Jonimni og'ritib huzur qilaman

Fozilbek Yusupov
5
O’rtacha: 5 (10 ovozlar)

-Qani, Pirmatov, uyga vazifani tayyorlab keldingmi?

-Bajarib keldim, ustoz.

-Qani, boshla, biz jim eshitamiz.

- “Yaqin o’tgan zamonda, juda yaqin zamonda, o’rmonda faqat hayvon-u hasharotlar, qurt-u qumursqalar yashagan ekan. Ular o’zlaricha o’rmonni bo’lishib ham olishgan ekan. Eshak bilan quyon o’rmonning bir tarafini, ayiq bir tarafini, chumolilar(hasharotlar)bir tarafini, yo’lbars va sher bir tarafini va qolgan qismiga esa bo’ri xo’jayinlik qilar ekan. Hamma narsa yetarli, to’kin-sochinlik bo’lishiga qaramasdan yuqoridagi hayvonlar bir-birlari bilan ba’zida kelishmay qolishar ekan. Ayniqsa, katta ayiq bilan eshak va quyonning orasidan ola mushuk o’tgan ekan. Eshak o’zi hech nimaga tushunmaydigan galvars bo’lishiga qaramasdan hammaning ishiga aralashaveradigan “suyak” ekan. Bu ham yetmagandek so’roqsiz boshqalarning o’tlog’iga kirib payhon qilib ham ketaverar ekan. Quyon ham undan qolishmay deb hayvonlarni bir-biri bilan urushtirib qo’yar, o’rtada chaqimchilik qilib nizolar keltirib chiqarishni juda yaxshi ko’rar ekan. Taqdirni qarang-ki, bu ikki uzunquloq bir biriga qo’qonmanzirat qilib charchamaydigan ajralmas do’st emush. Har qanday ishni birga qilishar ekan.  Bu albatta boshqalarga yoqmas, ayniqsa, katta ayiqning jahlini chiqarar ekan.

Quyon va eshakning tarafdorlari: cho’chqa(to’ng’iz), qurbaqa, kalamush, xo’roz...(ovozi tinmaydigan, bo’lar-bo’lmasga baqiraveradigan hayvonlar);

Katta ayiqning tarafdorlari: tulki, ilon, qo’y, baliq...(asosan gapirishni bilmaydigan, erkin fikr bildira olmaydigan hayvonlar) edi.

Katta ayiq ham o’ziga yarasha o’jar va qo’pol edi. U atrofidagi o’zidan kichik hayvonlarga buyruq berishni yaxshi ko’rar, ular peshona terisi bilan topgan oziq-ovqatiga indamaygina sherik bo’lib ketaverar edi.

Qaysidir yili bo’ri katta o’ljani qo’lga kiritganida ayiq unga sherik bo’lib olish niyatida o’zining hamtovoqlarini jo’natgan edi. Bo’ri “Bor, toshingni ter!” degandan so’ng, g’azablangan ayiq butun to’dasini yig’ib bo’rining zaminiga hujum qilgan, hatto bo’rining uyini yer bilan yakson etgan  edi. Ko’chada qolgan bo’riga tulki bilan quyon darhol “yordam”ga keldi. Lekin bo’ri ularning asl maqsadini yaxshi anglagani uchun “Hech qanday yordamlaring kerak emas”deb qaytarib yubordi(Qarz bo’lib yashagandan ko’ra...). Shu-shu bo’ri ayiq bilan ham, quyon-u eshak bilan ham kelishmaydi.

Sher bilan arslon-ku o’rmon ishlariga aralashmay qo’yishgan. Ularning hududiga hech kim kirmasa bo’lgani. Lekin chumolilar shiddat bilan ko’payib borishmoqda. Yaqinda butun o’rmonni egallashsa ham ajab emas. Shularning mehnat qilishiga hayron qolasan kishi. Hech tinim bilishmaydi. Yaxshimi yomonmi bo’rining barcha umidi shu chumolilardan.

Bo’ri egallab olgan hudud o’t-o’lan, meva-cheva, yeguliklarga boy. Buni bilgan eshak bilan quyon bir tomondan, ikkinchi tomondan ayiq tez-tez hujum uyushtirib turishadi. Bo’ri ayiq bilan doim tengma-teng jang qiladi. Ko’pincha ayiqning qo’li baland kelsa ham, haligacha bo’rining hududini butunlay egallab ololmadi. Birdaniga bosib  ham ololmaydi-da: bee’tibor ko’ringani bilan sherning qulog’iga yetib borsa bormi... Umuman olganda sherning oldingi obro’yi qolmagan. Bir-ikki marta ayiqdan asal, eshakdan to’qim qarz olgan edi. Shunga sal tili qisiqroq. Shuning uchun bo’ri eshak bilan quyonni butunlay yer tishlata olmayapti. Bir nima bo’lsa, sher ularga yordamga keladi. Bo’ri esa yolg’iz...

Shu kunlarda bo’ri o’zining yerida shoqolning izlarini ko’p uchratayapti. Bu hoyna-hoy anavi ikkita uzunquloqlarning ishi bo’lsa kerak. Bo’lmasam bo’rining hududiga kirishga shoqolni yuragi dov bermasdi.

To’g’risini aytganda, bu o’rmon bo’rining ham joniga tegib bo’lgan. Hamma o’z hududida o’z bilganini qilib yotibdi. Qurbaqa toshbaqaga uylanyapti, echki quyonga, eshak kapalakka... bunisi ham yetmagandek kechadan boshlab eshak bilan quyonni hududiga o’tgan barcha hayvonlar bir-biri bilan turmush qurishlari mumkin emush. Bu yana nimasi?! Bu yangilikni eshitgan qurbaqalar “do’ppisini osmonga otishdi”.  Chunki bundan oldin bunaqa qonun faqat qurbaqalarda bor edi-da. Boshqalar nega jim ekan-a? E’tiroz bildirishsa bo’lmaydimi?! To’ng’iz ham o’rtog’i bilan tez-tez eshakni hududiga boradigan bo’lib qoldi. Hozircha o’zlarida bunaqa ish qilish mumkin emas-da. Lekin bo’rining eshitishi bo’yicha to’ng’izlar boshlig’i bu borada muzokara olib borayotgan ekan, yaqinda ular ham eshak-u qurbaqalar qatoriga qo’shilib qolishsa kerak.

Yo’lbars bilan sher bunga ko’z yumib o’tib ketishdi.

Endi hamma umid katta ayiq bilan chumolilardan. Shularga insof bersin. Agarda katta ayiq ham eshak qilgan ishni qilsa, o’rmonning yarmi parokanda bo’ladi. Shunda haqiqatdan ham bo’riga qiyin bo’ladi...”

-Bas qil. Yetadi! Senga uy vazifasi sifatida nima berilgandi?

-“Ijtimoiy muammolarni noodatiy tarzda yoritish”

-Sen nima tayyorlab kelding?! Qani bu yerda ijtimoiy muammo? Bizga tegishli bo’lgan biror narsa yo’q-ku.

-Nima yozishim kerak edi unda, ustoz? Hammaga o’xshab, viloyatlarda bir kunda ikki soatgina chiroq yonishinimi yoki gaz trubalaridan o’n yildan beri gaz “oqmasliginimi”? Yoki bo’lmasam oyliklarning vaqtida berilmayotgani, majburiy 70% plastik kartochkaga tashlab berilayotgani haqida yozaymi? Balki, ta’lim sohamizning borgan sari botqoqlikka botib borayotgani haqida yozishimni kutgandirsiz. Yo’q, men unaqa mavzularda yozmayman.

-Nega yozmaysan? Anavi yuqorida o’qigan ertagingdan ko’ra real hayot haqida yozsang ko’proq foydali.

-Men shunaqa ertaklar haqida yozishni istayman. Siz aytayotgan muammolar haqida yozilaverib-yozilaverib siyqasi chiqib ketgan. Baribir foydasi yo’q-ku. Buning yechimi quruq yozishlar bilan bitmaydi.

-Sen aniq fanlarda o’qiysan. Shuning uchun aniq narsalar haqida yozishing kerak.

-Aniq fanda o’qiydiganlar nega endi biror nima yozishi kerak, ustoz? Biz hisob-kitob qilishimiz, yozuvchilar esa yozishi kerak emasmi?! Paradoks-ku bu!

-Yozishing kerak. Xozir hamma yozyapti. Lekin aniq dalillar asosida yozish kerak. Sen bo’lsa, o’rmon, ayiq, kenguru qilasan boshimni og’ritib. Bizni qamrab olgan ijtimoiy muammolar haqida yozish kerak Pirmatov.

-Ijtimoiy muammolar tugul bio-hojatxona masalasini ham hal qila olishmaydi bular.

-Bio-hojatxonang nima bo’ldi yana?

- Bio-hojatxona bu- oddiy hojatxonalarning turi bo’lib, faqat bunda inson ehtiyoji tabiiy minerallar yordamida zararsizlantirilib, foydalanishga yaroqli o’g’itga aylantiriladi. Asosiy minerallar sifatida: Torf(botqoqda o’simliklar chirishidan hosil bo’lgan), yog’och qirindilari va boshqa mayda dispers organik moddalardan foydalaniladi. Uni ko’chaning ixtiyoriy joyiga o’rnatish, ko’chirish mumkin.

-Bizga kerakmi shu?

-Kerak, albatta. Qachongacha qovuqni to’ldirib, tishni tishga qo’yib “uyga qachon yetvolarkanman?” deb yuramiz? Buni organizmga zarar ekanligini bilasizmi? Yoki siz shunaqa “jonizni og’ritib huzur qilasizmi”? Hech bo’lmasa metro bekatlarimizga jamoat uchun hojatxonalar qurishimiz kerak.

-Nega kerak? Bir liniyaning u boshidan bu boshigacha atiga qirq daqiqalik yo’l bo’lsa, chiday olmaysanmi?! Buning ustiga metro qurilayotgan mahalda jamoat uchun hojatxona hisobga olinmagan, sanitar-gigienik talablarga ham javob bermaydi. Bio-hojatxonlarga keladigan bo’lsak, o’zing o’yla, hammani oldida, ko’chaning o’rtasida hojatingni chiqarish uchun bir kabinkaga kirib ketishga uyalmaysanmi? Men uyalaman. Undan ko’ra uygacha chidayman.

- Kechirasiz-u, Toshkentda ikki yuz mingga yaqin odam siydik sistemasining buzilishidan aziyat chekishini bilasizmi? Ular nima qilishi kerak? Yonida tuvak ko’tarib yursinmi endi?! Ular uchun hojatxona zarur va bu ularning sotsial ehtiyoji-ku. Rivojlangan davlatlar misolida ko’rish mumkinki, metrolarda hojatxonalar bor va hech qanday normativ hujjatlar buzilmagan. Masalan, Seul yoki Pekin metrosi oling. U yerda har bir bekatda nogironlar uchun xizmat ko’rsatuvchi, mutlaqo tekin uskunalar bilan jihozlangan, alohida kabinkalariga ega hojatxonalar bor. Torontoda ham xuddi shunday. Umuman olganda deyarli barcha G’arb  mamlakatlariga borgan turistlar bilishadiki: “Hojatxona kerak bo’lsa, eng yaqin metro bekatini qidir”.

Bizga o’zimiz uchun kerakli narsani bering. Bir oyog’i yo’qqa ikki poyli etikning nima keragi bor. Sochi kalta qizga lenta bog’ich sovg’a qilishganini ko’rganmisiz? Yo bo’lmasa shimi yo’q odamga kamar sovg’a qilishadimi hech jahonda?!

-Xo’p, shunchalik aqlli ekansan, qani, yechimini ko’rsat. Nima qilish kerak?

-Buning javobi oddiy: “Agar fohishaxonangga odam kelmay qo’ygan bo’lsa, uning peshlavhasini emas, ichkaridagi suyuqoyoqlarni o’zgartirish kerak”.

Izohlar

Bahodir Mahmudov's picture
5

Hayvonlar haqidagi hikoya davom etavermadi-da, tugatib qo'ymadingiz o'shani :)

Alisher0080's picture
5

(Y) Molodets
Yaxshi yozibsiz

Ali Ziyo's picture
5

Fozil anchadan beri postlaringni o'qishning imkoni bo'lmayotgandi. Negadir hayvonlar haqidagi ertak hozirgi siyosiy vaziyatlarga urg'u berilganday tuyuldi. Biohojatxonalar to'g'risidagi loyiha amalga oshadigan bo'lsa kimlarnidir biznesini o'ldiradi. ;)

Rahimjon's picture
5

Qoyil qoldim! Man Hamma muammoni ertakdan qidirib, unga javob topib yuribman. Hamma gap buyoqda ekanku ...

Baxtiyor Ahmad's picture
5

Қойил, эртакдаям кўп гап бор)

Trotskiy's picture
0

Ajoyib

Trotskiy's picture
0

Ajoyib

Xurshid Bek's picture
5

Ajoyib, qoyil, Hozirda g'arb davlatlardagi muammolar ajoyib o'xshatishlar orqali yoritib berilgan

Sh's picture
5

ха-ха, эшакда пул кўп, бўри билан орани яхши қиволади ))
чумолилар айиқнинг ўзини талаб кетмаса )

Shida's picture
5

Hayvonlar misolida davlatlararo munosabatlar noodatiy uslubda yozilibdi. Biohojatxonalar,qolgan muammolar va ularga yechim ham ajoyib yoritib berilgan. G‘oliblikka munosib postlardan biri bo‘libdi. Oldingi PI maqolangizni ham mazza qilib o‘qigandim, iloji bo‘lsa saytingizga havola qoldiring, keyin ham o‘qib turaman.

Sarvar's picture
0

блогпостни ўқиб ўтган сафарги фикрга келдим, бу сафар ҳам ўтган сафаргидан кам сўкмабсиз:-))) Кейин битта ўқ билан икки қуённи урган каби рақибларингиз ёзган постларни ЎЗИНГИЗЧА синдириб кетибсиз))) лекин шундай усулда блогпост ёзишни ўрганиш керак!

Timonus's picture
5

ўқишга кетган бир неча дақиқа вақтимга ачинмадим. боланинг маҳорати кўринибтурибди

Fozilbek's picture
0

Hammaga rahmat. Barchangizning fikringiz men uchun juda muxim. Bloglost yoqqanidan xursandman. Boshqa postlarim bilan tuutsii.blogspot.com va offtop.uz sayti orqali tanishishingiz mumkin

MaqsudSalomov's picture
5

Mavzu ancha tanish. Yaxshi yozibsiz. Nasib qilsa, kamida kuchli 3 likdan o'rin olasiz. Omad.

Ulugbek Hakimov's picture
0

Haqiqatda siyosiy jarayonlar ertak tarzida juda ajoyib o'xshatish bilan yozilgan. Keyingi mavzu ham avvalgisidan qolishmaydi.