Jamoadagi ziddiyatlar va ularni yechimga olib kelish

Konflikt bilan bog'liq streotiplar haqidagi maqolamizda aytib o'tganimizdek, kurs qatnashchimiz Jamshidbek Namozov shu mavzu bo'yicha mutaxassis Gulxumor To'ychiyevaning qo'llanmalari va boshqa manbalar asosida konflikt tushunchasini batafsil muhokama qilganlar. Konfliktni o'rganish, uni oldini olish va bartaraf etish bo'yicha maslahatlar keltirganlar. Agar sizda shu mavzu bo'yicha tajriba yoki qiziqarli ma’lumot bo'lsa o'z fikr-mulohazalaringizni izohlar bo'limida qoldiring.

Konfliktlar turli joylarda sodir bo‘lishi mumkin. Mana shunday konfliktlardan biri – siz ishlayotgan mehnat jamoasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan konfliktlardir. Jamoada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan konfliktlarning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘ladi. Jamoada sodir bo‘ladigan konfliktlar mana shu jamoada ishlayotgan barcha xodimlarga o‘z ta’siri o‘tkazmay qolmaydi.

Mehnat jamoasidagi vujudga kelishi mumkin bo‘lgan konfliktlar (1) sizdan tashqarida, ya’ni ziddiyat sizning manfaatlaringizni o‘zida jam qilmagan, yoki (2) sizni ham qamrab olgan, ya’ni sizning manfaatlaringiz konflikt orqali buzilayotgan va yoki aksincha, sizning manfaatlaringiz yutib chiqayotgan, yoki (3) alohida holda siz va sizning hamkasbingiz, siz va sizning rahbaringiz o‘rtasida, yoki (4) umuman butun jamoa orasida vujudga kelishi mumkin. Jamoadagi konflikt kim o‘rtasida sodir bo‘lishiga qaramay mana shu jamoada ishlayotgan xodimlarning barchasini o‘z domiga tortib ketadi.

Siz jamoada sodir bo‘lgan ziddiyatdan tashqarida bo‘la olmaysiz. Agar siz konfliktga umuman aralashmasangiz ham, sizdan konfliktga nisbatan o‘z munosabatingizni oydinlashtirish so‘ralganda, xohlang-xohlamang ziddiyatga nisbatan o‘z fikringizni, o‘z xulosalaringizni aytishga majbur bo‘lasiz. Bu esa, qaysidir masalalarda bir, yoki boshqa tomonning manfaatlarini ustun qo‘yishingizga, biror tomonning yonini olishingizga sizni majbur etadi. Agar siz maqsadli ravishda jamoadagi konfliktdan o‘zingizni olib qochib, o‘zingizni betaraf deb e’lon qilganingizda ham, har kuni o‘sha jamoada bo‘lganingiz uchun, konfliktning qanday rivojlanayotganligi, tomonlar o‘zini qanday tutayotganligi beixtiyor kuzatib borasiz, oxir oqibat o‘zingizni haqiqatan ham ziddiyatdan tashqaridaman deb his qila olmaysiz.

Jamoada vujudga kelgan turli konfliktlarga nisbatan passiv emas, faol yondashgan ma’qul. Siz o‘zingizni bir tomonning yonini olgan, yoki ikkinchi tomon uchun bo‘ysungan holda emas, balki avval o‘rganganimizdek, mana shu konflikt vaziyatni vujudga keltirgan muammoni aniqlashga sa'y-harakat qilib, butun jamoa diqqatini shaxslararo munosabatlarni taftish qilishga emas, balki muammoni aniqlashga, uning yechimini qidirishga, tomonlarning har birining manfaatlarini o‘zaro yaqinlashtirishga, har ikki tomonni ham o‘zaro qoniqtiradigan yechimni qidirishga safarbar etishingiz lozim bo‘ladi.

Jamoadagi konfliktni boshqarish tartiblari:

1. Konfliktni vujudga kelganini, uning mavjudligi tan olish va uni o‘rganish.

2. Konfliktga tortilgan xodimlar, bevosita konflikt ishtirokchilari hamda konfliktga aloqador bo‘lmagan, ammo mana shu jamoaning barcha xodimlarining ziddiyat to‘g‘risidagi xolis fikr-mulohazalarini o‘rganish.

3. Konfliktning asl mazmunini, nima sababdan kelib chiqqanligini aniqlash. Ziddiyatning shaxslararo konflikt ekanligi, yoki tomonlararo konflikt ekanligini belgilash. Shuningdek, jamoadagi osoyishtalikni buzish, jamoaga o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazishga, ish jarayonining buzilishiga sabab bo‘layotgan odam mavjudligi yoki yo‘qligini aniqlash. Umuman konflikt vaziyatining sub’yektiv va ob’yektiv kelib chiqish sabablarini o‘rganish. Ob’yektiv sabablar mavjudligi aniqlansa, ularning oldini olish choralarini ko‘rish, masalan, kompyuterning buzilib qolganligi, elektr chirog‘ining o‘chib qolganligi, qog‘ozlarning yetishmovchiligi v.h.

4. Konflikt yechimini rejalashtirish. Konflikt yechimini topish bo‘yicha turli alternativ usullar, yo‘llar va ssenariylarni ishlab chiqish. Konfliktning qanday rivojlanib va o‘sib borishi mumkinligini aniqlash. Konfliktning o‘sib ketmasligi oldini olish choralarini ko‘rish.

5. Konflikt yechimi jarayoniga barcha xodimlarni jalb qilishga harakat qilish. Ko‘pchilik hollarda birgalikda ziddiyat mazmuni, uning kelib chiqishi va uning yechimini topish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash yo‘nalishida hamkorlik va birgalikda ishlashning o‘zi konflikt vaziyatni yumshatishga, tomonlar manfaatlarini uyg‘unlashtirishga, umumiy maqsadlarni topishga, shuningdek uyg‘unlik asosida tomonlarni yangitdan bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Mummoni ochiq muhokamaga qo‘yish, har bir xodimning fikr va qarashlarining samimiy bayon qilinishiga erishish, qarashlardagi plyuralizmga erishish, konflikt yechimi bo‘yicha har bir tomon qarashlarining ifodalanishini yo‘lga qo‘yish, jamoadagi har turli keskinliklar, mavhumlik, gina-qudrat, g‘iybat, xafagarchilik, fikrlarning ichda qolib ketishi, g‘alamislik, fitna, intrigalar, bo‘hton va aniq bo‘lmagan ma’lumotlarning tarqalishining oldini oladi.

6. Butun jamoadagi diqqatni konfliktning mazmunini, muammoning mohiyatini anglashga qaratish va yo‘naltirish yaxshi natijalar beradi. Chunki konflikt – bu hayotning, yoki jamoadagi faoliyat jarayonining oxiri emas. Kollektiv bundan keyin ham birgalikda, hamkorlikda ishlashi lozim. Ish yuzasidan esa turli ziddiyatlar bo‘lishi mumkin. Ish yuzasidan bo‘lgan ziddiyatlarga ish jarayonini yaxshilash uchun vujudga kelgan yangi vaziyat, ish unumdorligini oshirish imkoniyati, mehnat jarayonlaridagi nizolarni olib tashlash orqali yangi munosabatlarni o‘rnatish jarayoni sifatida qarash o‘rinlidir. Konflikt – jamoada yuzaga kelganda ham, oddiy va tabiiy hayot jarayoni bo‘lib qolaveradi. Konflikt ko‘pincha jamoada vujudga kelgan notabiiy va nizoli holatning yangi mazmunda qayta shakllantirilishi uchun katta imkoniyat beradi. Katta ishlab chiqarish jarayonlarida, biznes strukturalar faoliyatida konflikt mehnat unumdorligini oshirish va mehnat jarayonini jonlantirishning muhim va zarur bo‘lgan xususiyatlaridan hisoblanadi. Konflikt kelib chiqishidan so‘ng vujudga kelgan yangi vaziyat aynan yangi qarorlar uchun yo‘l ochib beradi. Yig‘ilib qolgan muammolarni yuzaga chiqaradi. Ular yechimini topishga butun jamoani yo‘naltiradi. Tashkilotdagi atmosfera qanchalik osuda va tinch ko‘rinmasin uning ichki rivojlanish tamoyillarida konfliktlar rejalashtirilgan va tabiiy o‘rnashtirilgan bo‘ladi. Konflikt jamoadagi muammoni yorqin va aniq ko‘rish, uni xis qilish va uning yechimini topish orqali, yangi ilg‘or va taraqqiyot tamoyillarini belgilab olish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Bu holat – konflikt mazmunida yashiringan uning yaratuvchanlik imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Agar tashkilot rahbari jamoada ish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlarni oldindan bashorat qila olsa, yoki vujudga kelgan konfliktlarni yaratuvchanlik tamoyillari asosida rivojlantira olsa, jamoa ichidagi ziddiyatlardan qo‘rqmasa, mana shu tashkilotda o‘sish va ulg‘ayish ta’minlangan bo‘ladi.

7. Konflikt yechimi doirasida qabul qilingan qarorlarning bajarilishini ta’minlash va konflikt vaziyatni hamkorlikda qabul qilingan yechimga olib kelish. Har bir tomonning amallari aniq, o‘zaro muvofiqlashgan, bir-birini to‘ldirgan, adolatli va oddiy bo‘lishi zarur. Yechimni o‘z vaqtida topish konfliktning kuchayib ketmasligini ta’minlashini esdan chiqarmang.

8. Konflikt vaziyat bo‘yicha belgilangan qaror va xulosalarning o‘z vaqtida joriy etilishini ta’minlash zarur. Konflikt vaziyatda bir marta qaror qabul qilib, qaror qabul qilingandan so‘ng konflikt o‘z-o‘zicha yechiladi, deb o‘ylash noto‘g‘ridir. Konflikt yechimi bilan aloqador bo‘lgan qarorlarning bajarilishigina konfliktning haqiqiy yechimi bo‘la oladi. Vaziyat konflikt yechimi topilganini ko‘rsatishi mumkin, ammo ana shu konflikt yechimi amalga oshirildimi, bu sizning keyingi sa'y-harakatlaringizga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Agar siz konflikt yechimi topilganligi bosqichida muallaq turib qolsangiz, konflikt o‘z yechimi ijrosi hech qachon topmaydi, konflikt – konflikt vaziyatida qolib ketaveradi. Shu bois, ziddiyatga doimiy e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.

Rahbarlar tomonidan jamoa etikasining buzilishi

Mehnat jamoasida xodimlar o‘zaro bir-birlarini hurmat qilish va bir-birlariga zarar yetkazmaslikka harakat qilib ishlaydilar. Ammo shunga qaramasdan ba’zan ular o‘rtasida, ko‘proq jamoa rahbarining o‘z qo‘lidagi xodimlarga nisbatan jamoa etikasining buzilish hollari uchrab turadi. Ular quyidagilardan iboratdir:

  • rahbarning o‘z qo‘lida ishlayotganlarga nisbatan dimog‘dorligi, o‘zini katta tutishi, ularni behurmat qilishi;
  • bergan va’dalar ustida turmaslik;
  • o‘z fikrlaridan o‘zgacha bo‘lgan qarashlarni yoqtirmaslik, ularni inkor etish, ularni bildirgan kishilarni ta’qib ostiga olish;
  • tanqid va o‘z-o‘zini tanqidni bo‘g‘ib qo‘yish;
  • o‘z qo‘lidagi xodimlar huquqlarini cheklash;
  • xodimlarga ular mas’uliyatidan tashqari shaxsiy majburiyatlarni yuklash va ularning bajarilishini talab etish;
  • barcha uchun muhim bo‘lgan ba’zi ma’lumotlarni yashirib, ulardan jamoani bexabar qoldirish (masalan, shtatlar qisqarishi, yoki chet elga ketish uchun kelgan komandirovka);
  • inson nafsoniyatini pastga uradigan tanqid bilan shug‘ullanish;
  • xodimlar orasiga ataylab g‘alva va nifoq solib qo‘yish;
  • xodimlarni guruh-guruh qilib, ular o‘rtasidagi nizolarni keltirib chiqarish;
  • xodimning vaqtini tejamaslik (masalan, xodim agar rahbar bilan muhim masala yuzasidan maslahatlashmoqchi bo‘lsa, o‘zini bir necha kun “tutish”ga yoki uzoq vaqt kutishga majburlash);
  • xonasiga kirgan odam bilan o‘z qog‘ozlaridan ko‘z uzmay suhbatlashish;
  • kirib kelgan odamga “o‘tirishni” taklif etmaslik va h.k.

Izohlar

rivojiddin's picture
yuqoridagi fikrlarni inkor etmagan holda har bir rahbar mavjud muammoni sodir bo'lgan shart sharoitlarga qarab baxolaydi demoqchiman.