Oliy vazifa (missiya) va ustuvor maqsad qanday aniqlanadi?

Tashkilotingizning oliy vazifasi va maqsadi bu siz hozirgi kunda qilayotgan va kelajakda erishmoqchi bo'lgan ishlarning qisqacha tasviridir. Tashkilotingiz haqidagi orzu va niyatlaringiz Oliy vazifa (missiya)  va Ustuvor maqsad nomli ikki atamada o'z ifodasini topadi. Oliy vazifa va ustuvor maqsad aniq va lo'nda yozilishi kerak. Bu so'zlar tashkilotingizni boshqalardan ajratib turadi va sizning kimligingizni barchaga tanitadi. O'z xodimlaringiz orasida esa bu so'zlar ahillikka undab, maqsadga erishish yo'lida berilib ishlash uchun ruhiy kuch ato etadi.  Oliy vazifa va maqsad tashkilot sifatida siz kimsiz, nimalarni qadrlaysiz va qaysi maqsadlarni ustuvor deb bilasiz kabi savollariga javob berishi kerak.

Oliy vazifa va ustuvor maqsadni qanday aniqlash mumkin?                                   

Oliy vazifa, ya’ni missiyani quyidagi savollarga javob topish orqali aniqlashingiz mumkin:

·         Tashkilotingiz nima maqsadda tuzilgan?

·         Mijozlaringiz va jamiyat uchun qanday xizmat ko'rsatasiz, ularga nima foyda keltirasiz?

·         Siz bu ishlarni kim uchun qilyapsiz? Xizmatlaringizdan foyda oluvchilar kim?

·         Tashkilotni qanday muammolarni bartaraf etish uchun tuzgansiz va hokazo.

Oliy vazifani bayon etishda, asosan, hozirgi zamondan foydalaniladi. Unda umumiy faoliyatingiz aks etishi kerak. Qisqa va sodda uslubda qilayotgan ishlaringizni aniq belgilab berishingiz kerak. Oliy vazifa 1-2 gapdan oshmagani ma’qul va tez esda qoladigan bo'lishi kerak. Qisqa yozilgan oliy vazifalar odamlar qalbiga tezroq yetib boradi. Oliy vazifani yozishda tushunish qiyin bo'lgan va kam uchraydigan so'zlarni ishlatmaganingiz ma’qul. Tashkilotingizning oliy vazifasi keksa-yu yosh,  barcha mijozlaringiz oson tushuna oladigan bo'lishi kerak. Shuning uchun u sodda uslubda yozilishi lozim.

Dunyoning ba’zi mashhur kompaniyalari o'z oliy vazifalarini quyidagicha e’tirof etganlar:

Nokia: “Odamlarni aloqaga qo'shish orqali biz insonning eng muhim zaruriyatlaridan biri bo'lgan boshqalar bilan munosabatda bo'lish ehtiyojini qondirishga ko'mak beramiz. “Nokia” odamlar o'rtasida ko'prik o'rnatadi va ularga kerakli ma’lumotlarni olishda yordam ko'rsatadi”.

Microsoft: “Butun dunyodagi insonlar va bizneslarning komillikka yetishishlarida yordamchi bo'lamiz”.

Sony: “Maqsadimiz - yangilik yaratishdan (innovatsiya) va texnologiyalarning insoniyat manfaati va huzuri uchun ishlatilishidan bahra olish”.

Toyota: “Avtomobil sanoati orqali odamlarning hayot tarzlari yaxshilanishiga, jamiyat va iqtisodiyotning rivojlanishiga hissa qo'shamiz”. 

Google: “Dunyoda mavjud ma’lumotlarni foydali tarzda mujassamlashtiramiz va barchaga taqdim etamiz”.

Walt Disney: “Biz eng sifatli va barcha yoshdagilarga manzur keladigan namoyishlar orqali ko'ngillarga xursandchilik olib kiramiz”.

Yuqoridagi misollarda ko'rganingizdek, mashhur korxonalar keng miqyosdagi va jamiyatni rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni missiya sifatida qabul qilgan.

Ustuvor maqsad esa kelajakka qaratilgan bo'ladi. Ya’ni, tashkilotingiz kelajakda qaysi yo'ldan borishini aks ettiradi. 

Yuqoridagi chizmada ko'rsatilganidek, ustuvor maqsad keyingi 5-10 yilda tashkilotingiz nimalarga erishmoqchi ekanini aks ettirishi kerak. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, oliy vazifa hozirgi zamonda yozilgani bilan, kelajakdagi maqsadlaringizni ham qamrab olishi lozim. Ustuvor maqsadingiz boshqalarni ilhomlantiruvchi, sizning safingizga qo'shilshga undovchi ruhda bo'lishi kerak. Ya’ni, yuksak maqsadingizni eshitganlar, “men ham bu ishda ishtirok etishni istayman” yoki “men shu maqsadni qo'llab-quvvatlamoqchiman”, deydigan darajada bo'lishi kerak. Ustuvor maqsadni yozishda “eng birinchi”, “eng mashhur”, “eng katta” kabi birikmalar ko'p ishlatiladi. Quyida e’tiboringizga bir nechta misolni taqdim etamiz:

 

·         Microsoft: “Har bir xonadon va har bir [maktab] stolida kompyuter bo'lishi kerak”.

·         BMW: “Avtomobil sanoatida eng muvaffaqiyatli va oliy sifatli avtomobillarni ishlab chiqaruvchi darajaga yetamiz”.

·         Special Olimpics (Maxsus Olimpiada): Dunyodagi barcha odamlarni ruhiy kasallikka chalingan va  boshqalardan farqli deb qaralgan insonlarni tushunishga, qabul qilishga va o'z oralariga qo'shishga chaqiramiz va shu bilan jamiyatni o'zgartiramiz”.

 

Ustuvor maqsad ham qisqa bo'lishi lozim. Lekin ba’zi kompaniyalar uni turli yo'nalishlarga bo'lib, alohida-alohida yozishlari ham mumkin. Masalan, “Coca-Cola” kompaniyasi o'z maqsadini quyidagicha ifodalagan:

  • Odamlarimiz: Ishchilarimiz uchun o'zlarining eng yuqori mahoratlarini ko'rsatishlariga undaydigan eng zo'r ish joyini yaratish;
  • Mahsulotimiz: Odamlarning xohish va ehtiyojlarini qondiradigan yuqori sifatli ichimliklarni butun dunyoga yetkazish;
  • Hamkorlarimiz: Yutuqlarga boy xaridor va ta’minotchilar tizimini rivojlantirish va birgalikda davomiy foyda ko'rish; 
  • Sayyoramiz: Mas’uliyatli fuqarolar bo'lish va jamiyat rivojlanishiga hissa qo'shish orqali boshqalardan ajralib turish;
  • Foyda: Umumiy mas’uliyatlarimizni esda tutgan holda foydani ko'paytirish;
  • Unumdorlik: Eng samarali va resurslarni isrof qilmaydigan, ayni paytda tez o'sadigan tashkilot bo'lish.

Oliy vazifa va ustuvor maqsadni xodimlar bilan birgalikda aniqlagan ma’qul. Masalan, xodimlaringizni to'plab, boshqalar biz haqimizda nima deyishyapti, kim va nima uchun qilyapmiz bu ishlarni yoki 5 yil ichida nimalarga erishmoqchimiz kabi savollarni ulardan so'rang. Agar xodimlaringiz soni 5 kishidan ko'p bo'lsa, unda bu mashqni kichik guruhlarga bo'linib qilgan afzal. Keyin barcha javoblarni jamlab tahlil qiling va birgalikda o'z tashkilotingizning oliy vazifa va ustuvor maqsadini belgilang. Bu kabi mashqlarning to'liq qo'llanmasini maktabimiz saytidagi “Guruhda qaror qabul qilish yo'llari” maqolasidan topishingiz mumkin.  

Shunday qilib, oliy vazifa va ustuvor maqsad strategik rejalashtirishda eng muhim ahamiyatga ega masalalar ekanini o'rgandingiz. Ular faoliyatingizga aniqlik kiritibgina qolmay, balki sizni yanada uzoqni ko'zlab rejalashtirishga ham undaydi. Yo'lda chalg'imasdan bir maqsad sari, yuksalish sari borishingizni ta’minlaydi. Shuni yodda tutingki, oliy vazifa va ustuvor maqsad qisqa, aniq, lo  nda va tez esda qoladigan bo'lishi kerak.

Izohlar

Dilshoda's picture
Ushbu ma'lumotlar menga o'z loyihamning oliy vazifa va missiyalarini aniqlashga yordam berishiga ishonaman...
Feruza Obidjonova's picture
RAHMAT DILSHODA