Nimaga kulayotganingizni bilasizmi?

Jamshid Quramboyev
4.8
O’rtacha: 4.8 (10 ovozlar)

-            …

-            Farruh, yangi konsert dasturimizning rejasini tuzib kelishga kelishgandik. Esingdami? Nima qilding? Biror tuzukroq g`oya topa oldingmi? - so`radi  “Maynavozchilar” shou jamoasining yetakchisi va tashkilotchisi Sardor, -  Sizlar-chi? Quruq qo`l bilan kelmagandirsizlar? Bugun konsert rejasini yakuniga yetkazib asosiy ishlarga o`tishimiz kerak.

-            Ha, albatta, bir-biridan zo`r idealar topib keldik, - suhbatga qo`shildi jamoaning qorachadan kelgan, mushaklari qizlarni o`ziga rom etadigan a’zosi Xurshid, -  Ko`rib hayron qolasan hozir. Bunaqasi hali oldin umuman bo`lmagan.

-          Ha-ha, odamlar hali bunaqa bachkana kulgu kechasiga guvoh bo`lmagan. Shunaqangi ularni mayna qilamiz-ki barcha bizlarga qoyil qoladi,- dedi jamoaning yana bir faol a’zosi Odil.

-          Mayli, unda boshladik. Adi-badi qilib o`tirsak bugun ham hech narsa qila olmaymiz. Har doimgidek konsertni ajabtovur, hech kimning hayoliga kelmaydigan eng bachkana kirish bilan boshlashimiz kerak. Qanaqa takliflar bildirasizlar?

-          Menda zo`ri bor, - dedi jamoaning beshinchi a’zosi Bekjon, - Ko`z oldingga keltir: “Istiqlol” san’at saroyida to`rt mingdan oshiq tomoshabin bizni kutmoqda. Shunda pardalar ochiladi va sahnada katta beshik turgan bo`ladi. Beshik ichida esa barcha kutayotgan inson, ya’ni sen yotgan bo`lasan, – Bekjon Sardorga yuzlandi.

-          Undan keyin-chi? – Sardor qiziqib so`radi.

-          Beshikda tuvak bo`lmaydi, shu bois intizorlik bilan hamshirani kutayotgan bo`lasan va shu payt u tuvak bilan kirib keladi. Hamshira Sitora Farmonovaga o`xshagan chiroyli qiz bo`ladi. U beshikka engashadi-yu “kattaligini” deb baqirib yuboradi. Tasavvur qildingmi nima demoqchiligini? Undan keyin bo`lar-bo`lmas hech kimga yoqmaydigan gaplarni gaplashasizlar. Qalay, bo`ladimi?

-          Zo`r, menga yoqdi. Sizlar nima deysizlar? - dedi Sardor.

-          Ha, bizga ham yoqdi,- bir  ovozdan ma’qullashdi guruhning qolgan a’zolari.

-          Xo`sh, demak, kirish qismi hal bo`ldi. Endi salomlashish sahnasi haqida o`ylashimiz kerak. Bunga o`zim bir taklif bildirmoqchi edim. Salomlashishda “Assalomu aleykum, xotinidan qo`rqmaydiganlar”, “Assalomu aleykum, eridan qo`rqmaydiganlar”, “Assalomu aleykum, metroda siqilganlar” kabi odamlarning medasiga tekkan salomlashishlarni ishlatsak zo`r bo`lardi.

-          Albatta, aynan men ham shularni aytmoqchi edim. Orasiga yana bir-ikkita bemazalarini qo`shamiz, qarabsiz-ki salomlashish tayyor, – qo`shimcha qildi uyqusirab o`tirgan Odil.

-          O`ylashimcha barchangiz rozisiz,- dedi Sardor. Demak, buni ham dasturga kiritamiz. … Ana, bo`ldi, yozib qo`ydim. Endi nima qilamiz? Darrov boshlab ketsak yaxshi bo`lmas. Biror bir odamning asabiga tegadigan takliflaringiz bormi?

-          Menda bor. Demak, bunday. Xullas, salomlashib bo`lganimizdan keyin sen sahnada qolasan, biz esa sahna ortiga keyingi chiqishga tayyorlanish uchun o`tamiz. Shu payt sen birinchi qatorda o`tirgan “estradamizning yorqin yulduzlari” ni xuddi ularni barcha birinchi marta ko`rayotgandek birma-bir tanishtirib chiqasan. Albatta, tomoshabinlardan qarsak chalishlarini so`rashni esdan chiqarmaysan. Masalan, Izzatilla Ibragimov, Alisher Fayz, Javlon Shodmonov, Jahongir Foziljonov deb birinchi qatorning oxirigacha tanishtirib chiqasan. Ancha-muncha vaqtdan yutamiz.  Nima deysizlar? - deb Farruh o`z taklifini bildirdi.

-          Yomon emas, mayli, ko`raylik-chi, buni ham rejaga kiritamiz, keyin yana bir o`ylab ko`ramiz. Endi asosiy chiqishlar haqida o`ylash kerak. Nima qilamiz, qanday g`oyalar bor? Bu chiqishni ko`rib tomoshabinlarning asabi shunday o`ynasin-ki konsert tugaganidan keyin  5-6 oylab aytib yursin, – Sardor qo`llarini bir-biriga ishqalab miyig`ida kulib qo`ydi.

-          Stop! Zo`ri keldi. Bittamiz qiz bo`lib chiqamiz, tomoshabinlar orasidan esa bir yigitni taklif qilamiz va ularni tanishtirib to`ylarini qilish sahnasini qo`yamiz. Albatta, yigitga sovg`a berishni esdan chiqarmaymiz, chunki u sahnaga chiqqanidan ming pushaymon bo`ladi-da. Bu eng bachkana chiqishlardan biri bo`ladi,- suhbatga aralashdi anchadan beri jim turgan Bekjon.

-          Qanaqa bo`larkan, menga uncha yoqmadi,- Sardor e’tiroz bildirdi.

-          E, qandday bo`ladi. Mana, Ma’mur har konsertda qiz bo`lib chiqadi-ku. “Shukur shou”da ham qiz bo`lib chiqdi, hech kim bir nima demadi. Barchaning aft-u basharasi qariqiz qovuniday tirishib ketganini ko`rsangizlar edi. Biz esa undan ham battar qilamiz.

-          O, shu gaping menga yoqdi. Sardor, bu chiqishni kiritmasak bo`lmaydi,- Xurshid birdan jonlanib qoldi.

-          Mayli, mana yozib qo`ydim, – unchalik yoqmasa ham Sardor rozi bo`ldi.

-          Keyin nima qilamiz, bilasizlarmi, hech kim tanimaydigan, qo`shig`i bir tiyinga qimmat, qutb yulduziga o`xshab san’atda porlashni xomhayol qilgan 1-2 ta qo`shiqchilarni taklif qilamiz,- miyasiga kelgan fikridan Xurshid mag`rurlanib ketdi.

-          Bundan bizga nima naf?- birvarakayiga so`rashdi jamoaning qolgan a’zolari.

-          Eh, shunga ham tushunmadingizlarmi? Bir tarafdan vaqtdan yutamiz. Ikkitasi kelsa, kamida 15 daqiqa ketadi. Boshqa tarafdan ularni reklama qilganligimiz uchun tekinga qo`shiq kuylashadi, balki, bir-ikki so`m pul ham ishlarmiz.

-          To`g`ri aytasan, bu tomonini o`ylamabmiz, – Bekjon Xurshidning fikriga qo`shildi.

-          Yanada bachkana qilmasak bo`lmaydi. Bular kamlik qiladi, – Odil ham qo`shilishini bildirdi.

Shu payt ancha vaqt suhbatga aralashmay turgan Farruh o`z g`oyasi bilan o`rtoqlashdi.

-          Biz biror nima o`g`irlashimiz kerak, masalan, jahon kinosidan. “Mister Bin dam olishda” filmini kim ko`rgan? Ko`rgan bo`lsangizlar, kino festivali bo`layotgan bo`ladi, unda Carson Kley ismli shaxs ham rejissor, ham aktyor, ham produser, ham direktor, xullas, barcha ishni o`zi qilgan holda yaratgan kinosi bilan qatnashadi. Biz ham shunday qilamiz. Odamlarni joniga tekkan er, xotin va jazman qatnashadigan sahna ko`rinishini namoyish qilamiz, boshlanishida esa hamma joyida Sardor, Sardor,…, Sardor bo`ladi.

-          Yo`q, bo`lmaydi. Ko`rmadingmi, yaqinda bo`lib o`tgan “Shukur shou”da Shukurullo Isroilov aynan shuni sahnalashtirdi, – Sardor qarshilik qildi.

-          Nima bo`pti? U ham o`sha kinodan o`g`irlagan, o`ziniki emas-ku, demak, biz ham o`g`irlasak bo`ladi, –Farruh o`z fikrida turib oldi.

-          Mayli, yaxshi, unda chiqish qanaqa bo`ladi?

-          Sahna voqealariga kelsak, xotini jazmani bilan o`tirgan paytda uyga eri kirib keladi. Xotin jazmanini yashirishga harakat qiladi, lekin ulgurmay qoladi. Er esa jahl qilib qoni qaynashi o`rniga xotinidan nariroqda turgan jazmanini barmog`i bilan ko`rsatib nimaga uni tanlaganini hamda undan nimasi kam ekanligini so`raydi va o`zi tarafga o`tishini talab qiladi. Jazman ham qulay vaziyatdan foydalangan holda xuddi shu ishni qiladi. Natijada xotin jazmanining quchog`iga otiladi. Er esa jahl bilan yugurib boradi-da xotinini uloqtirib jazmanni quchoqlab oladi.

-          Voy, tavba, nima deganing bo`ldi bu? Umrim bino bo`lib bunaqangi ma’nisiz narsa eshitmaganman, – Odilning hafsalasi pir bo`ldi.

-          E, o`rtoq, shuning uchun ham shu sahnani qilaylik deyapman-da. Bunday bemaza fikr kelgan kallamga qoyil. Bundan tashqari, xotinning eri jazmanni quchoqlab olishiga e’tibor qilmading. G`ij-g`ij ma’no shu joyida-ku. Hay, mayli, nima qilasizlar, rejaga kiritasizlarmi?

-          Bu sahnani qo`shmasak konsert konsert bo`larmidi, albatta, qo`shamiz, mana, yozib qo`ydim. Yana zo`r tomoni ancha vaqt ketarkan. Vaqtni iloji boricha mana shunday narsalarga sarflab cho`zmasak 2 soat bo`lmay qoladi, – dedi Sardor.

-          Havotirlanma, menda yana bir g`oya bor, - Farruh gapirishga taraddudlandi, –chiqishlar orasiga reklamalar qo`shamiz. Qanaqa deysizmi? Konsertni tashkillashtirishda yordam bergan barchaga rahmat izhor etgan holda birma-bir itidan tortib eshagigacha sanab chiqamiz. Har na-da, 3 daqiqa bo`lsa ham vaqtdan yutamiz, bundan tashqari reklama – bu pul degani.

-          Ha-ha, buni men ham o`ylagandim, – o`ylagan narsasi aytilganidan Sardor xursand bo`ldi.

-          Keyingi taklifim shundan iborat: konsertga Manzurani ham chaqiramiz va uning bitta qo`shig`iga sahnada jonli klip qilib beramiz. Shunaqangi bema’ni klip qilamizki, odamlar chuqur xo`rsinib peshanasini qo`llari bilan eslashni boshlashadi. Tasavvur qilyapsanmi bundan zo`ri bo`lmaydi.

-          Menimcha, bunga ham hech kim qarshi emas. Buni ham rejaga kiritsak konsert bir yarim soatlar atrofiga borib qolarkan. Yana yarim soat qo`shishimiz kerak, – Sardor rejaga yozib qo`ydi.

-          Sizlar bir narsani esdan chiqardinglar, shekilli, - Xurshid sal qizaribroq muhokamaga qo`shildi. Sizlar anavi narsani qo`shmadingizlar.

-          Qaysinisini?

-          Anavu bor-ku. Anaqa…

-          E, qanaqa?- Sardorning jahli chiqib ketdi.

-          O`sha-chi, hamma qiziqadigan uchtami-to`rttami iks lar turardi, nomini bir nima derdi-ku.

-          Ha, bo`ldi, tushunarli, sening darding faqat o`shanda. Bu boshqa narsalar haqida ham o`ylaysanmi? – Xurshidning nima demoqchiligini Odil tushundi.

-          Nima deyapsan? Sen o`ylagan  darajada emas, shunchaki aytdim-qo`ydim-da. Kecha bir necha konsertlarni ko`rib tahlil qilib chiqqandim. O`ylab qarasam u narsasiz konsert bo`lmas ekan.

-          Kallangga qoyil, yaxshi aytding. Rostdan ham bir nima yetishmay turgandi o`zi. Albatta, qo`shamiz, Sardor, shundaymi? Lekin biz ulardan ortda qolsak bo`lmaydi. Konsertga kelgan yigit-qizlardan tortib erkak va ayollarning barchasini hijolatga qo`yadigan darajada uyaltirishimiz kerak toki ular konsertga xotinlari, farzandlari hamda ota-onalari bilan birga kelganliklaridan pushaymon bo`lishsin,- Odil jilmayib qo`ydi.

-           “Albatta, qo`shamiz, bu mavzuni o`z konsertimizda yoritmasak, ertaga badiiy kengashga tahririga topshirganimizda bizni shu narsalarni rejaga kiritish uchun qaytarib yuboradi”,  – Bekjon kulib qo`ydi.

-          Mana bu boshqa gap endi. 2 soatlik konsertimiz tayyor. Ozgina qo`shimchalar kiritilib ishlov berilsa, eng “yaxshi” konsertimiz tayyor bo`ladi, – Sardor ancha yengil his qildi o`zini.

-          Lekin bir muammo bor-da. Juda oshirib yuboribsizlar deb badiiy kengash o`tkazmasa nima bo`ladi? Shuncha mehnatimiz bir tiyin bo`ladi-ku! – dedi xavotirlangan Farruh.

-          Shundan ham xavotirlanasanmi? “Franklin og`a”miz sog`-omon bo`lib tursa, ularning qulog`i kar, ko`zi ko`r va gung bo`lib qolishadi. Shu bois “Franklin og`a”larimiz ko`payishini chin dildan tilayver.

-          Mayli, konsert ham bo`ldi deylik, keyinchalik ular o`z so`zidan qaytib qolishsa-chi, ya’ni litsenziyamizni olib qo`yishsa nima qilamiz? – Odil o`z fikrini bildirdi.

-          Olib qo`yishsa, nima ham bo`lardi, 3-4 oydan keyin yana qaytarib berishadi. Qo`rqma, okalarimiz qarab turishmaydi.

-          …

 

Yuqoridagi hikoyani tushunishingiz uchun siz sanab o`tilgan turli xil jamoalarning konsert dasturlarini tomosha qilgan bo`lishingiz kerak. Shundagina siz achchiq haqiqatni anglaysiz, ya’ni bugungi kunda o`zlarini kulgu ustasi va san’atkor deb atayotgan bir gala maynachilar (barchasi ham emas) ning xalqimizni turli xil maynavozchiliklar orqali kuldirishga urinayotganligiga guvoh bo`lasiz. Oramizda kimlardir bu fikrga qo`shilmasligi, odamlarni kuldirishyapti-ku deyishi mumkin. Lekin muammoning dolzarbligini anglab yetmasak ertaga kech bo`lishi mumkin. Yurtimiz o`sib kamol topayotgan yoshlarimiz hamda xalqimizning  ma’naviy va ma’rifiy jihatdan yetuk bo`lishiga harakat qilmoqda. Ularning dunyo xalqlaridan har taraflama ortda qolmasligiga shunchalik harakat qilinayotgan paytda, saviyasi past shou  konsertlari aholiga aks ta’sir etishi aniqdir. Konsertlarda turli xil mavzularda goh haqiqat, goh uydirma gaplar kurakda turmas holda aytilmoqda. Bu esa har kimga har xil ta’sir o`tkazishi mumkin.

Bir necha konsert videolarni tomosha qilib tahlil qilish jarayonida haddan tashqari qiziqchilik san’atining saviyasi tushib borayotganligini tan olmaslikning iloji yo`qligiga yana bir bor amin bo`ldim. Bir tomondan jamiyatimizdagi turli xil muammolarni kulgu orqali tanqid ostiga olib yechim izlanishiga harakat qilinayotganligi ijobiy holat, lekin boshqa tomondan bu holat bachkana qiliqlar oldida dengizdan tomchi hisoblanadi. Tahlil natijalariga ko`ra quyidagilarni alohida ta’kidlab o`tishni lozim topdim:

-        o`ta bachkana sahnalar;

-        ochiqdan ochiq vaqt cho`zishga bo`lgan harakatlar;

-        adabiy tilning keskin buzib talqin etilishi;

-        axloqsizlik targ`iboti.

Men yuqoridagi fikrlarim bilan ularning bari maynavozchilikdan iborat degan fikrni ilgari surmoqchi emasman, lekin konsertlarni tomosha qilib tahlil qilish jarayonida shunga amin bo`ldim-ki, kulgu san’atimiz saviyasi juda tushib ketgan. Konsert davomida ikki soat vaqtni bir amallab o`tkazishga urinish bo`lganligi yaqqol sezilib qolmoqda. Ochiqdan-ochiq vaqtni cho`zishga bo`lgan urinishlar, hammaning joniga tekkan turli xil oila munosabatlariga oid mavzular, turli xil bachkana sahnalar, taniqli yoki hech kim tanimaydigan xonandalarning qo`shiq kuylashlari, reklamalar va shu kabilar buning yaqqol isbotidir. Bu holatlarga sarflangan vaqt “Dizayn” jamoasida 24 daqiqa, “Million” jamoasida 30 daqiqa, “Zokir shou”da 42 daqiqani tashkil qilgan bo`lsa, “Shukur shou”da esa 2 soatlik konsertning deyarli yarmiga teng. Bularni tilga olib o`tishimdan maqsad shuki, tomoshabinlar maza qilib kulaman deb kelgan kulgu kechasining deyarli yarmi qo`shiqchilarning bir-biridan bemaza qo`shiqlari-yu bachkanaliklardan iborat bo`lib qolmoqda. Siz bularning bari shou, shu bois bunaqa bo`lishi tabiiy deyishingiz mumkin. Lekin shou deb me’yoridan o`tkazib yuborish to`g`ri emas. Konsertlar videolarini tomosha qilish jarayonida ko`p holatlarda tomoshabinlarning ensasi Fozilbek Yusupov ta’biri bilan aytadigan bo`lsak, toshbaqaning kosasidek qotganligiga guvoh bo`lishingiz mumkin.

Endi esa blogpostni yozishga meni undagan eng asosiy sababga to`xtalaman. Bu – axloqsizlik targ`iboti. Ha, buni hech biringiz rad qilolmaysiz. Har bir konsertda bizning axloqiy qarashlarimizga umuman to`g`ri kelmaydigan sahna chiqishlari mavjud.   Axir konsert bo`lib o`tayotgan zalda hali turmushga chiqmagan yoshgina qizlar, uylanish yoshiga yetib qolgan yigitlar, bundan tashqari ayoli, onasi, opa-singillari bilan kirgan oila boshliqlari va kichkinagina bolakaylar va qizaloqlar o`tiribdi-ku. O`zini qiziqchi sanayotgan axloqsizlar nazdida kulguli tuyulgan sahna chiqishlarini eshitib kulayotgan tomoshabinlarning nigohiga hech boqqanmisiz?! Agar shunday qilgan bo`lsangiz, ular kulguli bo`lganligi uchun emas, balki uyalganliklaridan, bizning mentalitetimizga to`g`ri kelmaydigan shunaqa gaplarni boshqacha yo`l bilan aytilganligi uchun kulishayotganligiga guvoh bo`lganingiz aniq. Onajonlarimiz, opa-singillarimiz yuzlarini qo`llari bilan bekitib olishganini esa aytmasak ham bo`laveradi.  Quruq gap bo`lib qolmasligi uchun bir-ikkita misol keltirib o`taman. To`g`risini aytganda, bularni eshitayotib xuddi sahnada o`zim aytayotgandek his qildim va nimagadir uyat hissini tuydim. Lekin ularning yuz ifodasiga boqsam hech qanaqangi uyat hissini ko`rmadim. Axir ularni ham ertaga televizorda oila a’zolari ko`rishadi-ku. Ularning ko`ziga qanaqa qarashadi bilmadim. Birinchi misol o`sha barchaga ma’lum va mashxur Zokir Ochildiyevga tegishli:

“Kim yemasa yozda qishning G`AMINI,

Qishda yeydi enasini YIQQANINI.”

Kim qanaqa tushunadi buni bilmadim-u, ammo men umuman boshqacha tushundim. Kimsan Zokir Ochildiyev, ko`pchilik o`ziga ustoz deb bilguvchi shaxs sahnada turib shunday deyayotganidan keyin qolganlardan nima ham kutardik.

Keyingi misol “Dizayn” jamoasining a’zosi Qobil Karimberdiyevga tegishlidir.

“16-17 yoshimda,

  Qizlarni ko`rardim tushimda.

Azgina rosxod qilsangiz, o`nggizda KO`RARDIZ”

Buni, menimcha, barcha birdek tushunsa kerak. Shu bois izohga hojat yo`q deb hisobladim. Bunaqa misollarni birma-bir sanay desam bir kitob bo`lishi aniq, shu bois umumiy ma’lumotlarni berib o`tishga qaror qildim. Masalan, axloqsizlikni targ`ib qiluvchi holatlar  “Shukur shou”da 36 ta, “Zokir shou”da 23 ta, “Dizayn” jamoasida 44 ta va “Million” jamoasida rekord 48 ta ekan. Eng daxshatlisi esa deyarli har bir konsertda gomoseksualizmga shama qiluvchi sahnalar mavjud. Dunyo mamlakatlarida bu bugungi kunda oddiy hol bo`lishi mumkin, lekin bizda emas.  Blogpostni saytda barcha o`qishini hisobga oladigan bo`lsam, ularga oldindan uzr bildirib qo`yaman, lekin bularni tilga olmaslikning iloji yo`q.

Ayniqsa erkak va ayol o`rtasidagi barchadan sir tutiladigan munosabatlar katta sahnada turib ochiqdan-ochiq uyalmasdan aytilyapti. Konsertni ertaga butun O`zbekiston tomosha qilishini hisobga oladigan bo`lsak,  ular orasida qanchadan-qancha bolalar, o`smirlar va yoshlar mavjudligini e’tibordan qochirmaslik kerak. Ayni balog`at yoshiga yetgan o`smirlarga esa bu mavzudagi har qanday narsa qiziq tuyuladi. Texnologiya rivojlangani sari sharmandali sahnalar internet orqali yoshlarga yanada tez yetib bormoqda.  Eng achinarlisi esa shundaki, axloqsizlikning keng targ`ib qilinishi tufayli yoshlar bilan bir qatorda barcha bunday holatga befarq bo`lib bormoqdamiz. Bu biz uchun oddiy holatga aylanib bormoqda. Konsert disklarini xarid qilib uyda keng oila davrasida o`tirib bir-birimizdan uyalmasdan tomosha qilmoqdamiz. Shu tarzda buzuqchilik va maynavozchilik targ`ib qilinishda davom etaversa, ertaga kim kafolat bera oladi to`g`ri va noto`g`ri fikrlarni ajrata olmaydigan aholining soni oshib ketmasligiga, qadimiy urf-odatlarimizdan biri bo`lgan sovchilikdan voz kechilib har kim o`zi xohlagan kishisi bilan turmush qurmasligiga, ajralishlar va nikohsiz farzandlarning yanada ko`paymasligiga va eng daxshatlisi esa bir jinsli nikohning paydo bo`lmasligiga? Ha, bu ayni haqiqat.  Mana, nima uchun mavzu bugungi kunda dolzarb hisoblanadi!

Shu o`rinda bir savol tug`iladi: bular qanday qilib badiiy kengash tahriridan o`tgan? Menimcha, yana “Franklin og`a” yordamga kelgani aniq. “Dizayn” jamoasi bir qop g`oyani bir xovuch qilishadi deb nolingan edi. Demak, bu chiqishlar tahrirdan o`tgan bo`lsa, o`tmay qolgan g`oyalar bundan ham battar ekan-da.

Axloqsizlikni targ`ib qiluvchi chiqishlarni qo`shmasdan konsert berish shunchalik qiyinmi?! Axir marhum Xojiboy  Tojiboyev o`z konsertlarida bitta ham axloqsizlik, bachkanalik va maynavozchilikka yo`l qo`ymasdan necha yillab sahnada barchaning olqishiga sazovor bo`lgandilar. Ularning har bir aytgan so`zlari hayotiy va bachkanalikdan yiroq edi. Shu o`rinda u kishining konsertlaridan biridagi menga eng yoqadigan joylaridan birini aytib o`tishni lozim topdim:

“… to`yda bir tarafda qop-qora yigitlar, boshqa tarafda esa qip-qizil qizlar bir-biriga qarab turishibdi, lekin yigit va qiz bir-birini tanimayapti. Ular anchadan beri bir-birini ko`rmagan edi…”

Mana sevgi-muhabbatning talqin etilishi. Buni eshitgan insonning hayolidan birinchi muhabbati, u bilan uchrasha olmay qiynalib yurgan vaqtlari o`tmaydi deb kim ayta oladi?! Deyarli barcha o`zi bilmagan holda shirin xotiralarini eslaydi va yuzida samimiy kulgu paydo bo`ladi. Axir bunday voqealar deyarli har birimizning hayotimizda bo`lib o`tgan-ku.

Shu o`rinda yana bir savol tug`iladi: bularning bariga sabab nimada?

Bunday bachkanaliklarning san’atga kirib kelishiga eng asosiy sabablardan biri, mening fikrimcha, “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovining tashkil etilishidir. Aynan shu tanlov sababli hali qiziqchilik san’ati nima ekanligini bilmasdan turib o`zining xiring-xiringlari bilan odamlarni kuldirishga harakat qilayotganlar san’atga kirib kelmoqdalar. Keyinchalik esa ular turli xil jamoalarni tashkil etishmoqda. Qishda institutimizda shu tanlovning institut finali bo`lib o`tdi. Shunaqangi sharmandagarchilik bo`ldi-ki zo`rg`a joyimda o`tirdim. Yuqorida sanab o`tilgan konsertlardagi axloqsizliklar bizning final bilan solishtirilsa, xalq tili bilan aytadigan bo`lsam “chepuxa”. Oxirida prorektorimiz ham ancha tanbeh berdi. Bunga sabab esa aniq, ya’ni “Istiqlol” san’at saroyida shunday gaplar aytilganidan keyin Oliy o`quv yurti va kollej talabalari bilib-bilmasdan yoki tushunmagan holda bizga ham mumkin deb chiqishlari tabiiydir. Yoshlar axloqsizlikka tabiiy holdek qarashni boshlashmoqda.

Muammoni bartaraf etish uchun, eng birinchi navbatda, oliy o`quv yurtlariaro, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylar o`rtasida har yili o`tkaziladigan “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovini qattiq nazorat ostiga olish darkor. Ularning har bir aytadigan so`zi tegishli shaxslar tomonidan ko`rib chiqilishi va har qanday axloqsizlik hamda bachkanalikka barham berilishi kerak.

Muammoning ikkinchi tarafini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Bozor iqtisodiyoti qonuniyatlariga ko`ra talabga yarasha taklif vujudga keladi, demak tomoshabinlar shu kabi saviyasi past konsertlarga tushishda davom etarkanlar barchasi yana har doimgidek davom etaveradi. Shu bois bachkanalik va maynavozchilikka barham berishning yagona yo`li o`zimizni anglash, o`zimizni hurmat qilishdir. Chunki aholi o`z qadrini bilmas ekan, bularning bari davom etaveradi. Tasavvur qiling: bozorga bordingiz va sizning qo`lingizga chirik olma, qurt yegan kartoshka va yirtiq ko`ylaklarni tutqazib yuborishdi. Vaholanki siz yetarlicha miqdorda pul to`lagan edingiz. Hozirgi holat ham aynan shu vaziyatni namoyon etmoqda. Siz maza qilib kulaman deb konsertga falon pul to`lab (ayniqsa kassada chipta topilmay “olg`irlar”dan olsangiz) tushsangiz-u ahvol bunaqa bo`lib tursa, qanaqa holatga tushasiz? Bu ham iste’molning bir turi hisoblanadi, ya’ni siz konsertdan ma’naviy ozuqa olish va hordiq chiqarishni ko`zlagandingiz. Ammo natija siz ko`zlagandek emas.

Shu o`rinda bir ijobiy holatni tilga olib o`tmasam noxolis fikr yuritgan bo`lardim. Qiziqchilik san’atining asl ko`rinishini Avaz Oxun 2 yildirki bizga namoyish etib kelmoqda. Aynan u Xojiboy Tojiboyevning davomchisi sifatida san’atda o`z o`rniga ega bo`lib bormoqda hamda yosh avlodga o`rnak bo`lmoqda. To`g`ri, Avaz Oxunning konsertlari  ham kamchiliklardan xoli emas deb ayta olmaymiz, lekin qolganlarga solishtirganda ancha yaxshi. Avaz Oxundek qiziqchilar sahnani tark etmas ekan, bizda hali barchasini o`z holiga qaytarishga imkon mavjud. Bizdan talab etiladigan narsa esa faqat harakat.  

 

Izohlar

Sarvar's picture
5

100% дан тахминимча 93% ўқидим, аммо анча тахлил қилиб, асослаб ёритиб берибсиз. Хозирги кундаги долзарб мавзу.

jimmy's picture
0

Vaqtingizni ayamay o'qiganingiz uchun rahmat. Fikrlaringizni keyingi safar inobatga olaman.

Sarvar's picture
0

Лекин талабга қараб таклиф бўлади, тангани икки тамони бўлгани каби иккинчи тамонини ҳам изохлаб кетганингизда ажойиб бўлар эди.

Sarvar's picture
0

Умумий айтганда ажойиб ёзилган.
ПС. Хозирги одамлар анча айёрлигини хисобга оладиган бўлсак пост сал кўпроқ))).

Bakhtiyor Sheraliev's picture
4

Jamshidbek, sizdan boshqa mavzuda va bundan yaxshiroq narsa kutgan edim. Blog haddan tashqari uzundan uzoq bo'libdi, tepadagi dialogni boshini o'qidim xolos, qolganini o'qigim kelmadi. Tahlil qilishga ancha harakat qilibsiz. Men qiziqchilarimiz haqida unchalik gapirgim kelmaydi, chunki ularni tomosha qilmayman, gapirib qimmatli vaqtimni sarflagim kelmaydi.
Lekin agar siz buni dolzarb muammo deb hisoblasangiz, men jaholatga qarshi faqatgina ma'rifat bilan kurashishni taklif etaman. Agar siz aytgan qiziqchilarning konsertiga odamlar kiryapti ekan, demak bunga yarasha talab mavjud. Siz bu yerda ularni yomonlaganingiz bilan odamlar kiraveradi, chunki ularning o'rnini bosadigan alternativ yo'q. Shunday ekan bu borada kurashish uchun ulardan yaxshiroq variantni odamlarga taklif qilish kerak, shunda siz aytgan qiziqchilar o'z o'zidan yo'qolib ketadi.

Sarvar's picture
0

Бу сафар анча қаттиққўллик билан бахолаябсиз. Қойилман!

Bakhtiyor Sheraliev's picture
0

Saytdagi harakatim sizni e'tiboringizga loyiq ekanligidan xursandman. Bunisi endi final, finalga chiqqandan keyin shunga munosib bo'lish kerak!

jimmy's picture
0

E'tiboringiz uchun katta rahmat. Yana boshqa 2-3 ta mavzu bor edi, lekin men shu mavzuni ko'tarib chiqishni qolganlaridan afzal ko'rdim. Blogpostni qisqartirmoqchi bo'ldim, ammo hikoyachani olib tashlashni ham, o'z fikrlarimni qisqartirishni ham xohlamadim. Qiziqqan odam erinmasdan oxirigacha o'qiydi, qiziqmagan esa yarim bet bo'lsa ham o'qimaydi. Keyingi safar aniq qisqa blogpost yozaman. Endi mavzuning dolzarbligiga kelsak, axloqsizlik targ'ibot qilinyaptimi, demak, bu bugungi kundagi eng dolzarb mavzu hisoblanadi. Maynavozchilikka ham, oldi-qochdi gaplarga ham chidasa bo'ladi, lekin 18 larga e'tibor bermaslikning iloji yo'q. O'zingiz mendan yaxshi bilasiz dunyoda qanaqa siyosat olib borilayotganini. Ayni paytda g'arazli kimsalar(davlatlar) o'sib kelayotgan yoshlarning ongiga turli xil yo'llar bilan ta'sir etishga harakat qilishmoqda. Bunda esa eng samaralisi 18 ni targ'ibot qilishdir. Barcha, ayniqsa, yoshlar balog'at yoshida bu narsaga juda qiziqishadi. Siz e'tibor berdingizmi yo'qmi bilmadim-u yuqoridagi konsertlar ham 18 ni targ'ibot qilishda o'zining katta hissasini qo'shmoqda. Konsert videolarini uyda oila a'zolari bilan bema'lol uyalmasdan tomosha qilishmoqda. Ko'rdingizmi, sekin-asta odamlar bunga oddiy hol sifatida qarashni boshlashmoqda. Eng yomoni mana shunda. Ko'pchilik juda vahima qilib yuboribdi deyishi mumkin, lekin bir narsani esdan chiqarmaslik zarur: eng buyuk ishlar ham oddiy narsalardan boshlanadi, eng falokatli hodisalar ham arzimagan narsalar tufayli sodir bo'ladi. Bu mening fikrlarim, qo'shilish-qo'shilmaslik har kimning o'ziga bog'liq.

Bakhtiyor Sheraliev's picture
0

Fikrlaringiz juda ham o'rinli va asosli, tarbiyasizlik targ'ib qilingan joyda hech narsaga chidab bo'lmaydi. Bu bilan kurashish kerak. Lekin kurashish jarayonida hamma narsani ham inobatga olish lozim. Bugungi kunda biror narsani ta'qiqlashning imkoni bormi, ayniqsa uni internetdan foydalanib qo'lga kiritishning imkoni bo'lsa?! Menimcha yo'q. Shunday ekan yana qayratib aytaman, agar biz bu tomoshalarni yomon ekanligini aytaversak, odamlarni bundan qaytarmaymiz, aksincha ularni shunga targ'ib qilamiz. Siz mana shuni tanqid qilish asosida aslida ularning tegirmoniga suv quyayotganingizni bilmasangiz kerak! Ruxsat bering fikrimni izohlab bersam.
Men aytmoqchi bo'lgan gaplarimni bir necha yillik inson ruhiyatini o'rganish va kuzatish asosida to'plagan shaxsiy tajribalarimga asoslanib yozmoqdaman. Inson shunday ajoyib, nodir va jumboqli mavjudotki, uning ruhiyatini tushunish uchun juda juda ko'p harakat qilish kerak. Odam bolasi ta'qiqlangan olmaga qiziqishi hammamizga ma'lum. Odamzodni aldayotganingizni aytib turib aldasangiz ham beixtiyor ishonadi. Masalan, shaxsan o'zim shu oxirgi "QVZ"mi, "Million"ni degan jamoani konsertini xuddi siz yozganga o'xshagan tanqidiy maqolalarni o'qigan ko'rdim. Bir saytga kiraman, bu guruh ustida mag'zava ag'darilgan bo'ladi, unchalik e'tibor bermayman, ikkinchi saytga kiraman yana shu guruhni g'iybati, uchinchi saytda ham shu, keyin to'xta bu o'zi nima ekanki hamma yomonlayapti deb erinmasdan internetni ochib konsertni ko'raman, ilgari shunday ko'radigan bo'lsam tanqidiy maqolalarni o'qigan e'tibor bilan ko'raman, chunki maqolalarda keltirilgan yomon gaplarni o'tkazib yubormay deymanda. Bu o'zimdagi oddiy bir misol. Buni PR reklama desa ham bo'ladi. Siz ularni reklama qilyapsiz. Tereza onaning aytgan bir gapini birinchi bosqichdagi bir blog ostida qoldirgan edim "Men urushni yomonlab o'tkizalayotgan tadbirlarda ishtirok etmayman, men tinchlikni sharaflab o'tkazilayotgan tadbirlarda ishtirok etaman", yoki yaqinda futbol yulduzi Krishtianoning bir intervyusini o'qib qoldim, suhbat uni kimdir haqorat qilgani haqida ketar edi adashmasam, nega unga munosib javob qaytarmadingiz degan savolga "Men hech kimni tekinga reklama qilmayman" deb javob berdi. nima demoqchi bo'lganimni tushundingiz deb umid qilaman.
Yana qaytarib tanqid bu shunday toshki, uni qayerga otsangiz o'zingizga qaytadi, tanqid qilish kerak, lekin u samara berishiga ishonilgandan keyin qilish kerak buni. Xalqqa salbiy narsalarni emas, balki ijobiy narsalarni, ijobiy qahramonlarni ko'rsatish lozim.

jimmy's picture
0

Sizni fikrlaringizga 100 foiz qo'shilaman. Inson qilinmasligi kerak deyilgan narsalarni qilishni istaydi. Blogpostimning o'zi ham ularni targ'ib qilishi mumkin. Ammo men yana boshqa bir narsani ham maqsad qilgandim. Masalan, siz kimningdir aybini o'ziga aytmasangiz, men yaxshi ekanman deb yuraveradi. Qachonki u tanqid qilinsa, aybi yuziga aytilsa, ozgina aql-farosati bo'lgan odam biroz o'ylanadi, qayerda xato va kamchiliklarga yo'l qo'yganligi haqida fikr yuritadi va ularni topib bartaraf qilishga harakat qiladi. Masalan, mening o'zim hozirgina sizning tanqidiy fikrlaringizdan keyin qayerda xato qildim, qanday kamchilikka yo'l qo'ydim deb o'ylashni boshladim. Chunki saytga joylashdan oldin ko'pgina tanishlarimga o'qitib ko'rib fikrlari bilan qiziqqandim, kamchiliklarini aytishlarini so'ragandim va ularni to'g'rilagandim. Mening maqsadlarimdan biri-shu. Ertaga bu kabi mavzular gazetalarda, radio va televideniyalarda yoritilsa, yuqoridagi kabi jamoalar ozgina bo'lsa ham o'ylashmasmikan. Odamlar bizni tanqid qilyapti ekan deb keyingi konsert dasturlarida bu kabi axloqsizlik va bachkanaliklarga barham berishmasmikan. Boshqa tarafdan konsert dasturlarini tahrirdan o'tkazayotganlarni ham tilga olib o'tgandim. Ularning o'zlarini ham nazorat qilish kerakdir. Nega bunaqangi ssenariylarni o'tkazganliklari uchun javob berishlari kerakdir. Siz aytgandek xalq bilib-bilmasdan konsertlarga tushaveradi. Chunki ular orasida turli xil insonlar bor. Ularga ta'sir o'tkazish va fikrlarini o'zgartirish qiyin. Ularning dunyoqarashi va ma'naviy yetukligi oshsagina biror natijaga erishsa bo'ladi. Bunga esa vaqt kerak.

Bakhtiyor Sheraliev's picture
0

Jamshidbek, sizga aytishim mumkinki bu yuzga aytilgan tanqid emas. Hozirgina esimga keldi, men tanqidiy maqolalardan keyin konsertini ko'rgan jamoa "Dizayn" ekan. Shu guruhni bir vakili aytgan gapni o'qib qoldim, uning aytishicha bu ularga hamma rahmat deyayotgan ekan, kunora kimdir telefon qilib minnatdorchilik bildirayotgan ekan. Shumi natija?! Haqiqiy tanqid agar u mo'ljalga yetib borishini istasak bunday qilinmaydi, tanqid qilish texnikasi bor. Masalan, men sizni boplab tanqid qilsam siz hech qachon avval kamchiliklaringiz haqida o'ylamaysiz, dastlab "Iye nega bu menga bunaqa deyapti, shoshma o'zini ham bir tekshiray" deyishga tushasiz, chunki bu qonuniyat. Haqiqiy tanqid odamning o'ziga yuzma yuz, yakka holda, uning nafsoniyatiga tegmay, uning hamiyatini poy-mol qilmasdan yotig'icha yetkaziladi, shundagina tanqidni qabul qilgan odam o'ylab ko'rishi mumkin. Aks holatda hammasi puch gap bo'lib qolaveradi. Ularni nazorat qiladigan tashkilotlar borasida ham shu gapni aytish mumkin. kaftdagi qumni qancha siqishga harakat qilinsa barmoqlar orasidan shuncha to'kilib ketadi, shunday ekan axloqsizlikka qarshi yoshlarda manaviy immunitet hosil qilish kerakki, ular o'zi istamasin shu narsani, buning uchun yana va yana takror aytaman, aytaveraman jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish kerak.

Ravshan Sobirov's picture
5

Finalga mos mavzu va yorqin yoritigan!

jimmy's picture
0

O'qib chiqqaningiz uchun rahmat.

Bahodir Mahmudov's picture
4

Blog nomini Shukrullo Isroilovga ochiq xat deya almashtirsangiz bo'larkan. O'tgan safargi muvaffaqqiyatingizda keyin sizdan undan ham dolzarbroq mavzu kutgandim. Aytib qo'yay, sayt ma'muriyati va hakamlar uchun bunday turdagi muammolar super-darajadagi muammolar tarkibiga kirmas ekan. :)
Sizning blogingizdagi fikrlarga o'xshash fikrlarni har doim o'qiganimda kaminani bitta savol qiynayveradi. Nega endi o'zbek askiya san'atini shunchalik yopilmay, endi bu narsa so'z o'yini maqomini olganday keyin shuncha odamga yoqmayapti? Axir askiyalarimizning ham tub ma'nosi aynan kosa tagida nimkosa emasmi?

jimmy's picture
0

E'tiboringiz uchun rahmat. Ha, Shukur shoudan ko'p joyini olib yubordim, chunki qolganlari undan sal bo'lsa ham yaxshiroq. Mavzuning dolzarbligiga kelsak, bilmadim, kimgadir dolzarb tuyulishi mumkin, kimgadir esa yo'q. Askiyadagi kosa tagidagi nimkosalar to'g'ri, agar ular ham jamiyatdagi turli xil kamchiliklarni yoritsa. Lekin askiyalarning choyxonada, bazmlarda, xullas, faqat erkaklar to'planadigan joylarda aytiladiganlari ham bor. Hozirgi kundagi qiziqchilarning ko'p iqtiboslari aynan shularga to'g'ri keladi, katta sahnaga emas.

Xanjarbek's picture
5

Birinchidan o'zimga rahmat, oxirigacha sabr bilan o'qidim. Lekin ijod qilgan odamga mingdan ming rahmat shu mavzuni ko'targani uchun. Bakhtiyor Sheraliev degan shaxsni tanimayman, lekin juda-juda yaxshi izohlar-u qarama-qarshi fikrlarniyam yozgan. Bu foydalanuvchining gaplarida ancha jon bor, ayniqsa "chunki ularning o'rnini bosadigan alternativ yo'q" degan gaplari taqsinga loyiq. Menimcha bunaqa qarama-qarshi fikrlar ijodkorning yanada o'sishiga va kelajak avlodni "lider" kabi yetaklashiga ishonsa bo'ladi. Juda-juda dolzarb desam adashmayman "menimcha". Ayniqsa universitetlardagi "quvnoqlar va zukkolar" ko'rik tanlovi haqida ochiq haqiqat yozilibdi. Quvnoqlar va zukkolarni oldinlari sevib tomosha qilganman. Ammo chamasi bir yarim yil oldin kuradosh qizlarim bilan fakultetlar o'rtasidagi kubok o'yiniga kirdim. Bitta qiz chiqvolib "o'g'il bola qorin qo'ysa - to'qlikdan, qiz bola qorin qo'ysa - sho'xlikdan" degan gapidan yonimda o'tirgan qizlardan uyalib ketdim. Bu gap ayni haqiqat, lekin chiqvolib og'zini qulog'iga oborib qiz bola gapirgani meni ajablantirdi. Rostdanam bular oldin o'zicha universitetining kichkiiiiinnaaaaagina sahnachasiga chiqadida o'ylaydi, "mana kuldirsa bo'larkanku, demak guruh tuzib bemalol istiqlolga borsak bo'ladi". Senga kim qo'yibdi hali istiqlolni, oldin o'qishingni epla (ming bora uzr, o'qishiniyam eplab, sahnagayam chiqib, shu chiqishini oqlab yurganlar ham bor, bu gaplarni ularga aloqasi yo'q, afsus ular juda kam-da). Men bu jodkorimizni ijodlariga bemalol 5 yulduzcha qo'ysam arziydi, ikki marta loyiq shunga deb o'ylayman.

Bakhtiyor Sheraliev's picture
0

Hurmatli Xanjarbek, bugun kayfiyatingiz a'lomi deyman, ikkita joyda qoldirgan kommentinigzni o'qib beixtiyor yuzimga kulgu yugurdi, ayniqsa "Qo'lbola lug'at" da ilhomlaringiz kelib ketibdi-ya! :)))))

jimmy's picture
0

Sizga yoqqanidan xursandman. Ha, blogpost biroz cho`zilib ketdi. Chunki bachkana va maynavozchiliklarni ham o`z tilimdan aytishni istamadim va ularni hikoyacha qilib ozgina yumoristika qo`llash orqali o`quvchiga yetkazishni maqsad qilgandim. Hikoyani e'tibor bilan o`qigan bo`lsangiz, ular haqiqiy konsertlardan olingan, to`qima emas. Davomidagi o`z fikrlarimni ham qisqartirgim kelmadi va shu bois post uzun bo`lib ketdi.
Yuqorida qizlar haqida ham aytibsiz. Bu fikringiz 100 foiz to`g`ri. Bizda ham qizlar shunaqangi sharmandali chiqishlarda qatnashishgan edi, oxir-oqibat rektor-prorektorlarimizdan anchagina gap eshitishdi. Mana, bu muammoning salbiy ta'siri namoyon bo`la boshlagan. Qizlarimiz ham hech uyalmasdan yigitlar ayta olmaydigan uyatli gaplarni aytishmoqda. Xullas. gapiramiz desak gap ko`p.

odilbekovich's picture
5

"Ha juda dolzarb muammo ko'rilibdi" deyishimni kutganmidinggiz. Ha, albatta, aytaman. A'lo darajadagi plogpost. Lekin boshidagi seenariyni tezda o'chirmasangiz uni yaqin kunlardagi qaysidir konsertda ko'rishingiz mumkin.

jimmy's picture
0

Rahmat. Afsuski ularning bari sahnada qo`yilib bo`lgan. Yuqoridagi jamoalarning konsertlarini ko`rgan bo`lsangiz sezgan bo`lishingiz kerak.

Xurshidjon's picture
5

Juda dolzarb va hamma uchun birdek o'qisa bo'ladigan mavzu yoritilgan. Ayniqsa bunaqa konsertlarning odob-axloq qoidalariga umuman to'g'ri kelmasligi, kurakda turmaydigan gaplarni oddiy holatdagidek aytilishi yoritilgan. Afsuslar bilan aytishimiz mumkinki buni aholi qabul qilyapti, demak hali ongimizda, o'zligimizni anglashda bo'shliq bor. Buni ongli ravishda hamma o'ylab ko'rsa hech kim hech narsa yutqazmaydi. Bu shunchaki tanqidmas, bu - o'zligimizni yo'qotib borayotganligimizga ishora.

jimmy's picture
0

E'tiboringiz uchun rahmat. Fikrlaringiz juda o`rinli.

Bunyod1994's picture
5

Haqiqatda bugungi kundagi dolzarb mavzu. Chunki ommaviy madaniyat keng targ`ib qilinayotgan davrda bunaqa odob-axloq me'yorlarimizga to`gri kelmaydigan qiziqchilarning ba'zi gaplari umuman noto`g`ridir. Ayniqsa, ularning orasida qizlarning ham mavjudligi juda yomon holat. Menimcha, ularni qattiq nazorat qilmasa bo`lmaydi. Chunki ularning aytgan barcha so`zlari butun O`zbekiston bo`ylab tarqaladi.
Bachkanaliklar hikoya tarzida yoritilgani yaxshi bo`libdi. Agar ularni ham muallif o`z tilidan yozganda zerikarli bo`lardi. Lekin bir kamchilik blogpost uzun bo`lganidir.

jimmy's picture
0

Ha, uzun bo'lib ketdi. Lekin o'qish uchun 10 daqiqadan ortiq vaqt ketmaydi.

Sevinchoy's picture
5

Navbatdagi maqolangizni ham õqib chiqdim har doimgidek maqola mazmunidagi dolzarblikni saqlab qolgan holda yozgansiz
"Nimaga kulayotganingizni bilasizmi" sõnggi paytlarda bachkanalik orqali odamlarni kuldirish oson bõlib qoldi
Bachkana qiliqlar bachkana sõzlar orqali odamlarni kuldirish qanchalik oson bõlsa sahnada rol ijro etayotgan aktyor õziga bachkanalikni kasb qilib olmoqda. U õzicha hammani kuldiryapman deb õylab bor mahoratini namoyon qiladi. Tõĝri zavq bilan xandon otib kuladiganlar bõladi.Ammo ularning ma'nosiz qiliqlaridan asabi buziladiganlar ham yõq emas bu mahoratli aktyorlar olqishlardan xursand bõlishsa manisiz qiliqlarni kõrib asabi buzilayotgan tomoshabinga qanday zavq berayotganini bilarmikan?!

jimmy's picture
0

Fikrlaringiz uchun rahmat. Doimiy o'quvchim ekanligingizdan xursandman.

Go'zal Mahmudovna's picture
5

Bu blogingiz ham kòp qarama-qarshiliklarga duch keladigan mavzuda ekan. Judayam dolzarb mavzu! Qoyil! Biz ich-ichimizdagi sharqona tarbiyamizni saqlab qolishimiz kerak, albatta. Rosti men ham bunaqangi bachkanaliklarga toqat qilolmayman. Oramizda bunaqa shoularni sevib tomosha qiladiganlar va bularga e'tiborsizlar ham talaygina. Bu muammolarni bartaraf qilish qiyin masala... Lekin aytishadiku: "Toma-toma kòl bòlur". Shunday ekan kurashda davom etamiz!