Professor Muhammad Yunus hikoyasi

Muhammad Yunus butun dunyoga taniqli iqtisodchi va zamonaviy ko'rinishdagi ijtimoiy tadbirkorlikning yo'lboshchilaridan biri.  U o'z faoliyatini qishlog'idagi yordamga muhtoj bo'lgan va bambuk poyasidan uy jihozlarini yasovchi ayollarga yonidagi 27 dollarini foizsiz kredit sifatida berishdan boshlagan.  Hozirgi kunda Muhammad Yunus o'z yurti Bangladeshda Gramin Bankining sohibi. Bu bank yiliga  10 milliard  dollardan katta pul aylanmasiga ega  va 8.5 million xaridorga xizmat ko'rsatadi.

 “Dunyoda dangasa insonlar yo'q, hamma nima bilandir band bo'lishni istaydi, – deydi Muhammad Yunus. – Ko'pchilik adashib kambag'allar ish qilishni yoqtirmayidi, shuning uchun ularning sharoitlari shunday ahvolda, deb o'ylashadi. Lekin, aslida, unday emas. Ular kechayu kunduz beg'araz mehnat qilishga o'rganib qolishgan”.

2006-yilda Muhammad Yunus ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga  qo'shgan hissasi uchun Nobel mukofotiga sohib bo'lgan.

“O'n olti yillik tinimsiz mehnatim samara berganini Nobel mukofotini olgan kunim anglaganman, – deydi u. – 16 yil ichida maqsadga erishishga harakat qilganman. Men tentak emasligimga, g'oyalarim xomxayol emasligiga boshqalarni ishontirib kelganman.  Bir kunda hamma narsa o'zgardi, boshida hech kim ishonmagan g'oyalarimni butun dunyo tan oldi”.

1971-yilda Muhamad Yunus AQShdan o'z yurti Bangladeshga qaytadi. Atrofidagi qiyinchiliklarni boshidan kechirayotganlarga yordam berish niyatida ularga bankdan kredit olishda ko'mak bermoqchi bo'ladi. Lekin banklarning hech biri kafolatsiz kredit berishga ko'nmaydi. Shunda u o'z cho’ntagidagi 27 dollar pulni chiqarib, keyinchalik qaytarib berishlariga ishongan holda,  42 kishiga bo'lib beradi.  O'shanda shu ozgina yordam bilan  qancha odamni xursand qilish mumkinligidan ruhlangan Muhammad Yunus bankka boradi va bank xodimlarini g'oyasi ishlashiga ishontirishga harakat qiladi. Lekin hech bir bank kafolatsiz kredit berishga rozi bo'lmaydi. Shunda u o'zi kafolatchi sifatida chiqishga qaror qiladi va barcha majburiyatlarni o'z bo'yniga oladi. Ikki oy yurib bank rahbarlarining eshigini qoqib ularni ko'ndirishga harakat qiladi va nihoyat maqsadiga erishadi. U kafillik qilayotgan bank Yunusning g'oyasi amalda ishlayotganini ko'rib va odamlar olgan kreditlarini vaqtida qaytarayotganlariga amin bo'lgach, bu tashabbusni kengaytira boshlaydi.

“Boshida qiladigan ishim faqat qog'ozlarga qo'l qo'yish edi. Bankka hech nima to'lamaganman. Lekin vaqt o'tishi bilan o'zim bank tashkil qilish haqida o'yladim. Tashkil qilgan bankimda men emas, balki kredit oluvchilar o'zlari bank egasi bo'ladilar, deb qaror qilganman” – deydi Yunus.

Muhammad  Yunus bu yutug'i bilan to'xtab qolmaydi. Uning ko'zlagan maqsadi bundan-da kattaroq edi. U hukumatga kam ta’minlanganlar uchun maxsus bank ochish taklifi bilan chiqadi. Ikki yil ushbu g'oyasini targ'ib qilib, boshqalarni unga ishontirishga harakat qiladi. Nihoyat bir kun kelib Bangladesh Moliya vaziri bu fikrga qo'shiladi. Shu tariqa yangi bank tashkil qilinadi va u sekin-asta kengayib boradi. Buning ortidan foyda ham kela boshlaydi.

“Boshida foyda to'g'risida umuman o'ylamaganman. Asosiy maqsadim boshqalarga yordam berish edi. Bunchalik katta bank tashkil qilaman deb ham o'ylamaganman”, – deydi Yunus.

Shunday qilib, 1976-yilda jahonga nomi keng tarqalgan Gramin Banki dunyoga keladi.  Bugungi kunda Gramin Bankining 97 foiziga kredit oluvchilar, ya’ni Bangladeshdagi kam ta’minlangan fuqarolar va faqat 3 foiziga davlat egalik qiladi.  Shuni ham ta’kidlab o'tish kerakki, Bankdan mikrokredit oluvchilarning aksariyati ayollardir. Yunusning fikricha,  ayollar uzoqni ko'rib fikrlaydi va ishda, asosan, oila va farzandlarining manfaatlarini yuqori qo'yadi. Shu bilan birga, ayollar kreditlarni o'z vaqtida qaytarishga harakat qiladi. Shuning uchun Bank ayollarga birinchi navbatda yordam berishni maqsad qilgan.

Ishni  nimadan boshlashim kerak, deb qiziqqan insonga siz nima maslahat berardingiz, deb so'rashganda, Muhammad Yunus shunday javob bergan:

“Atrofingizdagi muammolarga  yoki ehtiyojlarga e’tibor bering. Nimalarni ko'ryapsiz? O’tirib shularni ketma-ket  yozing. Yozganlaringizni dolzarbligiga ko'ra baholang. Qaysi biri muhimroq bo'lsa, uni qator boshiga qo'ying. Keyin dolzarb muammolardan birini tanlang va unga echim topish uchun qanday biznes faoliyatini qo'llash mumkinligi to'g'risida fikr yuriting. Masalan, ishsizlikni olaylik. Siz o'zingiz biladigan 5 ta ishsiz insonga yordam berishni maqsad qilib qo'ying. Ishni biror kichik, lekin aniq, amalga oshirib bo'ladigan tashabbusdan boshlang. Men mikrokredit tashabbusini boshlaganimda kichik bir qishloqdagi bir necha odamga yordam berishdan boshlaganman. Ular o'sha paytdagi Bangladesh banklarining chigallashtirilgan kredit berish jarayonida qiyinchiliklarga uchramasinlar deb va natijada bor mulklaridan ayrilmasinlar degan maqsadda yordam berishdan boshlaganman. Barcha ijtimoiy tadbirkorlik shunday boshlanadi, ya’ni bir kichik muammoni hal qilishdan”.

Kam ta’minlanganlik to'g'risida so'rashganda, Yunus bu haqda shunday deydi:

“Insoniyat bir paytlar oyga sayohat qilishni orzu qilardi, bugungi kunda bu bor narsa. Bu to'g'rida odamlar qissalar yaratganlar  va ijod qilganlar. Kam ta’minlanganlik ham shu kabi bir kuni tarix muzeylaridan joy topadigan masala. Biz buni tasavvur qilishimiz kerak. Barhayot, imkoniyatlarga boy va teng jamiyatni aniq tasavvur qila olsakkina, bunga erisha olamiz. Bugungi kundagi ijodkor kuch bilan  bunga erishish unchalik qiyin emas”.

Izohlar

Yulduz's picture
Bu maqolani o'qib menda ijtimoiy tadbirkorlik haqida aniq tasavvur paydo bo'ldi.
Almanov Navoiy's picture
Xa chuqur o'ylangan va aniq maqsadga qaratilganligi bilan juda natijakor falsafiy biznes!!!
Azimjon Xolov's picture
hammaga ham shunday yuksaklik nasib etsin
zillionerr's picture
Juda ham foydali hikoya. Ijtimoiy biznes istiqbolini yaqqol ko'rsatib beradi.
Aziz Jon's picture
Oyga uchish xom xayol bo'lganda xam kam taminlanganlik muammosi bo'lgan, mana oyga xam chiqildi kam taminganlik muammosi xali xam bor, menimcha oyga uy qurib yashay boshlasak xam bu muammo bo'laveradi. Bu jamiyatni emas insonni o'zini kamchiligi oqibati. Xarakat qilgan odam albatta nimagadir erishadi.
Doniyor's picture
Bu so'zlar tegıda shunchalık kotta ma'no insonnı gayratını oshruvchı aqilli so'zlar bor ekankı men o'zim uchun saboq oldım deb o'ylayman raxmat
Dilemma's picture
Mana satartaap'larning qay darajadaligi)))
Dilshoda's picture
Ajoyib! O'rnak olsa arziydigan inson. Bizlarga ham shunday buyuk insonlar safida bo'lish nasib qilsin...
Feruza Obidjonova's picture
bu shuni anglatadiki hamma buyuk ishlar odamlar koziga korinmagan kichik ishlardan boshlanadi. Muhimi doim hech qachon kim nima deyishidan qat'iy nazar uz fikridan qaytmasdan uz yolida davom etish va albatta men buni uddasidan chiqa olaman deb sobit turish .Shundagina Muhammad Yunus kabi yutuqlarga erishish mumkin . Va bu berilgan misol orqali juda ham aqilli fikrlarni organdim. Juda ham purmano ishlar va sozlar haqida gap ketgan .