Ko`zgudagi husnbuzarlar

Sarvar Aminov
5
O’rtacha: 5 (14 ovozlar)

Kundalik yumushlar bilan ko‘cha ko‘yda yurganimizda turli xil yorliqlar, muassasa nomlari, e'lonlar, reklama bannerlariga ko‘zimiz tushadi. Kafe, restoranlardagi o‘zbekcha bo‘lmagan nomlar, "o‘zbekchasiga yozilgan" ruscha so‘zlar yoki aksincha, nojoiz qo‘llangan jumlalar sizga qanday ta‘sir qiladi bilmadim-u lekin meni ensam qotadi. Yaqinda institutimiz ro‘parasida kafe ochilar ekan. Inglizcha nomini o‘qib, nima ekan  deb lug‘atdan qidirdim. Topdim-u kulib yubordim. "Brasserie" degani o‘zbekchada "ayollar ich kiyimi" degani ekan. To‘g'ri "pivo bar" degan ma‘nosiyam bor, faqat muqobil ma‘no. Nahotki, xorijiy nom tanlayotganda uni ma‘nosiga, mos yoki mos emasligiga e‘tibor berishmagan degan savol bilan yo‘limni Sebzor tomonga burdim. Chorraha yaqinida bolalar kiyim-kechaklari sotiladigan do‘kon nomini o‘qidim-u, o‘smirlik paytimizda jo‘ralarimiz bilan bekinib ko‘rgan kinolar esimga tushdi. Nomiga qarang: "Yesssss, baby!" Sal emotsional ton berib o‘qib ko‘ring. G'alati, a? Boshqa nom qurib ketganmi? Qo‘ymaysanmi o‘zbekchasiga: "Balli, shirintoy", "Quvna, bolajon!". Yo‘q, albatta, chet tilidan olingan nom bo‘lishi shart! Bo‘lmasa oddiy bo‘lib qoladi-da.

Bunaqa misollar tiqilib yotibdi. Mayli tadbirkorlikka imkoniyat, erkinliklar yaratilgan. Faqat me'yor tushunchasi hamma joyda barobarligini unutib qo‘ymaslik kerak, nazdimda. Yana misol aytamiz desak vaqt ham, so‘z ham ojizlik qilishi mumkin. Har sohadan bir shingil olamiz, xolos.

Mavridi bo‘lib reklama bo‘yicha mutaxassislardan biri bilan suhbatlashib qoldim. Undan: "Nega bizda ba'zi muassasa nomlari, reklama bannerlari, e‘lonlar ko‘pincha ruscha so‘zlar bilan "bezatiladi"?" deb so‘radim. U: “Bilasiz, Toshkentda ko‘pchilik ruscha gapiradi. Ruslar ham ko‘pchilik. Shu til qulayroq. "Prestijniy" ko‘rinadi” deb qoldi. Hayron bo`ldim. Axir, Biz O‘zbekistonda yashasak, davlat tilimiz o‘zbek tili bo‘lsa, uyimizda ota-onamiz bilan o‘zbekcha gaplashsak (ko‘pchilikni hisobga olib aytyapman), nima uchun kam sonli rusiyzabon insonlar uchun o‘z ona tilimizdan yuz o‘girishimiz kerak? Kerak bo‘lsa ular o‘rgansin tilimizni. Nahotki, bir necha 10 yil shu yurtda yashab, uni tilini, urf-odatini o‘rganish, tushunish qiyin bo‘lsa. Men rus millatini va tilini qattiq hurmat qilaman. Bu gaplar bilan millatchilik qilmoqchi ham emasman. Men, shunchaki, kundan kun botqoqqa botib, boshqa tillar bilan aralashib borayotgan og‘zaki nutqimizni o‘z xolicha, milliyligini yo‘qotmasdan asrash tarafdoriman, xolos. Chunki o`zbek bo`la turib ona tilida gapirishni o`zlariga ep ko`rmaydigan ayrim “zamonaviy” insonlar ham, afsuski, ko`payib bormoqda. Bu haqida esa ortiqcha to`xtalish niyatim yo`q, boisi uni o`zi bir butun kitob qilib yozsa bo`ladi.

Til-ku, mayli, o‘z yo‘liga, shu bannerlarni yozayotgan kompyuterchilarni klaviatura alifbosi tanlovidagi "qovun"lari haqida gaplashsak. Yaqinda bitta e'longa ko‘zim tushib qoldi.

"Катта кутига буюртма кабул киламиз..." E'lonni yarmi yo‘q. Yirtilgan. Ikkinchi so‘zni kim qanday tushunadi, bilmadimu, men "quti" deb qabul qildim. Kirillcha yozmoqchi ekansan, O‘zbek tilini kirill shakli bor-ku, baraka topgur!

Yana bittasida:

"Svejiy, sochniy, pirashkalar". Ehh!! Bu qaysi til? Javob topa olmadim. Menimcha, bu kir yuvodig`on mashina bo`lsa kerak. E, nimalar deyapman?! Shoshib qolyapti odam bularni dastidan.  

Gapiramiz desak, har qadamda xatolik, g‘alizlik, noo‘rin so‘zlar....

"Dadanga qani?...",

"Ayollar nima qilish kerakligini juda yaxshi  bilishadi!",

"Biz ochildik!!!",

"Salom, Oysha, bu men banan!",

"Bu yer yumshoqroq.."

"Biznikini kiying..."

"Chaynang va zavq oling.."

Tovba deyman o‘zimga o‘zim. Qayerdan topishadi-ey bunday jumlalarni, kulgim keladi. Gap gapku-ya, lekin bu kabi holatlarni qachongacha guvohi bo‘lamiz? Hokimiyat idoralari vakillari nega shu kamchiliklarga e‘tibor berishmaydi? Turli ijtimoiy harakat va tadbirlarda nega shu kabi masalalar ko`tarilmaydi, agar ko`tarilgan taqdirda ham nega natijasi ko`rinmayapti? Nega mahalla faollaridan birortasi chiqib, ko`p qavatli binoni 1-qavatida oshxona ochib, ustiga “Хакикий кулбола сумса” deb yozib qo`ygan oshpazga “Hay, Falonchi, bu yozuvingni to`girlab yozsang-chi? Chet ellikni o`zbekcha gapirishiga o`xshab qolibdi-ku(Hakikiy kulbola sumsa). Ko`rgan odam kulmaydimi?” deb tanbeh bermaydi? Yoki allambalo nom bilan do`kon ochgan tabdirkorga “Uka, bu deyman, o`zbekcha so’zlar tugabdimi?...” deb bir og`iz aytmaydi? Negaki, xatolar shu qadar ko`pki, bu biz uchun odatiy holga aylanib qolgan. “Qo`yaversang-chi! Bilganini qilmaydimi?” qabilida ish ko`rishga o`rganib qolganmiz. Bu ham mayli, shu yozuvlarni yozayotgan, yozdirayotganlarga nima bo‘lyapti? Bu o‘ta zamonaviylikdan darakmi yo savodni gullaganidanmi? Menimcha, o‘zlari ham bilishmasa kerak. Bularni oldini hozir olmasak, shu muhitda ulg`ayayotgan bolalar ertaga "pirashka" chistiy o‘zbekcha so‘z deb siz yoki biz bilan bahslashmasligiga kim kafolat beradi? Milliylikni, o`zligimizni asrab avaylashni, uni kelgusi avlodga o`z holicha yetkazishni niyat qildikmi, ishni eng avvalo, shu kabi mayda detallardan boshlash kerak emasmi? Ko`rinishidan kichik tuyulgan bu kamchiliklar, yig`ilib-yig`ilib ulkan muammoga aylanishi hech gap emas.

 

Xo`sh, masalaga yechim bormi? Bor, albatta! Faqat, bu bir kishi tomonidan bartaraf etiladigan muammo emas. Avvalo, loqayd bo`lmasligimiz kerak! Har birimiz kundalik hayotda biror do`kon, ovqatlanish joylari yoki boshqa shunga o`xshash xizmat ko`rsatish maskanlarida shu kabi xato va kamchiliklarni ko`rganimizda, muassasa xodimlariga sekingina “Aka, uzr, shu joyida shunday yoziladi” deb ikki og`iz gapirib qo’ysak olam guliston! Ishonchim komil, 10 tadan 8 tasi sizga jilmayib “Rahmat” deydi. Qolganlari sizga o`qrayib qarashi mumkin, lekin siz ketgach albatta, o`ylab ko`rishadi.

Bundan tashqari, hokimiyat idoralari vakillari ham muassasa, tashkilotlarga nom berish masalasiga yanada jiddiyroq yondashishlari shart va zarur, menimcha. Shuningdek, mahalla faollari ham faqat janjallashgan er-xotinlarni yarashtirish-u, xo`jako`rsinga majlis o`tkazavermasdan shu kabi kamchiliklarni ham kun tartibiga qo`yishsa, maqsadga muvofiq bo’lardi. Ularni tanqid qilishdan yiroqman, bunga jur’atim ham yetmaydi. Yechim deb bilgan fikrlarimni aytyapman, xolos.

To’g’ri bu mavzu haqida ko`pchilik gapirgan, yozgan, televizorda ko`rsatuv ham namoyish etilgan. Siyqasi chiqqan gaplar, takliflarni yozibdi-da deyishingiz ham mumkin. Axir, natija bo`lavermagach, nima qilish kerak? Yozaveramiz-da! Tomas Edisson ham to lampochkani yaratguncha bir necha 10 yildan ko`p vaqt sarflagan, 2000 dan ortiq tajribalar o`tkazgan ekan. Mana, rohatini ko`rib yuribmiz. Demak, harakat, harakat va yana harakat qilish kerak. Juda 10 yilni va’da berolmaymanku, lekin bu, albatta, o`z samarasini beradi. Hali shunday kunlar keladi, o`zbek tilida yozilgan bosma mahsulotlardan xato qidirish bo’yicha chempionatlar o`tkaziladi. Topganga mukofotlar beriladi. Eng bexato yozuvlar qayerda deyishsa, O`zbekistonda deb javob berishadi. Men bunga ishonaman!

 

Izohlar

Bakhtiyor Sheraliev's picture
5

Mening ham shunga ishongim keladi. Sizku ko'chadagi reklama bannerlarini aytibsiz, men bir ilmiy dissertatsiyalardagi mingdan ortiq orfografik xatoni topib bergan edim. "Olim bo'laman degan odam ham shunaqa xato qiladimi, hech yo'q birorta tilchiga ko'rsatib olsangiz bo'lmaydimi" desam, "siz yozilishiga emas, ma'nosiga e'tibor bering" degan javob olgan edim:))))

AminovSD's picture
0

Avvalo, ishonch uchun rahmat! Bu kabi xatolarni hamma joyda uchratish mumkin. Aytganimizdek, sanashga vaqt va so`zlar yetmaydi, holos.)))

Avaz No'monov's picture
0

Kurashishda davom etamiz!✊

niddimosa's picture
5

Aktual mavzu ko'tarilgan. Haqiqatda odamni asabiga tegadigan xatoliklar ko'p judayam.Ularni bartaraf etish emas oldini olish kerak. Nima bo'lganda ham Yaxshi yozibsiz!))

Xurshidjon's picture
5

X bilan H ni farqigayam borishmaydi Zo'r mavzu haqida gapirilgan.

Go'zalxon's picture
5

Kònglimdagi gaplarni topib yozibsiz. Ahamiyatli masalani kòtarib, masalaga òz yechimingizni kòrsatibsiz. Haqiqatda, kòpchilik bu kabi holatlarni kòrib "Bilganini qilmaydimi?!" qabilida ish kòradi. Bu kabi muammolarga loqaydlik bilan qaraydigan davr òtdi!!!

AminovSD's picture
0

Barchangizga ijobiy fikrlaringiz uchun rahmat}}}

Ravshan Sobirov's picture
5

Yaxshi masala ko'tarilgan!Yuqorida ilmiy dessertatsiyalar haqida ham gapirilibdi, bunga 100% qo'shilaman .Ba'zi bir domlalar xattoki qo'shimchalarni ham qo'llay olmaydi.

AminovSD's picture
0

Nimasini aytasiz do‘stim))

jimmy's picture
5

Mavzu haqiqatda bugungi kunda dolzarb hisoblanadi, chunki bunaqangi xatolar juda ko`payib ketdi. Ba'zida o`zim ham e'tibor bermaydigan bo`lib qolibman. Har kuni duch kelaverganingizdan keyin xatolar sizni ajablantirmay qo`yar ekan. Muammoning sababi ham shunda. Ko`pchilik menga nima deb o`tib ketaveradi. Bunday xatolarni ko`rib ulg`aygan yoshlardan yana nimani kutaylik! Xatolarning ko`payib ketishiga asosiy sabablardan yana biri maktab, kollej va litseylar hamda oliy o`quv yurtlarida ta'lim sifatining tushib ketganligida deb hisoblayman. Shu bois ta'lim sifatini oshirsak, yoshlarimiz kelajakda bunday xatolarga yo`l qo`ymaydi.
Quramboyev Jamshid

AminovSD's picture
0

Mana gap qayerda! Ta‘limga borib taqalyapti hamma narsa)))

Farruh Bobojonov's picture
5

Balli do'stim juda dolzarb mavzuni ilgari suribsiz.Bannerlardagi yozuvlarni ko'rib insonning kulgisi qistashi tayin albatta.Bir jihattan rahming ham keladi.Keyingi maqolalaringizda ham dolzarb mavzularni kutib qolamiz.Kelajakdagi o'qish va ishlarizda omadlar tilab qolamiz.

AminovSD's picture
0

Ijobiy munosabat uchun rahmat! Albatta, hali dolzarb muammolar talaygina. Qo‘ldan kelgancha yoritishga harakat qilamiz.)))

Teddy's picture
5

Bunday holatlar meni ham hayron qoldiradi. Yaqinda insitutimzda qizlar uchun tadbir bo'ldi. Unda bir nufuzli ayol men o'zbekman, sharq ayoliman, bundan faxirlanaman deb juda ko'p takrorladi. Lekin gapirayotganida rus tilidagi so'zlarni haddan ziyod ko'p ishlatishiga guvoh bo'ldik. O'zbek ayoli o'zining shirin muomilasi, o'zining o'zbek tilida chiroyli so'zlashi bilan kelajak avlod qizlariga o'rnak bo'lishi kerak emasmi? Biz yoshlar ular kattaku deb gapira olmaymiz.
Yozgan maqolangizni faqat yoshlar emas kattalar ham o'qishsa yaxshi bo'lar edi!

AminovSD's picture
0

Ha, afsuski, rusiy aralash gapirish hali hamon og‘riqli masalalardan bo‘lib turibdi. Agar, biz yoshlar tomonidan tashabbus ko‘rsatilib, sof o‘zbek tilida gapirishga odatlansak, o‘ylaymanki ukalarimiz , singillarimiz bizdan o‘rnak olishadi va bu kabi muammolar borib-borib o‘z yechimini topadi. ))

Hamid Safarov Olimjon o'g'li's picture
5

Haqiqatdan ham juda ko'p joylarda o'zbek tilidagi jumlalarni kril alifbosida yozaman deb "qovun"tushurgan reklamalarni juda ko'plab ko'rganman. Undan ko'ra lotin tilida yozsa bo'ladiku deb so'raganimda, lotin alifbosini hali ko'plar tushunmaydi degan javob olganman. Menimcha bu yolg'ondan boshqa narsa emas. Inglizcha yoki boshqa chet tilida yozilgan reklamadan ko'ra buni tushunish osonroq deb o'ylayman.

AminovSD's picture
0

Nimasini aytasiz. lekin qanday javob olishdan qat'iy nazar bu kabi kamchiliklarga o`z munosabatimizni bildirishdan to`xtamasligimiz kerak. shundagina biror natijaga erishamiz!))

Xanjarbek's picture
5

Ha bu bloggerlar tanlovi juda yaxshi tashkil etildida. Hamma "dolzarb" muammolar shu yerda. Dolzarb qo'shtirnoq ichidaligiga sabab, biz "kundalik hayotda uchrab turadigan mayda-chuyda gaplardaaa" deb ketaveramiz. Ammo unday emas. Facebookda har kuni "savodgullaganskiy" dan bir shingil o'qib na kulgim keladi, na yig'lagim. Hamma ayb ana shu reklamalarni "kontrol" qiladigan tashkilotmiyey, balo-battarmiyey nima bo'lsayam shularda. Nimaga ularni "kontrol" qilmaydi? Nimaga har kuni "Ko'zgudagi biz", "Uchburchak", ..... va yana bir balo-battar dasturlar televizorga chiqib "o'zlaricha" muhokama qilishadi-yu hech qanaqa samara bermaydi? Chunki hammasi ko'zboyamachilik. Ko'o'zbooyaaamaachiiliik dedimmi, ko'zboyamachilik. Tekshir-tekshir boshlansa hamma narsa 100 % talabga javob beradi. Tekshir-tekshir tugasa yana "it yotish, Sanjar turish".

AminovSD's picture
0

Siz ham ancha to`lib yurgan ekansiz-da do`stim! Aynan siz aytgan masala dolzarbligi sabab ham, yurtimiz-da jamoatchilik nazoratini rivojlantirishga harakat qilyapmiz-da! biror kamchilikni qaysidir organ kelib tuzatishini kutib o`tirmasdan jamoat tomonidan bartaraf etilishi ancha maqsadga muvofiq hisoblanadi. Tashabbus va xohish bo`lsa yetarli, menimcha!)))

Bahodir Mahmudov's picture
5

Tabriklayman, siyqasi chiqqan mavzuni o'qishli qilib yozibsiz!

AminovSD's picture
0

Rahmat. klaviaturamiz kuchi yetgancha yozdik-da))

Tanqidchi01's picture
5

Hurmatli Sarvar Aminov. Sizga raxmat ko'tarilib yana unitilib, goh natijali goh natijasiz qoladigan vaziyatni olib chiqibsiz . Menimcha muammoni yanayam izchil tahlil qilganingizda tahlil qilganingizda, asl mohiyatini ochib berganingizda judayam zo'r bo'lardi. Keyin yana adashmasam lampochkaning ixtirochisi Edisson emas Edison. Lekin ishingiz yaxshi, barcha loyihalaringizga omad va muvaffaqiyat tilab qolaman. Finalda ham sizdan muammoli dolzarb blog kutib qolamiz

AminovSD's picture
0

Avvalo, Rahmat uchun Rahmat))) Boshida ko`proq tahlil qilmoqchi ham bo`ldim. Qarasam, blog cho`zilib ketyapti, shunga faqat o`zim zarur deb bilganlarimni qoldirdim. Qolganlari hamyurtlarimiz hukmiga havola. Aytganday, xato yozganimni sezibsiz, menga aytdingiz ham. Demak, siz befarq emassiz! Men bundan xursandman!)))

Orifjon's picture
5

Ajoyib!!! Arzimasdek ko'rinsa ham bu narsalarga chek qo'yadigan vaqt keldi.Bu yerda avvalo hukumat tomonidan qattiq cheklovlar o'rnatish kerak.Yana bu afishalarni bosib chiqarayotgan tashkilotlar ham alohida e'tibor bilan bizneslarini olib borishlari kerak deb o'ylayman.