Iltimos, faqat ijobiy munosabat!

Nilufar Oripova
5
O’rtacha: 5 (1 ovoz)

Bir tanishimning singlisi kollejda ingliz tilini yaxshi o‘qigan edi. Otasi keyinchalik „qiz bolaga o‘qishning nima keragi bor, kim ham bo‘lardi, nimaga ham yarardi, uyida turmush o‘rtog'ini kutib, bolalarini tarbiya qilsa bo‘ldi-da“ degan vaj bilan qizini universitetda o‘qitmay turmushga berib yubordi.

Turmushing go‘zal bo‘lishi, farzandni komil inson, olim qilib tarbiyalash uchun onaning o‘qigan bo‘lishi, dunyoqarashi keng bo‘lishi otanikidan-da muhimroq emasmi aslida?! Bola ertaga matematika, rus tilidan vazifalarini qilishga yordamni kimdan so‘raydi? - Onasidan. Ona ko‘p bilimlarni egallab, dunyoqarashini har tomonlama rivojlantira olgan bo‘lsagina farzandining kamoli uchun harakat qilib, uning harakatlarini qo‘llab-quvvatlay oladi, chamamda. Aks holda, bu bola ham „O‘qib qayergacha borarding“ stigmasining qurboni bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Har kungi tashvishlar, ishga shoshganda yo‘lda mashinalarning bir-biridan o‘zishga harakat qilib signal chalishi, maktabda dars tayyorlamagan o‘quvchiga nisbatan beriladigan koyishlar, yoki uyda kattalar va bolalar orasidagi o‘zaro kelishmovchiliklaridan kelib chiqadigan asabbuzarlik, salbiy munosabatlar, arazlar, qorquv va tushkun kayfiyat insonlararo munosabatlarning yomonlashuviga, bolalarda ijodkorlikning pasayib borishiga va eng asosiysi sog‘likning yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda.

Amerikalik  jurnalist Norman Kazinsga [1] hali fanda aniqlanmagan Ankylosing Spondyitis tashhisi qo‘yilgan edi. Bu kasallikda bemor doimiy ravishda juda ko‘p miqdorda Vitamin C qabul qilishi lozim bo‘lardi. Davomiy kuchli og‘riq natijasida odatda 500 ta bemordan 499 tasi vafot etishi tayin [2] bo‘lgan holda, Norman taslim bo‘lmasdan, davolanishning usullarini izlay boshladi. O‘z kasalligining sabablarini izlash daovomida Hans Selyening asabiylashishga bag'ishlangan kitobida insonlararo salbiy munosabatlar, tushkun kayfiyat va pessimistik tuyg‘ular tanani va immunitet tizimini kuchsizlantirishi haqida o‘qib qoldi. Tushkun kayfiyat, salbiy munosabatlar, g‘azab, qo‘rquv tanamizda salbiy kimyoviy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.

U haqiqatdan ham so‘nggi olti oy davomidagi ish faoliyati davomida yuqoridagi kabi salbiy hislarni boshidan kechirgan edi.

Hamda „balki ijobiy tuyg‘ular immunitet va tanaga kuch berar“, degan xayolda har kuni kulgili filmlar ko‘rishni, ko‘tarinki kayfiyat beradigan kitoblar o‘qishni hamda o‘rtoqlariga hazillar va kulgili hikoyalar o‘qib berishni boshladi. Uning o‘z tanasidagi o‘zgarishlarni tahlil qilishicha, 10 daqiqalik qotib yaxshilab kulish 2 soatlik og‘riqsiz va hech qanday uxlatuvchi vositlarsiz taʼminlangan uyquni berdi. Ko‘tarinki kayfiyat, ijobiy munosabatlar, mehr, ishonch, kulgu orqali tanasida ijobiy o‘rgarishlar, ijodkorlik, rivojlanish kabilarga yo‘l ochilishini isbotlay oldi.

Keyingi tahlil natijasida kasallikdan tuzalganligi ma҆҆ʼlum bo‘lgach, Norman kasallikka qarshi kulgu va yaxshi kayfiyat orqali kurashish metodlarini AQSHdagi boshqa kasalxonalarga ham taklif qila boshladi, kasalxonalar ham uning uslublarini jon-jon deb qabul qilishdi. Shu uslublaridan ayrimlari kasalxonalarda kulgili videofilmlar va kitoblar tashib yuradigan aravacha tashkil qilindi, bolalar bo‘limidagi hamshiralar masxarabozlarnikidek qizil burunchalar qo‘yib yuradigan bo‘lishdi.

Demak, salbiy munosabat tirik odamni kasal qilib, hayotga ishonchini so'ndiradi, bemor odamning esa ahvolini yomonlashtirishtiradi. Bu esa yuqorida taʼkidlaganimizdek, tanamizdagi salbiy kimyoviy o‘zgarishlar orqali yuz beradi.

Bularning oldini olish uchun balki bizga psixolog yordami kerakdir, o‘zimizga tashqaridan bir razm solib ko‘rarmiz. Ota-onalar bilan bolalar munosabatlarida biror muammo chiqsa, baʼzan kim haq-u kim nohaqligidan qatʼi nazar, bolani koyiymiz, urishamiz. Aslida asosiy ayb o‘zimizda bo‘lsa-da, biz uchun doimo kichkinalar aybdor, ular hali hech narsani tushunmaydigan va faqatgina qattiq gap bilan so‘zga kiradigandek tuyulishadi. Biz bolalardan tartibni saqlashni, baqirmaslikni baqirib soraymiz. Lekin gaplashishga, suhbatlashishga kelganda no‘noqmiz. Bola bilan tushuntirishlar orqali suhbatlashganda o‘zimizni kamsitilgandek his qilamiz.

Keling, biz ham o‘qituvchilarning bilimini oshiruvchi malaka oshirish kurslari bilan bir qatorda ularga psixologik darslar ham tashkil qilaylik. O‘quvchilarning ruhiy va aqliy qobiliyatlarini hisobga olgan holda munosabatda bo‘lish uslublari shakllantirilsin. Maktablarda o‘quvchilararo yoki o‘qituvchi va o‘quvchilar orasida o‘zaro hurmatni shakllantirish bo‘yicha turli loyihalarni amalga oshiraylik.

G‘arbda ayrim maktablarda bolalar kamsitilgan holda ularni himoya qiladigan hamda  kamsitgan va kamsitilgan tomon bilan suhbat olib borib vaziyatni yumshatadigan psixologlar xizmati tashkil etilgan.

Amerikalik Kristofer Ulmer ismli oqituvchi esa o'qituvchilik tajribasida butunlay o‘zgacha yondashuvni taqdim qildi. Yaʼni bolalar bilan faqatgina ijobiy munosabatni shakllantira oldi. Ularning har biri bilan har kuni dars boshlanishidan oldin 10 minut „Sen aqllisan“, „Sen juda zo‘r fikrlay olasan“, „Sen juda chiroyli kuylaysan“, „Ajoyib o‘quvchi bo‘lganing uchun rahmat“ kabi chiroyli so‘zlarni aytaverdi. Mehr, tinchlik va o‘zaro murosa haqida gapirmasdan, balki shularni o‘zi bolalar bilan munosabatida namoyish qildi. Bolalarning kamchiliklariga emas, balki iqtidorlariga urg‘u berdi, ularning ustunlik jihatlarini sanab berdi. Bir necha haftadan so‘ng esa bolalar shu maqtovlarni va ijobiy munosabat bildirish qobiliyatini o‘zlarida shakllantirib, boshqa o‘rtoqlari bilan ham iliq munosabatlarda bo‘lib, ularni maqtay boshlashdi. Eʼtiborlisi shunda-ki, bu bolalar „imkoniyati cheklangan“ degan nom ostidagi guruhda o‘qishardi [3]. Agar imkoniyati cheklangan bolalar o‘zlarida maqtov va boshqalarga ijobiy munosabatni shakllantira olishsa, biz kattalarning ham ushbularni o‘rgana olishimizga shubha yo‘q.

Pittsburg universiteti xodimlari 976 nafar oilada tadqiqot o‘tkazishdi. Bunda baqirish, haqorat, urish, xo‘rlash kabi sharoitlarda o‘sayotgan 13-14 yoshli o‘smirlarning xulq-atvorida arzimagan narsaga janjal ko‘tarish, yolg‘on gapirishlari va besabab mushtlashishlari kuzatildi. Bu bolalar oilada kunida kamida bir marta baqirish, so‘kish yoki qo‘pol muomalani boshlaridan o‘tkazishlari maʼlum bo‘ldi.

Shu jumladan yomon so‘zlar va salbiy munosabat eshitib o‘sgan bola tanasida ham yuqoridagi kabi salbiy o‘zgarishlar yuz beradi.

Shimoliy Karolina Universitetida Barbara Fredrikson ijobiy munosabat psixologiyasi bo‘yicha tadqiqot olib bordi. Uning aniqlashicha, salbiy munosabat va hislar insonni muammosiga bo'lgan boshqa yechimlarni ko'ra olishidan to‘sib turar ekan. Yomon kayfiyat, qo‘rquv va asabiylashish holatlarida miya boshqa narsa haqida o‘ylamay faqat hozirgi holatdan qanday eson-omon, zararsiz qutilish haqida bosh qotirar ekan. Natijada salbiy fikr bildirayotgan tinglovchisiga nisbatan inson salbiy fikrlar aytishni boshlaydi va o'zaro janjalga sabab bo‘ladi.

Demak, biz boshqalar bilan suhbatlashayotganda ularning qarorini tahlil qilmay, bu qarorning uning hayoti uchun naqadar muhim ekanligini his qilmay turib, birdaniga fikrlarini keskin rad qilish yoki salbiy munosabat bildirish orqali shakllanib kelayotgan biror g‘oya, misli ko‘rilmagan yangilikning oldini to‘sib qo'yishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak.

Hatto bolalar bilan suhbatimiz ham sokinlikka qurilsin-da, ular bilan xuddi o‘rtog‘imiz bilan qanday zavqli suhbat qursak, shunday gurungni tashkil qilishni o‘rganaylik. Ularga o‘z fikrlarini bayon qilishlarida imkon beraylik va yaxshi tinglovchi bo‘laylik. O‘zimizning keskin qarorlarimizni ularga singdirishga urinmaylik, balki taklif qilaylik va barcha tomondan tushuntirib beraylik-ki, toki bola o‘zi aniq qaror qabul qila olsin.

Lekin bu munosabat urush-janjal asosida emas balki ijobiy suhbat va doimo ijobiy fikr-mulohazaga asoslangan bo‘lsin-ki, toki ham o‘z tanamiz, ham suhbatdoshimiz tanasini salbiy munosabat, g‘azab, qo‘rquv, xafalik orqali salbiy kimyoviy o‘zgarishlarga duchor bo‘lishidan asraylik. Axir kurashda yiqitgan emas, balki aynan g‘azab paytida o‘zini bosa olgan haqiqiy pahlavon sanaladi [4].

Keyingi gal qon bosimimiz oshganda, bosh og‘rig‘ini his qilganimizda sababini asabdan deb bilaylik va davosini antibiotikdan emas, kulgu, ko‘tarinki kayfiyat va tabassumdan izlaylik.

Keling, nafaqat bolalar bilan balki barcha bilan munosabatimiz ham sokinlikka qurilsin! Keling, faqat bir-birovimizga keskin salbiy munosabat bildirish, baqirish va g‘azab qilishdan saqlanaylik! Keling, suhbatlashaylik!

 

Foydalanilgan manbalar

  1. https://en.wikipedia.org/wiki/Norman_Cousins
  2. https://books.google.co.uz/books?id=NmkiAwAAQBAJ&pg=PA73&lpg=PA73&dq=Birkenbihl+%C3%BCber+negative+emotionen&source=bl&ots=Gk_uDn0G31&sig=y3mS8PslWJ_Vvn1WqgIpyXLYh-U&hl=en&sa=X&redir_esc=y#v=onepage&q=Birkenbihl%20%C3%BCber%20negative%20emotionen&f=false
  3. https://www.facebook.com/specialbooksbyspecialkids/videos/676744432427540/
  4. Hadis va Hayot. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. 34-juz „Yaxshilik va axloq“. 269-bet

Surat manbalari:

pixabay.com

Izohlar

Bahodir Mahmudov's picture
5

Blogning asosiy maqsadi insonlarni sokinlikka, yumshoqlikka chorlashmi?