob” tamoyili ishga olinsa va haqiqatda ishonchli ko‘rsatib berilsa, o‘zbekistonliklar orasida bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydiganlar ko‘p topiladi.

Keyin kraudfandingga jalb qilinayotgan loyihalar real hayotga yaqin, odamlar hayotidan uzilib qolmagan bo‘lishi lozim. Masalan, Factor.uz loyihasiga jalb qilingan so‘nggi loyihalardan biri jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga mo‘ljallangan park tashkil etishga qaratilgan. Mohiyatan ijtimoiy ahamiyati juda dolzarb, ammo unga 1 milliard so‘m jalb qilish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston sharoitida 1 milliard somni yig‘ish oson ish emas.

Yana bir muhim masala, kraudfanding orqali moliyalashtirilmoqchi bo‘lgan loyihalarni keng jamoatchilikka targ‘ib qilish masalasida bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar hali juda ko‘p. Chunki odamlarning ishonchiga kirish, ulardan mablag‘ olish, ayni paytda muvaffaqiyatli loyihalarni targ‘ib qilish juda muhim omil hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, kraudfanding biz uchun begona tushuncha emas, faqat uni o‘zimizga moslashtirishimiz kerak, xolos.

 

YUSUF TOSHKENBOYEV

Izohlar

Shuxrat's picture
Kroudfanding loyihasini mohiyati, va ahamiyatlarini tushundik, ammo bu loyihalarni o'zbekiston sharoitiga moslashtirib, ko'paytirish kerak.