"Toza Jamoat Hojatxonalarini Xohlaymiz" onlayn aksiyasidan qisqa xulosa

Xabaringiz bo‘lsa, Sahar maktabi tomonidan noyabr oyida toza hojatxonalar bo‘yicha onlayn aksiya o‘tkazildi. Maktabimizning “Facebook”dagi sahifamizda o‘tkazilgan bu aksiya biz kutgandan ham muvaffaqqiyatliroq o‘tdi va mamlakatimizning barcha hududlaridan ko‘plab ishtirokchilar unga katta qiziqish bildirishdi.

Bu mavzuda aksiya o‘tkazish g‘oyasi kurs qatnashchilarimizdan biri Feruzadan chiqqan edi. U o‘zi yashab turgan tuman va boshqa viloyatlardagi ko‘plab jamoat hojatxonalari, ayniqsa maktab hojatxonalarining achinarli ahvoldaligini ko‘rib bu muammoga yechim topish borasida izlanish qilgan. Feruza na’munali toza jamoat hojatxonalari mavzusida loyiha tuzib, uni ijtimoiy tadbirkorlikka aylantirmoqchi. Feruza o‘zi suv va sanitariya sohasida mutaxassis hamda chet davlatlarda ham ilg‘or tajribalar bilan tanishib kelgan.  

Fikrimizcha, har bir shaxs sog‘lom hayot kechirishga haqli. Notoza va sharoiti yo‘q jamoat hojatxonalari odamlarning sog‘lig‘iga, atrof-muhitga va ma’naviyatiga yomon ta’sir qilayotgan ekan, toza hojatxonalarga ega bo‘lish ularning huquqi hisoblanadi. Bizning aksiyadan maqsad esa O‘zbekistonda toza jamoat hojatxonalarini ko‘paytirish uchun aholi orasida bu haqda bilim va xabardorlikni oshirish edi. 

Nimalar haqida suhbatlashdik?

Aksiya davomida nafaqat talabga javob bermaydigan hojatxonalarning sog‘liqqa, iqtisodga va boshqa sohalarga salbiy ta’siri muhokama qilindi, balki shu muammolarni hal qilish yo‘llari, yechimga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish va eng muhimi, ijtimoiy tadbirkorlar muammoni yechishga qanday hissa qo‘sha olishi haqida mulohaza va takliflar bo‘ldi. Aksiyaning har bir kuni muammoning ma’lum bir qirrasiga bag‘ishlandi.

Aksiyaning boshlanishida ishtirokchilar “o‘zi bizga toza hojatxona nima uchun kerak, toza jamoat hojatxonasi o‘zi qanday bo‘lishi kerak?” deb savol berishdi va birgalikda bu savollarga javob topishdi. Notoza hojatxonalarning sog‘liqqa, tabiatga yomon ta’siri haqida gap ketganda, qatnashchilar qiziq bir ma’lumotni keltirishdi. Ma’lum bo‘lishicha, kanalizatsiya bo‘lmagan joylarda chuqur qazilib quriladigan hojatxonalar yerosti suvlarini ifloslantirar ekan. Bundan tashqari, bunday hojatxonalarga yaqin joylardan quduq orqali tortib chiqariladigan suv insonlarning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin ekan.  

Toza jamoat hojatxonalarining yetishmasligi ayniqsa sayyohlar oqimiga salbiy ta’sir qilishi haqida gapirilganda, ishtirokchilar bu muammoga tadbirkorona yondashib, milliy dizaynda yaratilgan, ammo tozalik standartlariga javob beradigan hojatxonalarni barpo qilishni taklif qilishdi. Bundan tashqari, ziyoratgohga olib boradigan yo‘llarda avtomatik ko‘chma hojatxonalarni joylashtirish haqida ham o‘ylashdi. 

Xulosa: biz hozir nima qila olamiz?  

Muammolar ko‘p, ammo quvonarlisi shuki, aksiya davomida ishtirokchilar muammolarga yechim sifatida  bugun boshlasa bo‘ladigan ishlarni taklif qilishdi. Masalan, yomon hidli va iflos hojatxonalarni polini kafel bilan qoplash va kafelni xlorli suvda yuvib turish hamda shamol o‘tishi uchun hojatxonaga tuynuklar ochish kabi ishlarni bugun boshlasa bo‘ladi.

Yana ishtirokchilar namunaviy jamoat hojatxonasini qurib, uni  boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatish haqida o‘ylashdi. Ba’zi ishtirokchilar esa  shunday yechimlardan birini amalga oshirish uchun birgalikda ishlab, kichik grantlarga loyiha topshirish haqida kelishib olishdi. Jamoat hojatxonalarini toza saqlash bo‘yicha aholi madaniyatini ko‘tarish uchun yana shunday aksiyalarni joylarda o‘tkaishni rejalashtirishdi.

Biz ushbu aksiya orqali notoza hojatxonalar muammosiga ko‘pchilik befarq emasliga amin bo‘ldik. Aksiyadagi materiallar 8500 dan ortiq “Facebook” foydalanuvchilari tomonidan  ko‘rilgan va 500 ga yaqin mulohazalar qoldirilgan.  

O‘tgan aksiyamizning muvaffaqqiyatidan ilhomlanib, kelajakda ham turli ijtimoiy mavzularda shunday onlayn aksiyalar o‘tkazishni niyat qildik. Toza hojatxonalar aksiyasi faqat “Facebook” sahifasida qolib ketmasligi uchun aksiya davomida bildirilgan barcha fikr-mulohazalar, keltirilgan qiziqarli ma’lumotlar va takliflarni jamlab, ijtimoiy tadbirkorlarga o‘z faoliyatlarida qo‘l keladigan kichik risola yaratmoqchimiz.      

Aksiyamizda 10 nafar maktabimiz bitiruvchilari moderatorlik rolini qoyilmaqom qilib bajarishdi. Biz aksiyada jonbozlik ko‘rsatgan moderatorlarimizga, aksiya davomida yangi tashabbuslarni yuzaga olib chiqqan foydalanuvchilarga va barcha faol ishtirok etgan shaxslarga chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz. Sizning faolligingiz va yon-atrofdagi ijtimoiy muammolarga befarq emasligingiz yurtimizning kelajakda yanada gullab yashnashida hissa qo‘shishiga ishonchimiz komil.

Izohlar

Feruzaxon's picture
Xulosa anik va lunda yozilibdi, bugungi kunda nazardan chetda qolgan lekin dolzarb muammoga kopchilik befarq bolmagani chindan ham quvonarlik holat, kelajakdagi ishlarga muvaffaqayit tilagan holda endi bunday echimlarni amalda ham qollashni kutib qolamiz.