O’zbekiston sharoitida odam qilmasligi kerak bo’lgan 10 ta kasb

Azamat Xodjakov
3
O’rtacha: 3 (6 ovozlar)

Biz texnologiya yuqori darajada rivojlangan davrda yashayapmiz. Bugungi kunda insoniyat o’tgan asrga nisbatan kundalik yumushlarining yarmidan ko’proq qismini avtomatlashtirishga ulgurdi. Hozrida o’tmishdagidek liftchilik, bayroqchilik (mashina kelayotganligidan ogohlantirish) va jarchilar kabi kasblar butunlay yo’qolib ketdi. Ishonish mumkinki, yana bir asrdan so’ng hozirgi kunda ko’rib turgan kasblarimizning ham sezilarli miqdori butunlay yo’q bo’lib ketadi.

Bugungi kunda O’zbekiston sharoitida qaysi kasblarni avtomatlashtirishmiz mumkin? Hozirda odamlar bajarayotgan qaysi ishlarni robot (texnika, uskuna)larga ishonib topshirishimiz mumkin? Yaqinda shu savollarga o’zim uchun javob topishga urinib ko’rdim. Fikri ojizimcha, O’zbekiston sharoitida hozirgi vaqtda quyidagi 10 ta kasbni to’liq avtomatlashtirish imkoniyati mavjud. Aslida odamlar emas, mashinalar bajarishi kerak bo’lgan bu yumushlardan yurtdoshlarimizni ozod qilsak, ularda hayotlariga yanada ko’proq mazmun bag’ishlovchi ishlar bilan shug’ullanish imkoni ko’proq bo’lardi.

1. KONDUKTOR. Avtobus yoki tramvayda yo’lovchilardan pul olib, bilet tarqatuvchi kasb egalari mening fikrimcha to’liq avtomatlashtirish mumkin bo’lgan ishni qilishayapti. Har bir jamoat transportiga bilet sotuvchi uskunalar o’rnatish mumkin. Bilet harid qilmasdan transportdan chiqib bo’lmaydigan sharoit tashkil etish mumkin. Shunda har bir yo’lovchi yo’l haqini majburiy bo’laydi va belit sotish uchun butun boshli bir odam bekorga band qilinmaydi.

2. KASSIR. Bankga yoki kommunal to’lovlar qabul qilish joylariga borganimda maxsus kassa tashkil qilinganligini va unda bir kishi doimiy ishchi sifatida o’tirganligin ko’rganman. To’lovlarni aholidan avtomatik tarzda qabul qilish mumkin bo’lgan zamonda bu kasbga hech qanday xojat yo’q, deb hisoblayman. Hozirgi kunda barchada online plastik kartochkalar olishga imkoniyat bor. Bu esa to’lovlarni to’liq online, yoki elektron ko’rinishda qabul qilishga yo’l ochadi.

3. SOTUVCHI. Supermarketlardan chiqish joylarida harid qilgan narsalaringizni birma-bir barkod skanerdan o’tkazib, jarayon so’ngida Sizdan harid uchun pulni olib, kassa uskunasiga joylaydigan ishchilarni ko’rgansiz. Agar har bir haridor o’zi harid qilgan narsalarni mustaqil ravishda barkod skanerdan o’tkazib, hisoblangan pulni o’zi plastik yoki naqd ko’rinishida uskuna yordamida to’lab, zarur bo’lganda qaytimni uskunadan olsa yaxshiroq bo’lmasmidi? Qolaversa, kompyuter qaytimni gugurt yoki saqich ko’rinishida bermasdi. Agar kimdir biror maxsulotni skanerdan o’tkazmasdan olib chiqishga harakat qilsa, eshik yonida turgan qo’shimcha skanerlar ularni to’xtatib qolishi mumkin.

4. DAN XODIMI. Bugungi kunda barcha avtomobil yo’llariga maxsus kameralar o’rnatish imkoniyati bor. Yo’llarda qatnovni nazorat qilish yoki tartibga solib turish uchun Davlat avtomobil nazorati xodimlariga nisbatan kameralar, avtomatlashtirilgan maxsus tizimlar yaxshiroq samar beradi. Hozirgi vaqtda bu usulda qatnovni nazorat qilish o’zining samaradorligini isbotlab ulgurgan.

5. QOROVUL. Idoralarga va muassasalarga kirish joyida qoruvullar / navbatchilar uchun ajratilgan xonani ko’ramiz. Qorovullar odatda shu binoni, undagi jihozlarni / moddiy boyliklarni asrash, qo’riqlash hamda binoga kirib-chiquvchi kishilarni nazorat qilish bilan shug’ullanishadi. Xavfsizlik kameralari, metallodetektorlar va avtomatik ximoya tizimlari allaqachon kashf qilingan zamonda bu kasbga ehtiyoj bormikan? Menimcha, yo’q.

6. PAYNET OPERATORI. Bu yerda ortiqcha izoh yozishimga hojat yo’q. Nafaqat metro bekatlarida, balki eng chetgi qishloqlarda ham Paynet to’lovlarini avtomatik qabul qilish uskunalarini o’rnatish imkoniyati bor.

7. DAVOMATCHI. Maktabda o’qigan vaqtimda sinfimizdagi davomatni yozib ketuvchi kishi bo’lardi. Litseyga o’qishga kirganimda ham shu holat. Universitetda o’qiganimda ham shunday kishi davomat yozish uchun mas’ul qilingandi. Bu kasbga ehtiyoj yo’q ekanligi haqida ko’p o’ylardim. O’qituvchi sifatida maktabda ishlaganimda ham davomatchilar borligini ko’rib bu «qadimiy» kasbga hech qanday hojat yo’qligini tushunganman. Biz tosh asrida yashamayapmiz. Har bir o’quvchi / talabaga maxsus beyjik berib, undagi QR kodni yoki barkodni binoga kirish joyidagi skanerdan o’tkazish joriy etilsa, davomat avtomatik tarzda hisoblanadi. Uzinfocom bu imkoniyatni SKUD tizimi shaklida o’ta mukammal tarzda taklif etayapti. Uzinfocom idorasiga tashrif buyurganimda bu tizimni amalda ko’rganman. Juda yaxshi tizim – davomatchilari bor har bir muassasa bu tizimdan foydalansa mantiqqa mos ish bo’lardi.

8. IJRO INTIZOMI NOZIRI. Mening tushunishimga ko’ra ijro intizomini nazorat qiluvchi kishining asosiy vazifasi – har bir ishchi o’zining vazifasini keraklicha bajarayotganligini nazorat qilish. Hammaning o’z ishini vaqtida, sifatli bajarayotganligini Todoistga o’xshash tizimlar orqali to’liq nazorat qilib borish mumkin. Bunda boshliq xodimlariga tizim orqali vazifa tayinlaydi, vaqt belgilaydi. Ishning qanday ketayotganligini xodim kerakli tartibda belgilab boradi. Ishni bajarib bo’lish vaqti kelganda tizim ish salmog’ini tekshiradi va boshliqqa xabar yuboradi. Ish vaqtidan oldin tugatilsa ham xisobot kerakli tartibda jo’natiladi. O’rtada hech qanday nazoratchi kerak bo’lmaydi.

9. POSADCHIK (AVTOGA CHAQIRUVCHI). Bu kasb vakili ko’pincha taksilar yoki avtobuslar to’xtash joylarida bo’ladi. Ularning vazifasi taksi yoki avtobusga yo’lovchilarni baland ovoz bilan chaqirish hisoblanadi. Mening shaxsiy fikrimga ko’ra, agar kimdir qaysidir joyga borishni niyat qilsa, u hech qanday chaqirishsiz ham o’ziga kerakli avtoga chiqishi aniq. Biror joyga borish niyati bo’lmagan kishini esa har qancha baqirib ham mashinaga chiqara olmaysiz. Agar gap qaysi manzilga qaysi yo’nalishdagi avtobus borishini bilmaydigan yo’lovchilarga to’g’ri yo’lni ko’rsatish haqida bo’lsa, bu uchun alohida elektron yo’l ko’rsatkich tashkil etish mumkin. Har qanday holatda ham bu kasb uchun talab yo’q, deb hisoblayman.

10. XISOBCHI. Moliyaviy xisobotlarni avtomatlashtirib bo’lganmiz. Bugungi kunda O’zbekistonda to’liq avtomatik xisob-kitob qilish tizimi bor. Ammo, shunday bo’lishiga qaramasdan, hozrigacha ham juda kam tashkilotlar avtomatik xisobchilikdan foydalanishmoqda. Qachongacha «qog’oz-qalamga» asoslangan ishni davom ettiramiz?

Yuqorida keltirgan ro’yxatimni yana istalgancha kengaytirish mumkin. Men fantastik ro’yxat tuzmadim, holatga real baho berib, bor imkoniyatlardan foydalanilmayotganligini ko’rsatib berishga harakat qildim. Yuqoridagi kasb vakillariga tezroq yangi kasb tanlashlarini maslahat beraman. Chunki yaqin kelajakda ularning kasbi o’tmishga aylanishi aniq.

Sizning fikringizcha O’zbekistoda hozir mavjud, ammo to’liq avtomatlashtirish imkoniyati bor bo’lsa ham davom etib kelayotgan qanday kasblar bor?

Izohlar

Impact's picture
4

Juda yaxshi yozibsiz Azamat aka. Ammo bularning ko'pchiligi boshqa davlatlarda amalda qo'llanilmoqda. Bizda faollashishi uchun biroz mablag' va vaqt talab etiladi. (bu sir emas aslida) Menga yangilikdek ko'ringan jihati sayozdek tuyuldi. Shunchaki informatsiyaga o'xshab qolgan-dek.

Shuhrat Yunusov's picture
3

Ish beruvchi nuqtai nazaridan tadqiqotingiz foydali. Tanlov ijtimoiy muammolarga qaratilganligiga asoslangan holda, bunday bo'lganda, odamlar ishsiz bo'ladi deb hisoblayman. Siz aytganday, "ular boshqa ishda ishlardi va ortiqcha vaqti bo'lardi" tushunchani hozirgi O'zbekiston hayotiga qiyoslab bo'lmaydi. Odamlar 1-2 so'm topaman deb, qiyinchiliklarga uchrab, xavf-xatar ostida ham ishlab yurishibdi. Undan ko'ra, hozirgi sharoitlara yangi ish o'rinlarini yaratish va bandlik haqida fikr yuritsangiz, ijtimoiy muammoga yechim taklif qilgan bo'lardingiz. FIkrimni ob'ektiv qabul qilasiz deb umid qilaman.

Babakhanov Ulug'bek's picture
3

saytingizning doimiy emas, lekin kuzatib boradiga o'quvchingizman... Bundan ko'ra "«Ehson» atamasining dasturchilikdagi zamonaviy ma’nosi" postingizni tanlovga qo'yganingizda ajoyib bo'lardi... 5mas, 6 baho qo'ygan bo'lardim..Lekin bunga 3 baho

Sarvar's picture
3

Мавзу яхши лекин касбларни кўплари хали анчагача бизга керак ва зарур.

Muhabbat BoNu's picture
1

Bo'lishi mumkin. lekin unaqa uskunala hali o'ylab topilmagan, nima qilib ishlab chiqarish kereliginiyam etganizda qiziq bo'lardi

Amon's picture
0

avtomatlashtirishga har doim ijobiy qarardim, ammo bu postizdan keyin o'ylanib qoldim, qanchadan qancha ishsizlar paydo bo'larkan buni oqibatida. Ammo qaysidir mashhur IT geek aytgandi "texnologoyalar ishsizlikni oshirmaydi, qaytanga ish o'rni yaratadi" deb. Faqat ularni to'g'ri yo'lda to'g'ri joyda joylashtirish kerak. Mana masalan konduktirlik apparatini o'rnatishga sarflanadigan pulni zavod ochishga sarflasa bir nechi kishi yana ish bilan ta'minlanardi nazarimda...

Amon's picture
4

baoh berish yodimdan chiqibdi