Muammo ishsizlikdami yoki yaxshi ishchidami

Ish bilganning zamoni

Bugungi kunda ko'cha-ko'yda, turli davralarda ko'p eshitadigan gaplarimizdan biri, shubhasiz, yoshlarning bandligi masalasidir. Kimdir ish yo'qligidan nolisa, yana kimdir oylik maoshi kamligidan noliydi...

Muammo, haqiqatan ham, ishsizlikdami yoki yaxshi ish qo'lidan keladigan kadrlardami?

Psixologlarning fikricha, biz odatda muammo haqida so'z yuritganimizda, muammo natijasida yuzaga kelgan fakt va dalillarga urg'u beramiz. Masalan, ma'lum hududda qanchadir odam ishsiz ekanligini muammo qilib ko'rsatamiz-u, lekin ishsizlikka sabab bo'layotgan asl omillarga chuqur kirib bormaymiz.

Toshkent shahrida tegishli davlat va jamoat tashkilotlarning ijtimoiy buyurtmasi asosida ish beruvchilar, ota-onalar va kollej bitiruvchilar o'rtasida ijtimoiy so'rov o'tkazdik. Shu asosda yoshlar orasida ishsizlik muammosini chuqur tahlil qilib ko'rdik.

Yaxshi mutaxassis ko'chada qolmaydi...

E’tiborli jihati, nafaqat ish beruvchilar, balki yakka tartibda uy-xo'jaliklarida ham malakali ishchi-kadrlarga ehtiyoj borligi ayon bo'ldi. Masalan, so'rovda qatnashgan 350 nafar ish beruvchining qariyb 270 nafari ayni paytda u yoki bu sohani chuqur biladigan, o'z ishini puxta biladigan kadrlarga talabi borligini aytishgan. Yakka tartibdagi ish beruvchilarning qariyb 70 foizi malakali mutaxassislar yo'qligidan noliydi.

“Yaqinda uyda elektr simidagi nosozlik tufayli ikki-uch kun chiroqsiz qolib ketdik. Mavzemizda bitta elektrik bor edi, aksiga olib u o’sha payt kasal ekan. Noiloj shaharning narigi burchagidagi bozordan bir dunyo pul va’da qilib, elektrik olib keldik. Yarim soat ichida ishini tugatib, kelishilgan mablag'ni olib ketdi. Qariyb 25 ming odam yashaydigan mavzeimizda bunday mutaxassislar etishmasligi afsuslanarli. Vaholanki, atrofimizda ishsiz yurgan qancha yosh yigit-qizlarni bilaman”, deydi Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi Mariya Qodirova.

“Obro'li" ishning soyasi

Tahlilchilarning fikricha, yoshlar orasida ishsizlikning yuqori o'rinlarda bo'lishining omillaridan biri, avvalo, ularning yoshligida maqsad va rejalarni to'g'ri qo'ya olmasligi, ko'proq ambitsiyalarga berilib ketishlari oqibatida turmush, o'z hududida kerak bo’'adigan kasb-hunarlarni egallashiga halaqit bermoqda.

Maktab, kollejni bitirayotgan o'smir yigit-qizlardan kelajakda kim bo'lishini so'rasangiz, ularning aksariyati “yurist”, “prokuror”, “hokim”, “sud’ya”, “stomotolog”, “siyosatchi”, “militsioner”, “harbiy” bo'lishini aytishadi. Albatta, ularning orzu, bunday maqsadlarni qo'yishiga haqqi ham, imkoniyatlari ham bor.

Ammo jamiyatda ish va ishli bo'lishga ko'rinmas ijtimoiy diskrinimatsiya (kamsitish)ning mavjudligi yoshlar turmush uchun zarur kasb-hunarlarni egallashiga to'siq bo'lmoqda. Masalan, ayrimlar uchun ba’zi ishlar “qora, oila sha’ni”ga to'g'ri kelmaydigan ish deb baholanishi mumkin. Chunki elektrik, santexnik, duradgor, usta kabi kasblar ayrim yoshlar uchun “qora va past” ishdek tuyuladi. Ammo o'smir o'zini, oilasini boqa olish darajasidagi har qanday halol va qonuniy kasbning mukammal egasiga aylanish haqida erta yoshligidan bosh qotirmog'i ayni zaruratdir.

Kelajakning daromadli sohasi

Umuman, mamlakatda aholining yaxshi, malakali ishchilarga ehtiyoji katta. Eng muhimi, bunday kasb egalariga odamlar istagancha to’'ashga ham tayyor.

Albatta, jamiyatda ishsizlik muammosining yuzaga kelishiga faqat yoshlar va ularning kasb o'rganishi va o'z ustida ishlashi muammo deyishdan yiroqmiz. Chunki O'zbekiston ancha yosh mamlakat. Har yili mehnat bozoriga 500 ming atrofida ish kuchi chiqmoqda. Bularning barchasi vaziyatning ancha chuqur, murakkab ekanligini ko'rsatadi.

Shuni qayd etish kerakki, O'zbekistonda xizmat ko'rsatish sohasi asta-sekin kengayib, rivojlanib bormoqda. Umuman, aholiga turli maishiy xizmatlarni ko'rsatish istiqbolli sohalardan biri. Bu yo'nalishda nafaqat malakali kasb egasi, balki yangi biznes loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari juda kattadir.

Buning uchun, avvalo, maqsadni to'g'ri qo'yish, ishdan uyalmaslik va o'z ustidan chuqur ishlash kerak.

 

Yusuf Toshkenboev

Izohlar

Dilshod's picture
Aholi bandligini ta'minlash va malakali kadrlarni yetkazib berish bir-biriga bog'liq masalalardir.Shu bois uni chuqurroq tahlil qilish kerak...
Ойбек's picture
Хар бир ота-онаниг вазифаси фарзанд мактабни битиргуча хаётаги хар бир касб билан таништириш. Ушандагина у мактабни битирганда кандай касбни танлашка онгли булади. Хамма ёшлигада прокурор, учувчи, доктор, укитувчи ва х.к. касбларни орзу килади лекин хар бир касб кандай билим билан. Кандай машакатларни талаб килишини билмайди. Шу туфайли айримлари кайси колежга ва нима учун укиётганлигиниям билмайди.
Dunyoni qiynaydigan savol quyidagicha. Muammo ishzilikda ham yoki o'z ishning ustasi bo'lishda ham emas, muammo dunyodagi korhonalar ish o'rinlari soniga nisbatan odamlarning soni tobora ortib borishidadir. Yana bir muammo bor lekin buni mutahasisslar insonyatga yorda deya e'tirof etishyapdi. Bu muammo shundayki ish o'rinlarining kam bo'lishiga qaramay odamlarning ishlarini qiluvchi robotlar ko'payib bormoqda. Bu albatta yaxshi lekin vaziyatga ishsiz qolganlar nigohi bilan qaraganda "bandlikka ko'maklashish" tashkilotlariga bir muncha salbiy ta'sir ko'rsatyapti menimcha. Robotlar yaralmasdan oldin ha anashu robotlarning ishlarini oddiy odam bajarayotgan edi lekin, robotlar yaratilgandan beri odamlar "odam o'z qoli" bilan yaratgan narsalarga emas robotlar orqali yaratilayotgan buyumlarga talab oshib bormoqda!!! Hulosa o'rnida shuni aytib o'tish kerakki Hech qanday bir buyum yoki ish inson qo'li kabi mustahkam va insonning zehni kabi o'tkir bo'la olmaydi.
Sultanbek's picture

Cgcvdijudjglxgd