Bir kishini ish bilan ta'minlash zahmati

Toshkent shahridagi yoshlar markazlaridan birida ko'ngilli bo'lib ishlardim. Turli jamoat tashkilotlarining tadbirlarida qatnashardik, markazimizning maqsad-muddoi haqida muntazam axborot tarqatib yurardik. To'g'risi, markazimiz asosan ma'rifiy, uslubiy ishlarni olib boradi: yoshlar uchun turli treninglar tashkil qilamiz, ularda liderlik ko'nikmalarini rivojlantirishga harakat qilamiz, huquqiy maslahatlar beramiz...

Mahallalarda, o'quv muassasalarida biz qilayotgan ishlar haqida xabardor bo'lgan auditoriyamiz tobora kengayib bordi.

Shundan so'ng murojaat qiladigan ota-onalar, yoshlar soni muttasil oshib bordi. Kimdir tadbirkor sifatida kreditidagi muammolarni hal qilishda yordam so'rasa, yana kimdir farzandini ish bilan ta’minlashni so'raydi. Ochig'i, markazimiz birovni ish bilan ta’minlash, ularga amaliy yordam berish imkoniyatlari juda cheklangan edi. Lekin odamlarimizni ko'proq aniq amaliy yordam qiziqtirar edi.

Kunlardan bir kuni ofisimiz telefoni jiringlab qoldi. Go'shakni ko'tarsam, Toshkentning Bektemir tumanida istiqomat qiladigan 25 yashar yigit qo'ng'iroq qilayotgan edi. U iloji bo'lsa biz bilan uchrashishni xohlayotganini aytdi. Unga bemalol ofisimizga kelishi mumkinligini aytib, manzilimizni aytgandim: “Uzr, bolalikdan nogironman. Yuqori qavatda turaman, o'zim harakatlanishim qiyin, iloji bo'lsa, uyimizga kela olasizmi?”, deb qoldi. Xullas, o'ylab o'tirmasdan ertasiga o'sha yigit yashaydigan xonadonga bordik. U Nogironlar jamiyatining maxsus kompyuter kursini tugatgan ekan. “Qo'limdan ancha ish keladi, bitta kompyuter kerak. Shuni olib, internetga ulab, telefon orqali maklerlik bilan shug'ullanmoqchiman. Men bir-ikkita maklerlar bilan gaplashib qo'ydim. Faqat bitta kompyuter kerak, yordam beringlar, juda xursand bo'lardim”, dedi.

Bilasizmi, nimadan xursand bo'ldim: baliq berma, balki baliq tutishni o'rgatib, qarmoq olib ber, degan purma'no gap bor. Agar o'sha yigitning niyati xolis bo'lsa, u shu maklerlik orqali o'ziga ish topa olsa, o'zini nima bilandir band qila olsa, bu qanchalik yaxshi ish. Quvonganimdan “Bo'ldi, tezda kompyuter topamiz. Telefon qilaman”, deya u bilan xayrlashdik.

Oson ko'ringani bilan homiy tezroq topila qolmadi. Ikki oy deganda xalqaro tashkilotlardan birida ishlaydigan tanishimiz o'zining eski ishlatilgan kompyuterini berishga rozi bo'ldi. Bundan yigit ham, men ham benihoyat xursand bo'lib ketdik. Axir, ikkalamiz ham uning tezroq ishlashini, pul topishini xohlayotgan edik-da! Oradan ikki oylar o'tib, yigit yana telefon qildi: “Aka, bugun bitta uyni notariusda rasmiylashtirishdi. 300 dollar olishim kerak!”, dedi quvonchini men bilan bo'lishib.


Hammasi irodadan boshlanadi

Bejizga ushbu misol haqida keng to'xtalmadim. Boisiki, O'zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklanganlarning jamiyat integratsiyalashuvi, ularning ish topishida qator o'ziga xos jihatlarga ega. Avvalambor, jismoniy imkoniyati cheklangan odam o'z jamiyatda o'z o'rnini topishga kuch topar ekan, albatta, o'z maqsadiga erishadi.

Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Opa-singillar” nogiron ayollar jamiyati “Sahar” maktabi saytiga bergan intervyusida shunday degan edi: 

Yosh bolalik paytimdanoq faol bo'lishni, turli odamlar bilan muloqot qilishni xohlardim. Ich-ichimdan jamiyatga qo'shilgim kelardi, lekin men umuman yura olmas edim. Bir kuni, 5 yosh atrofida edim, hovlida gipslangan yotardim... Qo’shni hovlida katta bayram bo’'ayotgandi, mendan tashqari boshqa hamma bolalar o'sha yerda edi. O'shanda o'ylab qolganman: nega men har doim yolg'iz qolaman va jamiyatdan ajralib qolaman? Buni o'zgartirish uchun nimadir qilish kerak edi. O'shanda nimadir qilish kerakligini anglab yetgandim. Negaki, odamlarga kerak bo'lish juda ham yaxshi. O'shandan boshlab butun hayotimni o'zgartirgan juda ko'plab narsalarning tashabbuskori bo'ldim. Ota-onamdan meni imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatga berishlarini so'radim. Keyin pedagogika institutiga muvaffaqiyatli kirdim, uni a’lo baholar, qizil diplom bilan tamomladim. Men o'zimga o'xshagan odamlarga — imkoniyati cheklanganlarga yaqindan yordam berish ishtiyoqida yonardim”.

Darhaqiqat, o'zbeklarda shunday odat bor: jismoniy imkoniyati cheklanganlar haddan tashqari mehribonlik ko'rsatib, achinib, ularning jamiyatga intilishlarini, o'zini namoyon qilishlariga xalaqit berib qo'yamiz. Aslida biz qalban ularga yordam bermoqchi bo'lsak-da, bunday kishilarning hayotida zarur qaror qabul qilishlariga to'sqinlik qilib qo’yamiz. Ming afsuski, bugun jamiyatimizda nogironlarga bo'lgan eskirib qolgan qarashlar va stereotiplarga qarshi ham faol targ'ibot ishlarini olib borish kerak bo’ladi.


Qonun nima deydi?

Shuni alohida qayd etish kerakki, O'zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklanganlarning ishga kirishi, ishda ustuvorlikka ega bo'lishi amaldagi qator qonun hujjatlarida mustahkamlab qo'yilgan. Bunda, albatta, davlat siyosatining negizida ijtimoiy yo'naltirilgan bozor munosabatlari belgilab qo'yilgani ham ayni muddao bo'lyapti. Aynan amaldagi qonunchilikni puxta bilish, ulardan foydalanish jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning jamiyatga chuqur integratsiyalashuvida muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, Mehnat kodeksining 103-moddasiga binoan, jismoniy imkoniyati cheklanganlar texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o'zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ishlar xususiyatining o'zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirish uchun beriladigan imtiyozli huquqdan foydalanishadi.

Mehnat kodeksining 220-moddasiga binoan esa ish beruvchi belgilangan minimal ish joylari hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish tartibida mahalliy mehnat organi tomonidan yo'llangan nogironlarni ishga qabul qilishi shart. Shuning uchun tuman ijtimoiy ta’minot bo'limlari bilan muntazam muloqotda bo'lib turish foydadan xoli bo'lmaydi.

“Aholini ish bilan ta’minlash to'g'risida”gi Qonunning 7-moddasiga binoan, davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo'lmagan shaxslarga, shu jumladan o'n to'rt yoshga to'lmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolg'iz ota, yolg'iz onalarga hamda ko'p bolali ota-onalarga, nogironlarga va pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslarga qo'shimcha kafolatlarni ta’minlaydi. Shuni qayd etish kerakki, qo'shimcha kafolatlar qo'shimcha ish joylari, ixtisoslashtirilgan korxonalar, shu jumladan nogironlar mehnat qiladigan korxonalar barpo etish, ish o'rgatishning maxsus dasturlarini tashkil etish, korxona, muassasa va tashkilotlarga ushbu moddaning birinchi qismida ko’rsatilgan toifadagi fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa choralar bilan ta’minlanadi.

“O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”gi Qonunning 24-moddasiga ko'ra, nogiron mehnat sharoitlari odatdagicha bo'lgan tashkilotlarda, nogironlar mehnatidan foydalaniladigan ixtisoslashtirilgan korxonalarda, tsexlar va uchastkalarda ishlashga, shuningdek qonun bilan taqiqlanmagan yakka tartibdagi mehnat faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishga haqlidir.

Ayni paytda nogironligi tufayli nogiron bilan mehnat shartnomasi tuzishni yoki ish yuzasidan uni yuqori lavozimga ko'tarishni rad etishga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, nogironni uning roziligisiz boshqa ishga o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi. (Albatta, tibbiy-ijtimoiy ekspertizaning xulosasiga ko'ra nogironning sog'lig'i kasb vazifalarini bajarishga monelik qilgan yoki nogironning yoxud boshqa shaxslarning sog'lig'i va mehnat xavfsizligiga tahdid qilgan hollar bundan mustasno) Nogiron o'z mehnat qobiliyatini tiklaganidan keyin ilgarigi ishiga yoki shunga teng ishga joylashish huquqiga ega.

Xuddi shu qonunning 25-moddasida qayd etilishicha, xodimlarining soni yigirma kishidan ortiq bo'lgan korxonalarda, muassasalar va tashkilotlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironlarni ishga joylashtirish uchun xodimlar sonining kamida uch foizi miqdorida ish joylarining eng kam sonini belgilaydi va zaxirada saqlaydi.

Nogironlarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam sonini yaratishga doir mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini bajarmaganlik uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Umuman, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning bandligini ta’minlashda mahalliy ijtimoiy ta’minot organlari bilan muntazam aloqada bo'lib turishi muhim ahamiyatga ega. Bunda “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o'rinlarini band qilib qo'yish tartibi to'g'risidagi nizom” hamda “Aholini ish bilan ta’minlash va nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun tashkilotlarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo'llash, shuningdek mehnatni muhofaza qilish to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun tashkilotlar faoliyatini to'xtatib qo'yish tartibi to'g'risidagi Nizom” bilan yaqindan tanishib chiqish foydadan xoli bo'lmaydi.


Ijtimoiy korxona mulkdori

Darhaqiqat, yuqorida qayd etilganidek, ishga joylashtirish nafaqat moddiy ta’minlanishni anglatadi. Jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni ishga joylashtirishning ijtimoiy ahamiyati ularning o'z-o'zini namoyon qila olish, jamiyat rivojiga o'z hissasini qo'shish imkoniyati, jamiyatiga integratsiyalashuvlari uchun imkoniyatlarni taqdim etishni ta’minlashdan iboratdir. Ularni ishga joylashtirish ularga nisbatan bo'lgan achinish, qobiliyatiga ishonchsizlik hamda ularni jamiyat uchun ortiqcha tashvish keltiruvchi ko'rinishda bo'lgan bir taxlitdagi munosabatlarni bartaraf qilish imkonini beradi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar mehnat bozorining barcha jabhalarida boshqalar bilan bir xil raqobat qilib ketadi, deya olmaymiz. Shuning uchun davlat, fuqarolik jamiyati institutlari hamda faol fuqarolar jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ijtimoiy korxonalar tashkil qiladi. Ijtimoiy korxonalar rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga keng rivojlanib borayotgan sotsial-iqtisodiy institut bo'lib, bizning qonunchilikda ko'zda tutilmagan. Lekin ularni turli jamoat tashkilotlari huzurida sho‘'ba korxona sifatida tashkil etib, soliq va boshqa imtiyozlarga ega bo'lish mumkin bo'ladi. Bunday korxonalar ishlab chiqarish yoki xizmat ko'rsatish orqali nogironlarni ishga joylashtirishi yoki ularni professional kasb-hunarga tayyorlab, ochiq mehnat bozoriga jalb qilishi mumkin.

O'zbekistonda ijtimoiy korxona O'zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining ACCESS qo'shma loyihasi doirasida keng tatbiq etildi. Xususan, mazkur loyihasi doirasida 5 ta ijtimoiy korxona tashkil etildi. Mazkur korxonalar daromadining bir qismini ijtimoiy maqsadlarga, shu jumladan, nogironlarni ijtimoiy, moddiy qo'llab-quvvatlashga sarflayotgani quvonarlidir.

Misol uchun, o'tgan yili noyabr oyida Qoraqalpog'istonning Mo'ynoq tumanida yangi ijtimoiy korxona - “Qaraqalpaq Sheberi Manzura” (Manzura Qoraqalpoq chevari) mas’uliyati cheklangan jamiyati tikuv va to'quv sexi ochildi. Ijtimoiy korxona Mo'ynoq tuman xokimligi va BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasi hamda “Keuil Nuri” NNT va Mo'ynoq tuman Xotin-qizlar qo'mitasining hamkorligida tashkil etildi.

Nogironligi bor fuqarolar Manzura Yerniyazova va Marat Tuksanbayevlar "Qaraqalpaq Sheberi Manzura" MChJsining ta’sischilari bo'ldilar. Mo'ynoq tuman Xotin-qizlar qo'mitasi ham ta’sischilar tarkibiga kiritildi. Ijtimoiy korxonanning maqsadi: nogironligi bor odamlarga yangi ish joylari tashkil etish; ijtimoiy hamkorlik va aholining zaif qatlamini bandligini ta’minlash borasida bilim, tajriba va ma’lumotlar almashish; nogironligi bor odamlarni kasbga o'qitish va ochiq mehnat bozoriga jalb etish; nogironligi bor odamlarga moliyaviy va moddiy ko'rinishdagi ijtimoiy yordam ko'rsatishdan iborat. Bugungi kunda ijtimoiy korxona jami 21 ishchi-xodimni (bundan 19 nafari ayollar), jumladan, 11 nafar nogironligi bor odamlarni ishga qabul qildi.

Ijtimoiy korxona tashkil etish niyatida bo'lganlar, albatta, O'zbekiston tijorat banklarining imtiyozli kreditlaridan, ayni paytda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi va boshqa xalqaro va mahalliy donorlar grantlaridan foydalanishlari mumkin.


Jamoat tashkilotlari — eng yaqin hamkor

Bugun O'zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni ish bilan ta’minlash, ularni kasb-hunarga o'rgatishda jamoat tashkilotlari tobora faol ish olib borishmoqda. Jamoat tashkilotlari ishlariga qiziqish, ularning loyihalarida ko’ngilli ravishda ishtirok etish jismoniy imkoniyati cheklanganlarga istiqbolda o'zlarini namoyon qilish, ish topish imkoniyatlarini oshirsa oshiradiki, kamaytirmaydi.

Bunda O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga telefon qilib yoki sayti orqali o'z hududingizda nogironlar bilan ishlaydigan nodavlat notijorat tashkilotlari haqida batafsil axborot olishingiz mumkin.

Bundan tashqari:

O'zbekiston nogironlar jamiyati

O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati

O'zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi

BMT Taraqqiyot dasturi loyihalari orqali ham ish bilan band bo'lish imkoniyatlaringizni oshirib olishingiz mumkin.

 

 

Izohlar

AzikcoO's picture
Oma öqib chiqani erindim xullas nima dimoqchisilar?
Dilshoda's picture
Juda ham qimmatli ma'lumotlar berilibdi, rahmat