Noformal ta’lim: o'qish boshqa, uqish boshqa...

Bugun ommaviy axborot vositalari orqali “seminar”, “trening” degan so'zlarni ko'p eshitamiz, o'qiymiz.  Ba’zida bunga e’tibor beramiz, ba’zida esa yo'q.  Umuman, rivojlangan mamlakatlarda bunday noformal ta’lim usullariga juda katta e’tibor qaratishadi. Chunki bunday noformal  ta’lim tizimi yoshlarga hayot ko'nikmalarini berishda ancha muhim institutdir.

Yoshligimidan ancha faolman. Maktabda ham, litseyda ham, universitetda ham debatlarni qoldirmasdim, turli seminar-treninglardan qolmasdim. Shuni aytishim kerakki, ana shunday seminar-treninglar hayotimga juda katta ta’sir o'tkazdi...

Bugungi ta’lim tizimi yoshlarga universal bilimlarni beradi, ularni u yoki bu mutaxassislik bo'yicha tayyorlaydi. Lekin kasb-hunar kolleji, universitetni bitirgan talabalar yangi ish joyida har doim to'liq kirishib keta olmaydi, ular hayotda juda kerak bo'ladigan muhim  ko'nikmalarga ega bo'lishi talab qilinadi. Muvaffaqiyatli muloqot, o'zini namoyon qilish, liderlik ko'nikmalarini rivojlantirishda aynan mana shunday noformal o'quv va mashg'ulotlarning, ya’ni seminar-treninglarning ahamiyati juda kattadir...

Zamonaviy “tanish-bilishchilik” — kelajakka investitsiyadir

...2004-yili xalqaro tashkilotlarning yosh liderlar uchun yozgi lagerida qatnashganman. O'shanda Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridan yoshlar tashkilotlari yetakchilari, umuman, yoshlar yig'ilganmiz. Bunday o'quv mashg’'lotlarining yaxshi tarafi shundaki, lagerda turli millat va mamlakat vakillari bo'lsa-da, avvalo, juda ko'p narsalarni o'rganganman. Qolaversa, shunday qalin jamoa bo'lib ketganmiz.

Oradan yillar o'ib, yoshlar markaziga asos solib, xalqaro hamkorlar bilan ishlashga to'g'ri keldi. Ayniqsa, tajriba almashish bilan bog'liq tadbirlar uchun ishonchli tashkilotlar va kuchli tashkilotlar bilan hamkorlik qilish talab qilinadi. Chunki nafaqat tashkilotlar doirasida, balki aynan tashkilotlar o'rtasida ham shaxsiy munosabatlar o'rnatilishining ahamiyati kattadir. Buni qarangki, 2004-yilda birga yozgi lagerlarda o'qigan tengdoshlarimizning qo'llab-quvvatlovi va tavsiyanomasi bilan nafaqat xalqaro donorlardan mablag' olishga, balki Yevropa Ittifoqidagi hamkorlarimiz ko'lamini kengaytirish imkoniga ega bo'ldik.

O'shanda yozgi lagerda bizga tahsil bergan trenerlardan biri aytgan edi: zamonaviy boshqaruvda nafaqat kuchli o'qish, balki “kontakt”, ya'ni sodda qilib aytganda, “tanish-bilish” orttirishning ahamiyati kattaligini aytgandi. Bunga aynan fuqarolik jamiyati loyihalarini amalga oshirishda guvoh bo’'dim. Chunki turli noformal ta'lim saboqlarini olish jarayonida siz nafaqat bilimingizni namoyon qilasiz, balki qo'lingizdan ish kelishini, qaror qabul qila olishingizni ko'rsata olasiz. Eng muhimi, boshqalar bilan o'zaro ishonchli va shaxsiy munosabatlar o'rnatiladi.

Yana bir misol, yetakchi yoshlar tashkilotlaridan biri O'zbekistondan hamkor qidirib, Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasiga murojaat qilgan. Bank vakili bilan aynan shunday noformal ta'limlarda “suyagimiz qotgan”i uchun u bizning tashkilotimizni tavsiya qilgan. Tez orada o'sha tashkilot bilan Yevropa Komissiyasining grant tanlovida qo'shma loyiha bilan qatnashib, g'olib bo'lganmiz.

Garchi biroz erish tuyulsa-da, zamonaviy menejmentda “tanish-bilishchilik” nafaqat muvaffaqiyatli ish olib borishda, balki odamlar bilan samarali muloqot qilishda, ayniqsa, maqsadli guruhning istak-xohishlarini aniqlash va hal etishda juda qo'l keladi. Bu nafaqat ijtimoiy faoliyatda, balki muvaffaqiyatli biznes rejalarini amalga oshirish hamda ijtimoiy sheriklik asosida jamiyatga foyda keltirishda ham ayni muddaodir.

Shuning uchun qulog'imiz uchun yod bo’'ib ketgan noformal ta’lim imkoniyatidan samarali foydalanish ham shaxsiy ko'nikmalarimizni boyitishda ayni muddaodir. Zero, o'qish boshqa, uqish boshqa.

 

Yusuf Toshkenboev