Dildagi isyonlaridan parchalar...

Farhod Ulug'ov
5
O’rtacha: 5 (3 ovozlar)

Men bu blogda jamiyatimizda sog'lar orasida yashayotgan nogiron odamlarning, ko’zga darrov ko’rinmaydigan lekin ayta olmaydigan muammolariga hayolingizni bir lahzaga qaratmoqchiman.

 

O'qishga topshirish voqeasi

O'rta maktabni tugatganimdan keyin bir necha yil o'tib kollejda o'qish imkoni va istagi paydo bo'ldi. Sog’ odam qancha suyunadi-yu endi meni tasavvur qiling. Qattiq tirishdim, faqat o'qishga kirish yugur-yugurlari sillani quritib qo’yar ekan. Nogiron kishi o'qishi uchun bir nechta sog'lom odam ham jon kuydirmasa bo’lmas ekan. Besh oylik hujjat tayyorlashdan keyin, yana bir qog’oz -  avval boshqa kollejda o'qimaganim to'g'risida ma'lumot kerakligini aytishdi.  Ho’p, bu tushunarli, chunki kollejda bir o’quvchi faqat bir marta o'qishi mumkin ekan. Ta'lim Vazirligida buni aniqlash imkoni yo'qligi uchun o’zim o’qigan maktab direktoridan bu hujjatni olib kelish kerak deyishdi...

Bunday yugur-yugurlarni hammasini bajarish uchun har bir o’qishni hoxlagan nogiron odamning yonida qo’llab-quvvatlovchi jonkuyarlardan tashkil topgan komanda turishi kerak.

O’zlari yura olmaydiganlarchi, ular kimning vaqt ajratishini va "yugur-yugur" qilishini kutib o’tiradi? O’qish uchun nogironlarga imkoniyatlar yaratilsada, unga topshirish va hujjatlarni yig’ish oylab vaqt va yugur-yugurni talab qilsa, bu yaratilayotgan imkoniyatlar qanchalik foydali?

Nogiron odam o’zi boshqalarning ko’magisiz mustaqil o’qishga topshirishi uchun yugur-yugurni kamaytirish mumkinmi? O’qishga kirishning asosiy maqsadi boshqalarga yuk bo’lmasdan imkon qadar to’laqonli hayot kechirish emasmi? 
 

Bag'ri kenglikmi yo kamsitishmi?

Bir paytlar  o'zimda bo'lgan va hozir ham ko'rib va bizda hali ham saqlanib qolgan "an'ana" haqida.

Bir nogiron bola jo'ralari bilan yaxshi kayfiyatda suhbatlashib yo'ldan o'tib ketayotgan edi. Uning yoniga bir begona kishi kelib jo’ralari yonida unga 200 so’m pul berib o’tib ketdi. Bu paytda shashkani boshqalardan yaxshi o’ynay olishi, ingliz tilini jo’ralaridan ham yaxshiroq o’zlashtirayotganini maqtanib ketayotgan bola qo’lida 200 so’m bilan "tilsiz"larcha yerga qarab uyalib qoldi. U o’z-o’zidan nafratlanib ketishini haligi sahovatpesha odamning hayoliga kelmagan ham.  Shu yerda aql bilan o'ylaylik. Nogiron insonlarda nafsoniyat, qobiliyat, g’urur, o’z-o’ziga hurmat bo’lmaydimi? Hayriya qiling deb hech qayeriga yozib qo’yilmagan. Qachongacha nogironligi bor insonlarni yarim odam deb yuritamiz? Yo’ldagi o’sha nogiron bola hech kimdan jumladan o’sha begona kishidan hech narsa so'ramagan va u ham boshqasi ham u bolaga nimadir berishi shart emas. Xo'p o'sha sahovatpesha kishi yaxshilik qilmoqchi ekan bu juda yaxshi. Bolaga “yordam” bermoqchi ekan, undan hol-ahvol so’rasin, intilayotgan maqsadlari bilan qiziqsin. Misol uchun nogironlarni qo’llab-quvvatlaydigan maxsus tashkilot va guruhlarga yordam o’tkazishi mumkin. Muammo 200 so’m pulda emas, balki jamiyatimizda odatiy bo’lib qolgan munosabat nogiron insonlarning mavjud ruhiyatini ham “nogironsiz” deb eslatib turishidadir. 
 

Hamma orzu qiladi.

Nima uchundir nogiron odamga nisbatan ko'pchilikda bir xil fikr bo'ladi ya'ni "bu odam oddiy bo'lsayam yashab qolishdan umidvor", " bunga bo’laveradi", yoki "senga yana nima kerak" deyishadi. Ularni ham tushunish mumkin, ya'ni "hozirgi zamonda sog'lar bazo’r yashayapti nogiron odam nima ham qila olardi" degan fikrni o’ylasa kerakda. Faqat bu bilan bir odamni o'ziga bo’lgan ishonchiga darz ketadi. Kim dunyoga boshqalardan pastman deb keladi? Nogironligi tufayli orzu-havas qilishga haqqi yo’qmi insonni?

Shaxsan men nogironligi uchun “boshqalardan past bo'lsa ham yashab qolishni istayman” yoki "menga shu ham bo'laveradi axir man nogironku" degan odamni shu paytgacha uchratmadim. Ular ham hamma qatori fikrlaydi, orzusi, niyati, hammaga xos MAQSADi bo'ladi va "Amerikani televizorda ko’rsam bo'ldi, Sydneyda nima qilaman axir oqsab yuramanku" demaydi.  Ular ham o’zlari uchun nimalardir o’ylaydi va shunga harakat qiladi. Kimdir ko’proq yana kimdir sekinroq harakat qilar, lekin maqsad sari intiladi. Hattoki ayrim sog’lardan ko’ra ko'proq mehnat qiladi.

 

Bir o'qishga ikki imtihon

Ko’rinishdan jismonan va ruhan sog’, yurish-turishi risoladagidek lekin zaif eshituvchi qizning orzusi olamcha edi. U odamlar bilan o’z “tili”da gapirishni o’rgandi. Oliy o’quv yurtini bitirib barcha kabi o’zini jamiyatga kerakli inson sifatida shakllantirishni hoxlardi.  O’qishga topshirishga kelganda, uning nogironligini bilib, unga "bizning oliy o'quv yurtida sizni o’qitishga imkon yo'q, chunki ma’ruzalarni sizga tushuntirgani bizda surdo tarjimoni yo’q. Undan tashqari surdo tarjimon sizga tarjima bilan yordam berishi uchun, o’zi ham siz topshirayotgan sohaning davlat imtihonida o’tirishi kerak, ya’ni o’zi ham talaba bo’lib kirishi kerak” deb tushuntirishdi.  Endi faraz qiling shunday mutahassis topdi, u ham mayli u qiz tanlagan sohaga o’qishga rozi bo’ldi kontrakt bo'lib qolsa kim to’laydi? 

Nogironlar orasida eng soģlom ko'rinadigan, imkoniyati ham boshqa nogironlarnikidan yuqori ko'rinadigan zaif eshituvchilarning muammosi, ichidagi dardi va tashvishi boshqa nogironlarnikidan ham alamli bo’lar ekan. Ular oliy o'quv yurtida o'qiy olmas, ularga faqat kollejlarda kasb-hunar o'rgatilar ekan. Ana xolos, o'qish uchun hammaga sharoit bor, imkoniyati cheklanganlarga imkoniyat ham imtiyoz ham bor deb turgan paytda...
Bu men uchun ham kutilmagan hol edi. Sizu biz ayrim ma'ruzalarda o’tirib eshita olsak ham, o’z o’yu-hayollarimizga berilib eshitmay qo’ya qolamiz. Lekin shu paytda atrofimizda kimlardir bilimi ham qobiliyati ham yetarli bo'la turib, shunday imkoniyatga ega emas ekan. Bularni o'ylab qani imkoniyatlar tengligi, deb yuborasan odam. 

E’tibor berganmisiz, daraxtlar har hil bo’ladi. Biri mevali bo’lsa, boshqasi go’zalligi, yoki soyasi bor. Qiyshiq daraxtni ham ona tabiat bir hil parvarishlaydi, chunki u bir kun kelib bizga soya, qushlarga uy, qumursqalarga panoh, havoga kislorod chiqaradi.  

 

Izohlar

Bakhtiyor Sheraliev's picture
5

Farhodjon, sizdan oldingi blog ham shunga yaqin mavzuda yozilgani uchun u yerda fikrlarimni qoldirgan edim. Sizning yozganlaringizni o'qib to'g'risi o'yga toldim. Men sizga aytsam baxtli odamlar tug'ma xudbin bo'ladi, sog'lom odamlar da ham shunday holat mavjud. Ulardan xafa bo'lish kerak emas, chunki bu ularning aybi emas, bu mavjud holat. Siz aytgan muammolarning yechimi siz va siz kabilarga bog'liq. Bilaman sizlarga oson emas, ikki karra iroda kerak bo'ladi va bu sizlarda bor. Shu irodani ishga solib men va men kabi o'zini sog'lomman deb hisoblaydigan, lekin aqlan nogironlarga hech kimdan kam emasliklaringizni isbotlab berishlaringiz kerak. Men chetda nogiron kishilarni oddiy odamlardan ajratishganiga unchalik guhov bo'lmaganman, ular oq qarg'a bo'lib qolishmaydi, chunki ularning jamiyatida ular kabilar o'zaro birlashib jamiyatga hech kimdan kam emasliklarini isbotlashga harakat qilishadi. Axir ularda imkon borda dersiz, nega bizda mana shunday imkon yo'q, chunki bizda nogironlarning huquqlarini talab qiladigan holatni bilmayman, eshitmaganman ham. Bizda nogiron bo'lganlar pensiya, pul masalasida talashib tortishadi xolos.
Eshitishida muammo bo'lgan qizga qabul jarayonidagilar to'g'ri aytishibdi, vaziyatni to'g'ri tushuntintiribdi. Lekin nega o'sha qiz oliy ta'lim huquqshunosiga murojaat qilmabdi, ta'lim vazirligiga murojaat qilmabdi?
Yana aytaman sog'lom odamlar tabiatan "xudbin" bo'ladi. Ular sizning muammolaringiz uchun kurashmaydi, bu ishni siz qilishingiz kerak! Shundagina natija beradi. Eng muhimi irodani sinishiga yo'l qo'ymang.

Farhod Ulugov's picture
0

Rahmat. O'sha qiz huquqshunosga aytgandi lekin tayinli javob bo'lmagandi.

Bakhtiyor Sheraliev's picture
0

Eee Farhodjon, qayerda ko'rgansiz bizni davlatda yuqori tashkilotga qilingan og'zaki murojaat inobatga olinganini? Yozish kerak, mana shunaqa holatlarda yozish kerak! Mening holatim shunday ekan deb xafa bo'lib ketish kerak emas, qonuniy tarzdagi haqqini talab qilish kerak, men yosh bo'lishimga qaramay hayotda ko'p marotaba shunaqa holatlarga duch keldimki, biror tashkilotga og'zaki murojaat qilib bo'lmas ekan, eng yaxshi yo'l qonuniy murojaat mana shunda ertaga sizda ham haqqingizni talab qilish uchun qonuniy asos mavjud bo'ladi. Albatta buning paytda siz aytganingizdek bunday inson oldida uni qo'llab-quvvatlovchi bir odam bo'lishi shart!
Bitta holat meni juda ko'p o'ylantiradi, nega endi biz kelajakda bo'lishi mumkin bo'lgan yugur-yugur va muammolardan bunchalik qo'rqamiz, nogironmi nima qilib bo'lsa ham ishga, o'qishga olma, ertaga muammosi chiqadi, homiladorni ishga olma ertaga pul to'lashingga to'g'ri keladi, qachongacha shunday davom etadi bilmayman. Televizorda ha deb o'zbek millati dunyoda tengi yo'q millat, bolajon, xalqparvar, mehribon millat demasdan, o'zbek millatining qon qoniga singib ketgan mana bunday, mana bunday kamchiliklari bor, o'zbekni faqat o'zbek oyog'idan chaladi (tarix bunga guvoh bo'laverib charchab ketdi) kabilarni gapirishsa ham bo'ladi-ku!
Exx, ba'zan sop-sog' bo'la turib mendek odamlar yashashga qiynalib ketamiz, sizlarga bizdan ham qiyin ekanligini bilaman, lekin tushuna olmayman, his qila olmayman. Bizga yashash uchun bir iroda kerak bo'lsa, sizga ikki karra ko'p iroda kerak, biri hayot qiyinchiliklarini yengish uchun, ikkinchisi men kabilarning munosabatini yengish uchun.

Farhod Ulugov's picture
0

Fikrizni bildirganiz uchun rahmat. "Yozma"ni ham aylnib õtishini kõrganman.

Bakhtiyor Sheraliev's picture
0

Bir narsa yodimdan ko'tarilibdi. Sizning blogngizdan oldingi mavzudosh blogni baholamay sizning blogingizni baholaganimga izoh bermasam adolatdan bo'lmas. Sizning blogingiz kishini o'ylashga majbur qila oldi, har holda menda shunday bo'ldi. Xulosani ham o'zim chiqardim. Shuning uchun ham sizga besh ball qo'ydim. Sizga omad tilab qolaman.

Dilrabo Tursunova's picture
5

Blogpost uchun rahmat! Post boshida keltirilgan qog'ozbozlik muammosini elektron (mygov.uz kabi) tizimga o'tkazish bilan hal etsa bo'ladi, bunga esa vaqt, mablag' va har bir tashkilotning yaxshigina mehnati kerak. Imkoniyati cheklanganlar bilan ishlaydigan jamiyatlar o'z faoliyatini yanada faollashtirishiga umid qilib qolaman...

Farhod Ulugov's picture
0

Rahmat. Fikrizga qo'shilaman vaqt, mablag' va tashkilotlarning yaxshigina mehnati kerak, qõshimcha qilsam. bunga bilim va xoxish ham kerak.

Bahodir Mahmudov's picture
5

Sizga o'xshaganlarning hammasi ham o'z fikrini shunday ochiq bayon qilavermaydi. Mardligingizga qoyil.

Farhod Ulugov's picture
0

MARDLIGIMGA QOYIL?! :)