Ilk bolalik davridagi ta’limning ahamiyati

Ushbu maqola kurs qatnashchilarimizdan biri Ma’ruf Zohidovning ilk bolalik davridagi ta’limning ahamiyati bo‘yicha ilmiy tadqiqot asosida yozilgan. O‘qing va fikringizni bildiring.

Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan ta’limga ajratilayotgan e’tibor nihoyatda katta. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda davlat byudjetining o‘rtacha hisobda 37% ta’limga yo‘naltirilmoqda. Bu albatta mamlakat rivojlanishida o‘z so‘zini aytmay qolmaydi. Shu sababli, rivojlangan mamlakatlardan bu sohada yangi tajrbalarni o‘rganish va ularni O‘zbekistonda qo‘llashga intilish aslo kamaymayapti. Bu yerda biz ana shunday yangi yo‘nalishlardan biri – ilk bolalik davridagi ta’limni ahamiyatini ko‘rib chiqamiz.

Harvard Universitetida ilk bolalik davridagi ta’limga bag‘ishlab o‘tkazilgan 13 yillik tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, uch yoshga to‘lgunga qadar ko‘pchilik bolalar 1000ga yaqin so‘zni tushunish imkoniyatiga ega bo‘ldilar – bu esa umrlarining oxirigacha oddiy muloqotda ishlatiladigan ko‘pchilik so‘zlarni tashkil etadi. Bundan tashqari, tadqiqot har bir bola tabiatan qiziquvchan bo‘lib tug‘ilishi va ushbu qiziqish ikkinchi yoki uchinchi yillarda keskin kamayib ketishi mumkinligini ko‘rsatdi. Tadqiqotchilar inson xarakteri hayotining ilk ikki yilida shakllanishini va ilk uch yil ichida bola keyingi maktab va uy hayotida ishlatadigan eng oddiy mahoratlarni o‘rganadi, deb aytmoqdalar. Uch yoshga to‘lgach esa bolalar dunyo haqidagi bilimlarini kengaytirishni davom ettiradilar.

Ko‘pchilik dunyo mamlakatlarida kam ta’minlangan oila farzandalari umumiy jihatda fanlarni yomonroq o‘zlashtiradilar, degan ishonch mavjud. Ushbu muammoni hal qilish uchun dunyo mamklakatlari turli dasturlarni qabul qilganlar. Shulardan biri 1965 yilda AQShda yo‘lga qo‘yilan “Headstart” nomli dastur. Unga katta mablag‘ ajratilgan. U maktabgacha o‘qitish muassasalariga uch yoshli bolalarni o‘qishga qabul qilish va faqat kam ta’minlangan oilalaga e’tibor qaratishni ko‘zda tutgan. Qizig‘i shundaki, katta mablag‘ ajratilganiga qaramay, natijalar unchalik qoniqarli bo‘lmagan. Buning ikki sababi ko‘rsatiladi: birinchidan bolalar bunday institutlarga kech qabul qilinganlar, uch yoshga qadar ular allaqachon o‘z tengdoshlaridan gapirish va sanash bobida ortda qolib bo‘lganlar. Ikkinchidan, ota-onalar jalb etilmaganlar. Kunning oxirida “Headstart” bolalari yana o‘sha kamchiliklarga ega bo‘lgan uy sharoitlariga qaytganlar.

Headstart” dasturining muvaffaqiyatsizligidan so‘ng AQSh hukumati Missuri shtatida boshqa eksperimental loyihani boshladi. Missuri dasturi bolaga ta’lim berishda ota-onalarning inkor qilib bo‘lmas rolini hisobga oldi va ularni ham jalb qildi. Dastur malakali mutaxasisslarni ota-onalar uyiga tashrif buyurishini o‘z ichiga olgan. Ular ota-onalarga bolaning o‘sihi, aqliy va ruhiy qobiliyatini yaxshilash borasida maslahatlar berganlar, oyda bir marotaba boshqa ota-onalar bilan majlislar o‘tkazganlar, maktablar qoshida ota-onalarning axborot – resurs markazi tashkil etilgan.

Dastur natijalari sarhisob qilinganda, bolalar uch yoshga to‘lgach, ularning aqliy, til va muammoni yechish qobiliyati dasturda qatnashmagan o‘z tengdoshlari bilan qiyoslaganda sezilarli katta ekanligi aniqlandi. Dasturda qatnashgan bolalar o‘z tengdoshlaridan tushunish, gapirish va eshitish bo‘yicha o‘rta hisobda 15-20 %ga kuchli bo‘lishgan. Eng qiziqarli tomoni dastur qatnashchilari oilaning moliyaviy ahvoli, ota-onasining ma’lumoti va boshqa faktorlardan qat’iy nazar bir xil ko‘rsatkichlarni ko‘rsatganlar.

Yana bir fenomenal dastur High Scope Perry maktabgacha ta’lim dasturidir. Yaqinda ushbu dasturning borasida 40 yillik tadqiqot tugallandi va natijalar e’lon qilindi. Bu maktabda yaxshi o‘zlashtira olmaslik ehtimoli katta bo‘lgan 123 nafar kam ta’minlanga oila bolasini o‘rgandi. 1962 – 67 yillarda HighScope nodavlat tashkiloti 3-4 yoshlardagi bolalarni tanlab oldi va ularning yarmiga sifatli maktabgacha ta’lim berdi, qolgan yarmi esa dasturga jalb etilmadi. Tadqiqotning so‘nggi davrida (2005 yilga kelib) qatnashchilarning 97%i 40 yoshdan oshgan edi va ular to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumot o‘quv muassasalaridan, ijtimoiy xizmat tashkilotlaridan va politsiyadan yig‘ildi.

Dasturda qatnashganlar ishlarini saqlab qolishga ko‘proq moyil bo‘lganliklari, ko‘proq maosh olganliklari, ancha kamroq jinoyat sodir etganliklari va ularning oliy ma’lumotli bo‘lish ehtimoli dasturda qatnashmaganlarnikidan ancha kattaroq bo‘lganini ko‘rsatdi.

 

Ko‘rinib turibdiki dastur uchun sarflangan xarajat katta farq bilan o‘zini oqlagan – umimiy ijtimoiy foyda $195 621ni tashkil etgan (Investitsiya qilingan har dollar $12,9 olib kelgan).

Shunday qilib, ilk bolalik davridagi ta’lim bir qancha omillar tufayli nihoyatda muhimdir:

  • Juda koplab bolalar maktabga yetarli darajada tayyor bo‘lmagan holda kelishadi
  • Tayyorlanmay kelgan bolalar sekin o‘rganadilar va bundan keyn ham faqat ortda qoladilar
  • Maktabda yaxshi o‘zlashtira olish imkoniyati kam bo‘lgan bolalar maktabgacha ta’lim dasturlaridan katta foyda ko‘radilar.

 

MA'RUF ZOHIDOV

Izohlar

sohiba.rustambekovna's picture
Hurmatli muallif, bu maqolada juda dolzarm masalani ko`targansiz. Haqiqatan ham bolani maktabgacha ta`lim muassasalarida o`tagan vaqti juda muhim o`rin tutadi inson hayotida. Bu jarayon nafaqat bilim savyasini belgilaydi, qolaversa kelajakdagi harekterini ham shakillantiradi. Misol uchun bola tengdoshlari orasida o`zidan kuchlisini ko`rsa yoki sezsa ayrim bolalar o`zini olib qochadi va bu jarayon kelajakda ham davom etadi. Natijada bola bilgan narsasini ham aytishga qorqadigan, tortinchoq bo`lib qoladi. Tabriklayman! maqola juda ajoyib.
Shuxrat's picture
Maqola juda yaxshi tayyorlangan. Va shuni aytib o'tmoqchi edimki, hozirda yoshlarning aqli va idrokiga salbiy ta'sir o'tkazadigan omillar bu Zamonaviy texnologiyalar: Kompyuter, Telefon, har hil o'yinlar; Mening o'zimdan kelib chiqib mening ukam 2yoshida telefonda o'yin o'ynar edi, 3-4 yoshlarida o'zi o'rganib telefondagi eng muhim funksiyalarni bajara oladigan bo'ldi, 5-6 yoshlarida esa kampyuter o'yinlariga qiziqib Kampyuter maniya kasalligigaham duchor bo'ldi. Bu holat bolaning psixologiyasiga ancha ta'sirini o'tkazdi, ammo keyinchalik sekin astalik bilan, bolani rag'batlantirish evaziga, qo'liga harhil qiziqarli kitoblar olib berdik, hozirda geografiyaga qiziqadi. Shuning uchun shu muammoniham yechimini o'ylash kerak deb o'ylagan bo'lardim.