Eng samarali insonlarning 7 odatlari

Bu maqola dunyoga mashhur bo'lib ketgan Stefan Koveyning “Eng samarali insonlarning 7 odatlari” deb nomlangan kitobi asosida yaratilgan. Bu kitob 40 dan ortiq tillarga tarjima qilingan va uning 25 milliondan ortiq nusxasi sotilgan.

Muvaffaqiyat o'zidan-o'zi bo'ladigan narsa emas. Yutuqqa erishish katta mehnat va matonatni talab qiladi. Mutaxassislar ko'plab samarali va katta yutuqlarga erishgan odamlarning xatti-harakat va odatlarini o'rganib chiqib, ularning o'xshash jihatlarini aniqlashgan. “Eng samarali insonlarning 7 odatlari” kitobida aynan shu jihatlarning asosiy yettitasi to'g'risida gap boradi. Kitobda, o'z samaradorligingizni oshirish va liderlik (yetakchilik) qobiliyatlaringizni rivojlantirish uchun, quyidagi 7 harakatlarni odat qilish tavsiya etiladi:

             1.     Faol (proaktiv) bo'lish, ya’ni qulay vaziyatni kutib o'tirmasdan oldindan harakat qilish.

2.     Oqibatini o'ylab ish tutish.

3.     Muhim ishni birinchi qilish.

4.     “Mening yutug'im-barchaning yutug'i” ruhida fikrlash.

5.     Oldin o'zi tushunish - keyin boshqalardan uni tushunishlariga erishish.

6.     Uyg'unlikka intilish.

7.     “Arrani charxlash”, ya’ni o'z ustida ishlash.

Muvaffaqiyatning negizi nafaqat yetarli bilim va qobiliyatga ega bo'lishda, balki shu bilim va qobiliyatlarni to'g'ri yo'nalishda ishlata bilishdadir. Yutuqqa yetaklaydigan odatlar yoki ko'nikmalar insonning bilimi, qobiliyatlari va istaklarini mujassamlashtirib, shu uch qirra kesishgan yerda joylashgan.

Shaxsiy rivojlanishni "ichkaridan" boshlash tavsiya etiladi. Bu degani odam oldin o'z xulq-atvori ustida ishlashi, o'zi uchun muhim bo'lgan va doimiy ravishda rioya qilishi kerak bo'lgan asosiy tamoyillarni aniqlashdir. Bu asosiy tamoyillar insonning o'z orzu-maqsadlariga erishishi uchun ustun bo'lib xizmat qiladi. Shaxsiy yutuqlarga eltuvchi amallarni odat qilgach, hammaga ko'rinadigan yutuqlarga eltuvchi tavsiyalarni odat qilishga kirishishi kerak.  

Shaxsiy (ichki) yutuqlar

Yuqorida sanab o'tilgan odatlarning birinchi uchtasi shaxsiy yutuqlarga kiradi.

1.      Faol (proaktiv) bo'lish. Bunda qulay vaziyatni kutib o’'irmasdan oldindan harakat qilish nazarda tutiladi. Odam o'zini vaziyat qurboni deb hisoblamasdan, vaziyatni boshqara bilishi kerak. Shunday vaziyatda odam javobgarlikni o'ziga olsa, ya’ni vaziyatga qanday javob berishni o'zi tanlasa, shunda yutuqqa erishishi mumkin. Bunday odamlar “Men qila olaman”, “Uddalayman”, “Qo'imdan keladi” iboralarini ko'p ishlatishadi. Bularning teskarilari esa: “Qo’imdan kelmaydi, qilolmayman”; “Uff, men baribir buni uddalay olmayman”; “Qilishga majburman” degan javoblarni berishadi. 

2.      Oqibatini o'ylab ish tutish. Bunda ko'proq natijasini tassavur qilib, keyin ish tutish nazarda tutiladi. Nafaqat har bir ishga nisbatan, balki katta hayotiy maqsadlarga nisbatan ham oldin to'liq tasavvur qilib, keyin rejalashtirishni maslahat beriladi. Har bir inson hayotida turli rollarni egallaydi, masalan: o'quvchi, rahbar, farzand, ota-ona, aka-uka, opa-singil va hokazo. “Eng samarali insonlarning 7 odatlari” kitobida hayotingizdagi har bir shunday rol uchun maqsadlarni yozish tavsiya etiladi. Bunda albatta “oxirini” o'ylab, ya’ni sizni odamlar bu hayotda qanday eslab qolishlarini xohlasangiz, shuning ideal ko'rinishini  tasavvur qilishingiz kerak. Va shuning asosida maqsadni aniqlashingiz kerak. Masalan: “Men o' farzandlarini sevadigan, ularga eng yaxshi tarbiya beradigan va hayotda to'g'ri yo'lni tanlashni o'rgatadigan ota bo'laman”. Bu orzu-maqsadlar hayotdagi tamoyillarga aylanib qolishi kerak va har bir vaziyatda shu tamoyillarga asosilanib ish tutish lozim. Buni odat qilgan inson har bir narsani “ikki” marotaba yaratadi, ya’ni oldin tasavvurda, keyin amalda.

3.      Muhim ishni birinchi qilish. Eng muhim va tez javob talab qiladigan ishlarni boshqa ishlardan oldin qilish kerak. Buning uchun vaqtni to'g'ri rejalashtirish va muhim ishlarni birinchi qilishga odatlanish lozim. Bu mavzudagi alohida maqolamizni o'qishni tavsiya qilamiz

Tashqi (barchaga ko'inadigan) yutuqlar

4.       “Mening yutug'im-barchaning yutug'i” ruhida fikrlash. Ya’ni har bir ishga qo'l urishdan oldin bundan boshqalarga ham qanday naf bor, deb o'z-o'zidan so'rashni odat qilish. Faqat o'zinigina o'ylamasdan, balki boshqalarga ham foydasi bo'lgan yechimni tanlash yoki shunday yechimga kelishish odamiylik va yuksak jasoratni talab qiladi. Lekin bunga erishish oson emas. Bu hammaga foydali bo'ladigan yechimni topish uchun qo'shimcha muqobil yo'llarni izlashni talab qiladi. “Menga” yoki “menga va senga” variantlaridan tashqari “menga, senga va barchaga”  variantini topib tanlashni talab etadi.

5.      Oldin o'zi tushunish - keyin boshqalardan uni tushunishlariga erishish. Bu odamlar bilan yaxshi munosabat o'rnatish uchun eng muhim tamoyil hisoblanadi. U ishonchli muloqot o'rnatish uchun kalit bo'lgan quyidagi ustunlarga asoslangan:

  • Suhbat chog'ida hamdardlik bilan boshqalarni eshitish;
  • Boshqalarni tushunishga harakat qilish;
  • “Tashxis qo'yishdan oldin yaxshilab tekshirish”, ya’ni boshqaga baho berishdan oldin u insonni yaxshilab o'rganish va tushunishga intilish.
  • Shundan so'ng boshqalar sizni tushunishlariga erishish

6.    Uyg'unlikka intilish.Bu boshqalar bilan kuch birlashtirib hamkorlikda ishlashni anglatadi. Siz boshqalar bilan ishlaganingizda o'zingizni turli xildagi firklar va qarshlarga  oshkor qilasiz. Boshqalar sizdan farqli ekanligini tushunib yetasiz. Boshqalarga o'xshamaslik bu kamchilik emas, aksincha ijobiydir, chunki har birimiz o'zimizga xos kuchli tomonlarimiz va iqtidorimiz orqali hayotda o'zgacha iz qoldiramiz. Shuning uchun hayotdagi xilma-xillikni qadrlash va kuchlarni birlashtirib uyg'unlikda ishlashga intilish kerak.

 

Yangilanish

7.      “Arrani charxlash”. “Eng samarali insonlarning 7 odatlari” kitobida bu oxirgi odat “arrani charxlash” deb nomlangan. Bu atamaning kelib chiqishi hikoyasi quyidagicha:

Bir dehqon o'rmondan o'tib ketayotganda bir odam qiynalib daraxtni arra bilan kesayotganini ko'rib qoladi. Dehqon unga yaqinlashib, “Siz nima qilyapsiz?” deb so'raydi.

 

  “Ko'rmayapsizmi, daraxtni arralayapman”, deb jahl bilan javob beradi u odam.

 

  “Juda charchagan ko'rinasiz, qachondan beri arralayapsiz”, deb so'radi dehqon.

 

  "Besh soatdan beri, juda ham charchadim, qiyin ish”, deb javob berdi u.

 

  “Arrangiz o'tmas bo'lib qolganga o'xshaydi”, dedi dehqon. “Balki besh daqiqa tanaffus qilib, arrangizni charxlab olarsiz? Aminmanki, shundan so'ng tezroq bo'ladi daraxtni kesish”, deb taklif berdi dehqon.

  “Menda hozir arrani charxlash uchun vaqt yo'q. Men daraxtni kesish bilan bandman!”, deb javob beradi u odam.

Hikoyadan ma’lum bo'lib turibdiki, agar u odam besh daqiqaga to'xtab arrasini charxlab olganda, natijada ishi tezroq bo'ardi va ko'p vaqtni tejardi. Afsusi,  kundalik hayotda qachon to'xtab “arrani charxlash” kerakligini hamma ham anglab yetolmaydi. Ish va pul topish ketidan ergashib, o'z bilim va qobiliyatlarimizni kuchaytirishga, o'z ustimizda ishlashga vaqt ajratmaymiz. Oxirgi odat nafaqat bilimni kuchaytirishga, balki jismonan rivojalanish, to'g'ri oziqlanish va ruhiy rivojlanishni ham nazarda tutadi. Shu borada muvozanatga erishish, ya’ni ish, uy va shaxsiy rivojlanish uchun kerakli vaqtni taqsimlash zarur.  

Xulosa qilar ekanmiz, yuqoridagi harakatlarni odat qilganlar o'z bilim, kuch, vaqt va boshqa resurslardan samarali foydalana oladilar. Bu odatlar  insonni komillikka chorlaydi va jamiyatga foyda keltiradigan yuksak natijalarga erishish uchun ustun bo'lib xizmat qiladi. 

Izohlar

Bakhtiyor Sheraliev's picture

Arrani charxlab turish kerak degan fikr yoqdi. Haqiqatdan ham biz doimiy ravish har tomonlama yagilanib turishga muhtojmiz, faqat buni tushunib yetishimiz va tan olishimiz qiyin xolos.