SWOT analiz va uning ijtimoiy korxonalar faoliyatidagi roli

Hozirgi kunda jahon miqyosida amal qilayotgan bozor iqtisodiyoti sharoitida faoliyat yuritayotgan har bir xo‘jalik yurituvchi subyekt o‘z faoliyatini uzoqni mo‘ljallangan holda amalga oshirishini taqoza qilmoqda. Ma’lumki bozor iqtisodiyoti tizimini to‘rtta dastak – talab, taklif, narx va raqobat tartibga solib turadi. Har bir korxona o‘z mahsulotining hayotiyligini oshirish uchun ushbu to‘rtta dastakni qo‘llagan holda o‘rganishi juda katta ahamiyat kasb etadi. Bu borada korxonalarda marketing hamga boshqaruv tizimi qay tarzda yo‘lga qo‘yilganligi muhim omillardan biri hisoblanadi. Ushbu omillarni o‘rganishda va tahlil qilishda korxonalarda marketing faoliyati va tahlil usullaridan biri SWOT analiz usulidan keng foydalaniladi.

SWOT analiz tahlil usuli birinchi marta 1960-yilda AQShning Stenford Universiteti iqtisodchi olimi Albert Humphrey tomonidan yaratilgan. SWOT analiz – bu korxonalarning kuchli (Strengths) va kuchsiz (Weakness) tomonlarini aniqlaydigan, shuningdek bozor imkoniyatlari (Opportunities) va xatarlari (Threats) ni o‘rganadigan yoki boshqacha qilib aytganda, korxonaning ichki (Strengths or Weakness) va tashqi (Opportunities or Threats) omillarini hisobga olgan holda mahsulot turlarini raqobatga bardoshligini baholaydigan tahlil usulidir. Ushbu usul ayrim manbalarda matritsa usul deb ham nomlanadi, chunki tahlil chizmasi ko‘rinishi 2x2 ko‘rinishdagi matritsani eslatadi.

Korxonaning kuchli tomonlari (Strengths of enterprise) – bu korxonaning bozordagi boshqa raqobatdosh korxonalarga nisbatan ustun tomonlari yoki kelajakda korxona uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish omillarini hisobga oluvchi jadval ko‘rsatkichidir. Korxonaning kuchli tomonlariga quyidagi omillarni kiritish mumkin: katta ilmiy texnik-tajribalar, zamonaviy texnologiyalar, xodimlarning yuqori malakasi, yuqori sifatli mahsulotlar, brendning mashhurligi va boshqalar. 

Korxonaning kuchsiz tomonlari (Weakness of enterprise) –bu korxona tomonidan boshqarilishi zarur bo‘lgan, lekin ularga ta’sir o’tkazish imkoniyati mavjud bo‘lmagan korxona ichki omillarni hisobga oluvchi jadval ko‘rsatkichidir. Ushbu jadval ustuniga korxona quyidagi omillarni kiritishi kerak: balans likvidligining pastligi, moliyaviy barqarorlikning bir maromda emasligi, zamonaviy texnolgiyalarning mavjud emasligi, xodimlarning malakasining yuqori emasligi va boshqalar.

Bozor imkoniyatlari (Market opportunities) – korxonaning bozordagi faoliyatidan oladigan afzalliklarini ifodalovchi omillarni aks ettiradigan jadval ko‘rsatkichidir. Bozor imkoniyatlariga quyidagilarni kiritish mumkin: talabning yuqori darajada o‘sishi, raqobatchilar imkoniyatlari pasayishi, mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasining jadal o’zgarishi va boshqalar. SWOT analizda faqat bozordagi imkoniyatlar emas, balki bozordan tashqaridagi imkoniyatlar hisobga olinadi.

Bozor xatarlari (Market threats) – bu korxona tomonidan umuman ta’sir o‘tkazish imkoniyatlari yo‘q bo‘lgan omillarni hisobga oluvchi jadval ko‘rsatkichidir. Bozor xatarlariga quyidagilarni kiritish mumkin: bozorga yangi raqobatchilarning kirib kelishi, soliq stavkalarining o‘sishi, iste’molchilar didining o‘zgarishi va boshqalar kiradi.

Quyida Swot analizga misol tariqasida dunyo bozorida elektronika sohasida yetakchilikni anchadan beri o‘zida saqlab kelayotgan Apple koorporatsiyasining 2015 yil uchun chiqqan Swot analiz jadvalini keltirib o‘tamiz. Ushbu tahlil jadvali Applening moliyaviy masalalar bo‘yicha xodimi John Dudovskiy tomonidan ishlab chiqilgan.

Kuchli tomonlar: 

  • Xizmatlar va mahsulotlar bozoridagi yetakchilik
  • Mashhur brend (logotip)
  • Moliyaviy barqarorlik
  • Taklif qilinayotgan mahsulotlar turi ko‘pligi

Kuchsiz tomonlar:

  • Raqobatchilarga qaraganda yuqori narxlar
  • Apple mahsulotlari va xizmatlarining boshqa mahsulot va xizmatlarga mos kelmasligi
  • Tor ishlab chiqarish doirasi
  • Eng so‘nggi mahsulot versiyalarida yangiliklarning kamligi

Imkoniyatlar: 

  • Tadqiqot va rivojlantirish uchun investitsiyalar mavjudligi
  • Mahsulot xilma-xilligi
  • Strategik hamkorlik shakllanish mavjudligi
  • Foyda ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib narxlarni pasaytirish imkoniyatining mavjudligi

Xatarlar: 

  • Apple asoschi Stiv Jobsning vafotidan keyin innovatsion g‘oyalarning kamayganligi
  • Xitoy va Hindiston tomonidan raqobatning yanada chuqurlashtirilishi
  • Intellektual mulk huquqlarini raqobatdosh korxonalar tomonidan poymol qilinishi yoki o‘girlanishining mavjudligi
  • Soliq siyosati orqali ko‘riladigan zararlarning mavjudligi

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, har bir mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona o‘z biznes rejasini yuqoridagi to‘rtta ko‘rsatkich yordamida barcha ishlab chiqarish va bozor omillarini to‘g‘ri baholasagina, ularning mahsuloti bozorda raqobatga bardoshli mahsulotlar sirasiga kirishi mumkin. Bu korxonalarda marketing va tahlil ishlarini yaxshi yo‘lga qo‘yish va SWOT analizni to‘g‘ri belgilab olishda muhim ahamiyatga ega.

 

Matyakubov Ergash - Sahar maktabi a'zosi, Hamkorbank ATB menejeri

Izohlar

Dilshoda's picture
Ajoyib malumotlar uchun katta rahmat!
Matyakubov Ergash's picture
Arzimaydi Dilshoda
Venera's picture
Foydali blog bo'libdi!
Danchik's picture

kerakli malumotlar

Danchik's picture

yana qanday analiz turlarini bilasz