Men boshqachaman

Feruza Mamirova
3
O’rtacha: 3 (1 ovoz)

Men O’zbekiston Respublikasi fuqarosiman. Barcha qatori teng huquqlarga egaman. Hech bo’lmaganda, qonunlarda shunday yozilgan.

Lekin ko’chaga chiqsam, odamlarning menga nisbatan boshqacha ko’z, nigoh bilan qarashlarini sezaman. Ular shunday nigoh bilan qarashadiki, xuddi jamiyatda, hayotda mendek odamning bo’lishi ajablanarli hol. Boshqachaligim shunda seziladi, o’zimni ortiqcha his qilaman.

Barcha fuqarolar jamoat joylarida yaratilgan shart-sharoitlardan teng foydalanish huquqiga ega ekanini bilaman. Ammo avtobusga chiqmoqchi bo’lsam, haydovchilar meni ko’rib, odatda, to’xtamay o’tib ketishadi.

Hamma qatori metroga bemalol kirib chiqishni xohlayman, ammo qo’limdan kelmaydi, eplolmayman. Mendek boshqacha odamlar kira olishi uchun alohida sharoitlar yaratilmagan.

Ta’lim olish, o’qish jonu dilim. O’zim xohlagan oliy o’quv yurtlariga borib o’qishni, diplom olishni va boshqa tengqurlarim kabi katta-katta dargohlarda ishlab malaka oshirishni xohlayman. Ammo xohlagan joyimda, xohlaganimdek o’qiy olmayman, ishlay olmayman. Meni qabul qilishmaydi. Qabul qilishsa ham, binolariga kira olmayman. Shuning uchun qabul qilishmasa kerak.

Chunki men boshqachaman, aravachada yuraman. Qonunan barcha bilan teng huquqli bo’lsam-da, amalda huquqlarim juda-juda cheklanganini sezaman. Buni har kuni his qilaman. Jismoniy kamchiligim menga pand beryaptimi? Jamiyatga to’laqonli qo’shila olishim uchun, barcha imkoniyatlardan teng huquqli fuqaro sifatida foydalana olishim uchun o’zimni tuzatishim kerakmi? Iloji bo’lganda, allaqachon, buni amalga oshirgan bo’lmasmidim?

Nahotki, boshqa yo’li bo’lmasa?

Izohlar

Bakhtiyor Sheraliev's picture
0

Hurmatli Feruza (agar mendan katta bo'lsangiz ismingizni aytib murojaat qilayotganim uchun uzr so'rayman), yozganlaringiz blogga o'xshaydimi yoki yo'qmi bilmadim, menga qandaydir maslahat yoki nimadir so'rab murojaat qilingandek tuyuldi. Agar ruxsat bersangiz siz bilan ayni sizning holatingiz haqidagi fikrlarimni o'rtoqlashsam. Haqiqatdan ham siz boshqachasiz, odamlarga o'xshamaysiz, ularning sizga boshqacha qarashlari tabiiy, lekin bunga siz aybdor emassiz. Men sizning holatingizni tasavvur qilaman deb sizni alday olmayman, bunday qilish mening qo'limdan kelmaydi, buni faqat o'sha holatga tushibgina his qilish mumkin. Sizku jismonan nogiron ekansiz, lekin chor muchchasi butun bo'la turib, ruhan, qalban, fikran nogiron odamlarni ko'rganmisiz? Siz kabi insonlardan jamiyatga foyda tegishi mumkindir, lekin aslo ruhan, qalban, fikran nogiron odamlardan foyda tegmaydi, aksincha ulardan doimo zarar tegadi. Sizning muammoyingiz nogiron ekanligingizda emas, sizning muammoyingiz dunyoqarashingizda, fikrlash tarzingizda! Psixologiya o'rganayotganimda ustozim oldimga bir varaq oq qog'oz qo'g'oz bilan ruchka qo'yganda "Tasavvur qiling, avtohalokatga uchradingiz, ikki oyong'ingizni tizzangizdan kesib tashlashdi. Endi shunday holatda siz uchun ijobiy bo'lgan 50 ta holatni yozing" dedi. Men ikki oyog'imdan ayrilganimdan keyin ham menda qanday qilib ijobiy holat bo'lishi mumkinligini tushunmadim, bir soat o'yga tolib, tasavvur qilishga urundim, faqat dahshatni tuydim va men ijobiy narsa ko'ra olmayapman dedim. Chunki mening rejalarimda ikki oyog'imni yo'qotish yo'q edi. Shunda ustozim menga bir saboq bergan edi, tushunganim shu ediki, odamzot boshiga tushgan har qanday holatdan yaxshi tomonini ko'ra olsagina hayotning qadriga yetar ekan. Siz qonunlar bo'yicha barcha bilan teng huquqli emassiz buni aslo unutmang! Bunday bo'lishi mumkin ham emas, aksincha siz boshqalardan ko'ra ham ko'proq huquq va imtiyozlarga egasiz!!! Faqatgina hayotga qarashingizni o'zgartiring, sizni o'rab turgan odamlardan xafa bo'lmang, chunki ular sizning holatingiz uchun aybdor emasku, to'g'rimi? Siz Avstraliyalik Nikolas Jeyms haqida bir qiziqib ko'ring, shu odamni qo'llari ham, oyog'i ham yo'q. Uning fikrlari sizga yoqishiga ishonaman.
Blogni baholamadim, sababini o'zingiz ham tushungan bo'lsangiz kerak. Sizga omad tilab qolaman.

Bahodir Mahmudov's picture
3

O'tgan safar qaysi blog bilan qatnashgan edingiz? Finalga hos muammo topolmabsiz-da?