“Qochish” yoki “Yechish” – Konflikt bilan bog'liq stereotiplar

Yetakchilik kursi davomida qatnashchilarimiz liderga xos ko'nikma va xususiyatlar bilan yaqindan tanishadilar va o'z bilim va tajribalari bilan almashadilar. Kurslarimizning faol qatnashchilaridan biri bo'lmish Jamshidbek Namozov kurs davomida o'zining “Jamoa orasidagi nizolar va ularni bartaraf etish yo'llari” nomli forumiga mualliflik qilib,  qiziqarli ma’lumotlar orqali boshqa kurs qatnashchilari bilan faol suhbat olib bordilar.

Jamshidbek taniqli mutaxassis Gulxumor To'ychiyevaning 1 qo'llanmalari va boshqa manbalar asosida konflikt tushunchasini batafsil muhokama qilganlar. Konfliktni o'rganish, uni oldini olish va bartaraf etish bo'yicha maslahatlar keltirganlar. Agar sizda shu mavzu bo'yicha tajriba yoki qiziqarli ma’lumot bo’lsa o'z fikr-mulohazalaringizni izohlar bo'limida qoldiring.

Inson o'z hayotida bolalik davridanoq boshqa insonlar bilan turli ijtimoiy munosabatlarga kirishadi. Inson hayoti boshqalar bilan bo'ladigan turli munosabatlarning uzluksizligidan iborat bo'lgan jarayondir. Ana shu munosabatlar esa har doim ham bir tekis, silliq va tinch davom etavermaydi. Hayotning bir tekis davom etishini turli nizo va ziddiyatlar buzib turadi. Biz ularni konfliktlar deb ataymiz.

Konflikt har bir inson hayotiga aloqador bo'lgan o'ziga xos jarayon bo'lib, hech bir inson o'zini komil ishonch bilan konflikt vaziyatlardan muhofaza qilinganman deb ayta olmaydi. Konfliktlar inson hayotining ajralmas qismi hisoblanadi, chunki har bir inson o'z hayoti davomida konfliktlar bilan to'qnash keladi. Konfliktlar tabiiy hodisa bo'lib, konflikt bilan to'g'ri munosabat o'rnatish inson tarbiyasi, uning shakllanishining zaruriy talablaridan biridir.

 

Konfliktlarni tabiiy hodisa dedik. Chunki konflikt har birimizning turmushimiz va tirikchiligimizga xos bo'lgan, hayotimizga tegishli narsa. Ammo ko'pchilik ongida an’anaviy mavjud bo'lgan fikrga ko'ra, konflikt bu – oddiy hol emas, u ziddiyatli hol, undan o'zini muhofaza qilish kerak, undan o'zini tortish zarur, konfliktdan “qochish” kerak. Insonlararo, oilalar ichida bo'layotgan konfliktlardan o'zini tortishni bizga bolaligimizdan o'rgatib kelishadi. Konfliktdan uzoqroqda yashash ko'nikmalari bizning tafakkurimizga chuqur singdiriladi.

 

Konflikt bilan bog’liq stereotiplar, ongimizga o‘rnashib qolgan ba’zi noto‘g‘ri tushunchalar:

 

Yanglish fikr ►  Konflikt abadiydir, u har doim mavjud. Konfliktni, agar u paydo bo‘lsa, yo‘qotib bo‘lmaydi hamda konfliktni o‘zgartirib ham bo‘lmaydi

Mazkur stereotipning ikki jihati mavjud. Birinchidan, umuman olganda, hayotimizda konfliktlarni yo‘qotib bo‘lmaydi. Dunyoda agar faqat ikkitagina odam qolgan taqdirda ham, ular o‘rtasida konflikt mavjud bo‘ladi. Agar konfliktlar bo‘lmasa, odamlar maqsadlar to‘qnashuvida o‘ziga xos tajribaga ega bo‘lmaydi. Demak, konfliktlar hayotning ajralmas voqeligidir. Ikkinchidan, har bir konkret konfliktning yechimi topilsa, konflikt mazmunini ijobiy tomonga o‘zgartirsa bo‘ladi. Har bir konkret konfliktning har doim o‘ziga xos yechimi mavjud bo‘ladi, konflikt ishtirokchilarining say-harakati asosisida uning yechimini topishga imkoniyat har vaqt mavjud bo‘ladi.

Yanglish fikr ►  Imkon qadar konfliktlardan uzoqroq yurgani ma’qul

 

Qayerda konflikt bo‘lsa, o‘sha yerda muammo mavjud bo‘ladi. Muammo - konfliktdan uzoqlashish bilan, uni nazarga olmagani bilan o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketmaydi. Konfliktning to‘g‘ri yechimini topish mana shu muammoni yo‘qotishga teng keladi. Muammoning yechimini topmasdan turib, konfliktni ijobiy hal etib bo‘lmaydi. Agar konfliktga e’tibor berilmasa, muammo yechilmay qolib ketadi, bilaks chuqurlashib, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Muammoning yechimiga qaratilgan umumiy say-harakatlar esa uning oldini oladi.

Yanglish fikr ►  Konfliktlar odamlar orasidagi yaxshi munosabatlarni buzadi

Aslida konflikt jarayonining o‘zi emas, balki mazkur konfliktni ijobiy boshqara olmaslik insonlar orasidagi munosabat va aloqalarni buzadi. Har qanday yuzaga kelgan konflikt jarayonida inson o‘zini tuta bilsa, qarama qarshi tomonlar o‘rtasida hurmat va o‘zgalar fikrini anglashga urinish mavjud bo‘lsa, tomonlar “dushman”lar sifatida emas, balki, ziddiyatlarni muhokama qilib, o‘z manfaatlarini ifoda qiluvchi tomonlar sifatida o‘zini tutsa, konflikt odamlar orasini buzmaydi, aslida ularning munosabatlarini mustahkamlaydi.

Yanglish fikr ►  Konfliktlar yechimining eng muhim xususiyatlaridan biri – kim haq, kim nohaq ekanligini aniqlashdir

Konflikt ikki tomon manfaatlarining to‘qnashuvi bo‘lgani uchun, ikki tomonni qiziqtirgan masalalardan biri – kim haq, kim nohaqligini aniqlash bo‘ladi. Chunki konflikt asosida ikki tomonning manfaatlari yotadi. Har bir tomon o‘z manfaatlarining tushunilishi, qondirilishi uchun harakat qiladi. Agar, biz haqmiz, degan qarash ustunlik qilsa, demak biz g‘olib bo‘lamiz, deb o‘ylanadi. Bu noto‘g‘ri qarash. Chunki insonni u yoki bu darajada qamrab olgan har qanday muammo o‘zaro barchaga aloqador bo‘lib, bu muammoni faqat barcha tomonlarning ishtirokida hal etish mumkin. Haqiqatni ayri-ayri ikki tomon uchun emas, balki umumiy barcha tomonlar uchun topish va anglash lozim. Konflikt vaziyatda batamom haq bo‘lgan, yoki batamom nohaq bo‘lgan tomon mavjud bo‘lmaydi.

Yanglish fikr ►  His-tuyg‘ularni jilovlash har qanday konflikt vaziyatni kuchaytirmaslikning eng oson yo‘lidir

Bunday qarashning ikki o‘ziga xos xususiyati mavjud. Bir tomondan irodasi mustahkam odamlargina o‘z emotsiyalarini jilovlay oladidar. Ikkinchi tomondan, o‘zbeklarning milliy mentalitetida o‘z his-tuyg‘ularini (ular ijobiy bo‘ladimi, yoki salbiy bo‘ladimi, baribir) ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarga ko‘rsatish, ularni ro‘kach qilish uyat hisoblanadi. His-tuyg‘ular turlicha bo‘lishi mumkin. Ular ham ijobiy, ham salbiy bo‘lishi mumkin. Ular mazmunining qandayligidan qat’iy nazar o‘z hissiyotlarini, ayniqsa ular salbiy bo‘lsa, yashirish, ularni ochiq namoyon etmaslik, ichga solish, ezilib yurish, yomon hissiyotlarning domiga tushib qolish aslida to‘g‘ri emas. Ijobiy emotsiyalarni mustahkamlash, salbiy emotsiyalardan ozod bo‘lish zamonaviy insonni turli ziddiyatlardan asrab qoluvchi xususiyat hisoblanadi. Demak, emotsiyalarni ichga solish emas, ularni ifoda qilish, shuningdek ularni ifoda qilish usullarini bilish zarur.

Shunday qilib:

♦ konfliktning yuzaga kelishi tabiiy hol hamda uning vujudga kelishidan qo‘rqmaslik lozim;

♦ konfliktning subyektiv va obyektiv kelib chiqish sabablarini muhokama qilish darkor;

♦ konflikt tomonlar manfaatlarining to‘qnashuvi hisoblanadi;

♦ konfliktning yechimini topish uchun ikki tomonning ixtiyoriy sayi-harakatlar olib borishi va konflikt yechimini topishga rozi-rizoligi talab etiladi;

♦ har qanday konfliktning o‘z yechimi mavjud, faqat uni topa bilish zarur;

♦ konfliktning yechimi topilmaganda, u “so‘nishi”, yo‘q bo‘lganday ko‘rinishi mumkin, aslida konflikt o‘z-o‘zidan hal bo‘lmaydi, balki keyinroq boshqa kattaroq nizolarni keltirib chiqaradi;

♦ konflikt yechimini ijobiy topish uchun ma’lum bilim va malakalarni egallash darkor;

♦ konflikt yechimini topish jarayonida ziddiyat qarama-qarshi odamga, uning shaxsiyatiga emas, balki ikkala tomon o‘zaro birlashib, o‘z mulohazalarini mavjud muammoga qaratishi darkor;

♦ konfliktni insonlar emas, balki vaziyatlar va manfaatlar vujudga keltiradi;

♦ konfliktlar har doim mavjud bo‘ladi, shuning uchun ham yoshlar ularni boshqarish malakasiga ega bo‘lishi lozim.

 

Keyingi maqolada jamoadagi konflikt, uni boshqarish va rahbarning roli haqida so'z yuritamiz.

 

1To’ychieva Gulxumor, “Yoshlar va konfliktlar: Konfliktlar yechimini o’rganish”, Toshkent 2008

 

Izohlar

Babakhanov Ulug'bek's picture
ha , haqiqatdanam ajoyib maqola va fikrlar. Xuddi falsafaga o'xshab bir-biriga umuman teskari qarashlar...