Plastik kartadan naqd pul yechish

Maxmudova Xurshida Maxmud qizi
5
O’rtacha: 5 (4 ovozlar)

Ish kuni boshlanishi bilanoq bir kunda kamida 5 ta qo‘ng‘iroq mana shu masala haqida bo‘ladi:

“Bankilarda plastiGdan  %ga pul yechsak bo‘ladimi?”.  

Shu savolni eshitganimda, bolaligim esimga tushib ketadi. Uyimizga juda ko‘p mehmon kelardi, ba’zan mehmonlar soni xisobimizdan ortib ketganida, maxsus tayyorlangan taom o‘zimizga yetmay qolardi. Qozonga termulib turgan onam, men va singlimning holati, bankda ishlab, oyligini 100% plastik kartada oladigan bankirlarni yodga soladi.

Plastik kartadan bank orqali naqd pul yechish uchun aynan o‘sha kartochka ochilgan bankka murojat qilish shart emas, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi istalgan bank filiali ma’lum belgilangan xizmat haqi evaziga kartochkadagi pulni naqdlashtirib berishi mumkin, agar bankda naqd pul yetarli bo‘lsa (zo‘r javob bo‘ldimi:)) .

Afsuski, ha deganda bank kassasining “tagi ko‘rinib” qolyapti, xalqimizning naqd pulga bo‘lgan talabi bank kirim kassasidan ortib ketyapti (oqibatida esa, ko‘chadagi “muqobil” variantlardan foydalanishga to‘g‘ri kelmoqda).   So‘mli plastik kartalar emissiyasiga qariyb 11 yildan oshgan bo‘lsada haligacha undan to‘g‘ri foydalanishni bilmayapmiz. Go‘yoki, plastikdagi pul – pul emasdek, imkon bo‘lishi bilan tiyin-tiyingacha yechib olishimiz kerak. Oddiy misol: o‘zimdan qiyos – biror narsani plastik kartaga xarid qilayotganimda, naqd pul sarflaganchalik bosh qotirmayman.  

Nima uchun naqd pulga talab bunchalar kuchli?

  • hamma joyda ham terminallar mavjud emas;
  • terminal bor joylar ba’zida “ishlamay qoldi” degan chaynalib ketgan plastinkani qo‘yishga erinmaydilar yoki plastikka qimmatroqqa xarid qilishga to‘g‘ri keladi;
  • yo‘l kiralar (asosan, viloyatlarda) faqat naqd pulda amalga oshiriladi;
  • xarajatlarni aynan shunday turlari borki, uning o‘rnini plastik karta umuman bosa olmaydi, masalan: to‘ydagi “qistir-qistir”ga plastik uzatolmaymiz, turli yig‘imlarga, to‘y-maraka, tug‘ilgan kunlarga ham plastigimiz o‘tmaydi, uydagi “bonka”mizga Amriqoning dollarini bosib qo‘yishga ham naqd kerak.

TV va gazetalar orqali kuyib-pishib tayyorlangan roliklar: plastik kartaning afzallik jihatiyu, xarid paytida sotuvchi (kassir)dan kassa chekini so‘rab olishga ko‘nikishimiz ham qiyin kechmoqda. Magazindan narsa sotib olgach, kassa chekini so‘rab sotuvchining zaharxanda gapini eshitgandan ko‘ra, manzilga tinchgina yetib olishni afzal bilamiz, bu tabiiy hol.  

Bu XALQni tarbiyalash qiyin kechayotgani tufayli, ayrim hollarda banklarga zarar bo‘lsada, 2016-yilning 1-martidan e’tiboran naqd pulsiz hisob-kitoblarga bir qancha o‘zgartirishlar kiritildi   (Президентнинг «Банк пластик карточкалари асосида ҳисоб-китоблар тизимини ривожлантиришни рағбатлантиришга оид қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида»ги қарори – http://www.cbu.uz/uzc/node/47281).

Unga ko‘ra, plastik kartochkalar bo‘yicha yagona tariflar rejasi ishlab chiqildi: plastik karta hisobvarag‘idagi qoldiq miqdoriga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasi (2016-yil uchun 9%) dan kam bo‘lmagan miqdorda foiz hisoblanadi, oldin bu miqdor 1%ni tashkil qilar edi. Aytaylik, kartangizdagi doimiy qoldiq 1 000 000 so‘mni  tashkil qilsa, yiliga 90 000 so‘m (4 ta gril yoki 45 kilo kartoshka yoxud 18 ta 1,5l Cola) osmondan tushib qolgandek bo‘ladi.

Yana bir yaxshigina yangilik, plastik kartalar o‘rtasida mablag‘ transferining yo‘lga qo‘yilganligi. Endilikda, xuddi telefonga “paynet” qilgandek, plastik kartangizdagi mablag‘larni istalgan 2-kartaga o‘tkazishingiz mumkin, faqat bunda bankka yoki maxsus dasturlarga murojaat qilinadi. Aynan mana shu yangilik, aholiga katta qulaylik yaratadi, to‘lovlar paytida “plastik karta egasi kelsin yoki plastik egasining pasport nusxasi kerak” degan bahonalarga o‘rin qolmaydi.

Ushbu qaror amalda qay darajada ishlayotganini bilish uchun bir qancha tijorat banklariga murojat qilib ko‘rdim, banklar soni ko‘p bo‘lgani tufayli filiallar soni va xizmat darajasi yuqori nisbatan yuqori deb hisoblangan (shaxsiy fikrim) 3 ta bank bilan kifoyalanishga to‘g‘ri keldi.

Chet el kapitali ishtirokidagi «Hamkorbank». 1991-yili faoliyatini boshlagan, 32 ta filial va 150 dan ortiq mini-banklarga ega. Bank saytidagi aloqa markaziga qo‘ng‘iroq qildim.

E’tiborimni tortgan jihati, chiroyli avto-ovozning “suhbat yozilishi mumkin” degani bo‘ldi, bu yaxshi, demak nazorat bor! Operator ma’lumot berishda erinmasdan, sof o’zbek tilida, kuyunchaklik bilan har bitta savolimga aniqlik kiritib javob berdi, hattoki, maxsus dastur smartfonning qaysi sistemada ishlashi kerakligini aytish ham esidan chiqarmadi. 2 xil usulda transferni amalga oshirish mumkin ekan, faqat kartochka boshqa bankka tegishli bo‘lsa, undan Hamkorbank kartasini to‘ldirish mumkin xolos, pul o‘tkazib bo‘lmaydi (kirish bor-u, chiqish yo‘q). Agar 10 ballik shkalada baholaydigan bo‘lsak – 10 ball!  Lekin oxirida xizmat haqi (1% va 3%) meni hayron qoldirdi… (qarorga ko‘ra xizmat tekin bo‘lishi kerakmasmidi, upps,  shu joyida qovun tushdimi deyman-a)   

Aksiyadorlik tijorat “Asaka” banki. 1995-yilda tashkil etilgan, bugungi kunda 26 filial va 100ga yaqin mini-banklar faoliyat ko‘rsatadi.

No comment… Suhbatga o‘zingiz baxo berarsiz… (yo men fikrimni tushuntira olmadim yoki qizposhsha ishga yangi kelgan, bitta anglaganim — xizmat bepul ekan, agar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa…)  

“Ipak yo‘li” aksiyadorlik innovatsiya tijorat banki. 1990-yil tashkil etilgan, 13 ta filial va 100ga yaqin mini banklarga ega.

Boshlanishi: avto-ovoz va sokin musiqa menga yoqdi, lekin operator ulangach o‘zini tanishtirmadi (agar suhbatdan ko‘nglim to‘lmasa,  kimning ustidan arzu-dod qilish kerakligini bilmaydigan bo‘ldim J ) va biroz erinibgina javob bergandek tuyuldi nazarimda. Xizmat Hamkorbankdagi kabi 2 xil usulda yo‘lga qo‘yilgan, ikkalasi ham “HOZIRCHA” tekin (qachongachaligi noma’lum) hamda afzalligi ­­– istalgan bank plastik kartasiga pul o‘tkazish va aksincha to‘ldirish mumkin. Mobil-banking dasturi ham tekin ekan, qanday yaxshi)))  

Tanlov o‘zingizni ixtiyoringizda: istasangiz plastik kartadagi mablag‘ni  %ga yechtirib, naqd pul taqchilligini oshirishingiz va “qora bozor”ga hissa qo‘shishingiz mumkin yoki  barcha xarid va to‘lovlarni plastik karta orqali amalga oshirib, daromadlarni bank orqali aylanishi (bu o’z navbatida daromadlardan soliq to‘lanishi, davlat g‘aznasining oshishi) ga majburlashingiz ham mumkin.

Agar plastik kartadagi mablag‘ni Hamkorbank orqali biridan ikkinchisiga o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, aytaylik 100 000 so‘m transfer uchun 1 000 so‘m xizmat haqi to‘lanadi, boshqa bankka tegishli kartalardan esa 3 000 so‘m ushlanadi. Transferni Asaka bank bilan amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, bank filialiga plastik kartalarni egalari pasportlari bilan borib, balki navbatda turishga ham to‘g‘ri kelib, ariza yozish bilan bepul amalga oshiriladi. Ipak yo‘li bankidagi transferlar ham bepul, bankka bormasdan ham “mobile-banking” dasturi orqali pul o‘tkazmani amalga oshirish mumkin.

Izohlar

HappyMan's picture
5

Blogpost yozishga ancha harakat qilibsiz :) yaxshi yozilibdi, ammo mavzuni ustida yana biroz ishlash kerakmidi? O'zi meni nazarimda mavzu tanlash masalasi blogpost yozishda eng qiyin bosqichlaridan biri bo'lsa kerak...

Shida's picture
0

Rahmat katta

Sarvar's picture
5

Энг Мени қизиқтирган саволларга жавоб лар бўлибди. Ажойиб муоммо ва ҳар холда кам бўлса ҳам етарлича ечим!!!

Shida's picture
0

Postga hulosa va yechim topish qiyin bo‘ldi, bu muammo hozir O‘zb.sharoiti uchun dolzarb masala!!! E‘tibor uchun rahmat.

Bahodir Mahmudov's picture
5

Ajoyib mavzu tanlabsiz, shaxsan men ancha narsa oldim blogingizdan

Shida's picture
0

Rahmat!

Ulugbek Hakimov's picture
5

Mavzu juda zo'r tanlangan va buning yechimi uchun harakat qilib unga dalillarni ham keltirib o'tilgan.