Muammo "meniki" bo'lgandagina hal qilinadi

Qo'rquv

…Litseyga o'qishga kirishim bilan Yevropaga safar qilishga to'g'ri kelib qoldi. Qishloq maktabida yelib-yugurgan, Toshkentning asfalt ko'chalarida to'g'ri yurishni eplay olmagan bola uchun Evropa safari mo'jizaning o'zi edi. Turli suhbatlarda eshitganman, gazeta-jurnallarda o'qiganman: yevropaliklar qonun-qoidaga qattiq bo'ysunishadi, svetoforning yashil chirog'i yonganda, maxsus yo'laklarda yurish lozim va hokazo. Shu darajada o'zimni tayyorlab borgan edimki, ishqilib biror qoidani buzib qo'ymaslik qo'rquvi bor edi ichimda…

Uyat

Samolyot Frankfurt aeroportiga qo'nishi kamina borgan dastur bo'yicha Qozog'iston va Turkmanistondan yoshlar kelishdi, ular bilan tezda tanishib, navbatdagi manzil tomon yo'lga otlandik. Hamrohlarim bunday safarlarga birinchi chiqishi emas edi: o'zini erkin his qilar, bemalol yurishardi.

Bu menga ham ozgina dalda berdi. Shahar aylanib ular qatori ish tutardim, "qonunparast" yevropaliklardan hadik qolgan bo'lsa-da, tengdoshlarim izidan yura boshladim. Shahar aylanib yurganda tamaddi qilish uchun qo'limizga yegulik oldik, hamrohlarim bilan "fast-fud"ni paqqos tushirdik. Ular ovqat o'ralgan qog'ozlarni telefon "budka"si oldida hech kimga ko'rsatmay tashlab ketishdi, men ham shunday ish tutdim. Ammo meni burchakda turgan politsiya vakili ko'rib qolgan ekan, oldiga chaqirdi. Borib salomlashdik, qo'limdan yetaklab kelib, tashlagan axlatimizni olib, uni chekkaroqda turgan chiqindi chelagiga tashladi. "Yaxshimas, uzoqmas-ku", — dedi.

Politsiya vakilining o'sha nigohi har doim ko'z o'ngimda gavdalanadi. Ichimdagi qo'rquv, hadik o'rnini uyat egalladi. O'zimni-o'zim koyidim…

Odat

…Oila a’zolarimiz, do'stlarimiz bilan toqqa chiqish, tabiat qo'ynida dam olish odatimiz bor. Dastavval o'rtoqlarim, jiyanlarim uloqtirgan polietilen idishlar, turli gigiyena vositalarini ko'rsam, hech kimga aytmasdan, yig'ishtirib oladigan odat chiqardim. Chiqitlarni yig'ishtirib, faqat maxsus chiqindixonalarga tashlardim. Ayrim o'rtoqlarimga boshida bu juda erish tuyuldi, keyinchalik e’tibor qaratmay qo'yishdi. Oxir-oqibat, nimanidir uloqtirmoqchi bo'lsa, albatta, chekkada turgan axlat idishga soladigan odat chiqarishdi. Ularga hech qachon "tashlama", "chelakka tashla" deb aytmaganman. Faqat mening odatimga moslashib qolishgan edi…

Fikr

Hayotimdagi mana shu kichkina voqea men uchun katta saboq bo'ldi. Avvalo, chiqindini kerakli joyga tashlash uchun mendan hech qanaqa kuch, sa’y-harakat ketmaydi. Shu darajada qonimga singib ketganki, hozir biron joyda shunaqa bir holat yuz bersa, o'zimdan o'zim xijolat bo’la boshlayman.

To'g'risi, bizda shunaqa odat bor: odamlarimiz o'z ongi, tafakkuri bilan yetib kelmasdan oldin ularga qandaydir yangilikni joriy qilamiz yoki qaysidir qoidani ishlab chiqib, unga bo'ysunishni talab qilamiz. Oddiy misol, rivojlangan mamlakatlarda odamlarning chiqindi tashlash madaniyatini bir marta ko'rib, biznikilar ham shunday qilishini talab qila boshlaymiz. O'zimiz shu uchun o'rnak bo'la olmaymiz. Yana shunday bir holat borki, kimdir ozgina ko'p o'qigan yoki jamiyatda balandroq mavqega ega bo'lsa, qolganlarni "vijdonli", "insofli" bo'lishga da’vat qilishga shu darajada kirishib ketadiki, odamlar keyingi gal sizning gaplaringizdan kuyunishni emas, balki zo'ravonlikni his qilishadi.

Chora

Bugun O'zbekistonda sanoat rivojlanib, shahar aholisi soni muttasil oshib bormoqda. Bugungi katta-kichik shaharlarimizni ozoda tutish nafaqat davlat obodonlashtirish, balki har bir fuqaroning ishiga aylanib bormoqda.  Chunki birgina Toshkent shahrida kuniga o'rtacha 1800-2000 tonna chiqindi olib chiqilmoqda. Chiqindilarni utilizatsiya qilish, ulardan ikkilamchi xom ashyo sifatida foydalanish bizda hali u darajada taraqqiy etmagani bois ozmi-ko'pmi ushbu masalada muammolar bor.

O'tgan yili  1-avgustdan Toshkent shahrida maishiy chiqindilarni ajratish, to'plash, yig'ish va tashkiliy ravishda olib chiqib ketish bo'yicha yangi qoidalar kuchga kirdi.

Unga ko'ra:

Plastmassa chiqindilari: baklajkalar, plastik idish va boshqalar moviy rangdagi paketlarga solinadi.

Oq paketlar qog'oz chiqindilariga mo'ljallangan, ya’ni karton, eski gazeta va jurnallar hamda boshqa qog'oz buyumlar tashlanadi.

Sariq paketlarga oziq-ovqat chiqindilari, ya’ni oziq-ovqat qoldiqlari, meva va sabzavotlar, poliz ekinlarining po'choqlari joylashtiriladi.

Mazkur toifalarga kirmaydigan chiqindilar qora paketlarga solinishi kerak.

Ishlatilgan simobli lampalar uchun maxsus konteynerlar o'rnatiladi. O'z navbatida, paketlarga saralangan chiqindilar xuddi shu rangdagi moviy, oq, sariq va qora konteynerlarga tashlanishi lozim.

Ammo afsuski, davlat qanchalik xohlamasin, shart-sharoitlar yaratmasin, odamlarimiz bu qoidalarga to'liq amal qilyapti, deyishdan yiroqmiz.

Bugun O'zbekistonda "Ijtimoiy sheriklik to'g'risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Shaharlarimizni chiqindilardan tozalash nafaqat davlatning vazifasi bo'lmog'i kerak, balki biznes ham, fuqarolar ham, jamoat tashkilotlari ham manfaatdor bo'lmog'i kerak. Qachonki, muammo har birimizning muammomizga aylanarkan, albatta, uni hal qilishga kirishamiz.

 

Yusuf Toshkenboev

Izohlar

Azimjon Xolov's picture
Albatta jamiyatning eng og`ir nuqtasidir. Shuning uchun biz yo`llarga axlat qutisini tashlaydigan kichkina qutilarni ko`paytirmog`imiz darkor
Oybek's picture
Bu rad etib bo'lmaydigan darajadagi ijtimoiy muammo lekin poytahtada kuchga kirgan tartibdan habarim yo'q edi judayam ajoyib g'oya bu g]yani zudlik bilan viloyatlarda ham kuchga kirgizish kerak bundan atrof muhitga faqatgina foyda chunki ko'p chiqindihonalar (chiqindilar uyumi) aynan ta'lim muassasalari va kasalhonalar oldida paydo bo'lib qolmoqda yana bir gap o'rnak masalasi ham etiborga loyiq men ishlaydigan muassasada aynan shu ishni k'op muammo qilib ko'tarar edim lekin kam e'tibor berilardi arzimagan narsa bo'lib koringan muammolar global tus olmasidan turib oldini ola bilish kerak ta]lim muassasalarida avvalam bor pedagoglar o'zini namuna tarzida tuta bilsagina yosh avlod ular ketidan ergashadi vasalan hikoyadagidek oyoq ostidagi oddiy qog'ozni bosib o'tmasdan umi olib qo'ysa hech bo'maganda o'quvchilardan olib borib mahsus qutiga solishgini so'rasa ohir oqibat bu buzib bo'lmas qoidalarga aylanadi.
Firuza_angel's picture
Ha bu kabi axlatni saralashni korea seriallarida aholimiz ko'rib kulishar edi. Sababi shunchalik ajratish shartmi degan fikrlar ham bo'ldi. Bizninig katta muammoimiz dangasalik va ekologik madaniyatning yetishmasligi. Yana achinarli qancha axlat qutilar yaratolmasin, shunga tashash ham malol keladi. Balkim bu tarbiyani bog'chadan interfaol o'yinlar orqali tushuntirish kerakdur.
Jakhongir's picture
Mening fikrimcha bu soha bizda endi rivojlanib kelyapti. Shuning uchun bizning xalqimizda HOZIRCHA axlat tokish madaniyati yetarli darajada rivojlanmagan. Oylaymanki tez orada hammasi joyiga tushadi. Biz axlat tokish madaniyatini rivojlatirish uchun har bir ishxona va muassasalarda bu bilan bogliq qisqa tushintirish ishlari Olib borishimiz va plakatlar osib qoyishimiz kerak deb oylayman.
Jakhongir's picture
Va yana TV larda reklama shaklida malumotlar berilib otilsa juda yaxshi bolar EDI.
Patriot's picture
yaxshi mavzu yoritilgan iliji bosa kochaga axlat tashlaganlarga mamuriy jovobgarlikka tortish yollarini korib chiqishni taklif qilaman
Ergashev Adham's picture
Mening loyixam xam shu tabiatga foyda keltirish bilan bog‘liq. Atrofdagi palitilen baklashka salafa va bowqa buyumlarni qayta ishlab chiqarishdir.
Ergashev Adham's picture
Ammo shu qayta ishlab chiqarishning xam tabiatga zarati bor. Chunki uni qayta ishlaganda undan zaxarli gazlar xamda insin xayotiga ta'sir o'tkazadigan moddalar ajralib xavoga qo'shilib ketadi
mohi's picture
Juda qiziqarli va foydali mulohaza, Yusufbek. Ekologik madaniyatni ko'tarsak, sizning tajribangizdagidek, odamlar atrofdagilariga qarab hulq- atvorini o'zgartiradi. Shuningdek, qishloq joylarida chiqindi shahardagidan kamroq bo'ladi, chunki qog'ozlar tandir o'choqqa, sabzavot chiqindilari mol-qo'yga ketadi. Shaharda esa ekologik madaniyatni maktab va mahallalardan ham boshlash mumkin.
Dilshoda's picture
Bu borada yaqin orada katta muvaffaqiyatlarga erishishimizga shubham yo'q, negaki, xalqimiz ongiga bu holatlar maqolada aytilganidek, sayohat, turizm va boshqa sohalar orqali sekin-asta singib boryapti.