Mening ilk “fandrayzing”im

1990-yillarning oxiri 2000-yillarning boshida O'zbekistonda xalqaro tashkilotlar juda faol bo'lishib, fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari, faol fuqarolar uchun turli seminar-treninglar juda ko'p o'tkazdilar. O'sha paytlar fuqarolik jamiyati sohasiga endi-endi qadam qo’'a boshlagan paytlarim edi, “timbilding”, “yetakchilik”, “fandrayzing”, “monitoring”, “loyiha” degan atamalarga duch kelganman. Ushbu atamalarni nazariy jihatdan har tomonlama chuqur o'rgangan bo'lsamda, lekin amaliyotda faoliyatim uning o'ziga xos jihatlari, qirralarini ko'ra boshladim. Chunki G'arb o'quv qo'llanmalari va metodologiyasi asosida O'zbekiston uchun mutlaqo yangi bo'lgan ushbu sohalar chuqur bilim olgan bo'lsak-da, xalqimizning mentaliteti, dunyoqarashi nuqtai nazaridan masalaga boshqacha yondashishga to'g'ri keldi...

O'ziga xos “dallol”lik

Ma’lumki, O'zbekiston mustaqillikka erishgach, bozor iqtisodiyotining joriy etilishi natijasida yirik-yirik sanoat korxonalari faoliyati to'xtadi, ularda ishlagan odamlarning kelajagi mavhum bo'lib qolgan edi. Sir emas, o'sha paytlarda sanoat korxonalarida asosan rusiyzabon aholi ishlar, ular ham bir necha o'n yil davomida shu mamlakatga o'rgangan, ko'nikkan edi. Ular o'z taqdirlarini O'zbekiston bilan bevosita bog'lashardi. Ammo afsuski, ularning farzandlari O'zbekistonda qolish, ishlashda o'z kelajagini ko'ra olmagani bois ommaviy mamlakatni tark eta boshladi. Ming afsuski, ular o'z ota-onalarini yolg'iz tashlab ketishni boshladi. Davlatning haddan tashqari iqtisodiy botqoqda ekanligi, qolaversa, pensiya ta’minotining ishdan chiqqani vaziyatni yanada yomonlashtirib, katta yoshdagi kishilar yaxshi eslaydi, tilanchilik qilayotgan keksalarning soni birmuncha ko'paydi.

O'sha paytlar bir guruh faol fuqarolar bilan yoshlar markaziga asos solgan edik. Atrofimizda ancha faol, tashabbuskor yig'ilgan edi. O'shanda biz Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining nodavlat notijorat tashkilotlar uchun seminar-treningda qatnashib kelgandik. Guruh bilan birinchi marta yolg'iz keksalarga yordam berish uchun “fandayzing” uyushtiramiz, degandik. O'shanda tushunmaganlar ham bo'lgan.

20 nafar ko'ngillimiz bilan birinchi qilgan ishimiz, Toshkent shahridagi yolg'iz qariyalar ro'yxatini tuzish bo'ldi. Ularning muammolarini o'rgandik, turmush sharoitlari bilan qiziqdik. Ayrimlarining santexnikasi ta’mirga muhtoj bo'lsa, ayrimlarining eshik-romi singan, yana kimgadir derazasiga oyna qo'yib berish kerak edi. Jahon banki, AQShning O'zbekistondagi elchixonasiga vaziyatni tushuntirib, ishsiz yoshlarni aynan yolg'iz keksalarga yordam berish uchun oddiy kasb-hunar (oyna o'rnatish, sanuzelni tuzatish, birinchi tibbiy yordam)ga o'qitish uchun asbob-uskuna va trenerlar uchun pul so'radik, qo'limizda na tuzukroq loyiha, na byudjet loyihasi bor edi. Lekin donorlarimizga g'oya yoqib, o'zlari g'oyamizdan loyiha yozishda yordam berishdi. Keyinchalik bilsak, bu loyiha aynan AQSh elchisining e’tiboriga tushgan ekan, u ko'chadagi tilanayotgan ayollarni ko'rib-bilib yurgan ekan.

Demak, chet ellikning yuragida shu dard bor ekan, unda o'zbeklarda ham bo'lishi kerak, dedig-u Toshkentdagi firmalar, supermarket va ishlab chiqarish korxonalari hamda taniqli biznesmenlarga murojaat qila boshladik. Ularga manzilni berdik, rasmini ko'rsatdik: tez orada homiylik tushumlari miqdori orta boshladi: kimdir eski oyoq kiyimi, kiyim-kechak bersa, supermarketlar oziq-ovqat mahsulotlari bilan yaqindan yordam bera boshladi.

Bitta muammo shunda ediki, pul bermoqchi bo'lgan odamlar ko'p edi, ammo kimga berishni va qanday berish bilmagani hamda vaqti bo'lmagani uchun ham bizning o'rtada ijtimoiy sherik sifatida kirib borganimizni ular qo'llab-quvvatlashgan.

Bu aslida mening birinchi “fandrayzing”im edim. To'rt yil davomida ana shu loyiha tizimli ravishda olib bordik, keyinchalik keksalar yuristlar, hamshiralar, psixologlar yordamini taklif qildik, “yolg'iz qariyalar klubi”ni tashkil qildik va albatta, har bir loyihaning oxiri bo'lganidek O'zbekiston ijtimoiy ta’minot xizmati oyoqqa turgach, biz loyihani yakunladik. Lekin yoshlar markazimizning mana shu ilk loyihasi kelajakdagi barcha ijtimoiy loyihalarimiz uchun fundamental asos bo'lib xizmat qildi.

 

Tadbirkor qachon pul beradi?

Ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga pul topish biznes rejaga pul topishdan tubdan farq qiladi. Avvalo, biznes pulni qaytarishni va’da qilsa, ijtimoiy loyihalar ushbu pulning to'g'ridan-to'g'ri qaytishini ta’minlamaydi. Ammo ijtimoiy loyihalar fandrayzingi shunisi bilan e’tiborliki, Siz biznes (donor)ga ajratayotgan beg'araz yordami aslida u uchun savob bo'lib qolmasdan, balki daromad keltirishini ham isbotlash kerak bo'ladi. Bu aynan ijtimoiy loyihani amalga oshirmoqchi bo'lgan odamning qobiliyatiga, bilimiga bog'liqdir. Ochig'ini tan olish kerakki, hamma biznesmen va ishbilarmon ham saxiy, saxovatpesha inson emas, ularni har sarflagan bir tiyini ertaga necha tiyin bo'lib qaytishi ko'proq qiziqtiradi.

Ko'pchilikka ma’lumki, Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamg'armasining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbariga bir uchrashuvda savol berishgan edi: “Germaniya uchun O'zbekistonga turli grantlar berishdan maqsad nima?” O'shanda u Germaniya grantlari asosan nemis tadbirkorlarining mablag'i ekanligini aytib, O'zbekistonda fuqarolarning huquqiy madaniyati qancha yuqori bo'lsa, sud tizimi qancha mustaqil bo'lsa, jamiyatda demokratik qadriyatlar qancha rivojlangan bo'lsa, nemis ishbilarmonlari O'zbekistonda shuncha oson, ishonchli biznes olib borishadi, ya’ni ular ijtimoiy loyihalar uchun mablag'larni o'z xavfsizligi, yangi bozori, iste’molchilari uchun ajratishadi, deb javob bergan edi.

Ma’lumki, O'zbekistonda Osiyo taraqqiyot banki kredit liniyalari hisobiga mamlakatdagi magistral yo'llar to'liq qaytadan qurilmoqda. Ana shunday yo'llardan biri Xorazm viloyatining Hozarasp tumanida Sarimoy qishloq fuqarolar yig'ini hududidan o'tadi. Sarimoy Buxoro viloyati markazidan ham, Xorazm viloyati markazidan ham uzoqda joylashgan. Lekin qurilishi davom etayotgan bir paytda markazimizning gender ekspertlari Osiyo taraqqiyot banki, O'zbekiston xotin-qizlar qo'mitasi, mahalliy hokimlikdan Sarimoy xotin qizlarini kasb-hunarga o'qitish uchun mablag' so'rashdi. Osiyo taraqqiyot bankiga agar xotin-qizlarning yo'l-resurslaridan foydalanishi yo'l bo'yida turli xizmat ko'rsatish va savdo shohobchalari ochilishi hisobiga yo'l infratuzilmasi yuzaga kelishi isbotlab berildi. Ular mablag' ajratishga rozi bo'lishdi. Xotin-qizlar qo'mitasiga Sarimoydagi ayollar bandligini ta’minlash va ayollar o'rtasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning kamayishiga olib kelishi aytilgach, tegishli transport vositalari, o'quv jihozlari va mutaxassislar ajratib berildi. Mahalliy hokimiyat bo'sh turgan binolarni xotin-qizlar uchun ajratib berdi. “Agar yo'l yoqasida bitta hojatxona, sartaroshxona, ikkita ovqatlanish majmuasi, kir yuvish xonasi va hammom hamda boshqa infratuzilmalari ochiladigan bo'lsa, tuman iqtisodiyotiga tushadigan mul mablag'lari kamida 3 foizga ortadi”, deb o'zi isbotlab berdi mahalliy hokimlik vakili.

Bir so'z bilan aytganda, ijtimoiy loyihalarning “fandrayzing”i nafaqat ijtimoiy mas’uliyat bilan bog'liq, balki u tom ma’noda kelajak uchun sarmoyadir. Chunki bir tiyinlik ijtimoiy loyihaga ajratilgan mablag' kelajakda  million bo'lib jamiyatga qaytib keladi.

 

Yusuf Toshkenboev

 

 

Izohlar

Dilshoda's picture
Tushunarli
Famous's picture
Yog'eeee