Davlatga nodavlat tashkilot nega kerak?

Bundan bir necha yil muqaddam xalqaro tashkilot va mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari O'zbekistonning uchta viloyatida og'ir ahvolga tushib qolgan yoshlar bilan “autrich”1 ishlarini olib borish bo'yicha loyihani amalga oshirishgan. Tanlab olingan hududlardan biri katta trassada, ya‘ni davlat ahamiyatiga ega bo'lgan yo'l yoqasida joylashgan edi. Yo'l yoqasida bo'lgani bois bu tumanga har kuni minglab odamlar kelib-ketar, tranzit sifatida foydalanilar edi. 

  Bularning barchasi ushbu hududda turli hayotiy muammolarga tushib qolgan yoshlar: alkogolga berilgan, jinoyatga moyil bo'lgan, jinsiy aloqa xizmatini ko'rsatadigan hamda giyohvand moddalar qabul qiladigan yigit-qizlar sonining boshqa hududlarga nisbatan ortib ketishiga olib keldi. Ularning aksariyati huquq-tartibot organlarining nazoratida tursa-da, muammo ortsa ortardiki, ularning soni kamaymasdi. Chunki davlat tashkilotlari qancha harakat qilmasin, xulqi og'ir yoshlar ularni o'z “qobig'i”ga kiritmasdi. O'shanda mahalliy davlat hokimiyati organlari ushbu muammoning oldini olish maqsadida bunday yoshlar bilan ishlay oladigan nodavlat notijorat tashkilotlarini hamkorlikka chaqirdi. Maqsad bitta: nima qilib bo'lsa-da, ana shunday yo'lda yurgan yoshlar ongiga, qalbiga chuqur kirib borish hamda ularni bu yo'lga boshlayotgan sabablarni o'rganish, pirovardida, “yomon yo'lga kirib ketgan” yoshlar sonini qisqartirish edi.

  Qisqa muddat ichida nodavlat notijorat tashkilotlarning ko'ngillilari bunday xulqi og'ir bolalar bilan muomala qilish bo'yicha o'qitilib, shaharda ishlar boshlab yuborildi. Avvaliga ko'ngillilar xulqi og'ir yoshlar bilan ishlashda qator muammolarga duch kelishgan bo'lsa-da, ko'p o'tmay ular bunday yoshlarning qalbiga “yo'l topa olishdi”. Birgalikda tog' sayri uyushtirildi, musiqali oqshomlar tashkil etildi. Pana-pastqam joylarda, tugallanmagan qurilishlarda yashab yuradigan alkogolga ruju qo'yganlar jamiyatga qayta boshladi, oilasidagi muammolar bilan o'rtoqlasha boshlashdi. Jamiyatning fikri, munosabatidan qo'rqib o'z qobig'iga o'ralib olgan, bir vaqtlar o'z joniga qasd qilganlar yana atrofdagilar bilan gaplasha boshlashdi. O'qishga bormasdan yurgan o'smirlar o'qishga qaytishdi, ota-onasidan qochib yurganlar uydagilari bilan muloqotga kirishdi. Eng muhimi, bunday yoshlarni qiynayotgan muammolar tizimli o'rganib chiqildi.

  Shu o'rinda savol tug'iladi. Xo'sh, davlat organlari amaldorlari muammoli yoshlar bilan mana shunday “tengma-teng” muloqotga kirisha olarmidi? Albatta, juda qiyin. Avvalo, mansabdor shaxslarning ular bilan “dardlashib” yurishga vaqti yo'q. Ota-onalar esa “o'tish yoshidagi yoshlar”ning muammosini eshitishga toqat qila olmasdan, ularni urishib tashlashadi. Shuning uchun ular o'zlarini jamiyat uchun begonadek tutishgan, o'z qobig'iga o'ranib, faqat o'ziga o'xshaganlar bilan muloqot qilgan, jamiyatdan uzoqlashgan.


1 Autrich – bu jamiyatdan ajralib qolgan ijtimoiy guruhlar bilan aloqa o'rnatish va ularga ma‘lumot, konsultatsiya va boshqa yordam turlarini yetkazish usuli. 


    Ijtimoiy sheriklik nega kerak?

  Jamiyatda shunday muammolar borki, ularni hal qilish uchun alohida yondashuv, reja talab qiladi. Bunday muammolarni hal qilish har kimning qo'lidan kelavermaydi. Davlatda mablag', muammoni hal qilishga xohish bo'lishi lozim. Bunday paytda davlat mazkur muammoni hal qilishga qodir tashkilotlarni sheriklikka chaqiradi. 

Muammo o'rtaga tashlanadi: kim nima qila oladi? Davlat bu muammoni ishlab chiqish bo'yicha loyihani moliyalashtirishni va‘da qilsa, nodavlat notijorat tashkiloti o'zining inson resurslarini jalb qiladi. Tadbirkorlik sub'ektlarini loyihani amalga oshirishga infratuzilma yoki logistika ko'magini ko'rsatadi. Masalan, ko'ngillilarni o'qitish uchun joy, transport ajratib beradi. Xususan, yuqorida aytib o'tgan misolimizda, ya’ni og'ir ahvolga tushib qolgan yoshlar muammosining tagiga yeta olmagach, davlat hududiy nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qildi. Natijada muammo yanada kengayib ketishining oldi olindi.
Aynan mana shunday hamkorlik bugungi kunda “ijtimoiy sheriklik” tushunchasi bilan ifodalanadi.

    Ijtimoiy sheriklik nima?

  Ijtimoiy sheriklik o'zaro hamkorlikning bir shakli bo'lib, unda sub'ektlar o'zaro teng munosabatga kirishadi. Ular bir xil huquqiy maqomga ega bo'ladilar. Ma’lumki, ijtimoiy hamkorlikda o'zaro munosabatga kirishayotgan tomonlardan biri yuqori yoki quyi maqomga yoxud bir tomon buyuruvchi, ikkinchi tomon bo'ysunuvchi shaklida munosabatga kirishsa, ijtimoiy sheriklikda har ikki tomon ham bir xil maqomga ega bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, ijtimoiy sheriklikda davlat buyruq beradigan, nodavlat tashkilot “xo'p” deb, uning aytganini qiladigan, biznesmenlar so'ralgan mablag'ni berib ketadigan bo'lmaydi. Unda hamma teng bo'ladi, muammo hammaga tegishli bo'ladi. Masalan, yuqorida keltirgan misolimizda hokimlik uchun tumandagi jinoyatlar soni ko'pligi asosiy muammo bo'lgan bo’lsa, aholi va ularning manfaatlarini ilgari surgan jamoat tashkiloti uchun bunday yoshlarning jamiyatdan ihotalanib, o’z qobig’iga o’ralib qolayotgani va ularga o’xshaganlar soni ortib borayotgani asosiy muammo edi. Chunki erta-bir kun ularning farzandi ham ana shunday yoshlar guruhiga qo'shilib qolishi mumkin edi. Tadbirkorlar esa jinoyatga moyil yoshlarning ko'pligidan o'z mijozlarini tobora yo'qotib, tuman kliyentlar uchun xavfli joyga aylanib borayotganidan xavotirga tushib qolishgan edi. Shuning uchun vaziyatni “mening muammoim” sifatida qabul qilgan edi.

    Ijtimoiy sheriklik kimlar o'rtasida bo'ladi?

  Nazariy olib qaraganda, ijtimoiy sheriklik davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes doiralari o'rtasida bo'lishi mumkin. Yaqin kunlarda Oliy Majlis Senati ko'rib chiqishi kutilayotgan “Ijtimoiy sheriklik to'g'risida”gi Qonunda aytilishicha, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ijtimoiy sheriklik sub'ektlari hisoblanadi.


    Ijtimoiy sheriklik qaysi sohalarda amalga oshiriladi?

  • Aholi qatlamlarining qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini muhofaza qilish;
  • Aholi bandligini ta’minlash;
  • Sog'liqni saqlash;
  • Fan, ta'lim, axborotlashtirish, sport va madaniyat;
  • Atrof-muhitni muhofaza qilish;
  • Sotsial-maishiy turmush sharoitlarini yaxshilash;
  • Va boshqa sohalar.


    Ijtimoiy sheriklik qanday shakllarda amalga oshiriladi?

  • Maqsadli sotsial-iqtisodiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • Sotsial-iqtisodiy sohada normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish;
  • Birgalikda tadbirlar o'tkazish;
  • Sotsial ahamiyatga masalalar yuzasidan axborot almashish;
  • Sotsial-iqtisodiy rivojlanish masalalarida maslahatlashuvlar va muzokaralar olib borish;
  • Ijtimoiy sheriklik sohasida shartnomalar tuzish;
  • Jamoatchilik nazorati.


  Shu o'rinda turli qonun hujjatlari ishlab chiqilishida ijtimoiy sheriklik qanday amalga oshirilishi haqida to'xtalib o'tish joiz. Ma’lumki, joriy yil bahorda O'zbekistonda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun qabul qilinishidan avval Samarqand va Buxoro viloyatlarida davlat organlari negizida sinovdan o'tkazildi. Qonun normalari sinovi bo'yicha maxsus ishchi guruhlar shakllantirilib, unga davlat organlari bilan bir qatorda, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ham kiritildi. Qiziq tarafi shundaki, qonunning nomidan ko'rinib turibdiki, qonunni davlat organlari ijro etadi. Sinovda ham xuddi shunday bo'lishi kerak edi. Ammo qonun sinoviga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining jalb qilinishi ham ijtimoiy sheriklikning bir turidir. To'g'ri, qonun davlat organlari tomonidan ijro etilsa-da, ushbu hujjat jamiyat manfaatlariga xizmat qiladi. Tasavvur qiling, agar o'zingiz bajaradigan reja yoki qoida ishlab chiqadigan bo'lsangiz, albatta, uni o'zingiz uchun qulay va oson qilib tuzasiz. Qonun ham faqat davlat organlari tomonidan ishlab chiqilib, qabul qilinganida, ularning manfaatiga xizmat qilishi mumkin edi. Qonundan manfaat ko'radiganlar, albatta, fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalaridir. Aynan shu ijtimoiy sheriklik mexanizmi orqali qonun jamiyat uchun qulayroq ruhda qabul qilinishiga shart-sharoit yaratadi.

    Ijtimoiy sheriklik — O'zbekistonda

  O'zbekistonda “Ijtimoiy sheriklik to'g'risida”gi qonun ishlab chiqilgan bo'lib, Oliy Majlis Senatining shu yil 28-avgust kuni bo'lib o'tadigan yalpi majlisida ko'rib chiqiladi. Agar qonun senatorlar tomonidan ma’qullanadigan bo'lsa, ijtimoiy sheriklikni amalga oshirishning huquqiy asoslari ham yaratiladi.


  Shuni qayd etish kerakki, ijtimoiy sheriklik sub'ektlari davlat tomonidan grantlar, ijtimoiy buyurtmalar va boshqa qonun bilan taqiqlanmagan manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. “Ijtimoiy sheriklik to'g'risida”gi qonunga binoan, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondlari tashkil etiladi. Ular davlat byudjeti mablag'larini nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlashga yo'naltiradi. 
Bir so'z bilan aytganda, ijtimoiy sheriklik jamiyatdagi muammolarni samarali hal qilish, barchani ezgu amallarga yo'naltirishga qaratilgan mexanizmdir.